Mol ham yonga qolsin, jon ham omon bo‘lsin!

Samarqandga borgandim, tokchada turgan qog‘ozga ko‘zim tushdi. Unda to‘y va azalarni ixchamlashtirish bo‘yicha, aholiga maslahatlar berilgan. Qog‘ozni “mahalla”dan tarqatilganligini bilganimdan keyin o‘sha tomonga yo‘l oldim.
Bugungi kunda to‘y-ku to‘y, aza marosimlarida ham nechog‘lik isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilayotgani bor gap. Aslida, bu kabi muammolar haqida ko‘p va xo‘p gapirilgan. Lekin turmushimiz farovonlashgan sari, ma’rakalarimizda xarajatlar ham ortib bormoqda. Bu urf-odatlarimizni ixcham qilib o‘tkazish o‘rniga keraksiz tadbirlarni o‘ylab topib, dabdababozlik qilib, haddan ziyod isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymoqdamiz. Oxirgi paytlar, marosimlarda dasturxonga tortilgan noz-ne’matlarni ko‘rib “bu to‘ymi yoki aza” deb o‘ylab qolasan kishi.

“Ilmsizligimiz sababli turli marosim va odatlar yuki ostinda ezilib, muning uchun axloqiy va moliy jihatdan g‘oyat ko‘p zararlar ko‘rmakda bo‘lg‘on bir millatmiz. Bizning xalq “mol va jon ketsa ketsun, obro‘i ketmasun”, deb xatna yoki nikoh va aza marosimini o‘rung‘a keturmak uchun qo‘llarinda bor narsalarini 1-2 kunda barbod etadilar, qarzdor bo‘larlar” deb yozgan ekan ma’rifatparvar bobomiz Hoji Muin 1919 yilda chop etilgan “To‘y va aza marosimi haqinda” maqolasida.
Shariatimiz ta’limoti vafot etgan kishi dafn qilingan kunidan boshlab uzog‘i bilan uch kunga qadar aza (motam) tutishga ruxsat beradi. Shu kunlari janozaga kelolmaganlar musibat yetgan xonaga yoki ta’ziya xonaga kelib ta’ziya bildirishlari mumkin. “Al-fatvo al-Olamgiriya” kitobida shunday deyilgan: “Shu uch kun ichida mayyit chiqqan xonadonda ovqat qilinmaydi. Ta’ziya bildirishga kelgan odamlarga dasturxon yozilmaydi, ziyofat berilmaydi. Musibat yetgan xonadon ahli qayg‘uli bir holatda turganda mehmonlarga qarash, ularga osh-non tortish musibat ustiga musibatdir”.
Yo‘l-yo‘lakay shularni o‘ylab manzilga yetib keldim. Yoshligimda ko‘rimsizgina bo‘lgan mahallamiz binosi hozir obod bo‘lgan. Hovlidagi gullar ko‘nglingizni ko‘taradi. Meni Samarqand shahar O‘rta Xo‘jasoat mahallasining mas’ul kotibi Amina opa Musaeva kutib oldi.
—    Prezidentimiz to‘y va aza marosimlarini ixcham va ortiqcha sarf-xarajatlarsiz o‘tkazish haqida alohida ta’kidlamoqda, — deydi Amina opa. – Shuning uchun mahalladoshlarimizga marosimlarni ixcham va dabdababozliksiz o‘tkazishni tushuntirib kelamiz. Bu ishga mahallamiz nuroniylari va faollari ham bosh qo‘shishgan. Shu bois, bu to‘g‘rida katta yig‘ilish ham o‘tkazdik.  Marosimlarimizdagi ortiqcha, voz kechishimiz kerak bo‘lgan ishlarda bir to‘xtamga keldik. Bu haqda har bir xonadonga tushuntirish xatlarini tarqatdik. Mahalladoshlarga o‘rnak bo‘lish maqsadida, keraksiz urf-odatlarni, avvalo, o‘z xonadonimizdan boshladik. Quvonarlisi, bu o‘zgarishlar aholimiz ko‘nglidagi gap bo‘lyapti.
Shu kungacha musibatxonada bir emas, bir necha martalab ehsonlar qilinar edi. Bu marosimlarni o‘tkazish ba’zi oilalar uchun iqtisodiy qiyinchilik tug‘dirishi turgan gap.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi qo‘yidagi fatvoni barcha mo‘min-musulmonlarga havola etib, unga amal qilishlarini so‘raydi:
“Musibatxonalarda payshanbalik va yakshanbalik nomi bilan qilinayotgan ehson marosimlari hech bir diniy kitoblarda yozilmagan va aytilmagan.
Musibat yetgan xonadonda muayyan kunga bog‘lamasdan baqadri hol oila iqtisodiga zarar yetkazilmaydigan holatda biror marta ehson qilib o‘tkazilsa kifoya.
Barcha diniy va milliy marosimlar tejamkorlik bilan, isrofgarchiliksiz o‘tkazilsin. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda “Isrofgarlar shaytonning birodarlaridir”, deb ogohlantirgan.
—    Bir kuni mahalladoshlarimizdan biri kelib bizga rahmat aytib ketdi, deb so‘zini davom ettirdi Amina opa. — Avvallari pul ketsa ketsin, obro‘ ketmasin deb, qarz olib bo‘lsa-da, marosimlarni o‘tkazardik. Endi mahalla taqiqlagan deb ixcham o‘tkazganini aytdi. Shunday paytlarda qilayotgan ishlarimiz samara berayotganidan, xalqimizni ko‘nglini topib, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olayotganimizdan xursand bo‘lamiz.
Xalqimiz orasida “Otang — mahalla, onang — mahalla” iborasi bejizga aytilmagan. Bu kabi muammolar yechimini topishda mahallaning o‘rni katta. Mahallalarimizda boshlangan bunday xayrli ishga barcha birgalikda yondashsa, aholimizning turmush tarzi yanada yaxshilanadi.

                                                                                                                     Nargiza BOBOMURODOVA,
                                                                                                                                “Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − two =