ENG XALQCHIL AKADEMIK

Xizmat yuzasidan nufuzli bir idoraga qo‘ng‘iroq qilib, rahbarini yo‘qladim. Yordamchi meni obdan so‘roq qilib bo‘lgach, «u kishi fuqarolarni haftaning juma kuni soat o‘n birdan o‘n uchgacha qabul qiladilar. Buning uchun oldindan navbatga yozilib qo‘yishingiz kerak» dedi.

Yordamchining bunday munosabatidan so‘ng uning boshlig‘i huzuriga borgingiz keladimi? Yo‘q. Afsuski, ayrim idoralar rahbarlari qabul kunlarida ham «juda band» bo‘lganliklari sababli ularning ishini xodimlar bajarayotganligi, arz-dodlaru, muammolar qog‘ozda qolib ketayotganligi sir emas.
O‘ziga shunday ish uslubini qoida qilib olgan rahbar kechagi chorig‘ini darrov unutib, yurish-turishi ham salomga alik olishi-yu, odamlar bilan gaplashishi ham o‘zgarib, dimog‘dor bo‘ladi-qoladi. Albatta, bunday rahbar kabinetdan chiqmaslikka, odamlar ichiga kirib, ular bilan yuzma-yuz muloqot qilishdan uzoqroq yurishga harakat qiladi.
O‘ziga bildirilgan yuksak ishonchni halol mehnat bilan oqlashga so‘z bergan bir tanishim lavozimni egallagan zahoti qo‘l ostidagi kattayu-kichik odamlar boshida qamchi o‘ynata boshladi. Tirnoq ostidan kir izlab, haqorat qildi, aridek chaqa boshladi. Xudoning bergan kuni odamlarni ishdan qo‘yib, besh-olti soatlab majlis o‘tkazdi.
So‘ng holi joyda telefonni oldiga qo‘yib olib, qosh qoraygunga qadar hordiq chiqardi. Kabinetining chirog‘i kechasi ham o‘chmaydigan bu rahbarning kunu-tun ishlayotganligi yuqoriga yetib turdi. Yuqori uni boshqalarga ibrat qilib ko‘rsatdi. Ana shunday niqob ichida manmanlik, yolg‘onchilik, o‘ziga bino qo‘yish, jonini jabborga berib ishlayotganlarga turli yo‘llar bilan zug‘um o‘tkazish avj oldi. Ichida haydovchidan boshqa hech kim bo‘lmagan xizmat mashinasi esa uni qayoqqadir shoshayotgandek ko‘rsatib, tumanlar ichida yo‘l changitib yurdi. Bu usul va’dabozlik, ko‘zbo‘yamachilik, kadrlar qo‘nimsizligi-yu qo‘shib yozishga keng yo‘l ochib berdi. Uzoq yillar davom etgan bu “o‘yin” barcha sohalarning botqoqqa botishiga, qanchadan-qancha korxonalar tanazzulga yuz tutishiga olib keldi. O‘zini bundan-da yuqori lavozimda ko‘rishni kutib turgan janob sharmanda bo‘ldi. Jinoiy javobgarlikka tortildi.
Bir paytlar gurillagan, endilikda huvillagan bu kimsaning hayoti boshqacha bo‘lishi mumkinmidi? Agar, u shukronalik bilan yashashni unutib qo‘ymaganida bunday ayanchli ahvolga tushmagan bo‘lar edi.
Elning duosini emas, qarg‘ishini olish oqibati manashu emasmi? Nafsini jilovlay olmagan bunday nokaslarning hali birontasi baraka topmagan.
Odamlar duosini olib, obro‘-e’tibor bilan ishlashi, o‘zi va oilasini malomatlardan asrashi uchun rahbar qanday ish tutishi lozim? Buning javobi bitta. Rahbarlikning eng nufuzli, xalqchil akademiyasi — hayot, xalq bilan muloqotdir. Hayot bilan hamnafas bo‘lgan, odamlar orasida yurgan, ularning dardu-quvonchiga sherik bo‘lgan rahbargina obro‘-e’tibor topishi, yaxshi nom qoldirishi mumkin. Ko‘ngli va qo‘li ochiq, imon-insofli, vijdoni pok, g‘ururi baland, qat’iyatli, halol va irodasi mustahkam rahbar buning uddasidan chiqadi. Bularning hammasini lo‘nda qilib, ma’naviyat deymiz.
Muloqot rahbarni vazminlikka, fikrlash, o‘qish va o‘rganish, o‘zgalar yutug‘ini ko‘ra bilish, ko‘pchilikka ma’qul bo‘ladigan to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga undaydi. Kuchiga-kuch, g‘ayratiga-g‘ayrat qo‘shadi.

Nuriddin OCHILOV,
Jurnalist

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − one =