KECHIKKAN IQROR. Oradan yuz yillar o‘tib ham “ishq daftari” zo‘r ehtiros bilan varaqlanayotgan ijodkorlardan biri Anton Chexovdir

Salkam chorak asrdan buyon nashr etib kelinayotgan “Tafakkur” jurnalining hayotimizdagi o‘rni alohida. Alohidaligi shundaki, bu jurnalda chop etiladigan maqolalar, asarlar shunchaki bo‘lmay, balki har qanday odamni mushohada — tafakkur qilishga chorlaydi. Turli mavzulardagi chuqur falsafiy-tahliliy maqolalar ko‘pincha jiddiy bahs-munozaralarga ham aylanib ketadi. Jurnalga ilk sonidan boshlab O‘zbekiston xalq yozuvchisi, sevimli adibimiz, kinosenarist va noshir Erkin A’zam yetakchilik qilib kelayotir.

Savobli va zahmatli ishlarida Erkin aka va tahririyat  a’zolariga omad va muvaffaqiyat tilagan holda, etiboringizga jurnalning navbatdagi sonida e’lon qilingan Shohsanamxonning “Kechikkan iqror” essesini havola etamiz.

XX asr rus adabiyoti ohanrabosi meni o‘ziga tortgani tortgan. Turgenev, Dostoevskiy, Tolstoy, Chexov… Darvoqe, bu mumtoz adiblar davrasidan dastavval tanib-bilganim – Chexov..  

Chexovning qanday yozuvchi ekani jumla-jahonga ayon. Biz uni hikoya janrining piri deb tanigan bo‘lsak, dunyo teatr ahli Shekspirdan keyingi zo‘r dramaturg sifatida ardoqlaydi. Bilasiz, boshda tirikchilik vajidan gazetalarga hajviy hikoyachalar yozib yurgan talaba keyinchalik – uncha-muncha tanilgach ham yozuvchilikka da’vo qilmagan. Buni o‘sha kezlar ellikdan ortiq taxallus qo‘llab yozganidan ham bilsa bo‘ladi. 

Adabiyotshunoslar orasida ijodkorning shaxsiyati emas, yozgan asarlari muhim, shaxsiy hayoti – shaxsiy hudud, ayniqsa, uning yotog‘iga “bosh suqish” borib turgan beadablik, surbetlikdir deguvchilar ham bor. Lekin bandai ojizni aynan shunisi jalb etadi-da: o‘sha mashhur deganlari nima yeb-nima ichgan, nechta ma’shuqasi bo‘lgan, kimni rostakamiga sevganu kim uni chuv tushirgan… Rus adabiyotidagi oradan yuz yillar o‘tib ham “ishq daftari” zo‘r ehtiros bilan varaqlanayotgan ijodkor Chexovdir. Xo‘sh, nega? 

Adibning o‘zi boshqalar singari shaxsiy hayotidan naql etuvchi xotiranomalar yozib qoldirmagan. “Mening avtobiografofobiya xastaligim bor, – deydi u hazil aralash. – Matbuotda o‘zing haqingda chiqqan nimanidir o‘qish yoki o‘zingni ta’riflab nimadir qoralab berish ko‘p malol-da odamga!” Ammo uning tarjimai holi bekami ko‘st bitilgan desa bo‘ladi: bunda u haqdagi ko‘pdan-ko‘p xotira-esdaliklar qo‘l kelgan, albatta. Deylik, “ishq qissalari” xususida ham jild-jild kitobga jo bo‘lgulik tafsilotu ma’lumotlar bor. Ammo bir savol hamon ochiq, hamon jumboq – adib atrofidagi ko‘plab parvonalardan qay biriga ko‘ngil bergan? Olga Knipperga-da dersiz: oxir-oqibat shunga uylangan-ku! Uylangan-u, oilaviy halovat topganmi? Sen unda zor, men bunda zor… Uch yillik turmush mobaynida er-xotin bor-yo‘g‘i olti oy birga yashagan. Boshqa vaqt Yalta – Moskva, Moskva – Yalta o‘rtasida goh ehtirosli dilizhorlar, goh qisqa-quruq xat-xabarlar, vassalom. Ular bir-biriga sakkiz yuzta xat yo‘llagan. Xo‘sh, bu o‘rtada qaynoq muhabbat bo‘lgan deyishga asos beradimi? Adibni tanigan-bilgan do‘st-yorlari va aksar chexovshunoslarning fikricha: yo‘q-da!.. Tarix bag‘rida ko‘p haqiqatlar pinhon, qo‘lingizda aniq ma’lumot bo‘lmagach, goho taxminlarga ham tayanmoqqa majbursiz. 

“Chexov biror ayolga astoydil ko‘ngil berganmi? – deya savol qo‘yadi Ivan Bunin. – Menimcha, bunaqasi bo‘lmagan”, deb yana o‘zi xulosa yasaydi. Negaki, Chexov uncha-munchaga sir beradigan anoyi emas edi. Hatto yaqin mahramlari ham uning ko‘ngliga qo‘l sololmagan, Bunin buni bilardi. 1947 yili nashr etilgan “Chexov – hayotim mening” xotira-romani esa adabiy jamoatchilikni hang-mang qilib qo‘ydi. Asar muhojirotda yashayotgan Ivan Bunin qo‘liga oradan uch yillar o‘tibgina yetadi. “Bilmaganimni qarang, Chexov sevgan, ha, sevgan – Avilovani!” deydi hayratini yashirolmay keksa adib. 

 HAQIQATMI  YOKI  UYDIRMA?

 “Chexov – hayotim mening” xotira-romanini kamina bir necha yil ilgari tarjima qilib, “Jahon adabiyoti” jurnalida chiqargan edim. Necha vaqt uning ta’sirida yurganman. Xo‘sh, bu yodnoma qanchalik haqiqat? Kim edi o‘zi u ayol? Chexovga bo‘lgan qiziqishim bunisini ham bilishga undagan. 

1890 – 1900 yillar rus adabiy jamoatchiligiga Lidiya Avilova nomi uncha-muncha taniqli edi. Uning qissa va hikoyalari Peterburgu Moskvadagi nomdor matbuot nashrlarida chop etib turilgan. Kim bilsin, o‘zini butkul ijodga bag‘ishlaganida undan salmoqliroq adabiy meros qolarmidi (harqalay, Tolstoy, Chexov, Bunindek adiblar uning iqtidorini e’tirof etgan). Lekin oila, uy-ro‘zg‘or, uch bola, rashkchi erning injiqliklaridan ortib ul-bul qoralashning o‘zi ham salkam qahramonlik edi. 

Mariya Chexova esdalik-romanni o‘qib, “Nazarimda, Lidiya Alekseevna bir zamonlar Anton Pavlovichga nisbatan tuygan jo‘shqin tuyg‘ularidan naql etgan. O‘ziga adibning munosabatiga kelganda esa birmuncha noxolislik seziladi. Asarda badiiy to‘qima ustunroqdek…” deydi “risoladagi aka qiyofa”siga soya tushirgisi kelmay. Chexovshunoslar uchun esa akaga o‘zini baxshida etgan farishtamonand singilning gapi qonun maqomida edi. 

Ham Lidiya Avilova, ham Anton Chexov bilan yaqin bo‘lgan Ivan Bunindan eshitaylik: “Zo‘r hayajon, noyob iqtidor, o‘ta nazokat bilan bitilgan bu go‘zal ishq qissasini o‘qib Avilovani qayta kashf etdim. Men uni yaxshi bilardim, haqgo‘y, ziyrak-zukko, bir oz tortinchoq ayol edi. Hazil-mutoyibaga moyilligi bor, goho o‘zini ham ayamasdi.

Ushbu xotiranomani o‘qib Chexovni yangidan tanigandek bo‘ldim.

Ular o‘rtasida bunday munosabat borligi xayolimga ham kelmagan ekan!

Bilaman, ba’zilar bu ayolning xotiralariga ishonib bo‘larmidi, degan gumonga borar. Lekin Lidiya Alekseevna bag‘oyat to‘g‘riso‘z inson edi. Chexov uning hikoyalariniyu o‘zini ham tanqid qilganini yashirmay yozibdi-ku!” 

Haq gap yo‘lida hech kimni ayamaydigan Ivan Buninki Lidiya Avilovaning xotiralariga ishongan, unga yon bosgan ekanmi, bu behuda emas.      

 QIZGINA  FLORA

 1880 yillardan rus matbuotini zabt etgan umidli yosh adib Antosha Chexontega navnihol Lidiya g‘oyibona ko‘ngil qo‘ygan edi. Ammo u bilan uchrashish oradan ko‘p yillar o‘tibgina nasib etdi. “Pinhona dardi”dan xabardor opasi bir kuni unga oqsochidan xat yuboradi: “Tez yetib kel, Chexov biznikida!” Bir uy mehmon o‘tirgan xonaga shosha-pisha kirgan Lidiyani ko‘rib, pochchasi “Mana, Flora qiz ham keldi, – deydi chehrasi yorishib. – Anton Pavlovich, sizga tanishtiray, bu qizgina – Flora. Mening shogirdim. Hikoyalaringizni yoddan biladi. Sizga maktub ham bitgandir-u, lekin aytmaydi, uyaladi-da!” 

Ziyofatda ular yonma-yon o‘tiradi, suhbat ham quradi. Chexov uni ilk pesasi “Ivanov”ning premerasiga taklif qila turib, “Chipta yuboraman, siz shu yerda – Sergey Nikolaevichnikida yashaysiz-da, a?” deganida Lidiya kulib yuboradi: “Endi aytay, hech qanday Flora qiz ham, Sergey Nikolaevichning shogirdi ham emasman. Men u kishining qaynsinglisiman. Boz ustiga, o‘zim bir xonadon bekasiman!”

Qizgina Floraning bir yashar o‘g‘li ham borligini bilib, Anton Pavlovich go‘yo bor haqiqatni uqib olmoqchidek uning ko‘zlariga tikilib qaraydi. Ana shunda nigohlar bir zumga to‘qnashib ketadi. “Ich-ichimda nimadir portladi: zavqu shiddat bilan yorqin bir mushak otildi go‘yo. Anton Pavlovich ham xuddi shunday bir hisni tuyganiga shubham yo‘q. Hayratlanib bir-birimizga tikilib qoldik”, deb yozadi Avilova.

1892 yili “Peterburg gazeta”sining 25 yillik to‘yiga Chexovning tashrifidan umidvor Lidiya uni ko‘rgach, “Sizni kelasiz deb o‘ylamovdim” deydi atayin, ammo siri fosh bo‘lib, duvva qizarib ketadi. “Men esa sizni ko‘rishimni bilardim”, deydi adib jilmayib. Go‘yo oradan uch yil o‘tmaganu kechagina xayrlashgan qadrdonlardek chaqchaqlasha ketadilar. 

Aslida, Avilovaning bu muhabbatdan hech bir da’vosi yo‘q – o‘zi kuygan, o‘zi qolgan. Chexovning unga ko‘ngli bor-yo‘qligiga ham to‘liq amin emas edi u.

Xo‘sh, Chexov-chi, u nima qila olardi? Bunin aytganidek, “naqadar qiyin, chigal bir savdo”… O‘ziga qanday dard yopishganiniyu uning bedavoligini yaxshi bilardi u. Bilaturib ayolning osuda turmushini buzsinmi, so‘ng uni umr yo‘lida tanho tashlab ketsinmi? Chexovdek odam-a? Lidiyaga ko‘ngil yormagani aslida uni ayaganidan emasmi?!      

“Ilk uchrashuvimiz yodingizdami? O‘shandayoq sizni yoqtirib qolgan edim. Sezmagandingizmi? Doim sizni o‘ylardim. Uch yillik ayriliqdan so‘ng ko‘rishganimizda yanada ochilib ketganingizni, sizni qattiqroq sevib qolayotganimni, ayrilgim kelmayotganini angladim… Ammo bilardimki, siz men tashlab ketgan yoki mendan kechgan ayollarning hech biriga o‘xshamasdingiz; siz pok muhabbatga loyiq edingiz. Men uchun bamisoli bir farishta edingiz, sizga qo‘l tekkizishga ham qo‘rqardim. Shuni bilarmidingiz?” 

Lidiya umrida bir martagina tavakkalga borib (eri safardaligida) uyiga taklif etganida Chexov aytgan edi bu gaplarni!            

“Bu nima – iqrormi, izhori dilmi? Nega o‘tgan zamonda aytyapsiz? Nahot sevmay qo‘ydingiz? Ko‘zingizga begona, yoqimsiz ko‘rinyapmanmi endi?” deydi ayol ichida, yuragi ezilib. “Yo‘q, men buni bilmasdim. Bilganimda… baxtdan boshim ko‘kka yetmasmidi!” deydi yana o‘ziga o‘zi, ko‘zyoshlari yuzini yuvib. So‘ng birdan sergak tortadi, shosha-pisha erining ish bo‘lmasiga kirib sham yoqadi. “Uning gaplarini yozib qo‘yishim kerak! Hozir hushim joyida emas. Keyin, keyin hammasini o‘ylab, tushunib olarman”.

Ertasi kuni Anton Pavlovichdan huv va’da qilingan kitob bilan bir parcha qisqa-quruq xat keladi – go‘yo o‘tgan tun hech gap bo‘lmagan, ular aslo ko‘rishmagandek. Lidiya hayron, o‘ylay-o‘ylay shunday xulosaga keladi: uni xafa qilib qo‘ydim-ov, kechki taomga chaqirib tuzuk-quruq ikrom etolmadim, boz ustiga, uning dil izhoriga churq etib og‘iz ochmadim. 

Shu xijolatlikni yuvmoq bo‘libmi, Avilova zargarga kitobcha shaklida bir medalon buyurtma qiladi. Yuza tomoniga: “A.Chexov. Hikoya va qissalar to‘plami”, orqasiga: “267-bet, 6-7-satr” deb yozdiradi. Xo‘sh, bu “jumboq”da nima deyilgan edi? “Mabodo senga jonim kerak bo‘lsa, kelginu ol, uni senga fido qilgum!” 

Or-nomusni har nedan ustun qo‘yadigan, sal gapga duvva qizarib ketadigan aslzoda xonim qaydan oldi ekan bu dadillikni? 

 SIRLI  JAVOB

 Mashhur “Oqchorloq” pesasida Nina Zarechnaya xayrlashuv oldidan Trigoringa kitob shaklidagi medalon sovg‘a qiladi. Bu – o‘sha, Avilova Chexovga yo‘llagan sirli tuhfa. 

Adib uni olganidayoq kimdan ekanini taxmin qilgan, albatta. Ammo bunday qaltis da’vatga dabdurustdan nima derdi u? Balki, ayol bu ishni o‘ylamay qilganu endi pushaymondir, degan xayolga borganmi, bunisi bizga qorong‘i, harqalay, ushbu lavhani u pesasiga kiritgani bor gap; sovg‘a egasiga shu tarzda javob qaytarish ham qulay, ham bexatar. 

Sovg‘a jo‘natganning-ku o‘ylayverib miyasi g‘ovlab ketadi: ranjitib qo‘ygan bo‘lsam-chi? Yoki buni o‘rinsiz hazil deb tushundimikan? 

O‘zini qiynagan savollarga u oradan bir yil o‘tibgina, Aleksey Suvorin teatrida – maskarad chog‘i qisman javob oladi. Ukasining qistovi bilan bazmga borgan Lidiya aslida Chexovni ko‘rish, uning ko‘nglini bilish niyatida edi. Adib niqob taqqan Lidiyani atay tanimaganga oladi. Shampan vinosidan ho‘plab suhbatlashadilar, turli hazil-huzul. Chexov uni “Oqchorloq” premerasiga taklif qiladi (bu o‘sha – 1896 yil 17 oktyabrda Peterburgdagi Aleksandrinsk teatrida qo‘yilib, sharmandali yakun topgan ilk namoyish edi): “Spektaklni diqqat bilan tomosha qilsang – barcha savolingga javob olasan!” (Maskarad-bazmning shartiga ko‘ra barcha bir-birini “sen”lab murojaat qilishi lozim edi.) 

Lidiya gap nimadaligini darrov fahmlaydi: demak, sovg‘ani olgan. Lekin kimdanligini bilganmikan? Sir boy bermay so‘raydi: “Qanaqa savol?” “Hamma savolingga! Faqat diqqat bilan kuzatsang bo‘lgani!” deydi gapni boshqa yoqqa burishga shoshilib Chexov.

Avilovaning xotira-romanida spektakl namoyishi, tomoshabinlar uni qanday qarshi olgani, teatrdagi muhit batafsil tasvirlangan. Shovqin-suron ichida u “savoliga javob”ni ilg‘ab oladi: “121-bet; 11-12-satrlar”. Mazmuni bunday ekan: “Yosh xonimlarning maskaradga borishi joiz emas”. Bir yil intiq bo‘lib kutgan javobi shumi?!

Darvoqe, “Yosh xonimlarning maskaradga borishi joiz emas” degan tahdidomuz javob – Chexovning sovg‘a kimdan ekanini va Suvorin teatridagi maskarad-bazmda kim bilan shampan ichib dardlashganimni bilaman, degani edi.

 UCHRASHUV

 Chexov bilan Avilova so‘nggi bora temiryo‘l vokzalida uchrashadi – adibning “Muhabbat bobida” hikoyasi qahramonlari Alyoxin bilan Anna Luganovich singari. O‘ylab boqilsa, ularning qismati ham o‘xshash. Hikoya qahramonlarining ham bir-birida ko‘ngli bor-u, tilga chiqarmoqqa botinmaydi. Ular ham vagonda ayrilishadi. 

O‘shanda Chexov Lidiyani teatrga taklif etgan edi: “Bugun kechqurun menga atab “Oqchorloq”ni qo‘yib berishadi. Begona odam bo‘lmaydi. Pesani birga tomosha qilsak devdim. Ertaga ketardingiz-da. Xo‘sh, nima deysiz?” 

Lidiyaning boshi qotadi. Uch bolasiyu lash-lushlari bilan yo‘lga chiqqan bo‘lsa, qanday qolsin? Bolalarni mehmonxonaga joylash, qishloqqa – opasiga, Peterburgga eriga telegramma jo‘natish kerak bo‘ladi. Bulari ham mayli, badrashk erga nima bahona aytadi?.. 

Lidiya bu gal ham Chexovning iltimosini rad qiladi. Huv, mashhur Ostroumov shifoxonasiga qon qusib yotgan Chexovni ko‘rgani borganida ham u “Yana bir kungina qoling. Men uchun” deya o‘tingan, ammo Lidiya qololmagan edi.      

Doim shunday – yakkama-yakka ko‘rishib, gaplashib olmoqqa jazm qilganlarida nimadir xalal bergan. Deylik, Lidiya Chexovni azza-bazza uyiga taklif etganida ustiga mehmon bostirib kelgan; Moskvada esa mehmonxonada uchrashishga kelishganlarida Chexov kasalxonaga tushib qolgan. 

Shifoxonadagi uchrashuvdan keyin ozroq vaqt o‘tib Lidiya gezetalarda nashr etilgan bir necha hikoyasini Chexovga yuborgan edi. “Unutilgan nomalar” hikoyasida bir beva juvon qachonlardir o‘zi ko‘ngil qo‘ygan odamga maktub bitib, muhabbatiga iqror bo‘ladi: “Sensiz, sendan bexabar yashash – azob, uqubat. Sening ovozlaringni, aytgan so‘zlaringni eslab yurishdan ham baxtiyorman. Fikru yodim senda, faqat senda… Lekin sen biron marta sevaman deb aytganmisan menga? Eslay olmayman. Shu bir og‘iz gapni eshitishga qanchalik zorligimni bilsang edi…” Keyin esa, odaticha, “Boshdan-oyoq ehtiros, muhabbat, sog‘inch ufurib turgan “Unutilgan nomalar”ni Chexovga jo‘natib nima qilardim?” deya yozg‘irgan Lidiya. 

Bu ko‘ngil izhorlari kimga atalganini Chexov fahmlamaganmi? Fahmlaganda qandoq! U ham “Muhabbat bobida” hikoyasida Alyoxin nomidan yuragida borini to‘kib soladi. “Biz soatlab suhbatlashardik, ba’zan soatlab indamay o‘tirardik, lekin bir-birimizga izhori dil qilmasdik. Sirimizni hatto o‘z-o‘zimizga oshkor qilib qo‘yishdan cho‘chirdik. Unga bo‘lgan muhabbatim o‘ta kuchli edi. Men mudom shu haqda o‘ylar, o‘zimdan o‘zim so‘rar edim: biz bu muhabbatni jilovlashga o‘zimizda kuch topa olmasak oqibati ne kechadi? Mening bu hazin sevgim tinch-osuda bir oilaning turmushini buzib yuborsa nima bo‘ladi? Buni hech aqlimga sig‘dirolmasdim. Insofdan emas-da bu. Yoki men dardga chalinib, o‘lib-netib qolsam uning holi ne kechadi?.. Aftidan, u ham shuni o‘ylaydi, eri, bolalarini ko‘zi qiymaydi…”

Vokzalda Chexovni oxirgi marta ko‘rayotgani Lidiyaning xayoliga ham kelmagan edi. “Endi o‘ylasam, o‘shanda biz vidolashgan ekanmiz. Nega buni bilmadim ekan, nega?.. U birdan ortiga o‘girilib, menga sovuq va hatto nafrat bilan tikilgan: “Kasal bo‘lib qolsangiz ham sizni ko‘rgani bormayman. Men tuzukkina doktorman, lekin bemorlardan katta haq olaman… Sizning cho‘ntagingiz ko‘tarmaydi buni. Demak, endi ko‘rishmaymiz”. Lidiyaning ko‘z o‘ngida Chexov keyin bir umr mana shunday – norozi, ginaxon qiyofada qoladi.

O‘n yillar davom etgan bu mujmal munosabat ana shunday mahzun yakun topadi.  

Moskvadagi ko‘hna kommunal uyning tangu tor xonasida keksa ayol talaba nabirasi bilan yashardi. Chexovshunos Aleksandr Eyges shu kampirni ko‘rgani, bahonada undan Chexov haqida biror yangi gap eshitish ilinjida dam-badam bu yerga kelib turardi. Berilgan savollarga kampir allanechuk parishonxotir javob qaytarar, bundan olimning hafsalasi pir bo‘lar edi. “Qancha kavlashtirmayin, arzirli bir gap chiqmayapti. Nazarimda, Chexov o‘ta sovuqqon odam bo‘lgan, birorta ayolga chinakamiga ko‘ngil bermagan… Yo‘q, jiddiy muhabbatning o‘zi yo‘q”. Qulog‘i og‘irligidan gapni anglamaydimi yoki o‘zini atay merovlikka soladimi, Lidiya Alekseevna bir gal undan “Mariya Pavlovnaga xat yozsam bo‘larmikan, nima deysiz?” deb so‘raydi. “Nega bo‘lmas ekan, yozing, xatingizni o‘qib ko‘ngli ko‘tariladi” deydi Eyges. Bu vaqtda Lidiya Alekseevna Chexov haqidagi xotiranomani allaqachon tamomlagan, qo‘lyozmaning u yoq-bu yog‘ini ko‘rish bilan band edi. Eygesning daldasi turtki bo‘libmi, u ko‘pdan buyon ko‘ngliga tugib yurgan maktubni yozadi:  

“1939 yil 14 aprel. Moskva.

Azizam Mariya Pavlovna!

“Azizam” deb murojaat qilayotganimdan jahlingiz chiqmasin. Ishoning, Sizni boshqacha atay olmadim.

Sizni ko‘p eslayman. Sizga g‘irt begonaman, balki meni xushlamassiz ham, bundan dilim ozurda. Ko‘p yil ilgari Siz bilan bir masalada kelisha olmaganmiz, mendan qattiq  ranjigan edingiz. Ko‘zingizga balodek ko‘rinib qolganman deb, hatto Yaltaga borganlarimda ham Sizni ziyorat etgani  jur’at qilmadim. 

Sizga bir omonat gapni yetkazib qo‘yishim kerak. Bir necha yil muqaddam yoz va kuz oylarini men Poltava yaqinidagi bir dalahovlida o‘tkazgan edim. U yerda A.Smagin deganlari bilan tanishib qoldim. Juda yaxshi kishi ekan, tag‘in deng, Sizlar to‘g‘ringizda gapirgani gapirgan. U bir umr Sizni sevgan ekan. Sizdan boshqa bironta ayolga ko‘ngil qo‘yolmabdi, qarang! Bir gal hatto “Hozir ham sevaman” deb qoldi. Eh, buni e’tirof etganida uni bir ko‘rsangiz edi!

Bugun endi u yo‘q, o‘tib ketgan. Siz uning muhabbati va sadoqati haqqi, bir bor yodga olib qo‘ysangiz ruhini shod etgan bo‘lardingiz. Undan so‘z ochib yarangizni yangilab qo‘ymadimmi ishqilib? Mendek keksa, notavon ayoldan xafa bo‘lmagaysiz. Shundoq ham bir oyog‘im go‘rda, uzoqqa bormasam kerak. Qani edi, Sizdan bir og‘iz shirin so‘z eshitsam!  

Men ham Smagin kabi umr bo‘yi butun vujudim bilan bir insonni sevib o‘tdim, bilasiz. 

Sizni o‘pib qolaman desam, ranjimassiz?

L.Avilova”.

Mariya Pavlovna bu xatga darrov javob qaytaradi: “…Umid qilamanki, tez orada diydor ko‘rishamiz… Siz bilan eslashadigan, gaplashadigan gap bir dunyo! Akamga bo‘lgan munosabatingiz o‘ziyoq Sizni menga yaqinlashtirib qo‘ygan. O‘rtadagi eski ginalarga kelsak, men allaqachon unutib yuborganman.

…Xullas, bor bo‘ling, bardam bo‘ling, Siz bilan yana ko‘rishmoq, dardlashmoq nasib etsin, azizam Lidiya Alekseevna… 

Bu maktubga xatjildni Anton Pavlovichning g‘aladonidan oldim!

Omon bo‘lgaysiz!”

Oradan bir-ikki oy o‘tgach – 1939 yilning yozida Mariya Pavlovna Moskvaga keladi. 

“…Avilovaning xonadoniga bir o‘zim bordim. Keksa, kasalmand ayolni ko‘rib… Stol ustida tamaki qoldiqlari uyulib yotibdi. 

Suhbatimiz g‘amgin kechdi. 

Biz qaytib uchrashmadik” (Mariya Chexova esdaliklaridan).

O‘shanda Lidiya Alekseevna yetmish besh yoshda, Mariya Pavlovna esa undan bir yoshgina katta, ammo ancha-muncha tetik, sog‘lom edi. U Avilovadan so‘ng yana o‘n to‘rt yil yashadi. 

Xo‘sh, bu ikki ayol nega umr poyonida qayta ko‘rishmoqqa qaror qiladi? Ilk uchrashganlarida o‘rtalarida kechgan tushunmovchilikka barham berib, ko‘ngil tubida toshdek bosib yotgan og‘ir yukdan xalos bo‘lmoq uchunmi? Balki ikkisining ham yuragida armon bo‘lib qolgan muhabbat dog‘i ularni ko‘rishishga undagandir? Ehtimol, shundan so‘ng Avilova Chexov haqidagi xotiranomani nashr ettirishga azm etgandir. Zotan, endi u yuragida pinhon saqlagan muhabbatini oshkor etishdan istihola qilmasdi: yoshi bir joyga borib qolgan, kim, nima deb ayblardi deysiz! 

Nima bo‘lganda ham, chexovshunoslar orzu qilgan ishq qissasi – Chexovning sirli muhabbati bugun ham adabiyot muhiblarini hayajonga solib kelmoqda.

 

SHOHSANAM 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × four =