Tavakkaldan boshlangan ISHONCHLI BIZNES

Yigit kishiga qirq hunar oz. Ishga butun oila bo‘lib kirishsangiz, izlanishlar, xatti-harakatlar kishiga omad keltirib,  daromadli biznesga asos bo‘ladi. Bu yo‘lda maqsadga yetish oson kechadi. Ilg‘agan bo‘lsangiz, oilaviy tadbirkorlik xususida so‘z yuritmoqchimiz.
Oilaviy tadbirkorlik, ajdodlar ishini davom ettirish, kasb-hunar  egasi bo‘lish aslida xalqimizga otameros. Bu an’ana  keyingi yillarda yana rivoj topmoqda. Kasb-hunar, kasanachilik, tijoratga qiziqish ortayotir. Ayni kunda yurtimizda o‘n uch mingdan ortiq oilaviy tadbirkorlik sube’kti borligi fikrimiz tasdig‘idir. Ahamiyatli tomoni shundaki, bunday korxonalar aholini ish bilan ta’minlab, bozorda mahsulotlar miqdori va sifatining oshishiga salmoqli hissa qo‘shayotir. Ular orasida hatto eksportni faol yo‘lga qo‘yayotganlari ham kam emas.
Shulardan biri poytaxtning Uchtepa tumani Foziltepa mahallasida istiqomat qiluvchi G‘afur ota Muslimov oilasidir.

Bu oilaning ahilligi, mehnatsevarligi va uddaburonligi barchaning havasini keltiradi. G‘afur otaning o‘g‘illari — Umidjon va Xurshidjon alohida-alohida oilaviy korxonani boshqarishadi. Mazkur korxonalarda ayni paytda o‘ttizdan oshiq kishi mehnat qilmoqda.  
Xurshid Muslimov boshchiligidagi “Hafiza nur” korxonasi kuniga dazmol taxtasining 25 xilidan 100-150 dona, kiyim quritadigan jihozlarning turli xillarini ishlab chiqarmoqda. Sexda o‘nlab ishchilar yumush bilan band. Bir tomonda yirik dastgohlar turli ehtiyot qismlarga shakl bersa, ikkinchi tomonda temirchi po‘lat quvurlarni turli o‘lchovlarda arralaydi. Bir yonda ayollar mato tikish va yelimlash bilan band. Yana bir yonda mashulotlar yig‘ilmoqda.
Jarayon chetdan qaraganda oddiyga o‘xshasa-da, ishning salmog‘i katta. Nahotki, oddiy dazmol taxtasining bozori shunchalik chaqqon bo‘lsa, deb so‘raymiz Xurshid akadan.
— Ko‘pchilik shu fikrni bildiradi, — deydi X.Muslimov. — Ammo bu mahsulotga ichki bozorimizda talab katta. Bu yo‘nalishda mamlakatimizda yigirmadan ortiq korxona bor.
X.Muslimov bilan suhbatda tadbirkorlik tarixi bilan qiziqdik.
— Faoliyatimiz bundan o‘n besh yil avval kollejda o‘quvchilik kezlarimda boshlangandi, — deydi u. — Otam ishdan bo‘sh vaqtlarida turli buyumlar yasardi. Bir kuni temir oyoq o‘rnatilgan dazmol taxtasini yasab, akam ikkalamizga uni bo‘yashni, oyimga esa ustiga g‘ilof tikishni buyurdi. Tayyor bo‘lgach, qarasak, mustahkam dazmol taxtasi chiqibdi. Shunda oyim hazillashib “Buni bozorda sotsak ham bo‘larkan”, deb qoldi. Bu gap otamga ma’qul tushdi.
Birinchi xomashyo uchun ellik ming so‘m pul tikilgani hanuz yodimda. Ishlatilgan temir quvurlari olib kelib, yaxshilab tozalaganmiz. Otam temirni payvandladi, akam esa DSP taxtasini arraladi, bo‘yoq ishlari menga qoldi.  Oyim matolarni tikish va yelimlash bilan mashg‘ul bo‘ldi. To‘rt dona dazmol taxtasini sotish uchun “Ippodrom” bozoriga tushdik. Qani endi biror kishi so‘rasa. Hamma Xitoydan keltirilgan dazmol taxtalarini xarid qiladi. Chunki u ixcham va qulay, ko‘rinishi bejirim. Bizniki — qo‘pol, og‘ir va ko‘rimsizroq, narxi ham Xitoynikidan ikki barobar qimmat. Xaridorlar narxini eshitiboq ketib qolardi. Mijozlarga mahsulotni o‘tkazish uchun otam dazmol taxtalar ustiga chiqib pishiqligini, qo‘l mehnatida qilinganini ko‘rsatardi. O‘sha kuni tushgacha aylanib, bir amallab sotdik. Shu ishga jazm etib, dastlab kuniga ikki dona dazmol taxta yasagan bo‘lsak, keyin o‘ntagacha chiqardik. Bozorlardagi do‘konlarga mahsulot tarqatishni yo‘lga qo‘ydik. Ammo sotuvchilar mahsulotimizning bozorgir bo‘lishiga ishonqiramasdi. Tushkunlikka tushganimizda otam sabr qilishni aytardi. Mahsulotimiz sifatini oshirib borganimiz uchun asta-sekin xaridorlar ko‘paydi. Joy kamligidan bo‘yoq ishlarini boloxonada bajarardik. Qishning sovug‘i, yoz jaziramasida ayvonda ishlardik. Ayniqsa to‘y mavsumida qo‘l-qo‘lga tegmay qolardi.
Shunda otam Hunarmandlar uyushmasiga a’zo bo‘lib, besh nafar shogird oldi. Vaqt o‘tib bu ishchi kuchi ham kamlik qildi. Keyin ijaraga joy olib, ishlab chiqarish uchun turli dastgohlar, furnituralar yasash uchun qoliplar qilindi. Oldin butun ish jarayoni qo‘lda bajarilgan bo‘lsa, keyin texnika ishimizni yengillatdi. Mahsulotimiz sifati raqobatda xorijnikidan qolishmaydigan bo‘ldi. Bu orada mahalliy bozorga zanglamaydigan, yengilroq quvurlar kirib, ishimizning salmog‘i oshdi. Xomashyo sifati dazmol taxtaning bejirimligini oshirib, vaqtni hamda bo‘yoqqa ketadigan mablag‘ni tejadi. Buyurtmalar ortgani sayin ishchilar sonini oshirib, faoliyatimizni ham kengaytirib bordik. 2015 yili akam bilan alohida-alohida oilaviy korxona ochib, “Hafiza nur” korxonasini mana shu sanoat zonasiga ko‘chirdik.
— Bozor — o‘zgaruvchan. Unga moslashish tadbirkor uchun hayot-mamot masalasidir, — deydi tadbirkor. — Oldin xaridorlar arzon mahsulotni tanlagan bo‘lsa, endi qimmat bo‘lsa-da, sifatlisini xarid qilmoqda. Ayni kunda mahsulot brendining zamonaviy yangi belgisini yaratish ustida ishlyapmiz. Qadoqlash uskunasiga Xitoyga buyurtma berganmiz. Agar mana shularni hal etsak, mahsulotlarimizni bemalol xorijga eksport qila olamiz. Qo‘shni davlatlardan kelgan xaridorlar mahsulotlarimizga qiziqish bildirmoqda.
Tadbirkorning erishgan yutuqlarini eshitib, uni bugun qiynab turgan muammolar bormikan, deb qiziqdik.
— Ayni damda ishlab chiqarayotgan mahsulotimiz hajmi ortgani bois, joyimiz torlik qilyapti. Tayyor mahsulotlarni qo‘yishga joy yo‘q. Korxonani kengaytirish maqsadida Uchtepa hokimiyatidan yordam so‘raganimizda ular imkoni yo‘qligini aytishdi. So‘ng Zangiota tumani hokimiyatiga murojaat qildik. Ular ham 3-4 oydirki, javob berganlari yo‘q. Kerakli  maydon ajratib berilsa, uch tseximizni bir joyga jamlab, yana 25 nafar yangi ish o‘rni yaratgan bo‘lardik. Bu mahsulotimiz tannarxining  arzonlashishiga ham olib keladi.
“Ikkita yangi ish o‘rni yaratgan tadbkirkorni boshimga ko‘taraman” degan edi Yurtboshimiz. Davlatimiz rahbari tadbirkorlarni qo‘llab turgan bir paytda,  oilaviy tadbirkorning murojaati e’tiborsiz qolmas. Yana qo‘shimcha ish o‘rni yarataman deb turgan bo‘lsa.
Zero, yaqinda e’lon qilingan “Har bir oila — tadbirkor” davlat dasturida ham bu kabi oilalar safini kengaytirish, ularga har tomonlama ko‘mak berish nazarda tutilgan. Shunday ekan, ularga yordam berilsa, o‘z yo‘lini topib ketadi. Natijada xalqimiz boy bo‘ladi. Bu esa davlat boy bo‘ladi, deganidir.

Bobur MUHAMMADIYEV,
Sholaziz ShOXIDOYEV (foto),
“Hurriyat” muxbirlari

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + six =