BAHORDA KELGAN QUVONCH

Mamlakatimizda “Obod qishloq” dasturi ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar chekka hududlarda yashayotgan yurtdoshlarimiz turmushini tubdan o‘zgartirib, munosib hayot tarzini tuhfa etmoqda. Jizzax viloyati ahli birinchilardan bo‘lib uzoq yillar e’tibordan chetda qolgan “Manas” qishlog‘ida qisqa muddatda hayratomuz obodonchilik ishlarini amalga oshirib, o‘ziga xos namuna ko‘rsatdi.
Manasda boshlangan ezgu ishlar mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch yozyapti. Mirzacho‘l tumani markazidagi “G‘alaba” mahallasida olib borilayotgan ishlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Mahalla tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Asliddin Jalolov rahbarlik qilayotgan uchun 3-sektor hududida joylashgan.
— “Obod qishloq” dasturi uchun 3-sektor hududi tanlangani bejiz emas, — deydi Asliddin aka. —  Chunki hududdagi uylar bundan yetmish yil oldin, ya’ni cho‘lni o‘zlashtirish boshlangan paytlar vaqtinchalik boshpana sifatida qurilgan. Ochig‘i, ular 80-yillardayoq yarosqiz holga kelib qolgan edi. Shunday bo‘lsa-da, mutasaddilarning e’tiboridan chetda qolavergan. Eng achinarlisi, yuzlab odamlar baraklarda yashagan. Shuning uchun “G‘alaba” mahallasida “Obod qishloq” dasturini amalga oshirishga qaror qilishdi.

Jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya a’zolari tomonidan hududdagi mavjud vaziyatni tubdan yaxshilash maqsadida “Yo‘l xaritasi” tuzildi va vazifalar belgilandi.  Mahalladagi 17 ko‘chada joylashgan 1405 xonadon birma-bir ko‘zdan kechirilib, muammolar o‘rganildi. Kommunal xizmatlar, uy-joy, bandlik, maishiy xizmat ko‘rsatish sohasidagi kamchiliklar aniqlanib, aksariyatiga joyida yechim topildi.
Asliddin Jalolovning gaplarida mubolag‘a yo‘q. “G‘alaba” mahallasidagi ishlarni ko‘rib, bunga ishonch hosil qildik. Ayniqsa, yangi uy-joylar qurilishiga alohida e’tibor berilayotgani quvonchli.
Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Saida Qulmatovaning aytishicha, aholidan tushgan murojaatlarning asosiy qismi uy-joy muammosi bilan bog‘liq. Endilikda barak va ko‘rimsiz uylar o‘rnida namunaviy loyiha bo‘yicha har bir 4 sotix tomorqaga ega bo‘lgan 400 ikki va uch xonali uylar qurilishi belgilandi.
— Yangilangan loyihalar bo‘yicha barpo etiladigan uylar narx parametrlari, sifat tavsiflari va shinamligi bo‘yicha Markaziy Osiyoda o‘xshashi yo‘qligini ta’kidlash zarur, — deydi Saida opa. — Bunday uylar birinchi galda uzoq yillar yashash sharoiti og‘ir 54 uyda istiqomat qilib kelayotgan aholiga berilishi uy egalari quvonchiga quvonch qo‘shdi. Ana shulardan biri — Norqo‘zievlar oilasi. Bundan 6 yil avval xonadon sohibi baxtsiz hodisa tufayli olamdan ko‘z yumdi. Ro‘zg‘or yuki to‘rt farzand bilan chirqillab qolgan xonadon bekasi zimmasiga tushdi. Ammo qishloqda ish yo‘qligi, uyi ham to‘kilaman, deb turgani oila a’zolarini yanada qiynab qo‘ydi.
Mahallada qurilayotgan yangi uy-joylar ehtiyojmand oilalarga berilishi bilan birga, ularning farzandlari doimiy ish o‘rni bilan ham ta’minlanyapti. Bu g‘amxo‘rlikdan ular ruhlanib, qurilayotgan yangi uy-joylarda o‘zlari ham bosh-qosh bo‘lib, ishchilarga ko‘mak beryapti.
Odamning yaxshi yashashi va farovon hayot kechirishi uchun birinchi galda uy-joy zarur.
— Jamoamiz 48 kvartiraga ega bo‘lgan 2 ta to‘rt qavatli uy quryapti, — deydi “Toshbuloq Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Ibodullo Muqimov. — Kvartiralarning 24 tasi uch xonadan iborat. 86 nafar quruvchimiz har ikki uyning uchinchi qavatini yopib, to‘rtinchi qavatida ish boshladi. Aslida rejaga ko‘ra, noyabr oyida qurilishni yakunlashimiz kerak. Lekin ish sur’ati shu zaylda ketsa, Mustaqillik bayramigacha uylarni egalariga topshiramiz.
— Ishimiz kundan-kun jadallashayapti, — deya suhbatga qo‘shildi g‘isht teruvchilar brigadasi boshlig‘i Abdulla Musurmonov. — Chunki qurilish materiallaridan taqchillik bo‘lgani yo‘q. Hamma buyurtmalarimiz vaqtida keltirilyapti. Ishlash, dam olish uchun shart-sharoit yaratilgan.
Sektor rahbarining yordamchisi, kapitan Mirzaahmad Abduxalilov bilan mahalla ko‘chalarini aylanar ekanmiz, amalga oshirilgan  va oshirilayotgan ishlarni ko‘rib, zavqimizni yashirmadik. Hasharchimi, quruvchimi yoki ularga ko‘maklashayotgan mahalliy aholimi, qat’i nazar, barcha ish bilan band. Ularning ishtiyoq bilan ishlayotganidan mahalla obodligidek ezgu ishga chin yurakdan o‘z hissasini qo‘shishga intilayotgani yaqqol seziladi. Ko‘p qavatli uylardan birini ta’mirlayotgan ustalarni suhbatga tortamiz.
— Jizzax viloyati “Ipoteka” bankining turar-joy binolarini moliyalashtirish bo‘limi boshlig‘iman, — deya o‘zini tanishtirdi rostmana ustalar formasidagi Nodirjon Mo‘minov. — Mana ikki oydirki, shu yerda hashardamiz. Viloyatimizdagi 15 bank jamoasi 15 ko‘cha va 15 ko‘p qavatli binoni ta’mirlash, obodonlashtirishda quruvchi ustalarga ko‘maklashishni zimmasiga olgan. Bu yerdagi obodonchilik ishlari uchun bankimiz tomonidan 50 million so‘m homiylik yordami ko‘rsatildi. Bundan tashqari, mahallaning “Taraqqiyot” ko‘chasida istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oilalar xonadonlarini ta’mirlash, obodonlashtirishga ko‘maklashayapmiz. Baliqchilikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga ko‘maklashish maqsadida “Arnasoy FISh” firmasiga 500 million so‘m kredit ajratildi. Yangi qurilayotgan kottejlarning 80 tasini moliyalashtirish va kreditlash ko‘zda tutilgan.
Mahalla obodligiga hissa qo‘shayotgan bunday tashkilotlar ko‘p. Ulardan biri — “Yangi avlod qurilish invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatidir. MChJ mahalla ahlini ko‘p yillardan beri qiynab kelayotgan ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun Farg‘ona viloyatidan kelgan.
— Mirzacho‘ldagi obodonlashtirish ishlarida korxonamizdan 200 nafar usta ishtirok etyapti, — deydi korxona rahbari Shavkatjon Anorboev. — Shu kungacha bu yerda 6 milliard so‘mlik ish bajardik. 13 kilometr uzunlikda yangi ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. Jamoamiz a’zolari tuman hokimiyati davlat xizmati idorasi, Xotira maydonida olib borilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlarida ham ishtirok etyapti.
Biz so‘z yuritayotgan mahallada sohiblarini kutayotgan yangi uylar, bolajonlarni bag‘riga chorlagan bog‘cha, ma’muriy binolar, savdo shoxobchalari, asfalt yotqizilgan ko‘chalar ana shu ezgu intilish mevasidir. Bu o‘zgarishlar nafaqat “G‘alaba” mahallasi ahlini, balki barcha mirzacho‘lliklarni qalbiga quvonch bag‘ishlayapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
— Xudo xohlasa, yaqin kunlarda jamoamiz yangi ma’muriy bino va zamonaviy laboratoriyaga ega bo‘ladi, — deydi tuman sanitariya epidemiologiya stantsiyasi bosh shifokori Azamat Abduqodirov. — Loyihalashda 2 milliard 654 million so‘mlik ish bajarilayapti.
“G‘alaba” mahallasida olib borilayotgan ishlarning ko‘lami keng. 3200 nafardan ziyod yurtdoshlarimizning qishloq ko‘chalarida, uy-joylar atrofida amalga oshirayotgan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari kishini hayratga soladi. Atigi 40 kun oldin bu yerga kelgan odam tor ko‘chalar, noqonuniy qurilgan ayqash-uyqash binolarni, tushkun kayfiyatdagi odamlarni uchratgan bo‘lsa, bugun aksini ko‘radi. Insonlarning bir-birlariga do‘stona va samimiy munosabati, atrofdagi o‘zgarishlar ko‘ngilni nurlantiradi. Muhimi, hamma belgilangan vazifalarni sidqidildan bajaryapti.
Shu o‘rinda “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha tuman markaziy shtabidan olingan ma’lumotnomadagi ayrim faktlarni keltirib o‘tsak. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi shu kungacha 17,01 kilometr uzunlikdagi elektr tarmog‘ini tortib, 4 transformator punktini mukammal ta’mirladi. Hududda 30 ichimlik suvi qudug‘i barpo etilib, 68 kanalizatsiya qudug‘i tozalandi. Yo‘lsozlar 2898 metr masofaga yangi lotoklar o‘rnatdi, 590 tonna beton, 2050 tonna qum-shag‘al yotqizish ishlarini bajardi.
Shuningdek, 15 kilometr uzunlikdagi gaz quvurlari qayta montaj qilinib, gaz ta’minoti yaxshilandi. 23000 tonna maishiy va qurilish chiqindilari tashib ketildi.
Hududda mehnatga layoqatli aholini va kollej bitiruvchilari bandligini ta’minlash yillar davomidagi muammoga aylanib kelgan. Dastur doirasida bu masalaga ham alohida e’tibor qaratilib, qisqa fursatda “Mirzacho‘ltekst” yengil sanoat majmuasi ishga tushdi. Dastlab 200 o‘rinli tikuv tsexi ish boshlagan bo‘lsa, ayni kunda umumiy qiymati 9 million AQSh dollarini tashkil etgan ip-kalava, mato va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Mirzacho‘l tekst” fabrikasi ishga tushishi mo‘ljallanmoqda. Natijada majmuada 450 nafar xotin-qiz yangi ish o‘rinlariga ega bo‘ladi.
Uyi obodning ko‘ngli obod bo‘ladi, deydi xalqimiz. Tikuv tsexida ishlayotgan 200 xotin-qizning qay biri bilan suhbatlashmaylik, qalblari quvonchga limmo-limligini his etdik.
— Men bichuvchiman, — deydi Xurshida Hotamova. — Uzoq yillardan beri barakda yashardik. Bir tomondan ish topolmay, juda qiynalardik. “Obod qishloq” dasturiga bosh-qosh bo‘lgan Prezidentimizga mingdan-ming rahmat. Yaqinda namunali loyiha asosida qurilgan 3 xonali uyga ega bo‘ldik, ish bilan ta’minlandik.
— Men 47 yoshdaman, — deydi Xadicha Mamajonova. — Oilamiz bilan barakda yashab, ko‘p qiyinchiliklar ko‘rdik. Bizni bir yo‘la ham ishli, ham uyli qilgan Prezidentimiz baraka topsinlar. Albatta, ularning ishonchini oqlash uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.
Ha, Mirzacho‘l yaqin kunlarda ko‘rkam, barcha qulayliklarga ega zamonaviy shaharga aylanadi. Bunga shubha yo‘q.

O‘ktam ABDULLAYEV,
“Hurriyat” muxbiri
Jizzax viloyati

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 5 =