Islohotlar ijrosida YAQIN KO‘MAKDOSH

Har yili iyun oyining oxirgi o‘n kunligida mamlakatimiz miqyosida Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni nishonlanadi. Bu ayyomda xalqimiz ongida ijtimoiy fikrni shakllantiruvchi, ma’naviyat olamida jamiyat hayotini aks ettiruvchi kasb sohiblari sha’niga iliq so‘zlar aytiladi, mafkura dunyosida namuna bo‘lgan jurnalistlar, noshirlar, matbaachilar mehnati ulug‘lanadi.

Biz uchun bu bayramning eng quvonchli jihati — Prezidentimiz soha xodimlari sa’y-harakatlariga munosabat bildiradi, oldimizga bugunning dolzarb vazifalarini qo‘yadi. Davlat rahbari tabrigi ham ko‘nglimizni ko‘taradi, ham mas’uliyat hissini oshiradi. 2017 yilda yo‘llangan Prezident tabrigidagi ushbu so‘zlarga e’tibor qilaylik: “Men siz, muhtaram matbuot ahlining hayotimizni yanada erkin, obod va farovon etish uchun doimo fidoyilik ko‘rsatib yashashingizni yaxshi bilaman va sizlarni shu yo‘lda o‘zimning eng yaqin hamkorlarim va yordamchilarim deb hisoblayman”.
Xuddi shu so‘zlarni “Xalq so‘zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari tahririyatiga kiraverishda ko‘zga ko‘rinarli qilib yozib qo‘yganmiz. Ushbu bitik har kun, har daqiqa qanday mas’uliyatli vazifa zimmamizga yuklatilganini yodga solib turadi. Ochig‘ini aytganda, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar shu qadar keng qamrovliki, ularning barchasi haqida axborot berib borish uchun to‘rt sahifa kamlik qiladi. Misli ko‘rilmagan shiddat bilan yuz berayotgan o‘zgarishlar, shubhasiz, davlatimiz rahbarining tashabbuslari, oqilona ichki va tashqi siyosati natijasidir. Shundan kelib chiqib, gazetamiz  sahifalarida yoritilayotgan mavzular mundarijasini belgilashda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning kundalik faoliyati biz uchun yo‘lchi yulduz vazifasini o‘tamoqda.
2018 yilning dastlabki kunlari Toshkent viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasidan boshlandi. Viloyatda tashkiliy masalani hal qilish uchun Prezident nutq so‘zladi. Majlis bayoni barcha nashrlarda chop etildi. “Xalq so‘zi” sahifalarida ushbu voqeaga oddiy odamlarning munosabatlaridan iborat podborka “Odamlar qalbida umid uyg‘ondi” degan sarlavhada berildi. “Prezident boshqa safarlardagi kabi xalqning ichiga kirib bordi. Iqtisodiy muhim ahamiyatga molik inshootlar bilan tanishib, mahalla ahli bilan uchrashdi, profilaktika inspektori oilasida mehmonda bo‘ldi, tuman kasalxonasi bemorlari holidan xabar oldi. Ko‘z o‘ngimizda oddiy odamlar hayoti, kundalik turmushi qanday bo‘lsa, shundayligicha, ortiqcha bo‘yoqlarsiz gavdalandi”.
Tilga olingan muammolar bizga ayon emasmi? Uncha-muncha xabardormiz, albatta. Hamma gap shundaki, hayotiy manzaralarga Prezident nazari bilan qarash boshqacha xulosalarni keltirib chiqaradi. Islohotlar maromi, sur’ati aslo yomon emas. Lekin Prezidentning o‘z o‘lchami, mezoni bor. Gazetxonlarimizga ana shu talablardan kelib chiqib hikoya qilishga intilamiz. Shu bois avvalgi hamdu sano, ozgina yutuqdan “fil” kabi maqtovli satrlar bitish jurnalistikamizning kechagi kuniga aylanayapti.
Joriy yil boshida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Nafaqat bugungi avlod, yoshi ulug‘ yurtdoshlarimiz ham bunday anjumanning guvohi bo‘lmaganligini aytishadi. Qiziq, shu paytgacha elchixona xodimlarining necha avlodi o‘z dunyoqarashlari va saviyalari darajasida faoliyat yuritishgan. Bu safar Prezident davlatimiz va xalqimiz nomidan xorijiy mamlakatlarda ish olib borayotgan vakillar bilan yuzma-yuz uchrashib, ular bilan atroflicha gaplashib olishga ahd qilibdi. Anjumanda elchilar Prezidentdan yangi gap eshitishdi: “Elchi Prezidentning xorijdagi rasmiy vakili. U davlatimizning tashqi siyosatini samarali amalga oshirish uchun to‘liq mas’ul va javobgar”. Darhaqiqat, shu haqda hech kim bafurja mulohaza yuritmabdi.
Ushbu anjumandan so‘ng O‘zbekistonning xorijdagi elchilari yurtimizga investitsiya kiritish, sayyohlar kelishini ko‘paytirish kabi diqqatga sazovor yutuqlarga erishdilar. “Xalq so‘zi” sahifalarida mazkur mavzu turkum maqolalarda aks etdi. Shu bilan bir qatorda mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzi tobora ortib bormoqda. Butun dunyo O‘zbekiston haqida gapira boshladi. Shuni e’tiborga olgan holda biz o‘z muxbirlarimizni xorijga xizmat safarlariga jo‘natishni yo‘lga qo‘ydik. So‘nggi ikki-uch oy ichida ular Rossiya, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Xitoyda bo‘lib, turkum maqolalar uyushtirishdi.
Faqat qilingan ishlarni ko‘rsatib berish emas, balki muayyan sohadagi ilg‘or tajribalarni joriy etish gazetamizning doimiy e’tiborida. Biologiya fanlari doktori, akademik Bakriddin Zaripovning “Gid vatanparvar bo‘lsagina haqiqiy professionaldir” sarlavhali maqolasi shular qatoridan. Bunda tarixiy obidalarimizda faoliyat yuritayotgan gidlar o‘z yurti durdonalari haqida chetdan kelgan sayyohlarga alohida mehr va muhabbat bilan maroqli hikoya qilishlari lozimligi, umuman, turizm madaniyati bo‘yicha ko‘p ishlar amalga oshirilishi kerakligini bildiradi.  
Prezidentimizning yanvar oyi oxirida Qashqadaryoga tashrifi muhim dolzarb mavzular qatoridan joy oldi. Qadimiy vohada istiqbolli texnologiyalarning joriy etilishi, muqaddas ziyoratgohlarning obod qilinishi, turizm infratuzilmasi ob’ektlari rivojlantirilishi, ta’lim islohotini joriy etish borasidagi ishlarga nazari tushdi. Gazetamiz Prezident tashrifi voha ahli ichida qanday taassurot uyg‘otganligi haqida viloyatning turli vakillariga minbar berdi. Yakkabog‘ tumanidagi “Darmon-farm” xususiy korxonasi rahbari Anzur Normurodov Yevropadan keltirilgan uskunalarni o‘ttizdan ziyod yoshlar mohirlik bilan boshqarayotgani, bir kecha-kunduzda 20 tonna xom ashyo qayta ishlanayotgani, eksport salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha dadil ishlar qilinayotgani haqida bayon etdi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qashqadaryo mintaqaviy bo‘limi boshlig‘i Otabek Olimjonov mehmonxonalar qurilishi bo‘yicha 14, istirohat bog‘larini barpo qilishga doir 3 loyiha taqdim etilayotganini tilga oldi. Chiroqchi tumanidagi “Chiroqchi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Momosuluv Berdiqulova Prezidentimiz tashrifi mobaynida tilga olingan muammolar yechimi bo‘yicha qanday tadbiriy choralar ko‘rilayotgani xususida o‘z fikrini bayon etdi.
Yurtboshimiz amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlari bilan tanishish uchun joylarda bo‘lganlarida hammaning ko‘nglidagi masalalarni tilga oladi. Parlament  nashri hisoblanmish “Xalq so‘zi” sahifalarida o‘sha masalalar bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar fikri izchil berib borilmoqda. Oliy Majlis Senati a’zosi Islomiddin Abrorov “Xalq davlatdan rozi bo‘lishining asosiy mezoni” sarlavhali maqolasida davlatimiz rahbari qaysi tumanga bormasin, o‘sha yerda xalqimizning dardu tashvishlari bilan qiziqdi, muammolar yuzasidan o‘zining aniq taklif hamda maslahatlarini berib, yechim ko‘rsatganligini ta’kidladi. Aksariyat masalalar joyida hal qilinganligi uchun viloyat aholisining kayfiyati, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlandi. Bugun qaysiki hududda rahbarlar faqat va faqat xalq manfaatini ko‘zlab ish yuritsa, o‘sha joyda rivojlanish bo‘lishi, odamlar turmush sharoiti yaxshilanib, hayoti farovonlashishi mumkinligi o‘z tasdig‘ini topmoqda. Senatorning ta’kidlashicha, davlatimiz rahbari aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasiga katta e’tibor qaratdi hamda qisqa vaqt ichida mazkur muammoni hal qilish bo‘yicha tegishli vazirlik, idoralar, mahalliy hokimiyat vakillariga topshiriqlar berdi. Tabiiyki, ana shu hayotiy rejalar amalga oshirilishi bilan bu boradagi ko‘plab masalalar o‘z yechimini topadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti shu yil 16-17 fevral kunlari Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida qadimiy vohaning shahar va tumanlarida bo‘lganligi xalq orasida zo‘r mamnuniyat bilan qabul qilindi. Kogon tumanidagi “Aholitrans” mas’uliyati cheklangan jamiyati ijrochi direktori nafaqat o‘zi, jamoasi fikrlarini gazetamiz orqali ma’lum qildi. Davlatimiz rahbarining mazkur korxonada qilinayotgan ishlarga baho berganligi hammaning ko‘nglini ko‘tardi. Klaster yon-atrofida ishchilar uchun turar-joylar, issiqxona, infratuzilma ob’ektlari qurish tavsiyasi hammaga ma’qul bo‘ldi. 28 yildan buyon ta’lim sohasida turli vazifalarda ishlab kelayotgan Buxoro shahridagi 54-maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari Olima Rafieva shuncha yillar mobaynida tizimga bunchalik e’tibor qaratilmaganligini ta’kidlaydi. Prezidentimizning muassasamizga tashrif buyurishlari bu yerda tarbiyalanayotgan 300 nafar jajji o‘g‘il-qiz, ularning ota-onalari, jamoamiz uchun chinakamiga bayramga aylandi, deydi. Davlatimiz rahbari bola bog‘cha yoshida bilimni oson va tez o‘zlashtirishini ta’kidlab, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanish — bu qahramonlikdir, deydilar va muassasamizni metodik tajriba almashish markaziga aylantirish topshirig‘ini berdilar. Buxoro davlat universiteti talabasi Nigina Yo‘ldosheva ingliz va rus tillarini chuqur o‘rganganligini, hozir esa Yoshlar markazida ispan tili bo‘yicha saboq olayotganini, xalqaro tanlovda muvaffaqiyatli qatnashib, BMT minbaridan ma’ruza qilish baxtiga muyassar bo‘lganini g‘urur bilan hikoya qiladi. Olot tumanidan mehnat faxriysi Saidquli Oqqiev “Yetti pir” qadamjosi bo‘ylab ezgu tashabbus uchun Prezidentga minnatdorlik bildiradi.
Joriy yil mobaynida Prezidentimizning Navoiy, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlariga, shuningdek, xorijiy mamlakatlarga amalga oshirgan tashriflari izchil yoritib borildi. Nafaqat rasmiy xabarlar, ular haqida oddiy odamlarimizning dil so‘zlari, munosabatlari o‘qishli shakllarda yoritib kelindi.
Ommaviy axborot vositalarining rivoji hamisha Prezidentimiz e’tiborida. O‘zbekistonda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universitetini tashkil etish tashabbusi bevosita davlatimiz rahbari tomonidan chiqqanligi ham fikrimizning isbotidir. Jamiyatimiz hayotida demokratik printsiplarni mustahkamlashda jurnalistikaning alohida o‘rni borligi hammaga ayon. Shunday ekan, yuksak ishonchni oqlash yo‘lida muttasil izlanishda davom etamiz, ijodiy jasorat borasida tajriba va mahoratimizni ayamaymiz.

Shuhrat JABBOROV,
“Xalq so‘zi” gazetasi bosh muharriri
o‘rinbosari

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 9 =