Ishonchni oqlash fursati

Bugun qay bir yurtdoshimiz bilan suhbatlashmang, keksayu yoshning qalbi shukronalik hislariga to‘la. Chunki endigina dunyo yuzini ko‘rgan chaqaloqdan to keksalik gashtini surayotgan otaxonu onaxonlargacha davlatimiz e’tiborida.
Mustaqil hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan yoshlar ham ana shunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan bahramand bo‘lyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyunda e’lon qilingan “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarning amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Mazkur farmon 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining vazifalariga muvofiq, yoshlarning biznes tashabbuslari startaplari, g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, band bo‘lmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori mutaxassisliklar va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish, shuningdek, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish orqali ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan.
Prezidentimiz Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlariga yo‘llagan bayram tabrigida “Yurtimizda keyingi paytda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilgani, o‘g‘il-qizlarimizning ijtimoiy faolligi, Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik hissi kuchayib borayotganini, zamonaviy, demokratik O‘zbekiston davlatini barpo etishda navqiron avlodimizning munosib ishtirok etayotganini barchamiz minnatdorlik bilan e’tirof etamiz”, deya ta’kidladi.
“Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturini hayotga tatbiq etilishi bilimli, iqtidorli, salohiyatli yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Bunga Davlat dasturini respublikamizda namunaviy tarzda birinchilardan bo‘lib amalga oshirishga kirishgan Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq va Toshkent shahrining Chilonzor tumanida amalga oshirilayotgan ishlar misol bo‘lishi mumkin.
— Quyi Chirchiq tumanida shu yil 30 iyundan  dasturni amalga oshirish ishlari boshlandi, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi bo‘limi mudiri Akmaljon Alimov. – O‘nta ishchi guruhi tashkil etildi va tuman hududidagi Ibrat, Mashrab, Do‘stlik, Abay, Birlik, Yilqichi, Bolabotir, Vatan, Surum, Sergeli mahallalarida yoshlar bilan suhbat o‘tkazilib, ularning 3 ming 625 nafari ishsizligi, shundan 98 nafari mehnatga layoqatsizligi, 113 nafari  uy-joyga muhtojligi, 689 nafari ishlash uchun uzoq muddatga chetga chiqib ketgani, 1 ming 604 nafarining ishlash, 706 nafarining ta’lim olish va 203 nafarining harbiy xizmatni o‘tash istagi mavjudligi aniqlandi.
Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha tumanda tashkil etilgan ishchi guruhlarning yoshlar hayotini o‘rganishlari natijasida 30 nafar yoshga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 349,1 million so‘m kredit ajratildi.
Shuningdek, o‘tkazilgan tadbirlar davomida 40 nafar yigit-qiz korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirildi. 30 nafariga tomorqadan samarali foydalanishga ko‘maklashildi, 18 nafar imkoniyati cheklangan yoshlarga aravachalar topshirildi, 98 nafariga respublika tibbiy muassasalariga yo‘llanmalar berildi.
Ko‘plab mahalla fuqarolar yig‘inlarida savdo-maishiy va kichik ishlab chiqarish maydonchalarini tashkil etish uchun “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini barpo qilish ishlariga kirishildi. Masalan, “To‘qboy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilayotgan “Yoshlar mehnat guzari” kompleksi uchun 0,24 gektar yer maydoni ajratilgan. Rejaga ko‘ra u avgust oyida ishga tushadi.
— Prezidentimiz yoshlarga alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatyapti, — deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdumajid Ahmedov. — Quvonarlisi, yoshlarimiz ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlikka o‘zlarining orzu-intilishlari bilan munosib javob berishga intilyapti. Bugungi kunda mahallamizda o‘nlab ko‘zga ko‘ringan tadbirkor yoshlar ko‘pchilikni havasini keltiradigan darajada yutuqlarga erishyapti. Masalan, Baxtiyor Jabborov tikuvchilik tsexini ochib, 20 nafarga yaqin xotin-qizni ish bilan ta’minladi. Yura Aminov baliqchilik xo‘jaligida samarali faoliyat ko‘rsatyapti. Yemen Mengqulov 80 gektar yer maydonida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiryapti.
Haqiqatan ham To‘qboyda o‘z mehnat natijalari bilan ko‘pning hurmat va ehtiromiga sazovor bo‘layotgan yoshlar ko‘p. Shulardan biri – o‘anisher Jiyanxo‘jaev. U qo‘rg‘on yoshlari uchun “Yoshlar mehnat guzari”  majmuasini 2 oyda qurib foydalanishga topshirishni o‘z zimmasiga oldi.
Toshkent shahar Chilonzor tumanida ham mazkur dastur ijrosi uchun 27 idora va jamoat tashkilotlaridan 300 nafarga yaqin xodim jalb qilinib, 14 ishchi guruh tashkil qilindi. Uyma-uy yurilib, ishga joylashtirish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, kredit, zarurat bo‘lsa, bino ajratish, sog‘lomlashtirish mavzularida 50 ming 722 nafar yigit-qiz bilan suhbatlar o‘tkazildi.
Tadbirkorlikka moyil yoshlarga biznes loyiha tayyorlash ularni, bino bilan ta’minlash, kredit ajratish kabi ishlarda amaliy yordam ko‘rsatildi. Umuman olganda, 110 nafardan ortiq yigit-qiz tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi, 12 nafar yoshga 976,9 million so‘mlik kredit ajratildi.
Uylarida tikuvchilik qilayotgan ikki  dugona Kamola Jo‘raeva va Dono Solieva ham Davlat dasturi kashf qilgan tadbirkorlardan. Ishchi guruhi ularning ishi, qobiliyatini ko‘rib, zamonaviy tikuv dastgohlari sotib olish uchun 17 million so‘m kredit hamda pedagogika kasb-hunar kolleji binosidan keng, yorug‘, shinam xona ajratib berilishini ta’minladi. Xonaga zamonaviy tikuv mashinalari o‘rnatildi.
— Muammolarimiz bunchalik tez hal bo‘ladi deb o‘ylamagandik, — deydi Kamola Jo‘raeva. — 4-5 kun ichida orzularimiz amalga oshdi. Bolajonlar uchun ko‘ylaklar, sport formalari tikish ishlarini boshlab yubordik.
— Men Surxondaryodan oyog‘imga protez qo‘yish uchun Toshkentga kelgan edim, — deydi Nargiza. — Toshkent shahar milliy paralimpiya assosiatsiyasi bosh murabbiyi Rashid Safariev meni tuman yoshlar ittifoqi huzurida tashkil etilgan sport to‘garagiga taklif qildi. Bu yerga kelib Kamola va Donoxonni uchratdim. Hozir uchalamiz tikuvchilik qilib, bo‘sh paytlarimizda sport bilan shug‘ullanyapmiz. Tushkunlikka tushib yurgan paytlarim ortda qoldi. Men kelajakda endi mohir tikuvchi ham bo‘lmoqchiman.
Chilonzor tumanida Davlat dasturi doirasida bajarilgan ishlar haqida so‘z ketganda alohida e’tiborga muhtoj yoshlarga ko‘rsatilgan yordam xususida to‘xtalib o‘tish joiz. Ana shunday yigit-qizlarning 15 nafariga 8,9 million so‘m moddiy yordam, 25 nafar yoshga nogironlar aravachasi berilib, 127 nafariga sog‘lig‘ini tiklash borasida amaliy yordam ko‘rsatildi.
Tuman markazida “Groun Zero Chilanzar” kovorkingining tashkil etilishi Davlat dasturi doirasida bajarilgan eng muhim ishlardan biridir.
— Bu Toshentdagi yagona kovorking markazidir, — deydi markaz rahbari Abduqahhor Qo‘chqorov. — O‘z biznesini boshlashni istagan yoshlar seminar va master-klasslar orqali malaka oshirish, biznes-adabiyotlar bilan tanishib, inkubatsion va maxsus dasturlarda ishtirok etish, yetakchi tadbirkorlardan maslahatlar olish ikmoniyatiga ega bo‘ladi. Markazimiz yosh tadbirkorlar talabiga to‘liq mos keladi.
Respublikamizning viloyat va tumanlaridan yoshlar siyosati bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, yoshlar ittifoqi tashkilotining rahbarlari Quyi Chirchiq va Chilonzor tumanlarida bo‘lib “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
— Taassurotlarim katta, — deydi Qashqadaryo viloyati o‘uzor tumani yoshlar ittifoqi kengashining raisi Farhod Bozorov. — Bizning tumanimizda ham tadbirkorlikka ishtiyoqmand yoshlar ko‘p. Agar o‘uzorda ham “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosini shunday tashkil qila olsak, yoshlarimizga juda katta imkoniyatlar eshigini ochishga erishamiz. Tadbirkor yoshlarimiz safi sezilarli darajada kengayadi va o‘z muvaffaqiyatlari bilan barchani xursand qiladi.
Darhaqiqat, “Yoshlar — kelajagimiz” degani oddiy gap emas. Uning zamirida orzu, umid va ishonch mujassam. Yoshlarimizning ana shu ishonchni oqlaydi. Ularning bugungi g‘ayrat-shijoati, bilim va zakovati, iqtidor va salohiyati shundan dalolat berib turibdi.

O‘ktam ABDULLAYEV,
“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 4 =