Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq. Xira “ko‘zgu” va loqayd “oynasozlar”

Gazeta — hayot ko‘zgusi. Jamiyat unga qarab o‘zini o‘nglaydi. Lekin davriy nashrlar adadi kamligini ko‘rib: “Jamiyat o‘zini oynaga solmay qo‘ydimi?” deb o‘ylab qolasan, kishi. Balki, “ko‘zgu” xiradir? Ehtimol, ayb “oynasozlar”imizdadir?..

Bir paytlar sevib o‘qilgan gazeta-jurnallar endi kamsonli mushtariylarga yetib bormoqda. Bunga qo‘l telefoni, kompyuter, planshet singari vositalar, internet, ijtimoiy tarmoqlar va saytlar sababdir. Biroq Yaponiyada hanuz gazetalar millionlab nusxada, hatto kuniga ikki mahal chop etilmoqda. Balki, gazetalar yangilik bilangina cheklanib qolmay, chuqur tahliliy-tanqidiy materiallar berish orqali o‘z o‘quvchilarini topar. Demak, nashrlar adadini oshirishning yo‘llari ko‘p. Faqat mavjud imkoniyatlardan samaraliroq foydalanish kerakka o‘xshaydi. Gazetaning ming nusxa chiqishini yaxshi natija deb qabul qilishga ko‘nikib qoldik. Ammo ayrim tuman va shahar hokimliklarining nashrlari hatto shunga ham yetmaydi: “Muborak hayoti”, “Xonobod sadosi”, “Oqoltin ovozi” 700 donadan oshmaydi. Xususiy nashrlarning ahvoli yanada achinarli: “Biz to‘laydigan soliqlar”, “Kamalak press”, “Dunyo va davr”, “Yurt tarovati” 500; “Yurt tayanchi”, “Mehr yog‘dusi” 400 atrofida. Gazetalarga ehtiyoj kamayib ketdimi yoki ularning o‘zi o‘quvchilarini bezdirib qo‘ydimi? Bizningcha, masalaning asl sababi nashrlarning mazmun-mundarijasi bilan bog‘liq.
Zero, aksar gazetalar nomi eskicha qoliplardan xalos bo‘lmagan. Yurtimizda qariyb 30 gazetaning nomida “ovozi” so‘zi bor: “Dehqonobod ovozi”, “Yaypan ovozi”…
“Sado”, “tong” kabi so‘zlar bilan atalgan gazetalar nomi ham 20 dan ziyod: “Bog‘ot sadosi”, “Kitob tongi”…
Siyqa nomlanishning yana bir turi “hayoti” so‘zi bilan bog‘liq: “o‘uzor hayoti”, “Gurlan hayoti”… Har bir hududning o‘z “haqiqati” ham bor: “Qo‘rg‘ontepa haqiqati”, “Kattaqo‘rg‘on haqiqati”…
Aslida gazetxonlar sonining kamayishiga shular ham kifoya qiladi. Biroq sarlavhalarning o‘xshashligiga nima deysiz. Korruptsiya, giyohvandlik, odam savdosi kabi mavzulardagi maqolalarning mazmuni ham, sarlavhasi ham deyarli bir xil:
“Korruptsiya — rivojlanish kushandasi” — “Qadriyat” gazetasi, 6 yanvar; “Korruptsiya — taraqqiyot kushandasi” — “Iste’molchi huquqi”,  31 yanvar; “Korruptsiya — taraqqiyot kushandasi” — “Kuch — adolatda”, 16 mart; “Korruptsiya – taraqqiyot kushandasi” — “Toshkent oqshomi”, 2 may.
Turli mavzulardagi mazmunan va shaklan bir qolipdan chiqqan “g‘ishtlar” qalashib yotibdi: “Tadbirkorlik — davr talabi” — “Mahalla” gazetasi, 9 yanvar; “Bilim va tafakkur boyligi — davr talabi” — “Mahalla” gazetasi, 13 yanvar.
Markaziy nashrlarda bunday kamchiliklar bo‘lishi kishini o‘ylantiradi. Zero, davr bilan hamnafaslik, jur’at, xalq dardini topib aytish va tezkorlik orqali ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydimi? Biroq tezkorlikni bosh mezon qilib olib, muntazam xatoga yo‘l qo‘yayotgan xususiy nashrlar ham talaygina.
“Psixolog maslahati” gazetasini (2018 yil 6 iyul) varaqlaganda shunday holatga duch keldik. 3-sahifadagi maqola sarlavhasi “Jaji farzandlar burji” tarzida yozilgan. “Eringizni “aka” deb chaqirmang!” maqolasida esa erga nima deb murojaat qilish emas, yolg‘izlik haqida gap boradi. Maqola “Bilasizmi, siz uchun qadrli bo‘lgan insonni qachon yo‘qotgan bo‘lasiz? Qachonki, uni yo‘qotganingizdan qalbingizdagi og‘riq uyg‘onmas ekan, siz uni batamom va butkul yo‘qotdingiz!” singari tumtaroq gaplardan iborat. “Turmush o‘rtoqni qanday atash kerak?” sarlavhali maqoladagi mana bu jumlani tushunish qiyin: “Turmush o‘rtog‘ini “Ravshan”, “Mavlon” deb chaqiradigan ayollarga psixologik maslahati quyidagicha: ayol o‘z qizining timsoli, gap-so‘zi, eriga munosabati bilan jamiyatga oilasining va farzandlarini taqdim etadi”.
Ayrim xususiy nashrlar o‘quvchilarga ko‘proq “qaynoq” mavzulardagi xom-xatala narsalarni tiqishtirmoqda. Jumladan, “Farovon yurt” gazetasining (05.07.2018 yil) 22-betida V.Alimasovning “Qizimga maktublar” asarining davomi berilgan. Oltinchi maktubda ota qiziga: “Eros shunchaki maylni, seksual ehtiyojni qondirish emas”, “zamonaviy psixoseksual izlanishlar ham tasdiqlaydi”, deya o‘git beradi. To‘g‘ri, faylasuf o‘z falsafiy qarashlarini, xususan, falsafani erotikaga bog‘lab tushuntirayotgan bo‘lishi mumkin, biroq kimga? 6-maktub to‘liq “falsafa va erotika” qiyosiga bag‘ishlangan. 7-maktubda esa “bejis” (bejiz), “pod’ez” (pod’ezd), “lan’at” (la’nat), “Tayvand” (Tayvan) singari xatolar ham asabga tegadi. Sayt, ijtimoiy tarmoq va telefonlardagi yozishmalarni o‘qirkanmiz, tilimizning ahvoliga achinib ketamiz. “Farovon yurt” gazetasida Xalq ta’limi a’lochisi Isroil Tillaboevning boshdan-oxir har qanday turdagi xatoni uchratish mumkin bo‘lgan maqolasini internetdan olib, hech bir tahrirsiz, aslicha keltirilgani, yangi avlod taqdiri ishonib topshirilgan o‘qituvchilarning savod darajasi fosh qilingani gazeta xodimlarining jonkuyarligidan dalolat. Biroq savodsiz muallimni, butun boshli yangi avlodni ayblab berilgan qisqagina izohda tahririyat xodimlari tomonidan “gramatika” (grammatika), “qaryib” (qariyb), “oleveradi” (olaveradi) kabi xatolarga yo‘l qo‘yilgani o‘quvchining hafsalasini pir qiladi. Ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy, ijtimoiy, ommabop gazeta mas’ullari savod masalasida haminqadar bo‘lgach, jonkuyar muharrirlar aytganlaridek, jamiyatda “savodsizlik tobora avj oleveradi…”.
“Quvonch” gazetasining ham deyarli har bir sonida jiddiy xatolar uchraydi. Bir o‘rinda mamlakatimiz rahbarining familiyasi noto‘g‘ri berilsa, (27-son, 2-bet), boshqa bir joyda “…respublika xalq shoiri… Haydarbek Bobobekov”, deya xato axborot beriladi (27-son, 3-bet). Holbuki, rasman bunday unvon yo‘q, qolaversa, Haydarbek Bobobekov “O‘zbekiston xalq shoiri” emas. Chiqish ma’lumotlarida tuman nomi “Yuqori Chirchik” tarzida noto‘g‘ri ko‘rsatilgan (barcha sonlarda). Aksar maqolalar tahrirtalab, mantiqan va stilistik jihatdan g‘aliz: “Bundan tashqari Erkin Vohidov nomini ijtimoiy fanlar yo‘nalishidagi iste’dodli yoshlar maktab-internati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Farg‘ona viloyati bo‘limi, “Nuroniylar maskani” binolari hamda turli tadbirlar o‘tkaziladigan 1 ming 600 o‘rinli amfiteatr va “Osh markazi” singari ko‘plab infratuzilma ob’ektlari ham yangi boqqa o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlagan”. Eng qizig‘i, “Tibbiyotda xayriya aktsiyasi” maqolasida 3 yashar go‘dak tilidan: “Onam Dilnozaxon Hamroevaning aytishlaricha, men 2015 yili tanglay nuqsoni bilan tavallud topgan ekanman. Volidai muhtaramam o‘sha kundan e’tiboran tushkun ahvolga tushib qolganliklari uchun men ularga achinar edim. Farg‘onaga ham onam najot so‘rab men bilan kelishgan edi. Malakali professorlar qo‘lidan shifo topganimdan xursand bo‘ldim. Kasalim operatsiya yo‘li orqali bartaraf etildi. Qo‘li yengil salomatlik posbonlariga cheksiz minnatdorchilik bildiraman”, degan gaplar berilgan.
“Mehrigiyo” gazetasidagi (2018 yil 8 may, 12 iyun) xatolar bundan ham oshib tushadi (“O‘zbekiston xalq shoirasi”, “Hitoy”). “Zaytun xalq tabobatida” maqolasi mazmunan yakunlanmasdan, “Qonni keraksiz viruslardan, mikroblardan, yashirin infektsiyalardan” tarzidagi dumi yuluq jumla bilan tugatilgan.
“Yurt tayanchi” gazetasi xodimlari ishga shu qadar beparvo yondashishganki, muqovadagi maqola muallifining familiyasini topishga erinib, shunchaki ko‘pnuqta qo‘yib qo‘ya qolishgan: “Shokirjon …. viloyat IIB matbuot xizmati xodimi” (2018 yil 19 iyul).
Bunday xatolar markaziy gazetalarimizda ham uchraydi. Xususan, “Ishonch” gazetasidagi (2018 yil 21 iyul) bosh sarlavha va kichik sarlavhalar “Elektron chiptalarni chekishlashni unutmang”, “Kartochkadan qandan foydalaniladi?”, “Istiqbol rejalari qandan?” kabi jiddiy xatolardan xoli emasligini ko‘rib, bir darding ikki bo‘ladi.
Yurtimizda yetti yuzga yaqin gazeta, uch yuzdan ziyod jurnal chiqadi. Ular orasida amal-taqal kun ko‘rib turganlari oz emas. Isrof bo‘layotgan minglab tonna qog‘ozga achinasan, kishi. O‘qishli maqolalar berish uchun jiddiyroq jon koyitilsa, ularga talab ortarmidi. Zero, matbuot, so‘zning qudrati shunda ko‘rinardi. Prezidentimiz aytganlaridek, ommaviy axborot vositalari so‘zda emas, amalda “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga ko‘tarilardi. Kasb obro‘sini kosiblar oshiradi. Xira tortgan “ko‘zgular”imizni “yarqiratish” mashaqqati “oynasozlar” gardanida.

Mansur JUMAYEV
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi mutaxassisi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − 15 =