O‘zbekistonning yangi rekordi

Indoneziyada 18 avgust — 2 sentyabr kunlari  o‘tkazilgan XVIII Osiyo o‘yinlaridan mamlakatimiz sportchilari yuksak g‘alabalar bilan qaytishdi.  Eng asosiysi — o‘n sakkizinchi marotaba yig‘ilgan qit’a olimpiadasida ilk marotaba o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.

Bu barchamizga katta quvonch va faxr bag‘ishlaydi, albatta. Sport — millatni, mamlakatni tez tanitadigan vositalardan. Milliy sport turining qit’a miqyosidagi eng katta turnir dasturiga kiritilishi esa xalqimizning va  davlatimizning tobora yuksalib borayotgan nufuzidan dalolatdir. Ayni paytda bu — istiqlolimizning mevasi. Vatanimiz mustaqil, xalqimiz ozod, yurtimiz obod bo‘lmaganida, milliy kurashimiz xalqaro sport turi sifatida jahonda  tan olinishi narida tursin, istebdod zamonidagi kabi “eskilik sarqiti” sifatida to‘y-xashamu qishloqlarning chang ko‘chalaridagi  miskin davralardan nariga o‘tmay  qolaverishi tayin edi.
  Mutaxassislar fikricha, aslida dzyudo va samboning negizi ham bevosita o‘zbek kurashiga borib taqaladi. Zero, o‘zbek kurashining tarixi uch yarim ming yillik dovon bilan bo‘ylashishi muarrihlar bitiklaridan ma’lum. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan milliy kurashimizni jahon maydonlariga olib chiqishga astoydil kirishildi. Xalqaro kurash assotsiatsiyasi tuzildi. Bugungi kunda dunyoning yuzdan ortiq mamalakati unga a’zo.  Osiyodan Amerikagacha, Afrikadan Avstraliyagacha bo‘lgan ulkan makonda o‘zbek milliy kurashi millionlarning sevimli sport turiga, mashg‘ulotiga aylandi.
Jahon va qit’a chempionatlarida «kurash», «halol», «chala», «yonbosh» «dakki» kabi o‘zbekcha atamalar tilimizni, madaniyatimizni, qadriyatlarimizni keng tarannum etmoqda.
 Bugun o‘zbek kurashi Osiyo o‘yinlaridan rasman joy olgani va Jakartada qit’aning eng kuchli o‘nlab sportchilari — yigit-qizlar o‘zbekona yaktak kiyib, maydonga tushgani — xalqimizning ulkan yutug‘idir. Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev izchillik bilan yuritayotgan adolatparvar, xalqparvar, ma’rifatparvar siyosatning yuksak samaralaridandir va bu samaralar asrlarga tatigulikdir.
Endigi maqsad — milliy kurashimizni yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturida ko‘rish. Osiyo o‘yinlaridan boshlangan qutlug‘ qadam, umid qilamizki, yaqin yillar ichida Olimp cho‘qqisini zabt etish imkonini beradi.
XVIII Osiyo o‘yinlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘zbek kurashida polvonlarimiz o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlashdi. Ular bahslarda 6 oltin, 2 kumush va 4 bronza medalni qo‘lga kiritishdi.
Yurtdoshlarimiz bu gal qit’a olimpiadasida medallar jamg‘arish bo‘yicha mamlakatimizning avvalgi rekordlarini tubdan yangilashdi. Medallar soni yetmishtaga yetdi. Shundan yigirma bittasi oltin, 24  kumush va 25 bronza medallaridir.
Tarixga nazar tashlasak, O‘zbekiston sport delegatsiyasining Osiyo o‘yinlaridagi eng yaxshi natijasi 2002 yilga to‘g‘ri keladi: bahslarda hamyurtlarimiz 15 oltin, 12 kumush va 24  bronza medallarini qo‘lga kiritishgan. Qayd etish kerakki, Indoneziyada 234 nafar atlet sportning 30 turi bo‘yicha Vatanimiz sharafini himoya qildi. Yakunda O‘zbekiston delegatsiyasi medallar jamg‘arish bo‘yicha 45 mamlakat ichida umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni egalladi. 
2 sentyabr kuni XVIII Osiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarini Islom Karimov nomidagi Toshkent Xalqaro aeroportida vazirlik va idoralar, sport jamoatchiligi vakillari, ota-onalar va muxlislar kutib oldi.
— Osiyo o‘yinlari oldidan mutassaddilarning barcha sportchilar orasidan bayroqdor etib meni tayinlashlari yelkamdagi masuliyatni o‘n chandon oshirgan edi, — deydi boks bo‘yicha Osiyo o‘yinlari g‘olibi Isroil MADRIMOV. — Bu ishonchni oqlashim kerak, degan o‘y bir soniya ham meni tark etgani yo‘q. Yaratganga shukr, yuksak ishonch birdirganlarning yuzini yerga qaratmadim. Yurtimizga oltin medal bilan qaytdim. Boks musobaqalarida janglar juda qiyin kechdi. Ayniqsa, final uchrashuvida qozog‘istonlik tajribali bokschi jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Ammo murabbiylarimning to‘g‘ri tanlagan taktikasi evaziga raqibni mag‘lub etdim. Ustozlarimdan, muxlislarimizdan minnatdorman. Endigi maqsadim — O‘zbekiston bayrog‘ini Olimp cho‘qqisigacha ko‘tarish.
Shermuhammad
JANDREEV milliy kurash bo‘yicha oltin medal sohibi:
— O‘zbek milliy kurashining Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilishining o‘zi bizga katta faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Qit’a olimpiadasi birinchilar qatori ushbu sport turidan oltin medalni qo‘lga kiritish esa men uchun yuksak sharaf. Turnirda kuchli polvonlar bilan bel olishdim. Ayniqsa, Eron, Afg‘oniston, Tojikiston vakillari muxlislaru mutaxassislarda g‘oyat yaxshi taassurot qoldirishdi. Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi mamlakatlar polvonlari ham o‘zbek kurashi usul va uslublarini puxta egallashgani yaqqol sezildi. Jakartada erishgan g‘alabamni jonajon Vatanim — O‘zbekistonimiz mustaqilligining 27 yillik shonli bayramiga bag‘ishladim. Bu men uchun katta baxt, farzandlik burchimdir. 
Svetlana RADZIVIL, balandlikka sakrash bo‘yicha oltin medal sohibasi:
—    Bundan avval ham Osiyo o‘yinlarida ikki marotaba shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan edim. Shu bois Jakartada oltin medal uchun kurash oson bo‘lmasligini yaxshi anglab turardim. Buning ustiga, finalda o‘z jamoadoshim Mariya Dusanova bilan bahslashdik. Bu, o‘z navbatida, Vatanimiz — O‘zbekistonda munosib sportchilar yetishib chiqayotganidan dalolatdir. Bahslarda omad yana menga kulib boqdi. Mariyaga keyingi musobaqalarda chin dildan omad tilayman. Osiyo o‘yinlari tarixga aylandi. Endi «Tokio —2020» yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun kurashga chog‘lanishimiz kerak.

Jobir XO‘JAQULOV
Sharhlovchi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 4 =