Donish shahar. 2050 yilga borib yer yuzi aholisining 70 foizi shaharlarda istiqomat qiladi

Xo‘jalik mollari do‘koniga yo‘lim tushdi. Xilma-xil jihozlarni birma-bir ko‘zdan kechirarkanman, gaz plitalari qatorida xayolga cho‘mgan otaxonga duch keldim: “Qizim, qarang, — dedi u, — bu anjomlarni. Ko‘zni olaman, deydi. Bir paytlar shunga o‘xshash jihozni olish uchun yillab navbatda turardik. Navbat kelganda esa tovar tugab qolardi. Endi esa… Ko‘nglingizga yoqqanini xarid qilib, uyga ketasiz. Sizdan oldin xaridingiz ro‘zg‘oringizga yetib boradi. Uch yillik kafolatini aytmaysizmi!..”

Rahmatli buvim ham do‘konda ancha navbatda turib olgani — sarg‘ayib ketgan oq qandni yig‘lab eslardi. Kunu tun bog‘da mehnat qilib, hosilga kelganda mevasiga tishi tegmay, xirmonga topshirgan xalq bugungi dorilomon kunlarda moziy og‘riqlarini ko‘zda yosh bilan eslashi tabiiy.
Istaganidek uy qurolmagan, sumalagi pinhona pishgan, duoga ochilgan qo‘llari yuziga titrab-qaqshab tortilgan millat istiqlol sharofati bilan bugun emin-erkin. Ko‘chaga bir razm soling, chor-atrofda qurilish, bunyodkorlik. Qisqa fursat ichida bir yoqda yangi ko‘prik, u yoqda osmono‘par yangi bino, yonida ko‘ngilochar maskanlaru, zamonaviy bolalar o‘yingohlari, orombaxsh sayilgohlar. Shukrki, bugun ulug‘ shoirimiz yozganidek, tovuq katak qurish uchun ham markazdan ijozat so‘ragan zamonlar ortda qoldi.
Istiqlol sharofati bilan yurtni obodonlashtirish, xalqimiz turmushini yanada farovonlashtirish uchun ulkan odimlar qo‘yilmoqdaki, zamon bilan hamnafas bo‘lishga ba’zan aqli shoshib qoladi kishining. Quvonarlisi shundaki, bundan yigirma — yigirma besh yil ilgari xorijdan valyuta evaziga keltirilgan binokorlik materiallari o‘rnini endilikda o‘zimizning mahsulotlar egallamoqda. Ular  kuchli raqobat sharoitida xaridorlar ishonchini qozonayotgani yanada e’tiborlidir.
So‘nggi yillarda iste’molimizga “smart watch”— aqlli soat, “smartphone” — aqlli telefon, “smart TV” — aqlli televizor kabi texnika turlari kirib keldi. Ana shunday innovatsion g‘oyalar me’morchilik, shaharsozlik loyihalarida ham tub burilish yasadi. Avvaliga “smart home” — aqlli uy, bora-bora “smart sity” — aqlli, ya’ni donish shaharlar… Yurtimiz ham bunday yangilanishlardan chetda qolayotgani yo‘q. Mamlakatimizda qurilishi boshlab yuborilgan “donish shahar” loyihalari haqida so‘z yuritishdan avval ayni yangilikning paydo bo‘lish tarixi xususida to‘xtalsak.
Tahlilchilarning fikricha, 2050 yilga borib yer yuzi aholisining 70 foizi shaharlarda istiqomat qiladi. Bu, o‘z navbatida, megapolislarda bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Ya’ni, aholi zich yashay boshlaydi, ko‘chalarda yurish qiyinlashadi, resurslardan samarali foydalanish imkoni cheklanadi. Shu sabab ko‘pgina mamlakatlarda zamonaviy shahar infratuzilmalarini yaratish muhim vazifaga aylanayotir. XX asrda paydo bo‘lgan “aqlli” shahar atamasi XXI asrda hayotga keng tatbiq etilmoqda. Sayyoramizda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlagan bunday shaharlar tobora ko‘payib, soni to‘rt yuzdan oshib ketdi.
Shaharsozlikning yangi ko‘rinishi bo‘lmish “smart sity”ga mamlakatimizning ham da’vogarlik qilayotgani juda quvonarli. Mustamlaka yillaridagi “aholining sog‘ligi, kuch-quvvati ketsa-ketsin, lekin plan to‘lsin, paxta unsin” qabilidagi kunlarni ko‘rgan yurtdoshlarimiz bugun ekologik toza, iqtisodiy yuksalgan va aholi bandligi ta’minlanadigan makon — “aqlli shaharlar”ni barpo etish loyihasini bajonidil xohlashi aniq.
Mazkur shaharlarning afzalligi nimada?
Eng avvalo, shaharlarda aholi soni ortishi natijasida paydo bo‘ladigan noxush holatlar — havoga chiqarilayotgan is gazlarining ko‘payishi, chiqindi muammosi, energetika va suv taqchilligi hal etiladi. Davlat xizmatlari, ijro hokimiyati, shahar transport tarmog‘i, energetika, suv va chiqindilardan foydalanish, integratsiya hamda xavfsizlik masalalari yagona avtomatik tizimda birlashadi. “Aqlli” shaharda oqilona boshqaruv va oqilona hayot ta’minlansa, ya’ni iqtisod ham, aholi safarbarligi, turmush tarzi ham aqlli bo‘lsagina, chinakam donish shaharga aylanadi. Bu kabi yuksak talablarga hozircha juda oz shaharlar javob bera oladi.
— “Aqlli uy” texnologiyasi faqat bir oilada qulay turmush sharoitini ta’minlashga xizmat qilsa, “aqlli shahar” butun shahar aholisiga turli qulayliklar — aqlli elektroenergiya, aqlli suv bilan ta’minlash, aqlli yo‘l, aqlli shoxobcha, aqlli ko‘cha va transport kabilarni tuhfa etadi, — deydi O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi qurilishni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Otabek Jumaev. — Bugungi kunda “aqlli shahar”lar deyarli barcha rivojlangan mamlakatlarda, ayniqsa, Rossiya va Xitoyda ko‘plab qad rostlamoqda. Biz ham ayni kunlarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda “aqlli shahar” kontseptsiyasini ishlab chiqmoqdamiz. Ushbu loyihaga Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligidan malakali mutaxassislar jalb etilgan. Bu borada Janubiy Koreya, Xitoy va Singapur kabi mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatdik.
“Aqlli” shaharning oddiylaridan farqi fuqarolarning o‘zaro muloqotida ham bilinadi. “Oddiy”larida axborot kommunikatsiya texnologiyalari “aqlli” shahardagidek odamlar hayotiga to‘la kirib bormagan. Inson farovonligiga yo‘naltirilgan mazkur shaharlarda bari avtomatlashtirilgani uchun ish o‘rinlari qisqarishidan tashvishga tushishga hojat yo‘q. Sababi unda ishsizlik muammosi kuzatilmaydi.
Mamlakatimizdagi ilk “aqlli” shahar To‘ytepa — (hozirgi Nurafshon) loyihasi haqida so‘z yuritganmizda, uni singapurlik mutaxassislar g‘oyasi asosida xorijliklar qurishini alohida aytib o‘tish joiz. Mazkur loyiha uchun joriy yilning 26 mart kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Aqlli shahar” kontseptsiyasi bo‘yicha Toshkent viloyati ma’muriy markazi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qaroriga asosan 246,2 gektar yer ajratilgan. Qarorga muvofiq, Nurafshon shahri hokimligi huzurida davlat unitar korxonasi shaklidagi Toshkent viloyati ma’muriy markazini qurish direktsiyasi tashkil etildi.  Direktsiya “Aqlli shahar” kontseptsiyasi bo‘yicha Nurafshon shahrida Toshkent viloyati ma’muriy markazi qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida buyurtmachi funktsiyasini amalga oshiradi.
— Nurafshon shahri bugun Toshkent viloyatining yuragi — ma’muriy markazi, — deydi Nurafshon shahar hokimining o‘rinbosari Muhabbat Yo‘ldosheva. — Ayni kunlarda o‘n beshga yaqin davlat tashkiloti, jumladan, banklar, Yoshlar markazi, Adliya boshqarmalari o‘z binolarini qurishni boshlab yuborgan. Mustaqilligimizning 27 yilligi arafasida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Nurafshon shahar kengashi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi Nurafshon shahar bo‘linmasi foydalanishga topshirilgani esa eng ulug‘, eng aziz bayramimizga zo‘r to‘yona bo‘ldi. Yurtimizdagi ilk “aqlli shahar”ning ham shu yerda barpo etilayotgani nur ustiga a’lo nurdir, “Aqlli shahar”ni qurish uchun besh yil muddat belgilandi. Bu oson ish emas. Har bir xizmat, har bir binoni avtomatlashtirish o‘ziga yarasha vaqt va mablag‘ talab etadi. Bugun loyiha borasidagi asosiy tashkiliy ishlar deyarli hal etildi. Hozir kommunal xizmatlarni elektronlashtirish ustida ish olib borilmoqda. Yaqinda Janybiy  Koreya va Turkiyadan tashrif buyurgan mutaxassislar loyiha bilan tanishib, o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Loyiha mualliflari bilan birga ayrim ob’ektlarning zamonaviyligiga daxl qilmagan holda milliy bezaklar tushirishga kelishib olindi. Binolarning tashqi va ichki ko‘rinishida Samarqand va Buxorodagi milliy shakllardan foydalaniladi.
Toshkent viloyati hokimligi matbuot kotibi Oybek Ro‘ziqulovning so‘zlariga ko‘ra, shahardan ma’muriy binolar, viloyat hokimligi, tashkilot va korxonalar, stadion, yopiq suv havzasi, biznes markazlar, yoshlar ijodiyot markazi, kutubxona kabi inshootlar joy oladi. Istirohat bog‘lari, piyodalar va velosipedchilar uchun xiyobonlar ham nazardan chetda qolmagan.
Shaharning “aqlli”ligini eng so‘nggi texnologiyalar bilan ta’minlanayotgani va turmush tarzi uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitdan ham bilsa bo‘ladi. Masalan uy va binolarni smartfon yoki planshet ko‘magida bemalol boshqarish, ya’ni uyning harorati, yorug‘ligi va xavfsizligini nazorat qilish mumkin. Uyda o‘tirgan asnoda transport qatnovi, qaysi marshrut qachon kelishi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish oddiy hol.
— Bugun shahrimizda juda katta qurilish ishlari boshlangan. Yo‘llar ta’mirlanib, qishda loy kechib, depsinib-turtinib yurishga majbur bo‘lgan ko‘chalarimiz obod manzilga aylanmoqda. Zamonaviy, bir-biridan go‘zal, barcha qulayliklarga ega yangi qurilayotgan ko‘p qavatli imoratlarni-ku ta’riflamaslikning asti iloji yo‘q, — deydi nurafshonlik pedagog Gulchehra Rasulova. — Atrofimizdagi bog‘cha va maktablarda ham ish qizg‘in. Ularning ham zamonaviy ko‘rinishda qayta ta’mirdan chiqayotganini ko‘rib, o‘zimizda yo‘q xursandmiz.
Bugun yurtimizda aqlli shahar bilan birga jamoat xavfsizligi, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilish monitoringi, yong‘in xavfsizligi, tez tibbiy yordam, favqulodda hodisalar, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan “xavfsiz shahar” (Toshkent shahrida 2019 yilda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilmoqda), “obod qishloq”, “xavfsiz turizm” (Buxoro, Samarqand va Xivada) kabi yana ko‘plab loyihalarning amalga oshirilayotgani zamon talabidir.
Ha, texnika kuchi va insoniyat aqlu zakovati orqali har qanday ezgulik, yangilikka erishsa bo‘ladi. Faqat buning uchun hur fikr, uyg‘oq qalb, musaffo osmon va tinch-osuda makon bo‘lmog‘i darkor.
Nurafshonda tatbiq etish boshlangan donish shahar kontsepsiyasi ertaga mamlakatimizning boshqa kentlariga ham yeyilishiga shubha yo‘q.

Go‘zal MALIKOVA
“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + 4 =