Ko‘p va xo‘p

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga safari chog‘ida qishloq xo‘jaligi loyihalari bilan tanishar ekan, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish zarurligini alohida ta’kidlagan edi.
Tomorqada kichik suv havzalari tashkil etib, Xitoy tajribasi asosida intensiv usulda baliq yetishtirish qulay va samarali. Ikki sotixlik havzada bir yilda o‘n ikki tonnagacha baliq yetishtirish mumkinligi sinovdan o‘tgan. Prezidentimiz ushbu loyihani yo‘lga qo‘yish, xonadonlarda havzalar tashkil etib, ularni chavoq va ozuqa bilan ta’minlash tizimini hududning o‘zida yaratish zarurligini ta’kidlagan edi. Go‘sht narxi oshib borayotgan bir paytda bunday parhez mahsulotlar aholi dasturxonini to‘ldirib, salomatligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 6 apreldagi «Baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ham sohani rivojlantirishda muhim omil bo‘layotir. Mazkur hujjat ijrosi yuzasidan Nurota va Xatirchi tumanlarida 30, Karmana, Konimexda 15 gektarli intensiv sun’iy suv havzalari tashkil etildi. Qiziltepa tumanida «Mr Fish Company», «Akva-To‘dako‘l», «Quyi Zarafshon» korxonalari tomonidan 737 qafas moslamalar o‘rnatishga kirishildi.
Muhimi, yurtimizda tadbirkorlikka qaratilayotgan e’tibor aholini ish bilan ta’minlash bilan birga, bozorlarimizni arzon va sifatli mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirish imkonini ham kengaytirmoqda.
Buni Karmana tumanining “Varq” mahallasida faoliyat yuritayotgan oilaviy korxona misolida ko‘rish mumkin. Angliya kurkasidan tortib, Afrika laqqa balig‘igacha parvarishlanayotgan “Ramazon-Barhayot” korxonasida 14 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi. Ular har yili ellik tonnagacha tovuq, o‘n tonna kurka go‘shti, o‘n tonnaga yaqin baliq yetishtiradi.
— O‘tgan yili bankdan 240 million so‘m kredit olib, Angliyadan uch ming bosh zotdor kurka jo‘jalarini olib keldik, — deydi korxona rahbari Samat Axmedov. — Bu turdagi kurkalar olti oy davomida maxsus yemish bilan boqilsa, o‘n besh-yigirma kilogrammgacha go‘sht berishi mumkin. Hozir ana shunday mahsulotimizni bozorga chiqarishni boshladik.
Afrika laqqa balig‘ining o‘zgacha ta’mi, tez yetilishi, yurtimiz iqlim sharoitiga moslasha olishi e’tiborni tortmoqda. “Ramazon-Barhayot” oilaviy korxonasida ham mahalliy zotli baliqlarni parvarishlash bilan birga, Afrika laqqa baliqlari yetishtirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. O‘tgan yili uch-to‘rt tonna shu turdagi mahsulot sotilgan bo‘lsa, endi ushbu ko‘rsatkich o‘n tonnaga yetdi.
— Navbahor tumanidagi Ijand qishlog‘i hududi — Zarafshon daryosi bo‘yida besh gektarlik bitta tabiiy, o‘zimizning tumanda esa katta-kichik ikkita sun’iy hovuzimiz bor, — deydi oilaviy korxonaning yana bir a’zosi Elmurod Ahmedov. – Ularda baliqlarning olti turi yetishtirilyapti. Sun’iy hovuzlarimizda asosan Afrika laqqa baliqlarini saqlaymiz. Chunki bu jonivorlar issiqsevar, suvning harorati 18 darajadan 25 darajagacha bo‘lishi kerak. Yaxshi parvarish qilinsa, olti oyda ikki-uch kilogrammgacha go‘sht qilishi mumkin.
Parranda va baliq boqish uchun maxsus yem tayyorlash ham korxonaning o‘zida yo‘lga qo‘yilgan. Olti-etti xil mahsulot asosida ozuqa tayyorlab beradigan xorij texnologiyasi bunda qo‘l keoayotir. Uning ishlab chiqarish quvvati soatiga bir yarim tonna.
Loyiha egalari baliq mahsulotlarini qayta ishlash tsexlari va saqlash omborlarini tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratayotir.
— Intensiv texnologiyalar asosida kam mehnat sarflab ko‘p mahsulot yetishtirish mumkin, — deydi Navoiy viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi bosh mutaxassisi L.To‘raqulov. — Suv havzasida o‘rnatilgan qafaslarda baliq boqishning o‘ziga yarasha afzalliklari bor. Oltiga olti hajmdagi chuqurligi to‘rt metr mazkur moslamalarning har birida 2250 donadan baliq parvarishlanadi.
Nafsilamrini aytganda, Samat Ahmedovning broyler jo‘ja yetishtirishu baliq parvarishlash borasidagi ish uslubi anchayin ommalashgan. Undan ulgu olib, ish boshlaganlar safi kengayib, bugungacha yuz nafarga yetdi. Shogirdlari nafaqat Karmanada, balki Xatirchi, Navbahor, Nurota tumanlarida ham ko‘plab topiladi.
Bozorlarimizni arzon go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash muhim vazifalardan biri bo‘lib turgan hozirgi kunda “Ramazon-Barhayot” kabi tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati yurtimizda to‘kin-sochinlik, aholi farovonligiga erishish va parhez mahsulotni eksport qilish imkonini kengaytirmoqda.

Navoiy viloyati
Xolida FAYZIYEVA
“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − three =