Yosh jurnalist qanday bo‘lishi kerak?

Ushbu savolga O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashining O‘zbekiston Milliy matbuot markazida o‘tgan navbatdagi  yig‘ilishida javob izlandi.

Yurtimizda ommaviy axborot vositalarini yanada erkinlashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida keng ko‘lamli sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar asosida ommaviy axborot vositalarini liberallashtirish, puxta bilim va yuqori malakaga ega yosh jurnalistlarni tayyorlashga doir  tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘rilayotgani muhim ahamiyat kasb etayotir.
Ta’kidlash joizki, yosh jurnalistlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan maqsadli va samarali foydalanishi, o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun imkoniyat yaratish maqsadida tuzilgan Yosh jurnalistlar kengashi mazkur yo‘nalishda samarali faoliyat olib bormoqda. Ayni paytda Kengash ilg‘or fikrli, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, zamonaviy bilim va xorijiy tillarni puxta egallagan jurnalist kadrlar bazasini shakllantirishda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining yaqin ko‘makchisiga aylangan.
— O‘tgan davr mobaynida Kengashimiz tomonidan ko‘plab davra suhbatlari, bahs va munozaralar, ijodiy kechalar,  seminarlar o‘tkazildi, — deb ta’kidladi mazkur kengash raisi Faxriddin Karimov. —  Erishilgan yutuqlar — o‘zimizniki. Maqsadimiz — navqiron jurnalistlarning tajribali publitsistlar, sharhlovchilar va xorijiy ekspertlar bilan muloqotlarini, ijtimoiy tarmoqlarda Kengash faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, yosh jurnalistlar o‘rtasida «Islohotlar Sen uchun, Biz uchun, tengdosh!» tanlovini o‘tkazish hamda yosh hamkasblarimizni rag‘batlantirishning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish bilan bog‘liq dolzarb loyihalarni amalga oshirishdan iborat.
Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisining o‘rinbosari X.Salimov, O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti dekani M.Mirsoatova, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti dekani A.Karimov, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining internet jurnalistika va ijtimoiy tarmoqlar fakulteti dekani N.Murotovaning mamlakatimizda jurnalist kadrlar tayyorlash borasida olib borayotgan ishlar va istiqboldagi rejalarga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi.
— O‘zbekiston Milliy universiteti  o‘zbek jurnalistikasi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda, — deydi M.Mirsoatova.— Fakultetimizda tahsil olayotgan bo‘lg‘usi talabalarning malakali mutaxassislar bo‘lib yetishishi uchun  nazariy bilim bilan birga, amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga harakat qilayapmiz. Bu borada 3+1 dasturi ustida faol ish olib borilmoqda. Ya’ni talabaga uch yil  auditoriyada nazariy bilim beriladi. So‘nggi bir yilda esa u amaliyotda bilimini mustahkamlaydi. Bu oldimizda turgan muhim vazifalardan yana biri — jurnalist kadrlar uchun o‘quv adabiyotlarini yaratish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirda kengash faoliyatini yanada takomillashtirish borasida takliflar bildirildi.

Jobir RAZZOQOV
Sholaziz Shoxidoyev fotosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + 10 =