Alohida o‘rni bor. Bosma nashrlarning ahvolini qanday yaxshilash mumkin?

Ommaviy axborot vositalari  hamisha jamiyat hayotining ko‘zgusi, kishilar ongi, dunyoqarashi shakllanishida muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan demokratik islohotlar, yuz berayotgan o‘zgarishlar ommaviy axborot vositalarining ham nufuzini, o‘rni va ahamiyatini yanada ko‘tardi, ularning tom ma’noda to‘rtinchi hokimiyatga aylanishiga zamin yaratdi. Bunda bosma nashrlarning ham alohida o‘rni bor.

 

Zamonaviy axborot kommunikatsiyalari, ayniqsa, internetning jadal rivojlanishi bosma nashrlarning taqdiriga soya tashlagani, internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlar gazeta hamda jurnallarda berilayotgan materiallarga ehtiyoj qoldirmayotgani haqidagi gap-so‘zlar tez-tez quloqqa chalinadi. Bir paytlar televidenie va kino paydo bo‘lganida, radio va teatrning inqirozga yuz tutishi bashorat qilingani kabi internetning paydo bo‘lishi gazeta va jurnallarning ertangi kuni boshi berk ko‘chaga kirib qolishi haqidagi fikrlar aytilmoqda. Ammo bosma nashrlarning bugungi kundagi muammosi aslida boshqa omillarga bog‘liq ekani, ular bundan keyin ham yashab qolishi uchun zamon talablari asosida faoliyat yuritishi talab etilayotgani bor gap.

Matbuot va axborot agentligi hamda O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida ikki oy mobaynida barcha hududlarda o‘tkazilgan seminar-treninglarda ana shu masalalar atroflicha muhokama etildi. Sohaning yetakchi mutaxassislari bilan birgalikda hududiy gazeta-jurnallar faoliyatini yaxshilash borasida takliflar, tavsiyalar berildi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, bugun mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 1,6 mingdan ortiq ommaviy axborot vositasining aksariyati —  nodavlat ommaviy axborot vositalari. Ular orasida bosma nashrlarning soni 500dan oshadi. Bu — ana shuncha gazeta va jurnal, eng muhim, yangilik, axborot va tahliliy maqolalarni xalqimiz hukmiga havola etib kelmoqda, degani. Bugungi qaynoq mediamakonda kechayotgan keskin raqobat sharoitida ular qanday qilib o‘z o‘rni va mavqeini saqlab qolishi mumkin?

— Dunyo tajribasiga ko‘ra, eng qiziqarli OAV — hududiy nashrlar va mahalliy telekanallar hisoblanadi. Chunki odamlar uchun o‘z hududida ro‘y berayotgan voqea-hodisalardan qiziqroq yangilik yo‘q, — deydi seminarlarda ma’ruza qilgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti katta o‘qituvchisi Beruniy Alimov. — Hududlardagi jurnalistlarimiz ham aynan shu jihatni e’tiborga olishlari, o‘z hududida ro‘y berayotgan qiziqarli voqea-hodisalarni tezkorlik bilan yoritish orqaligina obunachilari sonini ko‘paytirishlari mumkin. «Los Anjeles tayms» gazetasini ko‘p yillar davomida boshqargan Ostin Butnerning «hududiy nashrlar bundan keyin ham yashab qolishlari mumkin, lekin ular bugungi o‘quvchiga zarur materiallarni chop etishlari shart”, degan fikrlari bejiz emas. Hududiy gazetalargina shahar, tuman hayoti, madaniyati va sportiga doir yangiliklarni tezkor yorita oladilar. Shuning uchun ular jamiyat uchun juda zarur va muhimdir. Biroq endi gazetalar qaysidir davlat tashkilotidan najot kutib, “eski hammom, eski tos” qabilida ishlay olmaydi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtira olgan nashrga obuna bo‘ladilar. Shunday ekan, faqat yaxshi, sifatli gazeta va jurnallar ertangi kundan umid qilishlari mumkin. 

Seminar-treninglarda ekspertlar ommaviy axborot vositalari mazmun-mohiyatini boyitish masalasini hal etish bilan birga, nashrlar dizayni, adadi va ularni tarqatish bilan bog‘liq texnik vazifalar haqida ham ma’lumot berdilar. Shuningdek, kadrlar bilan bog‘liq muammolarni hal etish yuzasidan takliflar o‘rtaga tashlandi. 

— Hududiy gazetalardagi asosiy muammolardan biri — kadrlar masalasi bilan bog‘liq. Gazetalarda mahorat maktablari yo‘q, Toshkentda o‘qigan jurnalistlar esa viloyatga qaytishni istashmayapti, — deydi “Surxon tongi” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Safar Omonqulov. — Bu yerda asosiy masala maoshlar bilan bog‘liq ekanini ham yashirishga hojat yo‘q. Chunki ko‘plab gazetalarning obunasi 1-2 ming atrofida, ayrimlari tayinli binoga ega emas, maoshlar esa nihoyatda kam. Bunday sharoitda kim ham ishga kelishni istaydi deysiz? Agar hududiy nashrlarni rivojlantirmoqchi bo‘lsak, eng birinchi navbatda, yetarli sharoit yaratib berishimiz kerak. Tahririyatlar va jurnalistika fakultetlari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, gazetalarimizni sifatli, o‘qimishli chiqarsak, o‘ylaymizki, ularning adadi ham oshib boraveradi. Mana shunday seminarlarning ahamiyati dolzarb muammolarimizni o‘rtaga tashlab, hal etish choralarini muhokama qilish uchun ham juda zarur. Kelgusida tahririyatlarning sahifalovchilari, dizaynerlari va fotomuxbirlari uchun ham mahorat saboqlari tashkil etilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.

Darhaqiqat, birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari muassisligidagi 208 nashrning atigi 82 tasi o‘z binosiga ega. Agar hududlar miqyosida oladigan bo‘lsak, eng nochor holat — Qashqadaryo, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida kuzatiladi. Bu hududlardagi gazetalarning bir nechtasi o‘z binosiga ega. Xususiy nashrlardagi ahvol esa bundan ham jiddiy.

Aytish kerakki, o‘quv-seminarlari ishtirokchilarini eng qiziqtirgan masalalardan biri — kelgusi yil uchun obuna masalasi bilan bog‘liq bo‘ldi. Bu borada ijtimoiy tarmoqlar hamda gazetalarning veb-saytlari imkoniyatidan samarali foydalanish borasida tavsiyalar bildirildi. Chunki, ayniqsa, hududiy bosma nashrlar internet imkoniyatlaridan yetarlicha foydalana olmayapti. Masalan, Andijon viloyatidagi nashrlarning atigi beshtasi o‘z veb-saytiga ega bo‘lsa, Toshkent viloyatidagi nashrlarning yarmidan ko‘pi hali hamon sayt yaratmagan. Vaholanki, bosma nashrlarni targ‘ib etishda veb-saytlar hamda ijtimoiy tarmoqlar cheksiz imkoniyatga ega. 

— Ayni paytda milliy mediamakonda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bu shubhasiz — hududiy bosma nashrlarning kelgusidagi faoliyatini qay yo‘sinda tashkil qilish masalasidir. Bu bejiz emas, albatta. Chunki juda katta bosim bilan kechayotgan hozirgi axborot almashinuvi jarayonlarida har bir ommaviy axborot vositasi, shuningdek, bosma nashr o‘z o‘rnini saqlab qolishga intilyapti. Ammo bugungi axborot raqobati muhitida bu oson ish emas, — deydi O‘zDJTU xalqaro jurnalistika nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri, dotsent Nazira Toshpo‘latova. — Ikki oy davomida biz respublikamizning barcha viloyatlarida bo‘lib, hududiy bosma nashrlar faoliyati bilan yaqindan tanishib, mavjud holatni real o‘rgandik. Tahlillarimiz shuni ko‘rsatdiki, barcha hududlarga taalluqli muassis va tahririyat o‘rtasidagi, tahririyat bilan tarqatuvchi o‘rtasidagi tashkiliy-huquqiy munosabatlarda, shuningdek, obuna masalasi, moddiy-texnik ta’minot, kadrlar masalasi, gazeta dizayni, shakl-mazmuni, mahorat masalalari bilan bog‘liq umumiy muammolar bor. 

Viloyatlardagi ahvolni juda yomon yoki juda yaxshi deb aytish qiyin. Chunki tuman va shahar gazetalarining ahvoli juda og‘ir, unga muassisning ko‘magi kerak, degan talab qat’iy qo‘yilayotgan bir paytda, ayrim gazetalar o‘zlarini iqtisodiy tomondan o‘nglab foyda ko‘rayotgani, bu muammo yuzasidan shu paytgacha bo‘lgan steriotiplarni parchalab tashlab, muassislarning obunani tashkil etib berishi yoki iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashi bilan muammo hal bo‘lib qolmasligini ko‘rsatadi. Masalan, Navoiy viloyati Qiziltepa tumanining “Qiziltepa tongi” gazetasi salkam o‘n ikki ming tirajda chop etilayotgani, unda to‘qsonga yaqin xodim borligini eshitib hayron qoldik. Yoki Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida “Yangi Farg‘ona” gazetasining tiraji bir yilda 1,5-2 mingdan — 6 mingga ko‘tarilib, foydaga kirgani, endi bosh muharrir yana bir xususiy gazeta ochish taraddudidaligidan xursand bo‘ldik. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Demak, gap faqat muammoning o‘zida emas, balki uning yechimini to‘g‘ri topishda. Buning uchun har bir muharrir faoliyati va vazifasini zamon talablari asosida qayta ko‘rib chiqishi kerak. Unda ijodiy jarayon bilan bilan bir qatorda, iqtisodiy va tashkiliy-texnik boshqaruvga ham ko‘proq e’tibor qaratish, ishlab chiqarayotgan axborot mahsulotining sifati va hajmini orttirish orqali daromad olish yo‘llari va texnologiyalardan xabardor bo‘lishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Buni uddalayotganlar esa, foyda ko‘rayotganiga guvoh bo‘ldik. Umuman, seminar jarayonida hamkasblarimizga bergan yangi manba va ma’lumotlarga ularda ham qiziqish katta ekanligiga amin bo‘ldik.

Seminarda muhokamalar markazida bo‘lgan mavzulardan yana biri — ommaviy axborot vositalarida yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etishga doir tavsiyalar bo‘ldi. Afsuski, ayrim nashrlarda o‘ta qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yish holatlari uchramoqda. Matbuot va axborot agentligi o‘tkazgan monitoring natijalariga ko‘ra, OAVda bugungi kunda eng ko‘p — hujjatlarning nomlanishini noto‘g‘ri yozish, imloviy va uslubiy xatolar ko‘zga tashlanmoqda. 

— Ayrim ommaviy axborot vositalari o‘z ishiga nisbatan sovuqqonlik bilan yondashayotgani, “kim ham ko‘rib o‘tiribdi” degan sayoz fikr bilan xatolarga loqayd munosabatda bo‘layotgani kishini ajablantiradi, — deydi Matbuot va axborot agentligi bosh mutaxassisi Muhiddin Omon. — Aslida chop etilgan har bir material, efirga uzatilgan har bir eshittirish va ko‘rsatuv tegishli tartibda monitoring qilib boriladi. Chunki OAV — aholi savodxonligida muhim rol o‘ynaydi. Unga e’tibor bilan yondashish, har bir jurnalistik materialning, u xoh ko‘rsatuv bo‘lsin, xoh maqola, puxta va pishiq tayyorlanishiga erishish lozim. Ana shundagina gazetalar ommabopligi oshadi, o‘quvchilar mehrini qozonadi, tomoshabin va tinglovchilar hurmatiga sazovor bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, hududlar bo‘ylab o‘tkazilgan seminar-trening ommaviy axborot vositalari vakillari uchun har tomonlama foydali bo‘ldi. Ayniqsa, gazeta va jurnallarda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishganini alohida e’tirof etdilar. Kelgusida bu kabi o‘quv-seminarlar, mahorat saboqlarini tashkil etish hududlardagi jurnalistlar uchun g‘oyat zarur ekani qayd etildi. 

— Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan o‘quv-seminar barchamiz uchun foydali bo‘ldi, — dedi “Qorovulbozor tongi” tuman gazetasi muharriri Bahrom Soliyev. — Chunki, unda boshqa masalalar qatori hududiy nashrlarni rivojlantirish, bozor iqtisodiyoti davrida o‘zini o‘zi ta’minlash maqsadida marketing va menejment yo‘nalishlariga keng e’tibor qaratish, o‘quvchini qiziqtiradigan va dolzarb mavzularni yoritish, bunda jonli va adabiy til me’yorlariga qat’iy amal qilish bo‘yicha tavsiya hamda takliflar bildirildi. 

 

Ahmad YUSUPOV

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi 

yetakchi mutaxassisi

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + 1 =