Sinov ichidagi sinovlar

Test sinovi deganda, birinchi navbatda, mamlakatimizdagi davlat test markazi tomonidan abiturientlarni oliy o‘quv yurtlariga talabalikka qabul qilish uchun tayyorlanadigan imtihon tushuniladi. Test atamasi “bilish”, “sezish”, “anglash” kabi ma’noga ega. Biror yo‘nalishda ishga chaqirilgan shaxsning iqtidori, kasbga munosabati, o‘zlashtirish qobiliyati yozma yoki og‘zaki test sinovi orqali aniqlanadi, shuningdek, bu usulni amaliyot oldi tajriba tariqasida ham qo‘llashadi.

 

Ko‘pchilik mamlakatlarda oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish yoki biron tashkilotdagi bo‘sh ish o‘rinlariga taklif etish uchun tayyorlanadigan sinovlar yozma shaklda internet tarmog‘ida mavjud. Xohishi bor o‘quvchi varaqani to‘ldirib, o‘z manzilini ko‘rsatgan holda, internet tarmog‘idan uzatish imkoniga ega. Xalqaro miqyosda nom qozongan universitetlarga imtihon topshirish rezumelari ham internet tizimida mavjud. Ushbu so‘rovnoma testning bir ko‘rinishi bo‘lib, sinovdan o‘tishning oson va yengil yo‘lidir.

Mamlakatimizda oliy dargohda tahsil olishni yengillatish tizimi joriy etildi. Prezidentimizning oliy o‘quv yurtlariga test sinovi asosida abiturientlarni qabul qilishni yangicha ko‘rinishda tashkil etishga oid tavsiyasiga binoan barcha oliy o‘quv yurtlarida  shaffoflik ta’minlanganligi bunga misol bo‘la oladi. Natijada, test sinovlari adolatli tarzda amalga oshdi. Albatta, shaffoflikning o‘ziga xos yana bir jihati, o‘quvchilarning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasida olgan bilimi darajasini ham ko‘rsatdi. Prezidentimizning ayrim akademik litsey va kollejlar o‘rnida biron kasbga yo‘naltirilgan hunarmandchilik ustaxonalari tashkil etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalari naqadar to‘g‘ri ekanligini isbotladi. Amaliyotga kiritilgan oshirilgan kontrakt ham o‘zini oqlamoqda… 

Atamani birinchi bor XIX asrning ikkinchi yarmida yashagan ingliz olimi Frensis Galton amaliyotga kiritib, uning qonun-qoidalarini ishlab chiqadi. Albatta, ilk qarashlar sodda va ixcham ko‘rinishga ega edi. Keyinchalik amerikalik Jeymis Kettell test yordamida bir jismning ikkinchi jismga ta’sirini, muallaq turgan holatning qo‘zg‘aluvchanligini hamda o‘zaro uzviy bog‘lanish tizimini yaratdi. Shu tariqa, test sinovlari murakkablashib bordi.

Endilikda, insonning aqliy o‘sish jarayonlarini ham test sinovlari orqali aniqlashmoqda. Hatto, so‘rovnoma orqali odamdagi ichki iste’dodning yoshga qarab o‘sish-o‘zgarish darajalarini aniqlash mumkin, deyishmoqda olimlar. Albatta, iqtidor, iste’dod, talant, ichki hissiyot taqdim etiladigan tuhfadirki, uning darajalarini nechog‘li o‘lchash mumkinligini hali to‘laligicha isbotlashgani yo‘q. Lekin, shaxsning aqliy rivoji, qobiliyati, iroda sifati va shunga o‘xshash ruhiy tashxislar uchun eng oson manba sifatida test sinovi keng joriy etilgani ma’lum.

Eng muhimi, mutaraqqiy davlatlarda aqliy testlar nazariyasi keng qamrovda rivojlanib, barcha sohalarni qamrab olmoqda. o‘arblik olimlar, ishonch bilan test sinovlari natijasida miqdoriy ma’lumotlarni to‘plash, eng afzallarini ommaga e’lon qilish va amaliyotga joriy etish mumkin, deyishmoqda. Bunga ishonchli manba sifatida qarashmoqda.

Natijada, dunyo olimlari insonning aqliy qobiliyatini ellik yil uzluksiz o‘rganishgani fanga ma’lum. Bunga sabab, barcha mavjudodlar ichida faqat insongina mukammal yaratilgani, uning takrori bormi-yo‘qligini aniqlash, shuningdek, tashqi ta’sirni ichki idrok bilan anglab olish qobiliyatini o‘rganish bo‘ldi. Qolgan barcha maxluqotning ba’zilari instinkt yordamida harakatlansa, ba’zilarida, eng sust darajada bo‘lsa-da, ong mavjud, yana ba’zilarida kuzatuvchanlik, sezuvchanlik, tashqi kuchga qarshi harakat rivojlangan. Bu yerda olimlar tomonidan ko‘zlangan maqsad — jonli mavjudotning turdoshini yaratish edi. Ammo, ilm Yer yuziga mukammal tushirilmaganligini esdan chiqarmaslik kerak.

Ushbu sinovlar o‘ziga xos turlarga ega, birinchi navbatda, sinovchi o‘z maqsadiga erishish yo‘lida o‘ziga ma’qul sinaluvchining bilimini sinovdan o‘tkazadi, ya’ni bu maqsadga erishuv sinovi deyiladi. Keyin shaxsning aql-idroki, zehni, fahmi sinovi mavjud, har bir shaxsda so‘zni so‘zga ulab gap tuzish, ya’ni to‘qish orqali ijod qilish sinovi ham bor, o‘qiyotgan asarini uqib olish mahorati, kasbiy faoliyati sinovi, shuningdek, shaxsga taalluqli alohida sinov ham borki, unda biron odamning fazilati, sifat ko‘rinishi, xulqi xususiyati, mezonlar o‘lchamiga iqtidori sinaladi. Albatta, bu test sinovlarining oxiri yo‘q, uni istagancha davom ettirish mumkin, lekin, hozirgi kunda, beixtiyor, o‘zi bilmagan holda o‘zini o‘zi oshkor etish sinovi alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Test atamasining harbiy sohaga kirib kelishi XX asrning boshlariga borib taqaladi. Manbalarda yozilishicha, birinchi jahon urushida askarlarni qo‘shinlarga taqsimlash masalasida kutilmagan muammo paydo bo‘ladi. Chunki, askarlikka olinganlar orasida ishchi ish dastgohi oldidan, dehqon esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalasidan harbiy xizmatga chaqirilgan edi. Ularni harbiy qismlarga taqsimlashda o‘q otar quroldan foydalana olish mahorati maxsus sinovdan o‘tkaziladi. Shu tariqa, test varaqasi ishlab chiqiladi. Bu sinov ilk bor ommaviy tarzda o‘tkazilgan. 

Keyinchalik, mazkur imtihon sinovlari tibbiyot, psixologiya, taraqqiyot omillarini dasturlashda keng ko‘lamda foydalanildi. Avvaldan har bir tashkilot, korxona, sog‘liqni saqlash hamda o‘quv muassasalari o‘z ehtiyojidan kelib chiqib, kadr tanlashda eng qulay uslubdan, ya’ni test sinovidan foydalanib kelishgan. Ushbu amaliyotni sohalarga ham joriy etish rivojlangan mamlakatlarda ancha yillar ilgari boshlangan, hatto maxsus qo‘riqxonalarda jonivorlarning urchish, ko‘payish, yashab ketish xususiyatlari ham maxsus yozma sinovlar orqali o‘rganilganligi manbalarda qayd etilgan.

Testning muhim jihati sinaluvchilarning mansab-martabasidan qat’i nazar, teng huquqqa ega ekanligini belgilaydi. Adolatli tamoyilga ega, lekin ehtiyot chorasini qo‘llash lozim bo‘lgan tomoni, ya’ni sinaluvchi tasodifan, o‘z layoqatidan tashqari holatda, omad sabab sinovdan o‘tib olishi ham mumkinligini aytishmoqda olimlar.

Demak, bugungi kunda aholi o‘rtasida test deganda oliy o‘quv yurtlariga abiturientlarni talabalikka qabul qilish sinov imtihonigina tushunilishi uning mazmun-mohiyatini anchayin chegaralab qo‘yarkan.

Yusuf JO‘RAEV

“Hurriyat” muxbiri 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − nine =