“Yuksak didli tomoshabinni sog‘inib yashaymiz”. “Sarvqomat dilbarim” badiiy filmining bosh rejissyori Sarvar KARIMOV bilan suhbat

Sarvar Karimov 1986 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat san’at institutida tahsil olgan. 

«O‘zbekfilm” kinostudiyasida postanovkachi-rejissyor. 

“Sehrli qalpoqcha”, “Sariq devni minib”, “Yo‘qotilgan vaqt”, “Sarvqomat dilbarim” 

filmlari bilan kino ixlosmandlariga yaxshi tanish.

 Dunyo yozuvchilarining saralaridan bo‘lgan Chingiz Aytmatovning “Sarvqomat dilbarim” qissasi asosida olingan badiiy film premerasi yaqinlashgani sari muxlislaru kinoshunoslar orasida g‘ala-g‘ovur ko‘paydi. 16 noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida filmni tasvirga olish jarayoniga bag‘ishlangan matbuot anjumani va asarning premerasi bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida ta’kidlandiki, film O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan “Yoshlar ijodiy tajriba studiyasi” DUK (O‘zbekiston) hamda “DAN” prodyuserlik markazi (Qirg‘iziston) tomonidan tasvirga olingan. 

Ijodiy jarayon O‘zbekistonning Namangan viloyatiga qarashli Nanay, Mamay, o‘ovva qishloqlarida, Namangan shahrida, Qamchiq dovonida, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida hamda Qirg‘izistonning Issiqko‘lida kechgan.

Premerada kinosaroyning katta zali tomoshabinlar bilan to‘lib, kichik zallarni ochishga ham ehtiyoj tug‘ildi. Ijodiy guruh sahnaga taklif etildi, tomoshabinlarga tanishtirildi. Tomoshadan har kim har xil taassurot olib qaytgani tayin. Kimdir film zo‘r chiqqanini aytsa, kimdir asarni o‘zida aks ettirolmabdi, dedi. Biz ham o‘z nazarimizga monand taassurot oldik. So‘ng istak tug‘ildiki, film rejissyori Sarvar Karimov bilan suhbat qilib, uni mushtariylar e’tiboriga havola etsak. Lekin ayni “parvoz” paytida gap bergulik kayfiyati bormikan janob rejissyorning, deya o‘ylanib qolganimiz ham bor gap. Adashgan ekanmiz, Sarvar Karimov mashhurlikning ortiqcha injiqliklarisiz suhbat qurmoqqa mamnunlik bilan rozi bo‘ldi. Qishki oftobning derazadan tushib turgan jon elituvchi nurida ko‘k choydan ho‘plab qurgan suhbatimiz mazmunli o‘tdi.

 — “Sarvqomat dilbarim”ni film qilish xayoli boshingizga qayerdan kelib qoldi?     

— Chingiz Aytmatov — eng yaxshi ko‘rgan yozuvchilarimdan. Lekin uning asari asosida film ishlashni o‘ylab ko‘rmagan edim. “Sarvqomat dilbarim” asosida film olish fikri qirg‘izlarning “DAN” prodyuserlik markazidan chiqqan. Bilasiz, bu yil adibning to‘qson yilligi mamlakatimizda ham keng nishonlanyapti. Qirg‘izlar o‘zbek kinoijodkorlari bilan hamkorlikda film ishlashni rejalashtirgan va taklif bilan “O‘zbekkino” Milliy agentligiga murojaat qilgan ekan.  Agentlik rahbariyati chaqirib, shu loyihani menga topshirishmoqchiligini aytdi. Gaplashdim, Kerez Zarlikova stsenariyni tayyorlagan ekanu, unda o‘sha oltmishinchi yillar ruhi aks etgan. Men kinoni bugungi zamonga moslash kerak deb o‘yladim va stsenariyni o‘zim qayta yozadigan bo‘ldim. Yana bir tomoni, men o‘zim yozgan stsenariy asosida ishlamasam, ko‘nglim to‘lmaydi. 

 — Kechirasizu, lekin tomoshabinlarning aksariyati filmda o‘sha davr aks ettirilmaganidan hayron. 

— Bu asarni mendan oldin ham uch marta film qilishgan. Uchalasida ham o‘sha davr va davrga doir muammolar olib chiqilgan. Buni yana takrorlashni ep ko‘rmadim. Asarda ko‘tarilgan g‘oyalar bugungi kunimizga ham tegishli bo‘lgani uchun uni hozirgi zamon voqealari bilan tasvirlasam, to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘yladim. Aslida filmda doim ham yozuvchi asarining o‘zi aks etavermaydi. Tushunaman, badiiy asar sifatida “Sarvqomat dilbarim” ko‘plab kitobxonlarning qalbini zabt etgan. Endi ular filmni boshqacha talqinda qabul qilishi oson emas. Lekin filmga kino san’ati nuqtai nazaridan baho berish adolatdan bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Mana, “Mahallada duv-duv gap”, “To‘ylar muborak”, “Maftuningman” kabi o‘nlab o‘lmas milliy filmlarimiz bor-a? Ularga kinoasar sifatida qaraymiz. Chunki ularning badiiy asar sifatida yozma shakllari tarqalmagan yoki unchalik mashhur emas. Biz ishlagan “Sarvqomat dilbarim” filmiga ham kitobni unutib, kino sifatida baho berish to‘g‘ri bo‘ladi…    

 — Jarayon haqida so‘zlayotgandingiz… 

— Shunday qilib, yanvar oyida stsenariyni yozib tugatdim va “DAN” prodyuserlik markaziga taqdim qildim. Stsenariy tasdiqlandi. Keyin Chingiz Aytmatov xalqaro fondi direktori, adibning o‘g‘li Eldor Aytmatovning ruxsatini oldik. 

Ikki xalq — mamlakatdan aktyorlarni tanlashga kirishdik. Bu jarayon oson bo‘lmadi. Ilk tasvirga olish ishlari Qamchiq dovonidan boshlandi. 

 — Bosh rolga nega aynan Adiz Rajabov tanlandi? 

— Tanlov paytida Adiz Rajabov bilan birga yaxshi aktyorlarimizdan Akbarxo‘ja Rasulov, Husan Rashidov, Husan Jo‘raev ham bor edi. Mening qarashlarimga Adiz Rajabovning ijro talqini ko‘proq mos keldi. Uning ayni kuchga to‘lgan, hayotiy va ekran tajribasiga erishgan payti. Film avvalidagi va oxiridagi Ilyos bir-biridan keskin farq qiladi. Buni Adiz o‘z ijrosida chiqarib bera oldi, deb o‘ylayman.     

 — Asal obrazini gavdalantirgan aktrisaning ijrosi kinoshunoslardan tortib oddiy tomoshabinlarga ham manzur bo‘ldi. Qirg‘iz aktyorlarini tanlashda ko‘proq qaysi jihatlarga e’tibor qildingiz?   

— Xadicha rolini o‘ynagan Elina Abay qizining mahorati ancha baland ekan. Ammo bu obrazni u muvaffaqiyatli gavdalantira olmas edi. Madina Talipbek nisbatan yosh va unchalik mashhur bo‘lmasa-da, uning siymosida ko‘zimga Asal ko‘rindi. Ko‘pchilikka uning ijrosi ma’qul kelgan ekan, demak, tanlovimiz to‘g‘ri bo‘libdi. 

 — Qissada qirg‘izlar hayoti aks etgan. Ammo filmda o‘zbekcha urf-odatlarni ham ko‘rdik…  

— Biz qirg‘iz, o‘zbek degan tushunchaga ko‘p urg‘u bermadik. Qaysidir joylarida kichik elementlar ko‘rinib qoladi. Endi xalqaro loyiha bo‘lgandan keyin shunday o‘rta yo‘l tanlash kerak edi. Agar filmni to‘liq o‘zbeklar hayoti asosida ishlasak, xato bo‘lardi. Agar e’tiborni faqat qirg‘izlarga qaratsak, u to‘g‘ri chiqmasdi. Qissaning o‘zi ham bir millat mentalitetidan kelib chiqib emas, umuman inson hayoti nuqtai nazaridan yozilgan-ku!  

 — Premeradan so‘ng o‘zingizni qanday his qilyapsiz? Filmning yutuq va kamchiliklari haqida o‘ylab ko‘rdingizmi?   

— Eng katta yutug‘imiz — Xalqaro loyihaning amalga oshirilgani. Mamlakatimizda boshqa davlatlar kinoijodkorlari bilan hamkorlikda film olinganiga ham yigirma yilcha bo‘lib qolgan ekan. 

Rejissyor film ishlashda yolg‘iz o‘zi muvaffaqiyatga erishishi, o‘ylagan g‘oyasini chiqara olishi qiyin. Masalan, yozuvchi, rassom yoki musiqachining ijodiy mashg‘ulotidan farq qiladi. Yaxshi tomoni filmni tasvirga olish jarayonida yaxshi ijodiy jamoa shakllandi. Har holda hamkorlikdagi mehnatimiz besamar ketmadi. Aslida bahoni tomoshabin bergani durust. 

 — Tomoshabin bahosiga ishonsa bo‘ladimi? Tomoshabinlarning muayyan qismi maishiy mavzudagi oldi-qochdi filmlarga ishqiboz-ku! 

— Ha, bu tomoni ham bor. Tomoshabinning didini ancha pasaytirib qo‘ydik! Uni ko‘rsatish mumkin emas, buni ko‘rsatish xato, deb asl filmlarning o‘rniga ekranlarni randalangan, qahramonlari sip-silliq, mayda gap-so‘zlardan iborat kartinalar bilan to‘ldirib tashladik. Bu — katta fojiamiz. Men o‘ylaymanki, maktabda “San’at asoslari” fanini joriy qilish kerak. Tomoshabinni kino, tasviriy san’at, teatr, musiqa kabi san’at asarlarini tushunish, tahlil qilishga bolalikdan o‘rgatish kerak. Chunki shaxsning didi va saviyasi adabiyot qatorida ayni san’at turlari orqali shakllanadi. Ko‘pgina rivojlangan davlatlarda bu tajriba bor. Masalan, Frantsiyada mumtoz hisoblangan o‘z milliy filmlari dars davomida maktab o‘quvchilariga ko‘rsatiladi va tahlil qilinadi. Biz yuksak didli tomoshabinlarni sog‘inib yashaymiz.

Sirojiddin IBROHIM

“Hurriyat” muxbiri 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 1 =