Qardoshlar uchrashuvi

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy gumanitar sohalarda rivojlanib borayotgan hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘layapti. Mamlakatimiz tobora ochiqlik sari yuz tutayotgan, erkinlashayotgan iqtisodiyoti, qulay investitsiyaviy muhit turkiya ishbilarmonlari hamda  sayyohlari qiziqishiga sabab bo‘layotir.

 

Qardosh mamlakatning rivojlangan infratuzilmasi, madaniyati, OAV, sanoati, qishloq xo‘jaligi va turizm salohiyati tajriba o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.  So‘nggi ikki yilda ikki mamlakat Prezidentlari sa’y-harakatlari bilan xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik an’analari, turli sohalarda hamkorlik yanada mustahkamlandi. Bu samimiy do‘stlik aloqalarimizning yuqori bosqichga ko‘tarilishida muhim omil bo‘lmoqda. Hozirda yurtimizda Turkiyaning besh yuzga yaqin firma va kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning o‘zida ushbu mamlakat sarmoyasi ishtirokida yigirmadan ortiq korxona tashkil etildi, 53 kompaniyaning vakolatxonalari akkreditatsiya qilindi.

O‘zbekiston hamda Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik turli sohalarda jadal rivojlanmoqda. Xususan, ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayapti. Ikki mamlakat jurnalistlari o‘rtasida amaliy muloqotlar faollashayotir. Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning o‘tgan yil oktyabr oyida Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar dasturilamal bo‘lib xizmat qilayapti. Jumladan, Prezidentimiz takliflari bilan bir guruh turkiyalik jurnalistlarning yurtimizga tashrifi amalga oshirildi. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik jurnalistlarning Turkiyaga ijodiy safarlari uyushtirildi. 

Turkiya Jurnalistlari federatsiyasi yuqori maslahat kengashi raisi Ibrohim Erdo‘g‘on boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrif buyurdi. Mehmonlar tashrif davomida mamlakatimizda davlat va nodavlat tashkilotlarida uchrashuvlar o‘tkazdi.

Jumladan,  O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasida ham uchrashuv  bo‘lib o‘tdi. 

— Turkiyani O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat sifatida qadrlaymiz, — dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov. — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning chuqur insonparvarlik, do‘stlik, qardoshlikka asoslangan siyosati tufayli Turkiya bilan aloqalarimiz yanada mustahkamlanmoqda. Davlatlarimiz o‘rtasidagi yaqin hamkorlik biz, jurnalistlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Chunki jurnalistlar birlashsa, xalqlar birlashadi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi bugungi do‘stona aloqalarni targ‘ib qilish sizu bizga bog‘liq.

Ikki mamlakat media tashkilotlari  aloqalarini rivojlantirishdan tomonlar manfaatdor, deb ta’kidlandi muloqot chog‘ida. O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi va Turkiya Jurnalistlari federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik bitimini imzolash ana shu maqsadlarga xizmat qiladi. Bu hujjat birgalikda amalga oshiradigan qo‘shma loyihalarimizni hayotga tatbiq etishda, o‘zbekistonlik jurnalistlarni Turkiyaga, turkiyalik hamkasblarimizni O‘zbekistonga ijodiy safarlarini tashkil etishga, tajriba o‘rganishga, turizmni rivojlantirishga  xizmat qiladi.

— O‘zbekistonni turkiyaliklar ota yurt sifatida g‘oyat yuksak qadrlashadi, — dedi Ibrohim Erdug‘on. — Turkiyada yashayotgan butun turkiy xalqlar o‘zbek zaminini bir marta bo‘lsa-da ko‘rishni orzu qiladi. Tashkilotlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘ysak, mamlakatingiz tarixi, madaniyati va san’ati haqida Turkiya OAVda ko‘plab materiallar chop etiladi. Bu o‘z navbatida turkiyaliklarning O‘zbekiston haqidagi bilimi va taassurotlarini oshiradi. Federatsiyamiz  2016 yildan buyon  butun dunyodagi turkiy xalqlar jurnalistlari media forumini o‘tkazib kelmoqda. Birinchi forum Anqarada o‘tkazilgan bo‘lsa, ikkinchi forumimiz Qozog‘istonning Turkiston shahrida tashkil etildi. 2019 yilda esa ushbu tadbirni O‘zbekistonda tashkil etish bo‘yicha taklifimizni bildiryapmiz. 

Uchrashuvda tomonlar kelgusida ijodiy hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab oldilar.

Jobir XO‘JAQULOV

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + 2 =