Jurnalistlar ezgu g‘oyalar atrofida birlashsa, dunyo birlashadi

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla HAKIMOV shu yilning 24-30 mart kunlari Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahrida “Dunyoda tinchlik va bunda jurnalistning o‘rni” mavzuida o‘tkazilgan butunjahon jurnalistlari konferentsiyasida ishtirok etdi. Safar doirasida Janubiy Koreya Jurnalistlari assotsiatsiyasi bilan hamkorlik kelishuvi imzolandi. Uyushmamiz raisi bilan mazkur nufuzli anjuman va safar taassurotlari haqida suhbatlashdik.

 — Koreya davlatchiligi ildizi, ma’lumotlarga qaraganda, X asrga borib taqaladi. Bizning tilimizda aytganda, Quriya davlati, o‘z tarixida Choson deb ham yuritilgan, — deydi S.Hakimov. — Ma’lum yillarda mahdud bir hayotni boshidan o‘tkazgan. O‘tgan asrdagi rus-yapon urushidan so‘ng Yaponiya tarkibida bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushida Yaponiya mag‘lubiyatga uchragach, koreya xalqi qarama-qarshi siyosiy kuchlar tomonidan ikkiga, ya’ni shimoliy va janubiy bo‘laklarga bo‘lib tashlangan. Janubda Koreya Respublikasi, shimolda esa Koreya Xalq Demokratik Respublikasi paydo bo‘ldi. O‘tgan asrning elliginchi yillarida bo‘lgan uch yillik koreya urushi oradagi jarlikni yanada chuqurlashtirib yuborgan.

Bu ikki davlat rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bir qator uchrashuvlar va dunyo davlatlarining tinchlikka qaratilgan siyosiy irodalari tufayli 2018 yilning fevral oyidan boshlab Koreya yarim orolida yangi davr boshlandi. 2018 yilda Pxenchxanda bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlarida ikki davlat vakillari birgalikda bir jamoa sifatida ishtirok etdi va bu holat ayni mamlakatlar o‘rtasidagi kelishuv va hamkorlikning boshlanish nuqtasi sifatida qaralmoqda. 

2019 yilning fevral oyida ikkala davlat 2020 yilda Tokioda o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida birgalikda ishtirok etish bo‘yicha ariza bergan. Bundan tashqari, 2032 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarini ham birgalikda qabul qilish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni boshlagan. Umumiy temiryo‘l tarmoqlari qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, hozirgi kunda Koreya yarim orolidagi ziddiyat bahorda qorlar erigandek, iliqlashib bormoqda. 

Shu yil 24-30 mart kunlari Seul shahrida bo‘lib o‘tgan “Dunyoda tinchlik va bunda jurnalistning o‘rni” mavzuidagi butunjahon jurnalistlari konferentsiyasi, eng avvalo, mana shu tarixiy o‘zgarishlarning samarasi deyish mumkin. 50 davlatdan ommaviy axborot vositalarining 70 nafar vakili ishtirok etgan mazkur anjumanda Koreya yarim orolida bamisoli “ikki vujud bir qalb” bo‘lgan Koreya xalqining “bir jonu bir tan” bo‘lish sari qo‘yayotgan ezgu qadami dunyo ahli uchun birdek ahamiyatli ekani haqida so‘z bordi.

Ana shunday ezgu harakatlar jarayonida jurnalist so‘zi, jurnalist so‘zining mas’uliyati, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega. Anjuman ishtirokchilarining fikricha, hech shubhasiz, jurnalistlarning axborot makoni xodimlari sifatida butun dunyoda tinchlik barqaror bo‘lishidagi o‘rni beqiyos. Chunki dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida aytilgan jurnalist so‘zi mazkur voqealarning omma tomonidan qabul qilinishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. 

Janubiy Koreya Jurnalistlar assotsiatsiyasi prezidenti Jung Kiyu Sung OAVning Koreya yarim orolidagi tinchlikni saqlashdagi o‘rni haqida shunday fikrlarni bildirdi: «Biz jurnalistlar — tarix solnomachilarimiz. Lekin har qanday zamonda jurnalist uchun ezgu intilishlar va insonparvarlik g‘oyalariga daxldor mavzularda qalam tebratish sharafli yumushdir. Bugun bizda ana shunday imkoniyat mavjud». 

Shu ma’noda, bugungi anjuman nafaqat koreyalik jurnalistlar, balki butun jahon jurnalistlarining dunyoda tinchlik barqaror bo‘lishidagi missiyasi naqadar ulug‘ ekanini yana bir bor namoyon etdi. 

AQSh professional jurnalistlari milliy jamiyati prezidenti Janet Marie Tarquniyo, erkin matbuotni kelajak yo‘lini yorituvchi mayoq, deya ta’rifladi. Odatda, jurnalistlar butun dunyoda jamiyatning ko‘zi va quloqlari deb yuritiladi. Jurnalistlar diplomat emas. Ular siyosiy partiyalar, ijtimoiy guruhlar qiziqishlari yoki o‘z shaxsiy manfaatlari qobig‘ida qolib ketmasliklari lozim. Ular uchun asosiy mezon — odamlarning tinch-totuv hayoti. Ayniqsa, voqealar ko‘lami salbiy tomonga burila boshlaganida, kelishuvlar hech qanday natijalarga olib kelmaganida yoki vaziyat o‘ta chigallashganida jurnalist voqealar rivojini o‘z xulosalariga tayangan va puxta tekshirgan holda yoritishi lozim. Jurnalist faqat birinchi bo‘lib xabarni yetkazishgagina emas, balki o‘zi bildirayotgan xulosaning qonunchilikka, xalqaro huquq normalari va, umuman, insoniylikka nechog‘lik to‘g‘ri kelishiga ham e’tibor qaratishi darkor.

Indoneziya jurnalistlar assotsiatsiyasining odob kengashi a’zosi Teguh Santos Koreya yarim orolidagi tinchlikni saqlash rejasini yoritishda aynan oddiy odamlarning, ya’ni xalq manfaatlari, orzu intilishlari yetakchi g‘oyaga aylanishi lozim, deb hisoblaydi. Ba’zida biz ziddiyatli vaziyatlarni muayyan taraflar tomonidan turib yoritishga urinamiz. Jurnalist yangi mojarolarni keltirib chiqaruvchilar va bundan tor maqsadlar doirasida foydalanuvchilar domiga tushib qolmasligi, aksincha ziddiyatli holatlarda teran va xolis fikri bilan omma ongiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi lozim. 

Xitoyning SMG axborot markazi direktori o‘rinbosari Zu Xiaoqianning fikricha, biz, jurnalistlar dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarga nisbatan o‘zimizning xolis fikrimizni bildirishimiz va biz bildirgan fikrning ana shu voqealarning omma tomonidan qabul qilinishiga katta ta’sir o‘tkazishi mumkinligini unutmasligimiz kerak.

Germaniyaning Die Welt (“Dunyo”) jurnali reportyori Tereza Pfuetzner bu boradagi fikrlarni davom ettirib, biz, jurnalistlar axborot tayyorlash va uni uzatishda real voqelikdan kelib chiqib ish tutishimiz lozim, deydi. Voqeani aynan sodir bo‘layotganidek sharhlashimiz zarur. Bu kabi nozik masalalarda bizning voqealarni qanday sharhlashimiz ko‘p narsani o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Muloqotlar davomida, ko‘p bora ta’kidlandiki, globallashuv jarayonlari tobora kuchayib borayotgan hozirgi paytda ommaviy axborot vositalari, jumladan, jurnalistlarning yaqin hamkorligi, kasbiy birodarligi, xolisligi yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda, bashariyat oldidagi mas’uliyati tobora yuksalmoqda. Jurnalistlar qo‘lni qo‘lga bersa, ezgu g‘oyalar atrofida birlashsa, dunyo birlashadi.

— Siz ham konferentsiyada o‘z ma’ruzangiz bilan ishtirok etdingiz. Ma’ruzada nimalarga ko‘proq e’tibor qaratdingiz?

— Eng avvalo, mazkur konferentsiyada mamlakatimiz nomidan ishtirok etishda amaliy yordam ko‘rsatgani uchun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga minnatdorlik bildiraman. Men o‘z so‘zimda anjuman mavzusi o‘ta muhimligiga alohida e’tibor qaratdim. Bugun butun jahon ahli dunyoda tinchlikni asrash borasida bosh qotirmoqda. Shunday bir sharoitda Koreya yarimorolida tinchlik nasimi esayotgani, ikki koreys davlati o‘rtasida ishonch muhiti vujudga kelgani albatta biz, o‘zbeklarni ham quvontiradi. Xalqimizda shunday bir hikmat bor: “Ikki kishining bo‘lsa-da, orasiga sovuqchilik solish — eng katta gunoh. Ikki kishini bo‘lsa-da, yarashtirib qo‘yish — eng ulug‘ savob”. 

Koreya Respublikasi O‘zbekistonning eng yaqin strategik sherigi. Yurtimizga eng ko‘p sarmoya (investitsiya) kiritgan mamlakat. Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning yetmishdan ortiq kompaniyasining vakolatxonalari bor. Koreya investitsiyasi ishtirokidagi besh yuzdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. So‘nggi yillarda ikki mamlakat rahbarlari 14 marotaba uchrashgani ham ikki tomonlama munosabatlarning yuksak dinamikasidan dalolat beradi. Shu bois biz — o‘zbeklar ham ushbu mintaqada tinchlik va barqarorlik mustahkam qaror topishidan manfaatdormiz.

Men Koreya yarimoroli bizdan uzoqda joylashgan bo‘lsa ham, koreys xalqi biz uchun begona el emasligini aytdim. O‘tgan asrning 30-yillarida o‘n minglab koreyslar Uzoq Sharqdan O‘zbekistonga ko‘chirilgan. Hozir O‘zbekistonda ularning soni 200 ming nafardan ziyod. 

Yurtimizda ularning tili, madaniyati, urf-odatlarini asrab-avaylash, rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Respublika koreyslari milliy-madaniy assotsiatsiyasi ishlab turibdi. O‘z ona tilidagi “Koryo Sinmun” gazetasiga ega. Ular yagona Vatan — O‘zbekiston hayotining turli sohalarida faoliyat yuritib, uning rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shib kelayotir. 

O‘zbekistonda, ayniqsa, so‘nggi ikki yil mobaynida hayotning barcha sohalarida ulug‘ islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tinchlik, barqarorlikni saqlash masalasiga, millatlararo munosabatlar, diniy bag‘rikenglikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Iqtisodiyot tizimini liberallashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish yo‘lida dadil qadamlar tashlandi.

O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida, eng avvalo, mintaqadagi davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari samarali yo‘lga qo‘yildi, Afg‘oniston muammosini yechish bo‘yicha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Bu tashabbuslarning barchasi o‘zbek jurnalistlari uchun eng qaynoq va eng dolzarb mavzu sifatida qabul qilingan.

Shuni alohida ta’kidlashni istar edimki, shtab kvartirasi Seulda joylashgan Osiyo jurnalistlari assotsiatsiyasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevni «2018 yil odami» deb e’lon qildi. Bu e’tirofga O‘zbekiston Prezidenti inson huquqlarini ta’minlash, qo‘shni davlatlar bilan faol hamkorlik o‘rnatish va Markaziy Osiyoda tinchlik va totuvlikni asrashga qo‘shgan katta hissasi uchun sazovor bo‘ldi. Buning uchun Osiyo jurnalistlari assotsiatsiyasiga jurnalistlar nomidani minnatdorlik bildirganimda, anjumanning barcha ishtirokchilari katta olqishlar bilan munosabat bildirdi. 

Men o‘z so‘zimni buyuk mutafakkir bobomiz Mir Alisher Navoiyning quyidagi durdona so‘zlari bilan yakunladim: Yaxshi insonlarning bir-biri bilan yaqinlashuviga ularning yaxshi so‘zlari sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, so‘z odamni halok qilish xususiyatiga ham ega. 

Biz — jurnalistlar dunyo tinchligini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga intilar ekanmiz, nohaq so‘z jamiyatni halokatga eltuvchi kuch ekanini ham unutmasligimiz zarur.

— Anjuman dasturida Janubiy Koreyaning yana bir qancha shaharlari bilan tanishish ko‘zda tutilgan ekan… 

— Ha, anjuman doirasida mehmon mamlakatning bir qator shaharlariga ham bordik. Masalan, Sejon shahri Koreyada mavqeiga ko‘ra, ikkinchi o‘rinda turar ekan. Asosiy qismi tog‘lardan iborat bu shaharga ko‘rkam Ayiq vodiysidan kirib boriladi. Avvalida adirlikda yastanib yotgan Botanika bog‘ini tomosha qildik. Shu yerda Sejon meri Lee Chon-Xee “Aqlli shahar” kontseptsiyasi asosida barpo etilayotgan yangi ma’muriy markaz haqida gapirib berdi. Maqsad — yuksak taraqqiyot bir joyda to‘planib qolishiga barham berish, ayni paytda hududlarni yanada rivojlantirish. Sejon tamomila yangidan qurilmokda. Bu haqda Janubiy Koreya hukumati 2005 yilda maxsus qaror qabul qilgan. Shahar meri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hozir u yerga mamlakatning yetmish foiz vazirlik va idoralari ko‘chib kelgan. Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi kabi beshta muhim boshqaruv tizimi Seulda qolgan. Sejon innovatsion texnologiyalar yuksak rivojlangan “Smart situ”  markaziga aylanadi. Shu bilan birga, ekologik toza shahar bo‘ladi.

Chullabukto viloyatidagi Semangem shahri meri Song Xa Jung bilan uchrashdik. Semangem Sarik dengiz orasida quruqlikdan ellik kilometr ichkarida joylashgan orol bo‘lib, u yerga dengizni yorib o‘tgan 34 kilometrlik yo‘l orqali boriladi. Bu yul zamonaviy texnologiyalar vositasida suvni qochirish yo‘li bilan qurilgan. Damba usulida dengizda barpo etilgan yirik inshoot sifatida 2010 yilda Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan.

Janubiy Koreyaning tabiiy boyliklari deyarli yo‘q. Mutaxassislarning fikricha, Koreya inson intellektiga e’tibor, yuqori ma’lumotli va o‘ta malakali muhandis va xizmatchilarni tarbiyalashga qaratilgan milliy malaka oshirish dasturi tufayli yuksak yutuqlarga erishayotgan davlat. 

Olimlar shahri — Tejondagi Koreya elektronika va telekommunikatsiyalar tadqiqotlar institutining ko‘rgazmalar zaliga borganimizda zamonaviy nanotexnologiya yangiliklaridan xabardor bo‘ldik.

Tejon — ilm shahri. Xalqaro reyting o‘ntaligiga kirgan, besh yuzga yaqin ilmiy tadqiqot instituti bor. Bu yerda 8 ming ilmiy xodim ishlaydi. 

Inchon hududi megapolis sifatida muhtashamligi bilan ajralib turadi. Mana shu hududga qarashli Songdo shahri Orol ustida barpo etilgan. Bu yerda hukumat qarori bilan 2013 yilda erkin iqtisodiy hudud tashkil etilgan. Shu yerda ochilgan O‘zbekiston — Koreya biznes markazida bo‘ldik. O‘ttiz uch qavatli binoning yigirma to‘qqizinchi qavatida joylashgan biznes markazi o‘tgan yilning noyabr oyidan ish boshlabdi. Asosiy faoliyati — O‘zbekiston eksport imkoniyatlarini Koreya ishbilarmon doiralariga kengroq tanishtirish. Shu maqsadda muntazam faoliyat yurituvchi ko‘rgazma tashkil etilgan. Ko‘rgazmaga O‘zbekiston hunarmandchilik mahsulotlaridan to kimyo sanoati, to‘qimachilik mahsulotlarigacha joylashtirilgan. Turizm salohiyati, tarixiy madaniy yodgorliklar targ‘iboti yo‘lga qo‘yilgan. Markaz boshqaruvchisi Lining aytishicha, bu yerda doimiy ravishda konferentsiyalar, seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazib kelinmoqda. Ko‘plab ishbilarmonlar markazda bo‘lgach, O‘zbekistonga safar harakatini ko‘rishmoqda.

Bugun 13 ming 500 talaba bilim olayotgan Inchon Milliy universiteti kelajakda 80 foiz xorijlik talaba o‘qiydigan maskanga aylanadi. Talabalar soni 20 ming nafarga yetkaziladi. 30 dan ortiq ko‘pqavatli va ko‘rkam binolarga joylashgan mazkur dorilfununda hozir 30 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olayapti. Talabalar mansub bo‘lgan mamlakatlar bayrog‘i tikilgan universitet yo‘lagidan keta turib, O‘zbekiston bayrog‘i hilpirab turganini ko‘rish ko‘ngilga alohida zavq bag‘ishlaydi, albatta.

— Mamlakatlarimiz jurnalistlari tashkilotlari o‘rtasida imzolangan hamkorlik kelishuvi haqida ham so‘zlab bersangiz…

— Ha, safarimizning eng muhim ahamiyatiga ega jihati aynan mamlakatlarimiz jurnalistlari o‘rtasida doimiy aloqalarni o‘rnatish bilan bog‘liq marosim bo‘lgani rost. Biz Koreya Jurnalistlar assotsiatsiyasi vakillari bilan bu borada avval bir marta Moskvada ko‘rishganimizda, fikrlashib olgan edik. Keyinchalik elektron vositalar orqali muzokaralar olib bordik. 

Nihoyat Seulda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Koreya Jurnalistlar assotsiatsiyasi o‘rtasida jurnalistika sohasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolandi. Kelishuvdan maqsad — mamlakatlarimiz ommaviy axborot vositalari hamda jurnalistlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, jurnalistlar uchun media turlar, OAV sohasidagi muhim va dolzarb masalalar bo‘yicha axboriy safarlar tashkil qilish. Mamlakatlarimizning yirik OAV o‘rtasida o‘zaro bordi-keldilar, hamkorlik aloqalari o‘rnatish. Yangilanishlar jarayoni haqida o‘zaro axborot ayirboshlash, o‘zbek jurnalistlarining Koreya Respublikasining yirik OAVda malaka oshirishini tashkil etish, taniqli koreyalik jurnalistlarning mamlakatimizda mahorat darslarini tashkillashtirish. Shuningdek, OAV faoliyatiga daxldor boshqa hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish. Bu chora-tadbirlar, hech shubhasiz, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarining zamonaviy bilim-ko‘nikmalari, malakalari oshishiga xizmat qiladi.

Suhbatimiz yakunida safar davomida yozilgan bir she’rimni gazetxonlar hukmiga havola qilishni istar edim: 

— Samimiy suhbatingiz uchun rahmat!

Jobir XO‘JAQULOV 

suhbatlashdi.

 

Koreyalik inim Jun Kiyu Sunga

Deydilarki, bir insonday yashay desang,

Seva bilgin bu hayotda, seva sevil.

Havoqushdan tushgandayoq ko‘nglim yasan,

Yuragimda pishgan so‘zga o‘xshar Seul.

 

Men bilmayman, bu yoqlarga bir zamonlar

Suvon Meli1  bobolari kelganmikan.

Meva-cheva, kitob tashib zo‘r karvonlar,

Suvon2  degan nom o‘shandan qolganmikan?

 

Bir shaharga bordik yana, ko‘p muhtasham,

Tomiga oy tegib o‘tar, nomi – Sejon.

Yaxshi ko‘rsa “jonim” deydi o‘zbeklar ham,

“Joning kerak” desa, sadqa qilgusi jon.

 

“Oting ne?” deb men bir qizdan so‘ragan choq,

Qiyg‘och boqib, mayin kulib der: “Unibi”.

Yaxshi emas, deyman, so‘zni buzib aytmoq,

Asli sening oting bo‘lar Ullibibi.

 

Gapni gapga ulab tursak kula-kula,

Dugonasin ismi uning Xoni ekan.

Men aytdimki, ayollarga mehr ila

Bizda bir so‘z aytmak rusm “xonim” degan.

 

Har kunga bir hikmat bergan Qodir Egam,

Payshanbangning zavqi ketmay kelar jumang.

Bizda kim ko‘p, Jumaboy ko‘p, koreyslarda

Bolasini mard bo‘lsin deb atar Jumong.

 

Yigitlarin otlari ham ajab turar,

Birovi — Xun, ul biri — Tun, bul biri — Tong.

Bir-birini ko‘rsa, boshin yerga urar,

Ana — izzat, mana — hurmat, qotasan dong.

 

Boshin hadeb egaversa, bir pushtiga

O‘zbek bobo deganmikan: “Bor, quri-ya”.

…Bu-ku hazil. Lekin jahon ayvonida

Mangu bordir O‘zbekiston, bor Quriya!

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + eighteen =