Ezgulik daryosiga burilayotgan irmoqlar. Yoki jahon kommunikatsiya maydonidagi ijtimoiy tarmoqlar O‘zbekistonning imijini yuksaltirishga xizmat qilsin

 Mamlakat media imijini yaratish va takomillashtirish, tashqi media targ‘ibot asoslarini shakllantirish, bu borada an’anaviy bosma nashrlar qatorida audiovizual raqamli kanallar, OAV sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tayotgan veb-saytlar faoliyatini tadqiq etish, shakllantirish tamoyillari va istiqboli bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish va tegishli yechimlarni topish alohida ahamiyatga molikdir. 

  Shu bilan birga kishilik tsivilizatsiyasining bugungi bosqichidan mustahkam o‘rin olgan ijtimoiy tarmoqlar fenomeni, ularning kuch-qudrati va mavjud imkoniyatlarini e’tirof etgan holda, ushbu kommunikatsiya vositalaridan maqsadli foydalanish, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish ishiga jiddiy e’tibor qaratish zarurati bor. 

Zamonaviy kommunikatsiya vositalari jadal ommalashuvi natijasida jahon media maydoni sahnasida katta mavqega ega bo‘lib bormoqda. Shunday ommaviy muloqot vositalaridan biri — ijtimoiy tarmoqlardir. 

 TARMOQDAN TARMOQQA

Umuman internetning paydo bo‘lishi bilan hayotning juda ko‘p jihatlari, jumladan, kundalik maishiy xizmatlardan to biznes va menejment, yuridik va konsullik xizmatlari va hatto davlat boshqaruvigacha birin-ketin virtual dunyoga ko‘cha boshladi.

 Eng muhimi, u yoshlarning an’anaviy muloqot shaklini tubdan o‘zgartirib yubordi. Olis masofadan turib nafaqat eshitish, balki ko‘rish imkoniyatining yuzaga kelishi virtual suhbatlarni keskin ommalashtirdi. Keyingi 15-20 yil davomida dunyo mamlakatlari aholisi, jumladan, o‘zbekistonlik yoshlar hayotida mobil aloqa keng urfga kirgan bo‘lsa, hozirgi  davrga kelib mobil uskunalardagi “WhatsApp”, “ICQ”, “MSN” “Messenger” va “Telegram” orqali matnli muloqot (ing. text messaging) ommaviylik kasb etmoqda. 

Qayd etish kerakki, bugungi kunda dunyo aholisining qariyb yarmi,  ya’ni 3 mlrd.ga yaqin kishi turli ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqda. Shulardan eng katta qismi — 2 mlrd. odam “Facebook”da. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda “Facebook” tarmog‘idan foydalanuvchilar soni bir millionga yaqinlashib qolgan. Ular o‘rtacha 25-34 yoshda bo‘lib, 65,5 foizini erkaklar, 34,5 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Jahonda bir milliardlik auditoriyaga ega “Instagram” O‘zbekistonda  1.586.500 nafar foydalanuvchiga ega. “Telegram” — O‘zbekistonda 18 mln. kishiga xizmat ko‘rsatmoqda.

 “ANXOLT” MEZONLARI

Hozirgi paytda dunyo mamlakatlarining jahon maydonidagi obro‘-e’tibori, imiji darajasini belgilash, bu yo‘nalishda turli tadqiqotlar, kuzatuvlar olib borish bilan shug‘ullanuvchi alohida nufuzli xalqaro markazlar mavjud. Mamlakat va davlat imiji masalalari bilan shug‘ullanish alohida ilmiy-nazariy yo‘nalishga aylandi. Mavzu doirasi kengayib, mohiyati chuqurlashdi. Bularning natijasi o‘laroq mavzuni turli aspektlarda o‘rganayotgan tadqiqotchilar safi kengayib bormoqda. Jumladan, aksariyat tadqiqotchilar davlatning o‘zligi masalasiga katta e’tibor qaratishyapti. Ularning fikriga ko‘ra, “mamlakat o‘zligining yo‘qotilishi davlatning xalqaro maydondagi pozitsiyalarining zaiflashuviga va hatto uning parchalanib ketishiga olib keladi”.

Britaniyalik olim Saymon Anxolt “mamlakatlar brendingi” sohasida dunyoga tanilgan yetakchi mutaxassislardan hisoblanadi. Tadqiqotchi o‘nta mamlakat fuqarolari orasida so‘rov o‘tkazib, bir necha mezonlar bo‘yicha boshqa davlatlarning brendiga baho berish g‘oyasini ilgari surgan. 

S.Anxolt fikriga ko‘ra, “milliy brendni tashkil etishning 80 foizi muvofiqlashtirish ishlari, ya’ni davlat tashkilotlarining bu boradagi sa’y-harakatlarini, olib borayotgan ishlarini to‘plash, umumlashtirish va ularning yaxlit mexanizmini amaliyotga tatbiq etish bilan bog‘liq, 15 foiz kommunikatsiya va qolgan 5 foiz ta’sirlanishdan, ya’ni bu jarayonda OAV va boshqa ommaviy kommunikatsiya vositalarining roli hamda barcha ishtirokchilarning ana shu ishlarni sidqidildan amalga oshirishidan iboratdir”. 

Shular qatorida taniqli mutaxassis mamlakat imiji bilan tovar imiji o‘rtasida katta farq borligini alohida ta’kidlaydi. Uning, “mamlakat — bu “Coca-cola” mahsuloti emas”, degan o‘ziga xos so‘z o‘yini tagida katta ma’no bor. Bundan ko‘rinib turibdiki, mamlakat va davlat imiji ancha murakkab va o‘ziga xos masaladir.

S.Anxolt mamlakat imijining mezonlari — “Nations Brand Index”  qatoriga quyidagilarni kiritadi:

1. Davlat boshqaruvi, ichki va tashqi siyosat, bu jarayondagi shaffoflik.

2. Eksport mahsulotlari va taklif etilayotgan turli xizmatlarning xorijdagi mashhurlik darajasi.

3. Mavjud turizm imkoniyatlari va chet elliklarning mamlakatga kelish ishtiyoqi.

4. Mamlakatda investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar. Imigratsiya masalalari, tashqaridan mamlakatga doimiy yashash uchun kelishni istovchilarning mavjudligi.

5. Milliy madaniyat va tarixiy merosning boy hamda jozibadorligi.

6. Odamlarning xorijliklarga ochiqligi va do‘stona munosabati.

Ushbu mezonlarning ahamiyatli jihati shundaki, S.Anxolt har yili bir marta imij bo‘yicha dunyo mamlakatlarining reytingini e’lon qiladi va ular har safar o‘zgarib turadi. Qizig‘i, ularning orasida eng rivojlangan mamlakatlar bilan birga endi rivojlanayotganlarini ham uchratish mumkin.

 TAKSICHINING “IMTIHONI” 

Kuni-kecha bir tadbirdan uyga shoshilib yo‘lga chiqdimu, o‘rta yoshlardagi gapga chechan taksichiga duch keldim. Suhbatdoshim betobligi sababli erta nafaqaga chiqib ketganligi, oldin o‘zi qurilish-loyihalash sohasida ishlagani, hozir asosan nevaralari tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgani va kuniga 1-2 soatgina kiraga chiqishini hikoya qilib berdi. 

Shundan so‘ng gurung doirasida turli aralash-quralash mavzular, xususan shaharda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlaridan tortib, oddiy odamlarning yashash sharoitlari ancha o‘nglanib qolganigacha qamrab olindi.

Endigina “Xalqlar do‘stligi” maydoni oldidan yurganimizni bilaman kutilmagan savollar berila boshlandi. Go‘yoki haydovchi universitet o‘qituvchisi-yu men esa talaba. 

— Ayting-chi, mana shu bayroqning balandligi necha metr? 

— Qaysidir gazetada o‘qigandim. Esimdan chiqibdi…

— Xo‘o‘o‘sh… Keyingi savol: Bayroqning eni qancha? 

— Uzr, shuni bilmas ekanman…

Ochig‘ini aytsam, bu “imtihon”dan “ikki” baho olganimdan bir tomondan uyaldim. Ikkinchi tomondan shu qadar xursand bo‘ldimki, “domla”ga qanday rahmat deyishimni bilolmay qoldim.

Bu voqea odamlarimizning o‘zi mamlakat obro‘sini ko‘tarish, uning nufuzini yanada oshirishni istayotganining isbotidek tuyuldi.

 TARMOQLARDAGI INDIVIDUALLASHUV

Yakka tartibdagi muloqot haqiqiy ma’noda ommaviylik tusini oldi.

Boshqacha aytganda, mashhur olim E.Tofflerning axborot asrida hayotning barcha jabhalari, xususan ishlab chiqarish jarayonlari, qolaversa, axborot vositalari ham ommalashuvdan individuallashuv tomon yuz tutadi degan bashorati bir qadar o‘z isbotini topmoqda. 

Mana shunday xususiyatlari bilan ommaviy kommunikatsiya vositalari zamonaviy tsivilizatsiyaning o‘ziga xos ko‘rinishiga aylanib ulgurmoqda.  

Ommabop ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelayotgan vatanparvar yoshlarning turli guruhlari  axborot makonidagi o‘ziga xos targ‘ibotchi sifatida e’tirof etilishi mumkin. E’tiborli jihati shundaki, faol yoshlarimizni jipslashtirayotgan tarmoqdagi bu kabi ommabop guruhlar o‘z o‘rnida milliy OAV kabi mamlakatimiz media imijini mustahkamlashga bevosita xizmat qilmoqda. 

XXI asrning  ikkinchi o‘n yilligida ijtimoiy tarmoqlar (ing. social media) jahon media makonida faoliyat yuritib kelayotgan an’anaviy OAV bilan shu qadar aralashib, qo‘shilib ketmoqdaki, natijada ularni bir-biridan ajratish yoki bir-biriga qarshi qo‘yish mantiqsizlik bo‘lur edi.

Vatanimiz madaniyati, tarixi va hozirgi yutuqlarini butun dunyoga targ‘ib qilishda va shu orqali davlatimiz imiji va obro‘sini oshirishda ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish maqsadga muvofiqdir. Chunki hozirgi paytda yer kurrasining 50 foizdan ortiq aholisi biron-bir ijtimoiy saytda faoldir.

Ma’lumotlarga ko‘ra dunyo yoshlarining 96 foizi ijtimoiy tarmoqlar vositasida o‘zaro muloqotga kirishmoqda. Demak, yosh mustaqil davlat media imijini shakllantirish masalasida bu qadar ulkan imkoniyatdan oqilona va samarali foydalanish katta foyda keltiradi. 

 VASHINGTONDA O‘ZBEKISTON IMIJI HAQIDA 

Mamlakatimiz imijini mustahkamlash va buning uchun ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalasiga Vashington shahridagi “Houpla” kreativ media markazida yaqinda tashkil qilingan davra suhbatida alohida e’tibor qaratildi. 

Ushbu markaz rahbari janob Bruk Makdonald tadbirda qatnashgan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi — O‘zA muxbiriga bergan intervyusida respublikamiz tashqi imijida nimalarga e’tibor qaratish zarurligiga to‘xtalib o‘tgan. 

— Men mamlakatingizni juda chiroyli va maftunkor, deb hisoblayman. Shu sababli media makonda uning ko‘proq targ‘ib etilishini xohlardim — deydi B.Makdonald. — O‘zbekistonning eng ko‘p jalb etadigan omillaridan biri — uning ochiq yuzli, hokisor insonlaridir. Menimcha, oddiy odamlar hayoti bilan tanishtirishga ko‘proq urg‘u berish kerak. Ilgari men Kitobda bo‘lgan festivalda jaydari kishilar bilan otda sayr qilganman. Bu unutilmas xotira — men uchun. Oddiy insonlar hayoti aks etgan videoroliklarni AQShning yetakchi kanallarida, qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘rishni istardim. Amerikaliklar sizning mintaqangiz haqida ko‘proq bilishlari kerak, — degan fikrni ilgari suradi B.Makdonald.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistondagi davriy nashrlar va umuman an’anaviy OAVdan tashqari ijtimoiy tarmoqlarning bevosita o‘zida ham Vatanimizni ulug‘lovchi, uning tarixi va madaniyatiga e’tiborli kishilarni jamlagan ijtimoiy guruhlar mavjud, zero, ular ham jahon media makonida diyorimiz obro‘sini yanada oshirish borasida katta xizmat qilishmoqda. 

Bunga misollar talaygina. “Facebook” tarmog‘idagi 15461 kishini jamlagan “I love Uzbekistan”, 19426 nafar foydalanuvchiga ega “Uzbekistan Travel” va 35010 foydalanuvchini birlashtirgan “I love Tashkent”  hamda boshqa qator guruhlarni sanab o‘tish mumkin.  

Muhim jihati shundaki, mazkur guruhlarga a’zo bo‘lganlar orasida O‘zbekiston yoshlaridan tashqari xorijiy mamlakatlar fuqarolari ham bor.

Kezi kelganda shuni ham ta’kidlash kerak, “I love Tashkent” guruhi 2014 yilning 27 sentyabr kunidan boshlab yangilanmagan. Balki administratorning bu guruhni yuritish uchun vaqti va imkoniyati yo‘qdir. Lekin ijobiy imijni shakllantirishga xizmat qilayotgan 35 ming kishilik sahifalarni biron bir tashabbuskor yoshlarimiz o‘z qo‘liga olishsa, juda yaxshi bo‘lardi.

 VATANPARVAR GURUHLAR

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Dunyo” axborot agentligi ham faol ish olib bormokda.

“UzReport” axborot agentligi tarqatayotgan xabarlar  bilan “Facebook”, “Twitter”, “RSS” orqali bemalol tanishib borish mumkin. 

O‘zbek, ingliz va rus tillarida faoliyat yurituvchi “Uzbekistan today” gazetasining “Facebook”, “Twitter”, “Google plus”, “V kontakte” kabi qator ommabop tarmoqlarga ulanganligi alohida e’tiborga molikdir. Davriy matbuot nashrlaridan biri “Darakchi” gazetasining “Facebook” ijtimoiy plaginiga ega ekanligini qayd etish zarur.

“Oltin qalam” XIV Milliy mukofoti g‘olib va sovrindorlari orasida mamlakatimiz media imijini bevosita oshirishga xizmat qilayotgan ijodkorlar mehnati rag‘batlantirildi. Xususan, O‘zbekiston Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi “Namanganskaya pravda” gazetasi bosh muharriri, Osiyo jurnalistlar assotsiatsiyasining O‘zbekistondagi vakili Dilmurod Jumaboevni “Ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizning ijobiy imijini oshirishga qaratilgan materiallari uchun” taqdirladi.

Yana bir muhim masala. Ijtimoiy tarmoqlar yordamida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ham o‘z faoliyatini keng yoritish imkoniyatiga ega. 

Qayd etish kerak, tashkilotlarning tarmoqlardagi sahifalarini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekistonda qonunchilik bazasi muttasil takomillashtirilmoqda. Mamlakatimizda, hatto yetakchi demokratik davlatlar qonunchiligida ham kamdan-kam kuzatiladigan o‘ta muhim hujjatlar ishlab chiqildi va tasdiqlandi. 

Shuningdek, veb-saytlar — idoralarning faoliyati to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olgan rasmiy veb-sayt sifatida identifikatsiya qilinadigan, eng muhimi, undan hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan resurs ekanligi belgilab qo‘yilgan. Demak, rasmiy tashkilotlarning veb-sahifasi ma’lum ma’noda internet nashr funktsiyasini bajarmoqda. 

Biroq, viloyatlar hokimliklari kesimida o‘tkazilgan monitoring natijalari shuni ko‘rsatadiki, ayrim saytlarni kuniga bor-yo‘g‘i 70-80 odam kirib ko‘rar ekan, xolos. Ba’zilari esa ijtimoiy tarmoqlarda umuman ko‘rinmaydi yoki ko‘rinsa-da, yetarli darajada ommaviy emas.

Umuman, global media maydonda raqobatbardosh faoliyat yuritishga qodir ijtimoiy tarmoqlar yaratish alohida masala bo‘lsa, yurtimiz hududida faoliyat yuritayotgan OAVning mavjud tarmoqlardan  unumli foydalanishi yana bir muammodir. Vaholanki, jahon media makoniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish, pirovardida  o‘quvchilar soni va geografiyasini bir necha bor kengaytirish borasida ijtimoiy tarmoqlarning imkoniyati juda katta. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarning mamlakat imijini shakllantirishdagi, ya’ni, mustaqil davlatimiz qo‘lga kiritayotgan olamshumul yutuqlarni jahon media makonida keng targ‘ib qilishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.

Vaholanki, “Internet yaxshimi yoki yomonmi?”, “Ijtimoiy tarmoqlar oqmi yoki qorami?” singari savollarni muhokama qilish davridan o‘tib bo‘ldik. Endi vaqtni yo‘qotmasdan har bir jabha uchun ulardan oqilona, ratsional foydalanish yo‘llarini izlashimiz lozim.

Ha, yonimizda “oqib yotgan” irmoqlarni ezgulik daryolariga tutashtirishmiz darkor.

Beruniy ALIMOV, 

filologiya fanlari bo‘yicha 

falsafa doktori,

O‘zDJTU dotsenti.

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − ten =