KOREYS YOSHLARI O`ZBEKCHA GAPIRADI

Ona tilimizda so`zlashayotgan xorijliklarni uchratsak, faxrlanib ketamiz. Ayniqsa, o`zbek tilini o`rganish maqsadida, mamlakatimizga kelayotgan chet ellik yoshlarni ko`rib, yanada xursand bo`lamiz. Bu avvalo, Vatanimiz mustaqilligining sharofati, mamlakatimiz nufuzining xalqaro miqyosda yuksalib borayotganidan dalolat.

 

  Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetining xorijiy bo`limida, o`zbek tilini puxta o`rganishni istagan yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Ular bu yerda o`zbek tili bilan birga, milliy madaniyatimiz, urf-odatlarimiz bilan yaqindan tanishadi. Talabalarga malakali professor-o`qituvchilar ta’lim beradi. Universitet Janubiy Koreya, AQSH, Rossiya, Xitoy, Turkiya kabi ko`plab mamlakatlarning ilg`or oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikni yo`lga qo`ygan.

—  Prezidentimizning 2017 yil 3 avgust kuni mamlakatimizning bir guruh ziyolilari bilan bo`lgan uchrashuvida o`zbek tilini xalqaro miqyosda keng targ`ib qilish masalalariga ham e’tibor qaratilgan edi, — deydi mazkur universitet xorijiy filologiya fakultetining  o`zbek filologiyasi kafedrasi katta o`qituvchisi Nilufar Egamberdiyeva. — Aynan o`sha yili o`zbek tili yo`nalishiga 50 nafar talaba qabul qilindi. Shu yilning fevral oyida esa shartnoma asosida Janubiy Koreyadan 8 nafar talaba o`qishni boshladi. Ular o`zbek tili bilan birga, madaniyatimiz va an’analarimiz bilan tanishadi. Birinchi bosqichda ko`proq o`zbek tilining morfologiya bo`limini o`rganishsa, ikkinchi bosqichda amaliyot, ya’ni mamlakatimiz bo`ylab sayohatlarga chiqadi. Qadimiy shaharlarimiz, hududimizning tarixi va an’analari bilan tanishadi. Talabalarimiz Samarqand, Buxoro, Qo`qon, Farg`ona, Andijon shaharlarida bo`lishdi. Toshkent shahridagi bir nechta tumanlarga chiqib, oilalarga mehmonga borishdi. Xorijlik shogirdlarimiz o`zbek talabalari bilan suhbatda bo`lishadi, chunki muloqot tilni o`zlashtirishda eng samarali usullardan biridir. Shu yo`sinda ular tilimizni ancha o`zlashtirib olishdi. Bu talabalarning o`zbek tilida chiroyli so`zlashganiga guvoh bo`lgan, yoshlarimizning ko`zlarida faxr tug`ularini ko`rdim. Koreys yigit-qizlari har kun darsga bayramona kayfiyatda kelishadi. Ularning tilimizga qiziqishini va ko`zlaridagi quvonchni ko`rib, biz, o`qituvchilarning ham g`ayratimiz jo`shib ketadi. Talabalarimizga, ularning o`z xohishlariga qarab, o`zbekcha ism ham qo`yganmiz. Yulduz, Alisher, Inoyat, Siroj, Diyora… Masalan: Alisher tilni juda tez o`zlashtirib, hozir ravon gaplashyapti va do`stlariga yordamlashyapti.

— Koreyada yashaydigan va ishlaydigan ko`plab o`zbeklar bilan do`st tutinganman, — deydi o`zbek tilida deyarli ravon so`zlab CHoi Song Sun (Alisher). — Ularning toza qalb va samimiyliklariga havas qilardim. Musofir bo`lsalar-da, og`ir mehnat qilishlariga g`aramay, Vatanlariga muhabbati naqadar kuchliligidan hayratlanardim. SHunda menda O`zbekistonga kelib, xalqingiz bilan tanishish va hazrat Alisher Navoiy tilini o`rganish istagi paydo bo`lgandi. O`zbek tilini puxta o`rganayotganimdan juda-juda xursandman. Tilimizning va urf-odatlarimizning o`xshashlik tomonlari ko`p ekan. Yaqinda Andijon va Marg`ilonga bordik. Odamlar bilan yaqindan tanishdik. Ularning mehmondo`stligidan boshimiz osmonga etdi. Bizni xonadonlarga “bir piyola choy”ga taklif qilishdi va men dunyo taomlarining qiroli — palov tayyorlanish jarayoni bilan tanishdim. Chunki oshni Koreyada tatib ko`rganimda ta’mi og`zimda qolgandi. Kelajakda o`zbek tilini puxta o`rganib, mamlakatlarimiz hamkorligidagi qo`shma korxona ochmoqchiman.

—O`smirligimda ko`pchilik koreys yoshlari qatori AQSHga borishni orzu qilardim, — deydi Song Kuvi Yong (Yulduz). — Niyatimga yetdim, u yerda bir necha yil o`qidim. Keyin, Amerika men orzu qilgan joy emasligini anglab, yurtimizga qaytib keldim. Olti oy Xudodan qaysi davlatga sayohat qilishimni va belgi berishini o`tinib so`ragan edim, xaritadan O`zbekiston ko`rinaverdi. Yurtingizga sayohatim jarayonida o`zbek tiliga qiziqib qoldim va uni o`rganishni maqsad qildim. O`zbek yoshlari — juda tirishqoq, bilim olishga g`oyat chanqoq. Ular uchun davlat tomonidan katta imkoniyatlar yaratilgan. Janubiy Koreyani rivojlantirishda ham, eng avvalo, yoshlarning ta’lim olishiga e’tibor qaratiladi. Bu yerda ham shunday xayrli ishlarni ko`rdim. Shuning uchun o`zbek yoshlariga mamlakatning yanada gullab-yashnashi uchun ko`proq bilim olishlarini tilayman. O`zbekistonni juda sevib qoldim va bu yerda bolaligimdagi orzuyimni topganday bo`ldim. O`zbekistonni — dunyoning yuragi deb ayta olaman. (O`zbekiston — sege shimjang!). O`zbek tilini o`rganib, kelajakda Vatanimda koreys bolalariga o`zbek tilini o`rgatmoqchiman.

— Koreyslarga qaraganda, o`zbek yoshlari o`z milliy urf-odatlarini ko`proq e’zozlashi e’tiborimni tortdi, — deydi I Sing CHan (Siroj). — Keyinchalik madaniyatingizni o`rganish jarayonida shuni bilib oldimki, o`zbeklar yoshi ulug`larning hurmatini doim joyiga qo`yishni o`zining insoniy burchi deb bilar ekan. Buni, ayniqsa, jamoat transportida yurganda ko`p kuzatdim. O`zbekiston taomlarini alohida aytib o`tmoqchiman. Milliy taomlaringiz — osh, kabob, somsa juda yoqdi. Boshida tilni o`rganishga ozgina qiynaldim, yonimdagi do`stlarimning yordami bilan yaxshi gapiradigan bo`ldim. Endilikda o`zbek tilini o`rganishni Koreyadagi do`stlarimga ham tavsiya qilaman.

— Men ham sayohat jarayonida o`zbekchani yoqtirib qolgan edim, — deydi I Xein (Inoyat). — O`zim she’riyatga qiziqganligim sabab, o`zbek tilida she’r o`qigim keldi. Chunki bu tilning ohangi har qanday odamni o`ziga rom qiladi. Kelajakda o`zbek adiblarining asarlarini, ayniqsa, Alisher Navoiyning g`azallarini koreys tiliga tarjima qilmoqchiman. O`quv jarayonida O`zbekiston bo`ylab sayohatlarga chiqishimiz juda yoqadi. Samarqand shahri meni o`ziga maftun qildi. Ayniqsa, Registon maydonida o`zimni malikalardek his qildim. Menga shunday go`zal mamlakat bilan tanishish, o`zbek tiliday boy lisonni o`rganish, o`zbeklar bilan bir dasturxondan taomlar yeyish imkonini bergani uchun taqdirimdan behad minnatdorman.

Nargiza 

BOBOMURODOVA,

“Hurriyat” muxbiri.

SH.SHOXIDOYEV (foto)

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × one =