Archalar jaziramada o‘tqaziladimi?

Bugun respublikamiz bo‘ylab “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida ish olib borilayotgani hududlarimizning yangi, zamonaviy qiyofa kasb etishiga xizmat qilyapti. Davlatimiz rahbari yurtimiz fuqarolarining farovon turmushini ta’minlashga qaratilgan farmonu qarorlar qabul qilayotgani, “Odamlar hayotidan bugun rozi bo‘lib yashashi kerak”, tamoyili asosida barchamizni faollikka chaqirayotgani ham ana shu obodlik, bunyodkorlik yo‘lidagi katta qadamlardir.

 Obodlik ostonadan boshlanadi, deyishadi. O‘z uyimiz, mahallamiz, qolaversa, qishlog‘imiz obodligiga qanchalik hissa qo‘shyapmiz, degan savolni o‘z-o‘zimizga berib ko‘raylik. Javobi unchalik oson bo‘lmasligi mumkin. Chunki xo‘jako‘rsinga qilinadigan ishlar hamon uchrab turibdi. Bir paytlar viloyatga (yoki tumanga) “yuqoridan vakil — “katta”lar kelarkan” degan gap bo‘lsa, qaysi fasl bo‘lishidan qat’i nazar yozmi, kuzmi — farqi yo‘q, zudlik bilan ishga kirishilardi, ya’ni turli daraxtlar, anvoyi gullarning ko‘chatlarini olib kelib, ko‘chalarni bezash odat edi. Har yili tumanlar markazlari, shaharlarda ming-minglab yangi ko‘chatlar o‘tqazilardi. Ammo aksariyat hollarda ularni parvarishlash uchun keyinchalik suv bilan qanday ta’minlanishi haqida o‘sha tiqilinchda bosh qotirilmasdi. Ming afsuski, boshqa joylarni bilmadigu Qashqadaryoda hozir ham deyarli shu ahvol. Aks holda yozning jazirama issiq kunlari ariq suvi bormaydigan joylarga, yo‘l bo‘ylariga archa ko‘chatlari o‘tqazishning biror nafi yo‘qligini tushungan bo‘lardik. Aslida ham buni bilish uchun mutaxassis bo‘lish shart emas. Jaziramada archa ko‘chati qurib qolishini hamma biladi-ku! Ko‘chat o‘tqazishning ham o‘z qonun-qoidasi, vaqti, mavsumi bor. Qolaversa, ko‘chat o‘tqazishning bu ish mutaxassislar tavsiyasi bilan olib borilsagina, ham niholning unib-o‘sishi kafolatlanadi, ham ularga sarflangan xarajat kuymaydi.

Axir, bir yoki besh yil davomida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish uchun qancha ko‘chat o‘tqazilganini tasavvur qila olasizmi? Shundan qanchasi barq urib o‘smoqda va necha million ko‘chat shu yiliyoq qurib nobud bo‘lgan? Shunga o‘xshash savollar kishini o‘ylantiradi, ammo bu bilan birov qiziqayotgani yo‘q, chamamda. Suv bormaydigan, to‘g‘rirog‘i, daraxt ekib, so‘ng sug‘orish sira o‘ylanmaydigan joyga shoshmashosharlik bilan o‘tqazilgan ko‘chatlarni ko‘rib, essiz, shuncha mehnat, shuncha mablag‘, deysiz beixtiyor. Daraxtlar, turli-tuman yashnab turguvchi ko‘chatlar… Ular faqat buyruqni bajarish uchun qog‘ozlarda qolgan raqamlarga aylanmoqda. Axir, bu nihollar gektar-gektar maydonlarda katta mehnat evazigayetishtiriladi! Ularga katta ishchi kuchi, qanchadan-qancha mablag‘, mineral o‘g‘itu texnika quvvati sarflanadi. Xo‘sh, bu haqda kim bosh qotiradi? Bu ishlarga kim mas’ul? Obodonlashtirish bosh­qar ma­larimi yoki bosh­qa mutasaddilar ham bormi? Zero, shu yurt, shu hudud, shu mahallada barchamiz istiqomat qilamiz. Demak, befarq bo‘lishga haq­qimiz yo‘q!

To‘g‘ri, 40-45 daraja jaziramada yo‘l chetiga o‘tqazilgan ko‘chatlar, 5-10 kun “ko‘zni quvnatib” turadi. Keyin-chi, ke­yin… yuqorida aytganimizdek, bu ko‘chatlar bilan hech kimning ishi bo‘lmaydi. Ajab, bu ishimiz bilan kimni aldayapmiz o‘zi?!

 

Gulnoza RAJABOVA,

O‘zbekiston “Adolat” SDP Qashqadaryo viloyat

kengashi raisi o‘rinbosari.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 3 =