Istiqbolmi yoki inqiroz? bir qator bosma nashrlar oldida ikki yo‘l turibdi
Axborot tarqatishning yangi va bugungi kunda qulayroq vositasi – elektron axborot, jumladan, internet jurnalistikasi hayotimizga keng miqyosda kirib keldi. Buning ortidan jamiyatda bosma nashrlarning bu “kurashda” orqada qolayotgani haqidagi ovozalar ham “bolaladi”.
Raqobatda kim yengadi?
Fikri-ojizimizcha, internet olami taraqqiyoti axborot tarqatishning azaliy va an’anaviy vositalari faoliyatini jiddiy ravishda jilovlayotganidan ko‘z yumolmaymiz. Ammo ravnaq omili hamisha kurash maydonida yuzaga keladi. Yana shunday fikrlar ham borki, bosma ommaviy axborot vositalarining ahvoli tobora g‘ariblashib boraveradi. Aksincha, bosma nashrlar makonida “tishi chiqqan” va unda necha “to‘nlarni to‘zdirgan” ko‘p sonli hamkasabalarimizning o‘yi, fikri esa birmuncha o‘zgacha. Og‘zaki axborot gazeta yoxud jurnal chekiga tushgan vazifalarini qanchalar vallomat bo‘lmasin, yolchitib ado eta olmaydi. Bu haqda jahon va o‘zbek matbuoti, chunonchi “Hurriyat” sahifalarida ham jiddiy va tagzaminli tahliliy maqolalar yoritilgan. Lekin har qancha ta’kidlasak-da, internet jurnalistikasi, hozirgi zamon televideniesi va radiosining imkoniyatlari ancha keng va chuqurligini ham albatta, e’tirof etmoq darkor.
Bunday qudratli vosita bilan erkin va halol raqobatga dadil kirisha olmagan bosma nashrlar chindan ham bu yo‘lda oqsoqlik girdobiga tushishi, pirovardida esa kurash maydonini tark etishi tayin bo‘lib qoldi. Endigi zamonda yolg‘on-yashiq chiqishlar, mish-mishlar, oldi-qochdi gaplar bilan emas, odamlar qalbini chin haqiqatni xolisanillo tarannum etib, tafakkurini bemalol va beixtiyor zabt eta oladigan, shu kunning dolzarb mavzulariga daxldor dadil chiqishlar bilangina zabt etib, chinakam muxlislar orttira bilganninggina “ovi” baroridan keladi. Bu boradagi tabiiy to‘siqlardan tap tortmagan, uni mahorat, intilish, izlanish hissi-la bartaraf eta olgan nashrning oshig‘i chindan ham olchi. Afsus, ko‘pgina tahririyatlar bu yanglig‘ istiqboldan to hanuz chetda. Qalovini topsang, qor ham yonadi. Zamon muharriru qalamkashdan ana shunday katta mahoratning salohiyatini so‘rayapti. Ayrim nashrlarimizning adadi haminqadarligicha qolayotgan, boz ustiga, borlari ham oyma-oy yanada kamayib ketayotgan ekan, buning boisini mutasaddi rahbardan, hokimu muassislar bilan bir qatorda, o‘z saviyamiz, malaka va mahoratimiz ufqlaridan ham izlasak durust bo‘lar.
Lekin, harna qilsayam, tabiiy to‘siqlar bor joyda sun’iy g‘ovlar ham bo‘y ko‘rsatadi. Bunday g‘aliz manzara, afsuski, ko‘p hollarda bosma nashrlar yo‘lini ham to‘sib qo‘ymoqda. Xo‘sh, bosma ommaviy axborot vositalarining bu sohadagi obro‘sini kimlar va nimalar to‘kayapti?
Xalqimizda tani boshqa, dard bilmas, degan teran ma’nili naql bor. Gap shu haqda ketar ekan, har qanday voqea, xabar, yangilik zum o‘tmay o‘quvchi-muxlis ongidan joy olishi, qalb mulki, xotira boyligiga do‘nishi, bilim va hayotiy tajribasini boyitishi, katta va salmoqli tarbiyaviy ta’sir kuchini kashf etishi zarur, degan xulosaga keldik. Nafsilambirini aytganda, gazetchiligimizdan ko‘zda tutilgan eng muhim va ustuvor vazifa ham shundan iborat. Jahon tajribasi matbuot har qanday davlatning nihoyatda qudratli ma’naviy-g‘oyaviy quroli ekanidan dalolat beradi. Mamlakat matbuotdan, matbuot esa davlat va yurt ahli madadidan xoli tarzda rivojlana olmaydi. Shunday ekan, matbuotni o‘z holiga tashlab qo‘ygan yurtning oti chopmasligi turgan gap. Matbuot olamini qamrab olgan hozirgi oqsoqlikka, avvalambor, soha xodimlari-ning o‘zlari sababchi qabilidagi o‘y-fikrlarda ham jon bor. Ammo bor aybni matbuotchilardan izlash ham adolatdan emas.
Yetkazib beruvchining “ko‘magi”
Mana necha yildirki, har kuni gazeta o‘qishdek katta huzur-halovatdan mosuvo yashayapmiz. Nega? Gazetani obuna uchun to‘langan mo‘may pul evaziga kanda qilmay uyimizgayetkazib, qo‘limizga tutqazish majburiyatini zimmasiga olgan “O‘zbekiston pochtasi”, “Matbuot tarqatuvchi” tashkilotlarining joylardagi mas’ullari hafsalasiga tan bermaslikning iloji yo‘q. Ularning bu boradagi “kamtarin xizmati” bois, gazetalar haftasiga bir, nari borsa ikki boragina qo‘limizgayetib kelayapi, xolos. Zada bo‘lganimiz bois, hatto o‘zimiz obuna bo‘lgan nashrlarni bosilib chiqqanidan so‘ng oradan 5-6 kun o‘tgachgina uyimizga eltib bergan pochta xodimiga ba’zan ularyetkazib berilgan sanani qayd qilgan holda “dastxat” ham yozdirib olganmiz. Pochta atalmish tashkilot bir vaqtlari o‘zimiz yashayotgan Urganch shahrida nashrlarni kuniga ikki mahal (viloyat nashrlarini kunning birinchi, respublika nashrlarini esa ikkinchi yarmida)yetkazib berish tartibini joriy etgan edi. Bosma nashrlarni tarqatishning bunday ibratli usulini endi tarix qa’ridan izlaganlargina topa olishadi. Obunani tarqatuvchilar nashrlar o‘z egalariga aksariyat hollarda bosib chiqarilganidan so‘ng oradan 3-4 hafta, o‘n kun o‘tgachginayetkazib berilayotgani yoki umumanyetkazib berilmayotgani ham sir emas. Hatto o‘zi yozilgan nashrni yil boshidan ololmayotgan obunachilar ham borligiga nima deysiz? Nashrlarni egalariga tarqatishdagi bu kabi qusurlar, bosh boshdoqliklarning oxiri ko‘rinmayotgani, tahririyatlarga, ularning joylardagi muxbirlik punktlariga yog‘ilayotgan shikoyat va e’tirozlar soni tobora ortayotganiga izoh bormi?
Shu o‘rinda hukmingizga havola etilgan fikr-mulohazalar, fakt va dalillar asosan Xorazm viloyatidan keltirilayotgani va ko‘pchiligi voha markazi — Urganch shahri matbuot tarqatuvchilari faoliyatiga daxldor. Gazeta va jurnallarni tarqatishga doir ishlar viloyat markazida shu alfozda bo‘lsa, chekka va uzoq tumanlar, qishloqlardagi ahvolni aslo gapirgiligi yo‘q!
Nomiga nomunosib “Tezkor matbaa”
Odamlar nimalarni o‘ylab topishmaydi, deysiz? “Tezkor matbaa”deb nomlangan korxonaning bu boradagi “ixtirosi”ga har qancha “qoyil” qolsa arziydi. Ushbu korxona obunachilarga butun respublika miqyosida xizmat ko‘rsatishdek mas’uliyatli vazifani o‘z gardaniga olgan. Ammo, bilishimizcha, mazkur tashkilot nashrlarni egalarigayetkazib berish farzini bevosita o‘zi emas, balki o‘zgalar qo‘li bilan “qoyilmaqom” tarzda amalga oshiradi. Korxona nashrlarniyetkazib beruvchi o‘z pochta xodimlariga ega emas. Bu vazifani asosan “O‘zbekiston pochtasi” va uning joylardagi korxonalari ado etadi. Gap shundaki, “Tezkor matbaa” o‘zi tarqatishi zarur bo‘lgan nashrlarni jo‘natma tarzida “O‘zbekiston pochtasi” korxonalariga topshiradi. Pochta korxonalari esa ularni egalari qo‘ligayetkazadi. Bunday maqomdagi tayyor “dastyor” turganida shuncha maosh sarflab, pochta tashuvchilarni yollash, tashvishga botib, uzzu-kunni mashaqqatli mehnat domida o‘tkazishga na hojat? Achinarli tarafi, mazkur sub’ekt mas’ulligida tarqatilayotgan nashrlar egalari qo‘liga deyarli barcha hollarda oradan oy o‘tganidan so‘ngyetib kelayapti. “Tezkor matbaa”ning “tezkor”ligi ana shu alfozda namoyon bo‘layotir. Mazkur korxona mijozlari safiga bilib-bilmagan ko‘yi kaminaning o‘zi ham tushib qolgan. Hozir uning achchiq mevasini tatiyapmiz. O‘zimizga tegishli va hafta sayin nashr etilguvchi “Kuch — adolatda” gazetasining bir yo‘la yig‘ib kelingan 3-4 sonini “Xorazm pochtasi”ning tegishli aloqa bog‘lanmasi orqali “tezkorlik” bilan, ya’ni oyiga atigi bir bora olayapmiz.
Bu yog‘iga o‘ylab ko‘ring, uch-to‘rt, hafta-o‘n kun, hatto bir oydan so‘ngyetkazib berilayotgan gazetalarning gazetaligi qoladimi? Bugun bosilgan gazeta basharti o‘sha kuni o‘qilsagina o‘z maqomini saqlab qoladi. Ertasiga o‘qilgan gazetaning esa oddiy qog‘ozdan farqi qolmaydi. Axborot maydonida xabar va yangiliklarni omma ongiga tezkor usuldayetkazib berayotgan minbarlargina yashovchanligini boy bermaydi. Qolganlari, hech shubhasiz, bu maydondan mag‘lub holda chiqib ketadi. Bir necha yuz yillardan buyon matbuot olamidayetakchilik maqomini saqlab kelgan bosma ommaviy axborot vositalarining achinarli ahvolda qolib ketishini aslo istamagan bo‘lardik.
Shu bois ham ommaviy nashrlar sahifalarini hafta-o‘n kun, hatto oylar, yillar o‘tsa-da, eskirib, qimmati, ahamiyati, dolzarbligini yo‘qotmaydigan, nazar-e’tiborsiz qoldirilmaydigan, o‘z o‘quvchisini har qancha muddat, muhlat o‘tsa-da, topa oladigan, ayni paytda tezkor axborotdan biroz xoli tahliliy tusdagi maqolalar bilan ko‘proq va mo‘lroq bezash zarurga o‘xshaydi.
O‘z vazifasini bajargan muxbir so‘roqqa chaqiriladimi?
Respublika nashrlaridan birining Xorazm viloyatidagi muxbiri faoliyati bilan bog‘liq bir voqea buni yaqqol tasdiqladi. Urganch tumanida istiqomat qiluvchi uch nafar fuqaroning gazeta muxbirlik punktiga qilgan murojaati bunga sabab bo‘ldi. Shikoyatni obdon va atroflicha tinglagan muxbir, pirovardida murojaatni taalluqligiga ko‘ra tuman ichki ishlar bo‘limiga yo‘llab, uni qonun, adolat va xolislik me’yorlari asnosida hal qilishni rasman so‘radi. Oradan bir necha kun o‘tgach, mazkur mahkama mas’ullaridan biri muxbirga sim qoqib, gazetaning vakolatli vakili rasman so‘roqqa kelishi lozimligini bildirdi va tezda huzurigayetib kelishni tayinladi. Aks holda majburan keltirilishi choralari ko‘rilishini ta’kidladi. Qalamkashning qonun bandlari bilan bayon etgan asosli e’tirozidan tabiiyki naf chiqmadi. Tergovchi tarafidan sun’iy tarzda vujudga keltirilgan nojoiz holat tuman “Xalq qabulxonasi” va prokurorning aralashuvidan so‘ngyechim topdi. Muxbir murojaat qilganlik uchun IIBga chaqirtirilmaydigan bo‘ldi. Qalamkashning qonuniy faoliyati bilan bog‘liq bunday voqeaga oldin hech kim duch kelgan emas, u birinchi marta qayd etilayapti, deya baralla ayta olamizmi? Yo‘q. Bunday to‘siqlarga nisbatan ko‘rilajak chora matbuotimiz imkonlarini oshirish hamda emin-erkin faoliyatini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi. Va nihoyat, keyingi mujda tegishli hokimiyat organlari, muassislarning sa’y-harakatlariga borib taqaladi. Mazkur bo‘g‘inlar o‘z muassisligidagi nashrlarning obro‘si, nufuzi, mavqeini saqlab qolishga qaratilgan tadbirlarni zimmadagi burch va majburiyatlarni nomiga yoxud rasmiyatchilik uchun qo‘l uchida ado etish ilinjida emas, balki qaramog‘idagi ommaviy minbarning da’vat, targ‘ibot-tashviqot, ilg‘or tajribalarni keng yoyish maqsadida amalga oshirsalar, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.
Qisqasi, bosma nashrlarga panja orasidan qaragan, yo‘liga g‘ov solishga uringanlarning harakati o‘z oyog‘iga o‘zi bolta urish bilan barobar. Matbuotsiz na ravnaq, na ro‘shnolikka erishilmasligini bu qadim hayot ko‘p bor isbot etgani haqiqatdir.
Abdulla SOBIROV,
O‘zbekiston Respublikasida
xizmat ko‘rsatgan jurnalist.