«O‘rta Chirchiq» deb yozaylik!

Sultonmurod Olimning matbuotda e’lon qilingan bir maqolasini o‘qib, o‘z fikrlarimni bayon etishni lozim topdim. Kuyunchaklik ila yozilgan bu fikrlarga bir istisno bilan qo‘shilaman.

Istisno deyishimning vaji shuki, Chirchiq daryosi nomi bilan aytiladigan uch tuman otini qo‘shib yozaylik, deyilibdi maqolada. O‘rtaga tashlangan bu muammo ko‘pdan beri bor. Esimni tanib, xat-savodli bo‘lganimdan buyon «Yuqori Chirchiq» ham, «O‘rta Chirchiq» ham goho qo‘shilib, goho ajratilib yoziladi.

Bu to‘g‘rida jurnalist Ma’murjon Bozoraliev ham yanglishmasam, «Toshkent haqi­qati»ning 2008 yil noyabr oyi sonlarida «O‘rtachirchiq» emas, «O‘rta Chirchiq», deya to‘g‘ri imloni talab qilgan edi. O‘zimning ham shu haqdagi «Qachongacha «O‘rtachirchiq»?..» sarlavhali maqolam Toshkent viloyati gazetasining 2016 yilgi 86-sonida, «Yana «O‘rtachirchiq»mi?..» nomi ostida yozganlarim esa O‘rta Chirchiq tumani nashri «Mash’al» gazetasining 2017 yilgi 42-sonida e’lon qilingan. Xullas, bu masalada ko‘pdan beri bosh qotirilmoqda. Kimdir qo‘shib yozamiz, desa, yana kimdir ajratib yozish tarafdori. Qarang­ki, oramizda so‘zlar orasiga tire belgisini joylaydigan «bilag‘on»lar ham uchraydi. Yaxshiyamki, qonun bor. Ha, qonun mana shunday tushunmovchiliklarni tartibga soladi.

Mustabid tuzum zanjirlaridan hali to‘liq ozod bo‘lmagan O‘zbekistonimiz 1989 yilning 21 oktyabrida muhim tarixiy hujjatni qabul qilgani barchamizning yodimizda. Hayotimizda tub burilish yasagan ushbu hujjat «Davlat tili haqida»gi qonundir. Qonunning 7-moddasiga asosan, davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda o‘zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi. Bu qoidalar esa oradan olti yil o‘tib, 1995 yil 24 avgustda imzolangan «O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida»gi O‘zbekis­ton Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan.

Qaror ilovasiga muvofiq tasdiqlangan o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarida harf­lar, asos va qo‘shimchalar, bosh harflar imlosi, ko‘chirish, chiziqcha bilan yozish qoidalari qatori qo‘shib va ajratib yozish me’yorlari ham muxtasar belgilab berilgan.

Xususan, ilovaning 47-bandida:

«Ikkinchi qismi turdosh ot bilan yoki obod so‘zi bilan ifodalangan joy nomlari qo‘shib yoziladi: Yangiyo‘l, To‘rtko‘l, Mirza­obod, Xalq­obod kabi. Lekin ikkinchi qismi atoqli ot bo‘lgan joy nomlari ajratib yoziladi: O‘rta Osiyo, Ko‘hna Urganch, O‘rta Chirchiq kabi», deyilgan.

Ilovadagi misolda «O‘rta Chirchiq» so‘zining keltirilishi ham viloyatimizdagi «Chirchiq» so‘zi bilan birgalikda ataluvchi uch tuman nomida har ikki so‘z ham ajratib yozilishi zarurligini ko‘rsatadi.

Illo, «O‘rtasaroy» so‘zi ham ajratib yozilarkan-da, deganlar qattiq yanglishadilar. Chunki, «saroy» so‘zi turdosh ot. Agar «Chirchiq» kabi atoqli ot bo‘lganida edi, ajratib yozilar edi.

Demak, ushbu joy nomlarini «Yuqori Chirchiq», «O‘rta Chirchiq» va «Quyi Chirchiq» kabi yozish maqsadga muvofiqdir.

Demak, yakdil fikr shu: «O‘rta Chirchiq» deb yozaylik!

Otabek ISROILOV,

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti talabasi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − 10 =