Quvur yotqizish chala qolib ketdi
Olib borilayotgan har bir ezgu sa'y-harakat “Islohot-islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan ulug'vor maqsadga qaratilgani yanada ahamiyatlidir. Chindanda yangilanishlarning tub mazmun-mohiyati inson omiliga qaratilgani bilan e'tiborga loyiqdir.
Yurtimiz o'zgacha chiroy kashf etib, o'zgarishlar bo'lmoqda. Respublikamizning qaysi go'shasida bo'lmaylik, zamonaviy, yangicha qiyofa kashf etgan, bir-biridan qolishmaydigan ko'rkam inshootlarni ko'rib, qalbing quvonchga to'ladi. Xalqimizning turmush farovonligi oshib, mehr-oqibatning mujassamligi, o'zbek xalqining kelajagi porloq ekanligidan dalolatdir. Albatta, bunday e'tibor va g'amxo'rlikdan faxrlanmay bo'ladimi? Jumladan, biz Bo'stonliq tumanidagi Chinor mahallasida yashayotgan 364 xonadondan iborat aholi ham shart-sharoit va imkoniyatlardan mamnun bo'lib, shu yurt farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz. Ayni kunda mahallamizga kelsangiz, tanib bo'lmas darajada o'zgarib ketganligiga guvoh bo'lasiz. Ayniqsa, “Bo'stonliq Plasteks” ip yigiruv fabrikasining tashkil etilganligi qishlog'imiz ko'rkiga yanada ko'rk qo'shdi. Natijada 200 nafar yoshlarimiz ish bilan ta'minlandi.
Lekin bir muammo borki, bizni o'ylantirib kelmoqda. Bu ham bo'lsa, mahallamizni gazlashtirish masalasidir. Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 martdagi bayonnomasining 15-bandiga asoslanib, Chinor mahallasining aholisi xonadonlariga tabiiy gaz quvuri tortish rejalashtirilgan edi. Ammo 3,5 kilometr uzunlikdagi gaz quvuri “Chorvoq” hududigacha olib kelindi-yu bizning mahallaga bor yo'g'i 600-700 metr quvur tortish qolganida ish oxirigacha yetkazilmay, qolib ketdi. Toshkent viloyati arxitektura va qurilish boshqarmasi tomonidan hujjatlar to'liq rasmiylashtirilib, ekspertizadan o'tkazilgan bo'lsa-da, “O'ztransgaz” AKdagi rahbarlar bizni har xil bahonalar bilan chalg'itmoqda. Qishli-qirovli kunlar yaqin qolyapti. Hademay qish kirib keladi. Ko'plab murojaatlarimizga “maishiy gaz ballonlaridan foydalaninglar” degan mazmunda “Toshkentgazta'minot” unitar korxonasi va boshqa idoralardan “maslahat”li javoblardan nariga o'tilmayapti. Tuya elak ortganda oqsaydi, deganlari shu bo'lsa kerak-da. Rosti, murojaat qilaverib charchadik. Ammo… yurtimizning xalqparvar mutasaddilari 400 ga yaqin xonadonda yashovchi 1500 dan ziyod aholi nomidan qilayotgan arizamizga balki e'tibor qaratishar degan ilinjdamiz.
Zero, Prezidentimiz ko'p bora ta'kidlaganidek, odamlar ertaga yoki kelajakda emas, bugun yaxshi yashashni istaydi. Yoki bu ulug' aqida, kerak bo'lsa ezgu topshiriqning “O'ztransgaz” AKdagi akalarga aloqasi yo'qmi?
Chinor MFY ahli nomidan
Tohir Qobulov,
Risqitilla Mo'minov,
mahalla faxriylari.