Sirdaryoda to'rtta tuman gazetasi nega chop etilmayapti?
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyat bo'limi viloyatda chop etilayotgan gazetalar muharrirlari, jurnalistlar, matbaa hamda bosma nashrlarni tarqatuvchi tashkilotlar rahbarlari va xodimlari ishtirokida tashkil etgan tadbirda asosan sohaga taalluqli qator muammolar tahlil etildi.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo'limi raisi Boyjigit Abdullayevning so'zlariga qaraganda, hududda davlat ro'yxatidan o'tgan 21 ta davriy nashrdan 4 tasi — Boyovut, Sardoba, Mirzaobod va Sayxunobod tumanlari gazetalari o'z faoliyatini to'xtatib turibdi.
Demak, kattagina jabhada aholi mahalliy ahamiyatga molik xabarlarni olishdan mosuvo. “Biz kitob mutolaa qilish bilan bab-baravar gazeta ham o'qishimiz kerak, — dedi u. — Gazeta odamlar uchun shunchaki minbar emas, balki ko'zgu hamdir. Bugungi kunda xalqimiz orasida bir-biriga kitob sovg'a qilish urfga aylanib borayotir. Qani endi, saxiy kishilar ehtiyojmand qatlamlarga o'zlari sevgan nashrlarning obuna kvitansiyalarini tantanali ravishda topshirishni ham odatga aylantirsalar…”
So'ng kun tartibidagi masala bo'yicha “Xalq so'zi” va “Ovozi tojik” gazetalarining Sirdaryo viloyati bo'yicha muxbirlari Ahmadali Shernazarov, To'xtamish Boqiy, “Sirdaryo” va “Guliston yangiliklari” gazetalari bosh muharrirlari Umarqul Ochilov, Furqat Toshmatov, “Poligraf AiF” xususiy ishlab chiqarish korxonasi direktori Rishad Abiyatov, “Sirdaryo matbuot xizmat” MChJ bo'lim mudiri Kamoliddin Hoshimovlar chiqishlarida vaqtli nashrlar muassislarining mas'uliyatini oshirish, gazetalarning har bir yangi sonini o'z vaqtida mushtariylarga yetkazib berish, vaqtli nashrlarda e'lon qilinayotgan tanqidiy chiqishlarning ta'sirchanligini oshirish kabi masalalar yuzasidan fikr bildirdilar. Muammolarni o'z vaqtida hal etish uchun esa viloyat OAV vakillarining tez-tez viloyat hokimi bilan uchrashuvini o'tkazib turish taklifi o'rtaga tashlandi.
Tadbirda bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarini xursand qiladigan yangilik ham ochiqlandi. “Poligraf AiF” xususiy ishlab chiqarish korxonasi rahbari Germaniyadan gazeta-jurnallarni rangli chop etadigan zamonaviy bosmaxona uskunasini olib kelganini ma'lum qildi.
Yig'ilish ahli 2020 yilgi obuna mavsumini risoladagidek o'tkazishda hamkorlik qilish uchun viloyat hamda tuman-shahar hokimlari, keng gazetxonlar ommasiga Murojaatnoma bilan chiqishga kelishib oldi.
Muhammadali Ahmad.