Yuksak tamal toshi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan yurtimizda ta'lim sohasidagi muhim islohotlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, oliy ta'limda olib borilayotgan tub islohotlar yaqin yillar ichida o'z samarasini ko'rsatishini Chirchiq davlat pedagogika instituti misolida ham ko'rish mumkin.
Chunki, yurtimizning eng kenja oliy o'quv yurtlaridan biri sanalgan bu institut mana, uch yildirki, yoshlarni o'z bag'riga qabul qilib, ularga mustaqillik g'oyalari, yuksak ma'naviyat va insoniylikning milliy an'analariga sodiqlik ruhini chuqur singdirib kelayotgan ibratli ma'naviyat o'choqlaridandir. Institutning akademik, professor-o'qituvchilar jamoasi talaba-yoshlarning puxta bilim olishlari uchun ma'rifiy va tarbiyaviy ishlarni yuksak texnologiyalar asosida olib borishayotir.
Institutda ta'lim olayotgan talaba-yoshlar esa puxta bilim egallashib, qisqa fursatlar ichida oliy ta'lim dargohini respublikamizda yuqori pog'onalarga olib chiqishmoqda.
2019-2020 o'quv yili uchun respublika Oliy ta'lim muassasalari talabalari o'rtasida o'tkazilgan “O'zbekiston Respublikasi Davlat stipendiyalari” tanlovida “Tarix va tillar” fakulteti 3- bosqich talabasi Ra'no G'ayratova ilk bor qatnashib, Navoiy nomidagi davlat stipendiyasini, aniq fanlar fakultetining matematika o'qitish metodikasi yo'nalishi talabasi Xursanoy Mo'minova esa Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasini qo'lga kiritdi.
Qisqa fursat ichida institutning bilimli yoshlari bunday nufuzli tanlovlarda sovrindor bo'lishlari oliy o'quv yurtida ta'lim va tarbiya ishlarining yuksak darajada olib borilayotganidan dalolat beradi. Bunday yutuqlarni qo'lga kiritishda institut rektori O'zbekiston Respublikasi fan arbobi, professor G'ofirjon Muhamedov hamda ilm dargohi professor-o'qituvchilar ilmiy jamoasining munosib o'rni bor.
Kuni kecha ilm o'chog'ida 1 oktyabr — O'qituvchi va murabbiylar kuni hamda “Talabalikka bag'ishlov” madaniy-ma'rifiy tadbiri bo'lib o'tdi. Chirchiq shahridagi muhtasham “Kimyogarlar” saroyida o'tgan bu tadbirda institut ilmiy jamoasi, mehmonlar va talaba-yoshlar qatnashib, o'quv dargohning ilmiy va ma'rifiy hayoti xususida so'z yuritishdi.
Bosib o'tilgan qisqa fursat ichida institut ahli respublikamizning nufuzli oliy o'quv yurtlari qatoriga qo'shilishi bilan birga zamonaviy o'quv binolariga ega bo'ldi, ayni paytda bir qator qo'shimcha binolarda ish qizg'in ketmoqda. Ayniqsa, talabalarga qo'shimcha turar-joylarini qurish, turli tadbirlarni uyushtirish va zarur infratuzilmalarni barpo etish uchun qurilish va ta'mirlash ishlari pudratchi korxonalar tomonidan izchillik bilan olib borilmoqda.
Bayram munosabati bilan professor va o'qituvchilar oliygoh rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandi. Yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish va ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo'yicha 5 ta muhim tashabbus doirasida o'tkazilayotgan tadbirlarda faol qatnashgan rus tili va adabiyoti kafedrasi o'qituvchisi Elyanora Sergeeva tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
“Ta'lim innovatori” nominatsiyasi bo'yicha esa, institutning Axborot-resurs markazi, musiqa va defektologiya, biologiya, matematika va xorijiy tillar kafedrasining fan nomzodlari hamda katta o'qituvchilarining xizmatlari alohida e'tirof etildi.
Bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishdagi faolligi va tashabbuskorligi uchun Oybek Ortiqov “Yil bunyodkori” nominatsiyasi bo'yicha taqdirlandi.
2018 – 2019 o'quv yilida ilmiy tadqiqot ishlari bo'yicha samarali mehnat qilgan bir guruh tadqiqotchi va doktorantlar ham taqdirlanishdi. Ular orasida “ Eng yaxshi ilmiy maqola” , “Eng faol xalqaro konferensiya ishtirokchisi” kabi nominatsiyalarning g'oliblari bor.
Tadbirda so'z olgan ustoz-o'qituvchilar, bu yil talabalikka qabul qilingan yoshlarning ota-onalari tomonidan e'tirof etilganidek, Chirchiq davlat pedagogika institutida bugun yoshlarning jamiyatimizga yetuk pedagogik mutaxassislar bo'lib yetishishlari yo'lida yuksak tamal toshi qo'yilmoqda.
H.Qodirov.