132 mingdan ortiq xotin-qiz ishsiz…

Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar o'rtasida huquqbuzarlik va turli jinoyatlar sodir etilayotgani haqidagi xabarlarga ko'zimiz tushadi. Bugungi ochiqlik, shaffoflik siyosati tufayli ular haqida aniq ma'lumot berib borilmoqda va shu bois ham jinoyatlar soni ko'paygandek tuyuladi. Buning sababi esa ko'pincha bekorchilik, mablag' yetishmasligi va boshqa bir qancha vajlarga taqalishi ham ayon.

Xo'sh, bunday noxush holatlarning oldini olish uchun tegishli organlar qanday choralar ko'rmoqda?

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida IIV Axborot xizmati tashkil etgan “Xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar o'rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga qaratilgan chora-tadbirlar” mav­zuidagi matbuot anjumanida shu kabi ko'pgina masalalarga e'tibor qaratildi.

— Avvalo, shuni ma'lum qilish kerakki, shu yil iyul oyidan boshlab respublika, viloyat, tuman (shahar) ichki ishlar organlari tizimida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo'yicha 360 ta inspektor shtati joriy etildi, — deydi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig'i Baxtiyor Berdialiyev. — Bu esa xotin-qizlarning ijtimoiy-siyo­siy faolligini oshirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini to'laqonli ta'minlash, onalik va bolalikni har tomonlama qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga ko'maklashadi. Ana shu hamkorlikdagi ishlar natijasida o'tgan vaqt mobaynida respublika bo'yicha 5624 nafar xotin-qiz ishga joylashtirildi, 4807 nafariga moddiy va ijtimoiy yordam ko'rsatildi. 2944 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yishda ko'maklashildi. 1106 nafari ta'lim muassasalariga qaytarildi. 1500 nafari davolashga muhtojligi sabab tibbiy dispanserga, 271 nafari esa “Zo'rlik ishlatishdan jabr ko'rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o'z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari”ga yuborildi. Natijada, ular tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 32, 8 foizga kamayishiga erishildi.

Voyaga yetmaganlar ishtirokida sodir etilgan jinoyatlar 32,2 foizga kamaygani ham jamoatchilik vakillari bilan hamkorlik natijasi ekani ta'kidlandi.

Anjumanda berilgan ma'lumotga ko'ra, ayni paytda yurtimizda 132 mingdan ortiq xotin-qiz ishsiz. (Aslida bu raqam tegishli idoralar orqali ish izlab ro'yxatga olinganlar bo'lsa kerak. Chunki yurtimizda ishsiz xotin-qizlar soni aniq tahlil etilsa, yanada katta raqamlarni tashkil etsa ajab emas. X.A.). Demak, yangi tashkil qilingan xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo'yicha inspektorlar va boshqa tegishli tashkilotlar hamkorligidagi tadbirlarni yanada kuchaytirish, samaradorligini oshirish bo'yicha zarur choralar ko'rish lozim.

X. Ahmadjonova.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + 7 =