Qachongacha ma'naviyatga befarq bo'lamiz?

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi keng qamrovli ma'ruzalarida jumladan, sud-huquq islohotlari,  jamoatchilik nazorati haqida so'zlab  ommaviy axborot  vositalarini esa “jamiyat ko'zgu”siga aylantirish yuzasidan xalqchil fikrlarni aytib o'tdilar.

Ammo ming taassufki, bugungi kunda yurtimizdagi ayrim yirik tashkilot va muassasalarda hali hamon OAV bilan ishlash, hamkorlik qilish o'ta qoloqligicha qolmoqda. Ulardagi  ijro intizomi va nazorati borasida qilinayotgan ishlar hozirgi yangi O'zbekiston sharoitida qoniqarli emasligini “O'zbekneftgaz” aksiyadorlik ja­miyatining matbuot idoralariga yuborayotgan  yuzaki javob xatlaridan ham anglash mumkin. “O'zbekneftgaz” AJ va shunga o'xshash tashkilotlarda  matbuot, ma'naviyat va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga befarqlik oqibatida hududlarimizdagi ularga tegishli ob'yektlar va ular bilan hamkorlik qiluvchi shoxobchalarda yechimini kutib yotgan muammolar qalashib yotibdi. Bu muammolarning negizida kerak bo'lsa, bilimsizlik, kitob o'qimaslik va OAVlariga, demakki, ma'naviyatga, ma'rifatga be­farqlik ham sabab bo'lsa, ne ajab.

Yurtimizdagi yirik idora bo'lmish “O'zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi o'rinbosari Ulug'bek Ashurov  imzosi bilan №08-33-61 sonli 2019 yil 12 dekabrda tahririyatimizga yo'llangan xatda ham aynan  ma'naviyatga befarqlikni ko'rishimiz mumkin. Unda jumladan shunday de­yiladi: “2020 yil uchun obuna ishlarini tashkil etishda “O'zbekneftgaz”AJ tomonidan bugungi kunda zaruriyat yo'qligini ma'lum qilamiz”. Qiziq, shunday yirik tashkilotda “ma'naviyatga zaruriyat yo'q” ekan,  demak sohadagi muammolar  ham kelgusida yana ayni paytdagidek davom etaverar ekan-da! Qachongacha ma'naviyat va ma'rifat masalasiga befarq qaraymiz, janob Ashurov…lar?

O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi mutasaddilari tomonidan yo'llangan javob xatida esa butunlay boshqa — yorug' manzara. Qo'mita tomonidan tahririyatga kelgan xatda 2020 yil uchun obunani tashkillashtirish, bojxona faoliyatini matbuot  sahifalarida keng targ'ib qilish  orqali ommaga yetkazish, hamkorlik ishlarini yangi bos­qichga ko'tarish yuzasidan bahamjihatlikda ishlashga tayyor ekanliklari bayon etiladi.

Ha, hamma narsa odamning o'ziga bog'liq. Qaysi tashkilot, qaysi idora bo'lmasin, o'sha joydagi rahbarning neki bo'lsa, munosabatiga bog'liq, albatta. Bahona topaman desang, hamisha topsa bo'ladi deganlaridek,  aytaylik, ish olg'a ketmasa, u bahona, gaz yetkazib berilmasa, bu bahona, gaz bosimi pasayib ketsa, sovuq bahona… bo'laveradi-da.

Shunday ekan, “O'zbekneftgaz”dagilar gazeta o'qishga zaruriyat yo'q deb turishgach, biz nima ham deya olardik?!

Mayli, “zaruriyat bo'lmasa” nachora? Yana “obuna majburiymi?” deya yoqamizdan olishmasin. Aslo, unday emas. Majburiy emas. Biz faqat shunchaki bir narsaga “O'zbekneft­gaz”ning yuqorida tilga olingan javob xatidagi “obuna ishlarini tashkil etishda zaruriyat yo'q” de­yilganiga tushunmadik, xolos.

Hikmatullo Qodirov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 3 =