“Besh tashabbus – besh kitob” loyihasi asosida nashr etilgan asarlar keng ommaga taqdim etildi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 3 avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuv o'tkazganda milliy madaniyatimiz, adabiyot va san'atimizni rivojlantirish bilan bog'liq dolzarb masalalar, ularni hal etish yo'llari, bu borada ijodiy uyushmalar va davlat tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar haqida atroflicha fikr bildirgandi.
G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi qalami o'tkir ijodkorlarning to'plamlarini chiqarishda amaliy yordam berib keladi. Ushbu nashriyot ezgu ishlarning mantiqiy davomi sifatida “Besh tashabbus – besh kitob” loyihasini amalga oshirdi.
Prezidentning joriy yilda Sirdaryo hamda Namangan viloyatlariga qilgan amaliy tashrifi davomida mazkur hududlardagi tuman va shahar kutubxonalariga bir necha yuz ming nusxada badiiy adabiyotlar yetkazilib, “Ma'rifat karvoni” tashkil etilgandi. Ushbu loyiha asosida yoshlar uchun 25 ming dona kitob, 80 turdagi sport jihozlari va musiqa asboblari yetkazib berilgandi. Mazkur 5 tashabbus keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingani sir emas. Endilikda ushbu tajriba yurtimizning barcha hududlarida keng joriy qilinmoqda.
Turli ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi dunyo manzaralarida yoshlarimizning ma'naviy immunitetini kuchaytirish, ularning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish har qachongidan ham dolzarbroq ekanini zamonning o'zi ko'rsatib turibdi. “Besh tashabbus – besh kitob” doirasida chop etilgan kitoblar o'zining dolzarbligi bilan ham ahamiyatlidir. Zamonaviy adabiyotning peshqadam yozuvchilaridan besh nafari bo'lgan Abduqayum Yo'ldoshevning “Qaydasan, mo''jiza”, Isajon Sultonning “Qoraqush yulduzining siri”, Zulfiya Qurolboy qizining “ Ayol”, Luqmon Bo'rixonning “Marhamatli kun”, Nazar Eshonqulning “Momoqo'shiq” kitoblari endilikda kitobxonlarning sevimli asarlari o'rnidan joy olishiga shubhamiz yo'q.
— G'afur G'ulom nashriyotida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Besh tashabbus — besh kitob” loyihasi asosida mening “Qoraqush yulduzining siri” nomida “Genetik”, “Boqiy darbadar” romanlarim va bir nechta hikoyalarim chop etildi.
Asarlar chop etilgunga qadar ko'p chig'iriqlardan o'tdi. Mas'ul muharrirlarning sinchkovlik bilan olib borgan ishlarini alohida aytib o'tish joiz. Kitoblarning besh tashabbus bo'yicha uyg'unlashtirish ishlari ham ko'p mehnatni talab qildi. Besh barmoqni yig'sangiz bitta musht bo'ladi deganlaridek, bizning ham maqsadimiz yoshlarni kitobxonlikka qaytarish va ma'naviyatini oshirishdan iborat. Endilikda ushbu kitoblar maktab va universitetlar, ijod maktablari va tashkilotlarda “ma'naviyat soatlari”da tanishtiriladi va targ'ib qilinadi, — deydi yozuvchi Isajon Sulton.
Feruza Rahimova,
“Hurriyat” muxbiri.