Bayram shukuhi kezmoqda
Mamlakatimizda Yangi yil bayramiga tayyorgarlik avjida. Xalqimiz 2019 yilni ko'tarinki kayfiyat bilan o'tkazib, 2020 yilni yaxshi niyatlar bilan qarshi olishga qizg'in taraddud ko'rmoqda.
25 dekabrdan 8 yanvargacha har kuni soat 11.00 dan 22.00 ga qadar davom etadigan bayramda bosh archa Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi va “Hyatt Regensu” mehmonxonasiga tutash maydonga o'rnatildi.
Toshkent shahar hokimligi ma'lumotlariga ko'ra, Bosh archa jozibasini oshirish maqsadida unga 45 ming o'yinchoq, rang-barang chiroqlar ilindi. Maydon atrofidagi daraxtlar, devorlar ham rangli chiroqlarga burkandi. Turli dekoratsiyalar o'rnatilmoqda. Bu yerda asosiy bayram tadbirlarini o'tkazish uchun 2 ta sahna, attraksionlar hozirlanmoqda. 34 ta savdo shoxobchasi bo'ladi. Bosh archaning to'rt tomonida kichik archalar ham yasatildi.
Yangi yil bayrami poytaxtimizning barcha tumanlarida ham birdek ko'tarinki kayfiyat bilan nishonlanadi.
“Toshkent-Siti”ning qoq markazida 24 metr balandlikdagi archa o'zining noodatiy bezaklari, betakror manzarasi bilan yurtdoshlarimizda zo'r taassurot qoldirmoqda. Bayram arafasida bu yerga tashrif buyuruvchilarni kutilmagan sovg'alar kutmoqda.
25-26 dekabr kunlari Toshkent markazida Qorbobo va Qorqizlar sayli o'tkazilishi rejalashtirilgan. Yangi yil sovg'alar bilan yanada fayzli bo'ladi. Shu maqsadda bayram tashkilotchilari 27-29 dekabr kunlarini hazil va sovg'alar kuni sifatida nishonlashni maqsad qilgan.
Shuningdek, “Anhor-Lokomotiv” madaniyat va istirohat bog'ida, Algoritm dahasidagi “Roison Elektronics” korxonasida, “Xalqlar do'stligi” san'at saroyida, “Xumo arena” — muz saroyida, Mudofaa vazirligi Ma'naviyat va ma'rifat markazi (sobiq “Aviasozlar” saroyi) binosi oldidagi maydonda, Toshkent hayvonot bog'i oldidagi maydonda, Sergeli tymanidagi “Green rark” madaniyat va istirohat bog'i hydudidagi maydonda, “Ashxobod” sayilgohida, Mirzo Ulug'bek madaniyat va istirohat bog'ida, Bektemir tumani Madaniyat va aholi dam olish markazida, Yakkasaroy tumanidagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi binosi old maydonida Yangi yil bayrami tantanalari tashkil etiladi.
A. Sodiqov.