Ogahiyni eslab…
Xorazmda atoqli shoir, tarjimon, davlat va jamoat arbobi Muhammadrizo Erniyozbek o'g'li Ogahiy tavalludining 210 yilligi ijod bayrami sifatida keng nishonlandi. Urganch shahri va shoir tug'ilib o'sgan qadimiy Xiva zaminida xotira tadbirlari o'tkazildi.
Alloma ulug' mutafakkir Alisher Navoiy bobomizdan keyin turk zaminining eng taniqli va sermahsul namoyandasi maqomida e'tirof etilgan. Uning davlat va xonlik tuzumi yumushlari ostida kechgan hayoti va ijodi voha qalamkashlari yaratgan asar hamda risolalarda tarannum etilgan. Taniqli shoir va dramaturg Qurbon Muhammadrizo shoirning tavallud sanasiga bag'ishlab yana bir sahna asarini yaratdi. “Ogahiy” deb nomlangan mazkur musiqali drama ana shu muborak sana arafasida viloyat teatri ijodkorlari tomonidan muxlislarga taqdim etildi.
Ijodiy jamoa ushbu marosimga puxta hozirlik ko'rdi. Asar ruhi va mazmun-mohiyatiga mos sahnalar, ko'pdan-ko'p tasviriy bezaklar, dekoratsiya namunalari, maxsus liboslar yaratildi. San'at dargohi rahbari Dinora Ibrohimova, bosh rejissyor Azimboy Otajonov rahbarligida sahnalashtiruvchi rejissyor Alisher Yo'ldoshev hamda boshqa ijodkorlarning izlanuvchanlik iqtidori bois yana bir mukammal dramatik asar sahna yuzini ko'rdi va teatr repertuaridan o'rin oldi.
Buyuk shoir va qomusshunos alloma Ogahiy bobomizning sahnadagi hayoti va ijodi iste'dodli aktyor Otabek Egamov tomonidan ta'sirchan tarzda talqin qilingan. Asar ayni paytda teatrning yangi yil hamda keyingi tomoshalari va gastrol safarlari rejasidan ham joy oldi.
Abdulla Sobirov,
“Hurriyat” muxbiri.