Barcha islohotlar negizida adolat aks etmoqda

Biror voqea hayotingizni tubdan o'zgartirishiga, ayniqsa, ijobiy tomonga o'zgartirishiga ishonsangiz, uni intizorlik bilan kutasiz.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining parlamentga qiladigan Murojaatnomasi ham o'tgan davr mobaynida shunday voqelikka aylandi.

Ahamiyatlisi, ushbu Murojaatnomani nafaqat parlament a'zolari, mahalliy kengash deputatlari, ijro hokimiyati, ziyolilar, balki butun xalqimiz, barcha-barcha kutadigan bo'ldi. Chunki ular har yili davlat rahbarining parlamentga murojaatida o'z hayotini yaxshilashga oid yangi fikr, yangi g'oya, yangi tashabbuslar yangrashini bilishadi.

Bu yilgi Murojaatnomaning o'tgan yillardagisidan asosiy farqi — ushbu Murojaatnoma yangi parlament va yangi hukumatga yo'llandi va mazmunan, nafaqat 2020 yilni, balki kelgusi 5 yillikni qamrab olganidadir.

Murojaatnomani tinglaganlar kutilgan umidlaridan ziyodroq narsalarni oldi, deb o'ylayman. Chunki unda bir qator tarixiy tashabbuslar yangradi.

Jumladan, oliy ta'limga qabul kvotalarini doimiy  ravishda oshirib borish, kirish imtihonlarini soddalashtirish, davlat grantini ikki baravarga ko'paytirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlar uchun byurokratik to'siqlarni bartaraf etish, dorilarning elektron reestrini yaratish, o'qituvchi va shifokor maqomini yanada mus­tahkamlash va ularning oylik ish haqlarini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, ichki ishlar organlarini xalqona tizimga aylantirish kabi taklif-tashabbuslar barcha-barcha yurtdoshlarimizni yuragigacha yetib bordi, desak, mubolag'a bo'lmaydi.

Yuqorida tilga olingan muammolar biz saylovlar arafasida partiya Saylovoldi dasturini shakllantirish jarayoni va saylovoldi uchrashuvlarida xalqimizni ancha yillardan beri qiynab kelayotgan muammolar ekanligiga guvoh bo'lganmiz. Shuning uchun bir qator muammoli masalalarni partiya Saylovoldi dasturiga kiritib, ustuvor vazifamiz sifatida belgilab olgan edik. Bugun yuqori minbardan turib yana bir bor ushbu masalalarga e'tibor qaratilgani va yechimlari ko'rsatib berilgani bizni quvontirishi bilan birga zimmamizga alohida mas'uliyat ham yuklaydi. Demak, endi Murojaatnomada ko'rsatib berilgan vazifalar bekamu-ko'st bajarilishi va uning ijrosini nazorat qilish bo'yicha fraksiya va joylardagi mahalliy Kengash deputatlarimizdan alohida mas'uliyat talab etiladi.

Prezident nutqida alohida diqqatimizni tortgan yana bir masala borki, bu “propiska” masalasidir. Ushbu muammo uzoq yillardan beri ko'plab fuqarolarimiz va jamoatchilikning haqli noroziligiga sabab bo'lib kelayotgan edi. Aynan shu sabab partiya Saylovoldi dasturiga “propiskadan o'tish” tizimiga yangicha yondashish, fuqarolarimizning o'z xohish-istaklaridan kelib chiqib, doimiy yashash joyini o'zi belgilash huquqini ta'minlovchi huquqiy asosni bosqichma-bosqich takomillashtirib borish” masalasi kiritildi. Saylovoldi debatlarda, uchrashuvlarda raqib partiyalar tomonidan ushbu fikr yaqin yillar ichida yechimini topmasligi va saylovchilar ovozini olish uchun qilingan populistik chaqiriq, deganga o'xshash e'tirozlar ham bo'lgandi.

Bugun davlat rahbari tomonidan uzoq yillar davomida xalqimizni qiynab kelgan ana shu propiska degan adolatsiz tizimni bartaraf etish vaqti kelgani ta'kidlangani ko'pchilikning ko'nglidagi gap bo'ldi.

Joriy yilga “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivoj­lantirish yili” deb nom berilgani ham mamlakatimizning kelgusi 10 yillikdagi asosiy yo'nalishini belgilab beradi. Zero, ilm-fanni rivoj­lantirmasdan turib, yorqin kelajakni tasavvur etib bo'lmasligi ayni haqiqatdir. Kelajak farovon bo'lishini istar ekanmiz, iqtisodiyotni va barcha sohalarni raqamlashtirishga erishishimiz darkor.

Raqamli iqtisodiyotni va texnologiyalarni rivojlantirish sohalar rivojiga ta'sir etish bilan birga ko'plab sohalarda korrup­siyani bartaraf etishning samarali vositasi hamdir. Bu orqali biz mazkur illatning oqibati bilan kurashishni to'xtatib, uni keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlab, partiya dasturida belgilanganidek, ildizi bilan quritishga erishamiz.

Murojaatnomada qayd etilganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimizning navbatdagi islohotlar davrining eng asosiy yo'nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bejizga Prezidentimiz “Bu illatni yo'qotmasdan turib oldimizga qo'ygan birorta vazifani bajara olmaymiz”, deya ta'kidlamadi. Endilikda mazkur “oyog'imizdagi kishan”ga qarshi so'zda emas, amalda jiddiy kurash boshlanmoqda. Bu kurashga mas'ul qilib avvalgidek, turli idoralar yoki jamoatchilik asosidagi komissiyalar emas, alohida, kuchli organ belgilandi. Parlament oldiga ham sohaga oid qonunchilik bazasini takomillashtirish vazifasi qo'yildi.

Bu borada O'zbekiston “Adolat” SDPning ham o'z takliflari va dasturiy yo'nalishlari bor. Ma'lumki, mazkur illat bilan kurashishni faqatgina davlat organlariga yuklab qo'yish bilan kerakli natijaga erishib bo'lmaydi. Bunda eng asosiy vosita, yechim, kurashga keng jamoatchilikni, fuqarolarimizni, xalqimizni faol jalb qilish lozim bo'ladi. Buning uchun, avvalo, mazkur masalalarni qonunchilikda aks ettirish kerak.

Umuman olganda, jamoatchilikni islohotlarda harakatlantiruvchi kuchga aylantirish Murojaatnomaning bosh g'oyalaridan biri bo'ldi, desak aslo adashmaymiz. Endilikda, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg'otadigan o'ta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini o'tkazish majburiyligining aniq belgilanishi qayd etildi.

Murojaatnomada ilgari yuksak minbarlarda yangramagan yana ko'p­lab tashabbuslar, g'oyalar, vazifa­lar ilgari surildi. Ulardan har birining to'liq ijrosini ta'minlash, hayotga tatbiq etish natijasida mamlakatimiz taraqqiyoti yanada jadallashuviga erishiladi.

Eng asosiysi, farovon hayot, rivojlangan O'zbekiston biz uchun endi uzoq kelajak emas, balki qilinayotgan ishlar, olib borilayotgan islohotlar orqali biz buyuk kelajakka tobora yaqinlashmoqdamiz. Buni xalqimiz ham ich-ichidan sezmoqda, ertasi farovon bo'lishiga ishonmoqda. Bizning asosiy vazifamiz esa belgilangan vazifalarning to'liq ijrosini ta'minlash orqali ana o'sha ishonchni oqlashdan iborat.

Narimon Umarov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri

o'rinbosari.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 + 20 =