Koronavirus – “To'xta!”
Hozircha o'lat keltiruvchi kasallikni davolashda vaksina ishlab chiqarish ustida ish olib borilmoqda. Xabarlarga ko'ra, Fransiyada, Tailandda vaksina topilgani haqida ma'lumotlar bor.
Ma'lumotlarga qaraganda bugunga kelib Xitoyda koronavirus bilan kasallanganlar soni 20438 ming kishidan oshdi. Ba'zi manbalarda esa bu raqam ikki-uch barobar ko'p aytilmoqda. 425 dan ortiq bemor ushbu dard tufayli vafot etgan. Achinarlisi, koronavirus bilan og'riganlar Tailand, Yaponiya, Janubiy Koreya, Vyetnam, Singapur, Nepal, Malayziya, Avstraliya, Fransiya, Germaniya, Finlandiya, Kanada va boshqa davlatlarda ham aniqlangan. Xitoy hukumati Uxan shahrini izolyatsiyalangan shahar deya e'lon qilgan bo'lsa-da, yangi turdagi pnevmaniya bilan kasallanish holatlari Xitoyning deyarli barcha hududlarida qayd etilmoqda. Koronavirus sabab Uxan shahrida bo'lib o'tishi lozim bo'lgan yozgi olimpiada saralash musobaqasi bekor qilindi.
Kasallik alomatlari
— Koronavirus yangi kasallik bo'lib, shu paytgacha biror mamlakatda kuzatilmagan. Dunyo olimlari tomonidan bu kasallikning kelib chiqish sabablari va klinik belgilari, davolash bo'yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda, — deydi Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori, O'zbekiston Bosh davlat sanitariya vrachi Bahrom Almatov. — Bemorlarning ko'pchiligi tana haroratining yuqoriligi hamda nafas olishning qiyinlashishidan shikoyat qilgan. Ko'krak qafasining rentgenografiya xulosasiga ko'ra, ayrim holatlarda bemorlarning o'pkalari shikastlanganligi ma'lum bo'lgan.
Koronavirus, asosan, infitsirlangan hujayralar sitoplazmasida ko'payadi. Shu paytgacha infeksiya hayvonlardan yuqishi taxmin qilingandi. Afsuski, ushbu kasallik odamdan-odamga, so'zlashuv orqali yuqishi ham mumkin ekan. Hozirda bemorlarni davolayotgan tibbiyot xodimlarining o'zlari mazkur kasallikni yuqtirib olganligi to'g'risida ma'lumotlar bor. Uxan shahrida o'tkazilgan epidemiologik surishtiruv natijalariga ko'ra, ayrim kasallangan bemorlar mahalliy dengiz mahsulotlari savdo bozorida ishlaganligi ma'lum bo'lgan.
Hozircha o'lat keltiruvchi kasallikni davolashda vaksina ishlab chiqarish ustida ish olib borilmoqda. Xabarlarga ko'ra, Fransiyada, Tailandda vaksina topilgani haqida ma'lumotlar bor. Ammo amaliyotda hali sinab ko'rilmagan. Shuningdek, ushbu virusning antigenlari aniqlanib, AQSh va Rossiya ilmiy tekshirish institutlarida vaksina ishlab chiqarish ustida ish olib borilayotgani aytilmoqda.
Oldini olish choralari
— Bu kasallik yurtimizga kirib kelishining oldini olish uchun biz barcha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz, — dedi Bahrom Almatov OAVlari bilan bo'lgan muloqotda. “Uzbekiston Airports” AJ hamda “O'zbekiston temir yo'llari” AJ tibbiy-sanitariya xizmati tomonidan davlat chegarasini, ayniqsa, Xitoyni kesib o'tgan shaxslarning yuqori sifatli tibbiy monitoringini amalga oshirish choralari ko'rilmoqda.
Birinchi navbatda, havo yo'llari orqali kelayotganlar tibbiy ko'rikdan o'tkazilib, ularning tana harorati o'lchanmoqda. So'ng respublikamiz hududiga kirishga ruxsat etiladi. Agarda ularda kasallik simptomi aniqlansa, aeroportda izolyatsiya qilinib, tez tibbiy yordam mashinasida Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida maxsus maxfiy bokslarga joylashtiriladi.
Undan tashqari, 37 ta chegara bojxona postlarimiz orqali fuqarolar kirib keladi, u yerdagi sanitar karantin punktlarda xodimlarimiz faoliyat yurityapti, ularning barchasi maxsus tayyorgarlikdan o'tgan.
Jahonda kasallik avj olganligi sababli ko'plab mamlakatlar: AQSh, Janubiy Koreya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Singapur, Italiya, Kanada, Pokiston, Rossiya, Qirg'iziston va boshqa davlatlar Xitoy bilan vaqtinchalik avia qatnovlarni bekor qildi.
Yuqorida Xitoydan kelayotgan mehmonlar chegaraning o'zida, tana harorati o'lchanib, respublikamizga kiritiladi deyilsa-da, muammoning yana bir jihati borki, grippning inson tanasida inkubatsion davri bo'ladi, ya'ni bemor virusni yuqtirgandan keyin 2-3 kun o'tib isitmalashni boshlaydi, 14 kun ichida virus o'zini to'la namoyon etadi. Chegarada tibbiy ko'rik nazoratidan o'tganlar, uyiga kelgandan so'ng tana harorati ko'tarilsa-chi? — degan savol tug'ilishi tabiiy. Ushbu savolga B.Almatov quyidagicha javob berdi:
— Albatta, kasallikning yashirin davri bo'ladi, koronavirusni yuqtirgan bemorda alomatlari 5 kun o'tib ko'rinadi. Shunday paytda, tibbiy nazoratda aniqlanmay, keyin gumon qilinsa, ular tezda tibbiy muassasalariga murojaat qilishlarini so'raymiz.
O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov matbuot anjumanida shunday dedi:
— Eng asosiysi Xitoyga, shuningdek, zarurat bo'lmagan taqdirda boshqa xorijiy davlatlarga ham vaqtincha bormaslik kerak. Bugunga kelib ushbu kasallik bilan og'riganlar dunyoning ko'pgina davlatlarida borligi ommaviy axborot vositalari orqali ma'lum qilinmoqda. Koronavirus bo'yicha yuzaga kelgan murakkab epidemik vaziyat dunyo miqyosida xavfli tus olayotgani hammani xavotirga solmoqda. “O'zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo'yicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish to'g'risida” Prezident farmoyishi qabul qilingan. Shunga asosan Uzbekistan Airways kompaniyasi epidemiya sababli Xitoyga (Pekin va Urumchi) doimiy aviaqatnovlarni to'xtatdi. Maxsus charter reyslar orqali Xitoydan u yerda bo'lib turgan yurtdoshlarimiz vatanga olib kelindi.
Virusni “To'xta!” degan amr bilan to'xtatib qo'yib bo'lmaydi. To'xtatguvchining amrini esa butun dunyo yurak hovuchlab kutib turibdi.
Nargiza Bobomurodova,
“Hurriyat” muxbiri.