Hayotingiz xavfda qolmasin

Kunlar sovishi bilan ommaviy axborot vositalarida is gazidan zaharlangan yurtdoshlarimiz haqidagi ma'lumotlar, xabarlar ko'paydi. Mudhish tarqatmadan bir qalqib olsak-da, negadir u qadar parvo qilmaymiz. Is gazidan saqlanish uchun yetarli sharoit yaratishga esa shoshilmaymiz…

Is gazi va  boshqa favqulodda  holatlarning oldini olish maqsadida tegishli mutasaddi tashkilotlar tadbirlar, uchrashuvlar o'tkazmoqda. Shunday tadbirlardan biri O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va omma­viy kommunikatsiyalar agentligida “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish oyligi”ga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'ldi.

Anjumanda Favqulodda vaziyatlar, Sog'liqni saqlash, Uy-joy-kommunal xizmat ko'rsatish vazirliklari, “Hududgazta'minot” AJ, Davlat soliq qo'mitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitalari, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo'llari qo'mitasi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

— Havo sovushi bilan aholi nostandart gaz qurilmalaridan ham foydalana boshlaydi. Shuningdek, uyda qo'lbola uskuna konservalangan mahsulotlarni iste'mol qilish ko'payadi. Natijada, zaharlanishning og'ir holatlari xavf solishi kuzatilyapti. Bunday holatlar esa bizdan fuqarolarimiz salomatligi muhofazasi yo'lida amaliy tadbirlarni tashkil etishni taqozo etadi, — dedi  FVV Matbuot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayev.

— Har yili mavsumda OAV orqali ma'lumotlar berib borishimizga qaramay, fuqarolarimiz gazdan foydalanish qoidalarini unutadilar. Is gazi (SO) rangsiz, hidsiz, zaharli birikma bo'lib, tabiiy gaz, yoqilg'i, ko'mir, o'tin cho'g'lari to'liq yonmasligi oqibatida hosil bo'ladi, — deydi «Hududgazta'minot» AJ Sanoat xavfsizligi boshqarmasi boshlig'i Shonazar Ahmedov. — Is gazidan zaharlanmaslik uchun, birinchi navbatda, isitish mavsumi boshlanishi oldidan pechlar, qozonxonalar, suv isitish qurilmalarining sozligi, mo'rilarning tozaligiga e'tibor qaratish zarur. Qo'lbola yasalgan isitish moslamalaridan foydalanish mutlaqo mumkin emas, shu bilan birga, tabiiy gazdan foydalanishda rezina shlanglar, gaz so'rg'ichlarini ishlatish yaramaydi.

— Ovqatdan zaharlanishning eng og'ir shakli botulizm bo'lib, uni qo'zg'atuvchi mikrobi havoda keng tarqalgan va uzoq muddat tuproqda spora holatida saqlanib qoladi. Bu mikrob tez ko'payadi. Masalan, uy sharoitida sabzavotlardan konserva tayyorlash qoidasiga rioya qilinmaganda mikrobning urchishi kuzatiladi. Unga oshqozon shirasi ta'sir qilmaydi, rivojlangan mikroblar o'zlaridan ilon zahridan bir necha yuz marta kuchli toksin (zahar) ishlab chiqaradi. Botulizm og'ir kechadigan kasallik. Unga chalinganda o'lim ko'rsatkichlari yuqori bo'ladi. Shu bois ham uning oldini olish choralarini ko'rish shart. Muhimi, ushbu kasallikni gripp singari emlab yoki dizenteriya singari antibiotiklar bilan davolab bo'lmaydi, — deydi FVV Matbuot xizmati boshlig'i Murod  Sodiqov.

Qisqasi, hayotimizga xavf soladigan bunday omillarning oldini olish uchun yetarli ma'lumotga ega bo'lishimiz darkor. Yana ushbu tadbirdan shu narsa aniq bo'ldiki, hukumat va tegishli idoralar aholi xavfsizligi hamda tinchligini ta'minlash uchun har qancha harakat qilmasin, avvalo, fuqarolarning o'zlari tegishli tushunchalarga ega bo'lishi juda muhimdir.

Feruza Rahimova

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × two =