Shohsupadagi chempion
Jahon shohsupasida O'zbekiston bayrog'ining hilpirashi qalqitib yuboradi odamni. Ayniqsa, bayroq — O'zbekiston o'g'loni Murodjon Ahmadaliyevdek mard va jasur chempionlar qo'lida bo'lsa… Va yana u ko'targan bayroq butun dunyo nigohini O'zbekistonga qaratsa…
Poytaxtimizdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov ishtirokida bo'lib o'tgan tantanali marosim ana shu jahon shohsupasidagi sururning davomi o'laroq kayfiyat uyg'otdi. Mazkur anjuman Mayami shahrida (AQSh) professional boksning yarim yengil vazni toifasida g'oliblikni qo'lga kiritgan Murodjon Ahmadaliyevni taqdirlashga bag'ishlandi.
Prezidentimizning tegishli farmoniga ko'ra, yurtimiz boks sporti tarixida ilk bor WBA va IBF yo'nalishlarida chempionlik kamarini o'ziniki qilgan, sportda mislsiz natijalarga erishgan, boks bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi a'zosi Ahmadaliyev Murodjon Qahhor o'g'liga “O'zbekiston iftixori” faxriy unvoni berildi.
Sportchimizga davlatimiz rahbari nomidan Toshkent shahridan uch xonali uy kaliti va “Chevrolet Tracker” avtomobili topshirildi.
Bokschimizning g'alabasidan, davlat rahbarining ishonch va g'amxo'rligidan nafaqat sportchining ota-onasi, balki butun yurtdoshlarimizning quvonchi cheksiz. Axir farzanding bo'lsin, chempion bo'lsin-da!