«Boshqa futbol ko'rmayman deysan-u…»

Ammo… O'yin so'nggida negadir o'yinchilarimiz gazonga yotib olishdi, xuddi Tailand cho'qqisini zabt etganlar kabi. Yo o'zlarini alamzada ko'rsatishdimi? Axir, o'yindan ma'lum bo'ldi-ku, Avstraliya jamoasi uchinchi o'ringa loyiq o'yin ko'rsatmadi, futbolchilarimizning “nazokatli” o'yini evaziga g'olib bo'lishdi.

Tailandda bo'lib o'tgan U-23 Osiyo chempionati nihoyasiga yetdi. O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi musobaqani «S» guruhida boshlab, guruhdan chiqishni amallagandi. Ammo…

Maqsadga erishish juda-juda qiyin ekan. Ayniqsa, futbolchilar saviyasi o'zgarmasa…

Chunki, futbolchilarimiz nimagadir bir-birini tushunmay harakat qilishdi. Go'yo murabbiy shu turnir oldidan ularni ko'chadan yig'ib kelgandek taassurot qoldirdi. Xususan, himoyachilar va yarim himoyachilarimiz umuman ikki jamoaning o'yinchilaridek to'p surishdi.

Markaziy yarim himoyadagi bo'shliq yaqqol “ochildi”. Markaziy himoyada harakat qilayotgan Aziz G'aniyev mashg'ulotlarda tepki yegan shekilli, hatto to'pga tegishdan “qo'rq”di. Abdulla Abdullayev esa maydonda nima qilib yurganini o'zi ham bilmadi-yov. Ayniqsa, ba'zi holatlarda o'z darvozasi qaysi tarafda ekanini ham “unutib” qo'ygani chatoq bo'ldi. Bundan raqiblar mazza qildi. Hatto vaqti-vaqti bilan gol ham urib olishdi.

To'g'ri, eronliklar ham bizga qarshi o'yinda bitta to'p kiritish bilan kifoyalanishdi. Lekin bu himoyachilarimizning yaxshi o'ynagani yoki darvozabonning mahorati natijasi emas. Shunchaki eronlik futbolchilar qulay vaziyatlardan foydalana olishmadi.

Bizningcha, bosh murabbiy Lyubinko Drulovich, avvalo, eronliklarga qarshi o'yinda taktika tanlashda xato qildi. Ammo keyingi o'yinlarda ham taktikasi o'zgarmadi. Bunisiga nima deylik?

Natijada eronliklar sharofati bilan guruh bahslaridan chiqib oldik. Yana ammo demasdan iloji yo'q, baribir yana o'sha uchlik — A.G'aniyev, A.Abdullayev, J.Yaxshiboyev, maydonda yo ular to'pdan qochib o'ynadi, yo to'p ulardan qochib yurdi. Nima bo'lganda ham asosiy ishni bajarishi kerak bo'lgan o'yinchilar maydonda “ko'rinmadi”.

Futbolchilarimizda maqsad yo'qmi?

“Paxtakor” klubining serbiyalik futbolchisi Dragan Cheran xorij OAVsiga bergan intervyusida shunday dedi:

— O'zbekiston terma jamoasiga Ektor Kuper taklif qilindi. U mentalitetni o'zgartirishga urindi, ammo befoyda… O'zbek futbolchilarida maqsad yo'q, tez taslim bo'lishadi va katta bahslardan qo'rqishadi.

Nahotki! Afsuski, Tailandda ko'rsatgan saviyamiz buni isbotladi.

Nosir Sherboyev, jurnalist:

— O'yinchilarimizda barqarorlik yetishmaydi. O'yinni ko'rib “hozir gol uramiz”, deb turganing­da, navbatdagi mag'lubiyat yana ko'ngilni xira qiladi. Endi bosh­qa futbol ko'rmayman deysan-u, Vatan bor-da, uning sha'ni bor-da…

O'yindagi o'zgarish…

Guruh bosqichidagi nursiz o'yindan to'g'ri xulosa chiqargan jamoa maydonda raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. BAA jamoasini 5:1 hisobida mag'lub etishdi. Nafaqat futbolchilar, balki butun O'zbekiston jonlandi. “O'ynasa bo'larkan-ku!”

Bundan tashqari, BAA bilan bo'ladigan bahsdan avval “Nasaf” va “Bunyodkor” futbol klublari bosh murabbiylarni Tailandga taklif etilishi va o'z shogirdlarini ruhlantirishlari ham o'z natijasini berdi, albatta.

Bir qadam qolganda…

Albatta, Saudiya Arabistoni jamoasi qit'amizda nufuzli o'rinlarda turadi. Lekin biz ham chakana emasmiz, Osiyo reytingida o'zimizga yarasha hurmatimiz bor. Ammo… Eh, shu ammo bo'lmasa nima qiladi…

Yana o'sha eski o'yin, maydondagi pala-partish harakatlar boshlandi. Saudiyaliklar o'z o'ljasini kutayotgan sherdek, avvaliga nafas rostlashdi, so'ngra jamoamizni “titib” tashladi. Alamli mag'lubiyat: 0:2. Raqib foydasiga. Eh yigitlar, Tokioga bir qadam qolgandi-ya!

Lekin uchinchi o'rin uchun bo'ladigan bahsda o'zbekistonlik muxlislarning umidi so'nmagandi, axir Avstraliya ham hali biron marta olimpiadaga chiqmagan. Ular ham “zo'r” emas. Ammo…

Olimpiyachilarimizning yarim final va uchinchi o'rin uchun o'tkazgan o'yinlari barchamizning, to'g'risi, hafsalamizni “pir” qildi.

Saudiya Arabistoni bilan kechgan yarim final o'yinning birinchi bo'limida futbolchilarimiz ancha mazmunli o'yin namoyish etishdi. Yaqqol golga tortadigan vaziyatlar uch marotaba tashkil etildi. Bundan foydalanishda esa hujumchilarimizda malaka, tajriba yetishmadi. Xususan, Bobur Abduxoliqov ikki marotaba bo'sh qolgan darvozaga to'pni kiritolmagani asablarni junbushga keltirdi.

Axir, bunday vaziyatlardan maktab o'quvchisi ham bemalol gol ura olardi. Shu hujumchini negadir murabbiy vaqtliroq almashtirmagani, Bobur jamoada mustahkam ildiz otganmi, yo undan boshqa “jonli” hujumchi yo'qmi, degan fikr kelaveradi odamga.

Qolaversa, saudiyaliklar biz kutganchalik xavfli raqib emas edi. Shu kuni ular o'yinda ham yaqqol ustunlik qilganlari yo'q. Futbolchilarimizning shoshma-shosharligi, o'yinga tayyor emasligi mag'lubiyatimizga sabab bo'ldi. Ros­ti, Jasurdan Missi, Azizdan Roberto, Boburdan Ronaldu chiqishiga yuzlab qovun pishig'i borga o'xshaydi…

Bundan tashqari, murabbiyga “qoyil” qoldim, har safar bir xil tarkib, bir xil taktika, bu bilan nimani isbotlamoqchi bo'ldi? Axir, bu sizga tajriba maydoni emasdi, Tokio olimpiadasi sari ochilayotgan yo'l edi! Afsus…

Uchinchi o'rinni egallash degani so'nggi imkoniyat edi. “Tokio-2020” o'yinlariga beriladigan yo'llanma taqdiri edi. Chunki har safar olimpiyadaga bir qadam qolganda “qoqilamiz”. 1996 yildan buyon ahvol shu. 24 yildan buyon-a!

Avstraliya olimpiyachilari bosh­qa sayyoradan kelganlari yo'q. Shu kuni ular ham oddiy futbolchilar singari harakat qilishdi. Bir xil ko'rinishdagi hujumlar, to'p oshirishlarini puxta o'rgangan avstraliyaliklar jamoamizning navbatdagi xatolaridan unumli foydalanishdi, xolos. Yo'qsa, ular hech bir jabhada bizdan ustunlik qilgani yo'q. Xususan, Islom Qobilovning bog'cha bolasidek harakati jamoamizni mag'lubiyatga uchratdi.

Ammo… O'yin so'nggida negadir o'yinchilarimiz gazonga yotib olishdi, xuddi Tailand cho'qqisini zabt etganlar kabi. Yo o'zlarini alamzada ko'rsatishdimi? Axir, o'yindan ma'lum bo'ldi-ku, Avstraliya jamoasi uchinchi o'ringa loyiq o'yin ko'rsatmadi, futbolchilarimizning “nazokatli” o'yini evaziga g'olib bo'lishdi.

“Og'zimizdagi osh”ni qachongacha oldiramiz, ey, Vatan sha'ni, ori uchun jasorati yetmayotgan futbolchilar! Sizlarga qachongacha ishonib, chuv tushaveramiz?! To'g'risini aytay, 1996 yilgi saviya 2020 yilda ham o'zgarmabdi, nachora, yana to'rt yil vaqtimiz bor, olimpiada sari tayyorlanamiz, “shifo vaksinasi” o'z ta'sirini o'tkazsa ajabmas…

Jobir Xo'jaqulov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 2 =