Qoningiz nechanchi guruh? Tojdor virus qon saralayapti…
Xitoylik olimlar 2000dan ortiq bemorlarning qon tahlillarini olib tekshirishdi va ikkinchi guruhga mansub odamlarda koronavirus bilan kasallanish ehtimoli ko'proq ekanini aniqladilar.
Birinchi guruhdagi qon egalariga boshqalarga qaraganda ushbu infeksiya kamroq yuqayotgani tasdiqlangan. Tadqiqot natijalari “MedRxiv” elektron ilmiy kutubxonasida e'lon qilingan.
Hozirgi kunda dunyoda 182 mingdan ortiq koronavirus bilan kasallanish holati qayd etilgan, 7000dan ortiq kishi infeksiya qurboniga aylangan.
Koronavirus vaksinasi va 45 nafar ko'ngillilar
AQSh shifokorlari 16 mart kuni koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlarini boshladilar.
Ma'lumotlariga ko'ra, sinovlar Sog'liqni saqlash milliy institutlari va “Moderna” farmatsevtika kompaniyasi mutaxassislari tomonidan Sietldagi (Vashington shtati) tadqiqot markazlaridan birida o'tkazildi. AQShning aynan shu shtatida koronavirus infeksiyasi eng ko'p qayd etilgan. Agentlik ma'lumotlariga ko'ra, emlash “eksperimental dozasini oladigan 45 nafar sog'lom yosh ko'ngillilarda” sinovdan o'tkaziladi.
“Namunalarda virus mavjud emas, shuning uchun tadqiqot ishtirokchilariga virus yuqmaydi”, deyilmoqda. Shifokorlar ushbu testlar “kengroq sinovlarga o'tish uchun imkon yaratadi” deb umid qilishmoqda.
102 yoshli aktrisa hayot bilan vidolashdi
Fransuz aktrisasi va qo'shiqchisi Syuzi Deler vafot etdi. Mashhur aktirsa 102 yoshda qariyalar uyida dunyodan o'tdi.
Ta'kidlanishicha, aktrisa 1940 yillarda mashhurlikka erishgan. Unga “Qotil … №21 uyda yashaydi” filmidagi roli shuhrat keltirdi.
Shuningdek, “Yoqubning sarguzashtlari”, “Rokko va uning aka-ukalari”, “Xotin-qizlar tikuvchisi” kabi filmlarda o'ynagan rollari tomoshabinlar tomonidan sevib qabul qilingan. Fransiyada fashistlar istilosi davrida Myunxen va Berlindagi kinostudiyalarga taklif qilishgan. Bu uchun u urush tugagach, uch oyga ishdan chetlatilgan.
Neft narxi 31 dollargacha pastladi
Shimoliy Yevropaning yirik moliyaviy guruhlaridan biri Nordea Bank tahlilchilari fikricha, moliya bozoridagi qo'rquv tufayli neft narxi boshqa riskli aktivlar qatori keskin pastlab ketdi.
Neft narxiga bosim, shuningdek, OPEK + kelishuvini bozorda talab va taklif muvozanatini saqlash uchun uzaytirilmasligi bilan izohlanadi. 6 mart kuni OPEK + kelishuvining taraflari ikkinchi chorakda ishlab chiqarish hajmini pasaytirish to'g'risida kelisha olmadilar. Natijada, davlatlar 1 apreldan boshlab xomashyo qazib olish bo'yicha barcha cheklovlarni butunlay olib tashladilar.
Riskli aktivlar bozorida sotish nuqtai nazaridan, Brent markali neft narxlari kelgusi kunlarda bir barrel uchun 30 dollarga baholanishi mumkin, deya taxmin qilinmoqda.
Qochqinlarning arosatdagi 18-kuni
Evropa Ittifoqining g'arbiy qismiga chiqish umidida bo'lgan qochqinlar Turkiya va Gretsiya chegaralarini kesib o'tishda davom etmoqda.
Gretsiya hududiga kirishga muvaffaq bo'lganlar mamlakat ichkarisiga o'tib ketishgan. Gretsiya harbiylari qochqinlarni to'xtatish uchun suv to'plari, ko'zdan yosh oqizuvchi gaz va harbiy o'qlardan foydalanishda davom etmoqda. Ular tomonidan qochqinlarni yalang'ochlab kaltaklashlari, pul va telefonlarini tortib olib Turkiya hududiga qaytishga majburlash holatlari ko'p uchramoqda.
Qochqinlar Gretsiya rasmiylari chegarani ochishiga umid qilib, 18 kun davomida nazorat punktlarida kutib o'tiribdi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Angela Merkel qochqinlar bilan bog'liq vaziyat yuzasidan uch tomonlama uchrashuv o'tkazdi. Qochqinlarning ko'pi sammitning natijasi ularga Yevropa Ittifoqiga kirishga yordam beradi deb umid qilmoqda.
Internet xabarlari asosida G.Matyoqubova tayyorladi.