Vatan uchun jonin tikkanlar
“Vatan uchun jon fido!”
Yo'q, bu, shunchaki, rasmi mulozamat uchun tanlangan balandparvoz gap emas. Bu – Ikkinchi jahon urushi yillarining “ko'z ilg'amas janggohlari”da jasorat ko'rsatgan jasur o'zbek razvedkachilaridan biri — Sharif Shirinboyevning eng sevimli iborasi, eng qaltis vaziyatlarda taqdirini hal qilgan kalom, hayotida bir umr qat'iy amal qilib yashagan dastur.
Urushda erishilgan olamshumul g'alabaga O'zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining o'z Vatani, xalqi va burchiga sadoqatli minglab xodimlari ham beqiyos hissa qo'shgan. Ular Qurolli Kuchlarning askar va zobitlari bilan bir qatorda bosqinchilarga qarshi janggohlarda, dushman orasida va front ortidagi beayov kurashlarda yuksak jasorat namunalarini ko'rsatgan, ko'plab yuksak jangovar va davlat mukofotlariga sazovor bo'lgan.
Sharif Shirinboyev — ulardan biri. 1908 yili Samarqand shahrida xizmatchi oilasida tug'ilgan. Avval bu qadim shahardagi o'rta maktabda, keyin Farg'ona davlat pedagogika institutining tarix fakultetida tahsil olgan. Bir muddat shahardagi Bog'ishamol tuman sudida tergovchi bo'lib ishlagan. Yigirma to'rt yoshida davlat xavfsizlik tizimida faoliyatini boshlab, maxsus kurslarda bilim va ko'nikmasini oshirgan.
Otasi Abduqayum Shirinboyev Samarqand uezdi rahbarining tarjimoni bo'lib ishlagan, o'z davrining ma'rifatli odamlaridan edi. Bu o'g'lining hayotida muhim o'rin tutgani tabiiy.
Ajoyib suhbatdosh
Sharif Shirinboyev haqida menga O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining iste'fodagi polkovnigi, maxsus xizmat faxriysi Xudoyberdi Sohibov gapirib berdi.
Avval tanishaylik: polkovnik Xudoyberdi Sohibovning o'zi kim? Qanday odam?
“Kim?” Suhbatdoshim bir zum xayolga toladi-da, dadil javob beradi: “Xudoning oddiy bir bandasi. Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida tug'ilib o'sgan. Musiqa maktabida o'qigan. “Mendan Betxoven chiqmas ekan” deb, cholg'u ilmidan voz kechib, Muxtor Ashrafiyday atoqli bastakorning tanbehlarini eshitgan. ToshDU (hozirgi O'zbekiston Milliy universitet)ning sharqshunoslik fakultetida xorijiy tillarni o'rgangan. Nurotadagi qishloq maktabida bolalarga ingliz tilidan saboq bergan. So'ng xavfsizlik xizmatiga ishga taklif etilgan. Kontrrazvedka, razvedka kabi sohalar unga ham begona emas”.
Maxsus topshiriqlar bilan xorijga ham yuborilgandir, albatta?
“Ha, unaqasi ham bo'lgan. Shukrki, hammasidan yorug' yuz bilan qaytgan”.
Umrini maxfiy xizmat ishiga bag'ishlagan bu mohir mutaxassisni “Domla” deb atagim keldi. Mabodo, ilk uchrashuvimizdan avval, ko'cha-ko'y, to'y-ma'rakada baqamti kelib qolganimda ham, Xudoyberdi akaga hech ikkilanmay shunday murojaat qilgan bo'lar edim: “Domla!”
U, rostan ham, muallimga, aniqrog'i, boshlang'ich sinf o'qituvchisiga o'xshaydi. Juda odmi, lekin did bilan kiyingan, siyraklay boshlagan kumush sochlari silliq taralgan, kamtarin, kamsuqum. Farqi – uning yoshiga yetib, saksonni qoralab qolganida, aksariyat mardum, atoqli adibimiz aytganidek, “jag'iga suyanib qoladi”. Mening suhbatdoshim esa, aksincha, gapga o'ta xasis. “Grammlab gapiradi”. Har bir so'zini ming marta o'ylab, shoshilmasdan, tahlil tarozisiga solib aytadi. Tiliga pishiq, ajoyib suhbatdosh.
U urushdan keyingi, tinchlik-osoyishtalik yillarida Sharif Shirinboyevning suhbatlarini olgan. Xotiralaridan bahramand bo'lgan. Hayoti va faoliyatini astoydil o'rgangan.
“Men Sharif aka bilan o'tgan asrning 60-yillari oxiri, 70-yillarning boshida ko'p uchrashganman, — deb gap boshladi Xudoyberdi aka. — Fozil va zakiy odam edi. Boshqa hamkasblarim qatori men ham u kishidan ko'p maslahatlar olganman. Ustozimiz. Ayrim asarlarini, xususan, “Sharqdan esgan nasim” xotira kitobini qo'lyozmaligida o'qiganman. Afsuski, o'sha paytlarda uni chop etishning iloji bo'lmagan”.
Olov ichida
Bilamizki, fashistlar Germaniyasi Sovet Ittifoqiga 1941 yilning 22 iyunida hujum qilgan va bu qonli urush g'oyat uzoq — to'rt yil – fashistlar batamom tor-mor etilgunicha, 9 maygacha, davom etgan. Sharif Shirinboyev uchun esa suronli yillar bundan ancha oldin – 1937 yilning kuzagida boshlanganini ta'kidlash o'rinli.
O'sha yili u afsonaga asoslangan “Sharif Qayumiy” degan nom, shu nomga yarasha to'qilgan tarjimai holni diliga va hujjatlariga tugib, maxfiy topshiriq bilan Xitoyning Shinjon viloyatiga yuborilgan. Avvalo, yashirin faoliyatining mana shu – birinchi davriga to'xtalib o'tsak.
Bu paytda Xitoy tom ma'nodagi Yapon urushi olovi ichida qolgan, uning talay qismini Kvantun armiyasi ishg'ol qilib bo'lgan edi. 1931 yilning sentyabrida boshlanib, sakkiz yil davom etgan yapon-xitoy urushi davrida Chin yurtida 20 milliondan ortiq odamning yostig'i qurigan. Aslini olganda, Kvantun harbiylarining rejasi uch-to'rt oy ichida Xitoyni “saranjomlab”, keyin Shimolga qarab siljishdan iborat bo'lgani sir emas.
Bunday vaziyatda Sovet hukumati ham qo'l qovushtirib turolmasligi aniq edi. Xitoy xalqi bilan birdamligini izhor etib, bayonot beradi va 30-yillarda bu jabrdiyda mamlakatga harbiy texnika, qurol-yarog' va oziq-ovqatdan katta yordam ko'rsatadi.
Xitoy xalqining bosqinchilarga qarshi olib borgan qaqshatqich kurashi Yaponiyani holdan toydirgan va u sovetlar diyoriga hujum qilishga botinolmagan.
Dunyoning eng qadimiy davlatlaridan biri bo'lmish Chin yurtida o'sha yillari yapon, nemis fashistlari va ingliz razvedkasi o'z to'rini keng yoygan edi. Mamlakatda hokimiyat, jumladan, joylardagi mahalliy hokimiyat ham, turli xorijiy davlatlar tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgan goh u, goh bu siyosiy guruh qo'liga o'tar ediki, ularning o'zaro ayovsiz qon to'kishlari fuqarolar urushiga aylanib ketgan, bunday muhorabalar oqibatida Xitoy tubsiz jar yoqasiga kelib qolgan edi.
“Suhbatlarimizdan birida Sharif aka, rahmatli, xizmat yuzasidan o'tkazilgan tadbirlar asnosida o'zi guvoh bo'lgan qiziq bir kuzatishini hikoya qilib bergan edi, – deb gapini davom ettiradi polkovnik X.Sohibov. – Aytishicha, o'zaro hokimiyat talashayotgan isyonchi to'dalar rahbarlarining birining xonasidagi devorda Gitler, ikkinchisinikida Stalin, boshqasinikida Buyuk Britaniya bosh vaziri Cherchillning surati osig'liq turganini ko'rish mumkin ekan. Vaziyat shu darajada murakkab va chigal bo'lganki, qaysi guruh qanday maqsadda kurashayotganini na ichidan, na sirtidan aniq bilish, anglash oson emasdi. Xiyonat va xoinlik vabo singari keng tarqalgan, Xitoydek qudratli davlatni ichdan yemirib, parchalanish darajasiga olib kelgan edi”.
Ajal bilan yuzma-yuz
Bunday parokandalikdan ustamonlik bilan foydalangan yirik davlatlar, jumladan, yapon harbiylari va razvedkachilari Xitoy bilan chegaradosh mamlakat – Sovet Ittifoqiga, jumladan, O'rta Osiyo o'lkalariga, qarshi qo'poruvchilik ishlarni avj oldirayotgan edi. Bunda ular kollektivlashtirish, quloq qilish va surgunga badarg'a etilishdan qo'rqib, chet ellarga qochishga majbur bo'lgan, har tomonlama tang ahvolga tushib qolgan muhojirlarni yollashga o'tgan. Maqsad – o'zbek, qozoq, turkman, qirg'iz, uyg'ur millatlariga mansub musofirlarni yo'ldan og'dirib, qo'liga qurol berish, O'rta Osiyoga tashlash hamda strategik jihatdan o'ta muhim mazkur mintaqada ham Xitoydagi kabi parokandalikni keltirib chiqarish. Yangi urush olovini yoqib, xalqni qirg'inbarotga giriftor qilish orqali Movarounnahrning boyliklarini talash.
Sharif Shirinboyevning zimmasiga ana shunday katta tahdidlarning oldini olish bilan bog'liq g'oyat xavfli va nozik vazifa yuklangan ediki, o'zbek o'g'loni o'z burchini yuksak sharaf bilan ado etdi.
Qashg'arga kelganidan so'ng u tegishli odamlarning yordami bilan Shinjon viloyati politsiyasi boshqarmasi tezkor agentura bo'limi boshlig'ining yordamchisi lavozimiga ishga joylashishga muvaffaq bo'ladi. Bunda “Sharif Qayumiy”ning bir nechta tilni, jumladan, Markaziy Osiyo xalqlari tillarini puxta bilishi muhim o'rin tutgan.
“Ta'kidlash joizki, — deydi Xudoyberdi aka, — begona davlatning xavfsizlik xizmatiga, boz ustiga, uning “yuragi” – agentura bo'limiga ishga joylashish razvedkachi orzu qilishi mumkin bo'lgan katta omad. Chunki, Xitoyning o'zida va undan xorijda, jumladan, Sovet Ittifoqida, ish olib borayotgan yuzlab agentlarga, ular amalga oshirayotgan, rejalashtirayotgan g'oyat maxfiy harakatlarga oid ma'lumotlar aynan Sharif Shirinboyev xizmat qilgan o'sha bo'limda jamlangan va umumlashtirilgan. Ayni paytda, mazkur bo'limning vazifasiga siyosiy jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, hibsga olingan gumondorlarni tergov qilish ham kirgan. Bu, bir tomondan, g'oyat ulkan imkoniyat bo'lsa, ikkinchi tomondan, razvedkachimizning tepasida o'tkir tig'li qilich doim o'ynab turishini ham anglatar edi. Zero, kutilmaganda siri fosh bo'lib, muqarrar o'limga yuz tutishi hech gap emasdi.
Oradan bir yil o'tgach, viloyat jamoat xavfsizligi bosh boshqarmasi inspektori lavozimiga ko'tarilgan “Sharif Qayumiy” tug'ilgan imkoniyatdan juda samarali foydalangan. Avvalo, muhojirlar va muvojirlar orasidan o'ziga ishonchli ko'makdoshlar topib, ular bilan mustahkam aloqa o'rnatgan. O'rta Osiyodan qochib, Shinjondagi xorij razvedkachilarining yo'rig'ida ish yuritayotgan ko'plab kallakesarlarning kirdikorlari-yu rahnamolarini aniqlagan”.
Arxiv ma'lumotlariga qaraganda, 1939 yilning mayida Qashg'ar politsiyasi boshqarmasi tomonidan chet el razvedkasi bilan aloqadorlikda ayblanib o'ttizdan ortiq ofitser, jumladan, Sharif Shirinboyev ham qamoqqa olinadi. Tergov jarayonidagi qiynoqlarga qaramasdan, u chet el, jumladan, Sovet razvedkasiga aloqasi borligini butunlay rad etadi. Qayd qilinganidek, afsonaga asoslangan o'sha “Sharif Qayumiy” nomi va shunga yarasha to'qilgan tarjimai holida turib oladi.
U otishga hukm qilinadi. Bir kishilik kamerada qatl etishlarini kutish azobi boshlanadi. Uqubat to'rt oydan ko'proq cho'ziladi.
Temir eshikning ochilishi
1939 yil 17 sentyabr tongida to'satdan kameraning temir eshigi ochilib, ikki harbiy kiradi va uning boshiga yostiq ustida yotgan kamzulini tashlaydi. O'ttiz yoshli razvedkachi kuni bitganini anglaydi.
Sharif Shirinboyevni qamoqxonadan sudrab olib chiqar ekanlar, undan oxirgi marta so'raydilar: “Agar asli o'zing kimligingni va Sovet razvedkasi bilan aloqang borligini aytsang, hayotingni saqlab qolamiz!”
“Bu sinov uchun berilgan savol ekanini razvedkachimiz o'sha paytda bilmagan, albatta, — deb xotirlaydi Xudoyberdi Sohibov. — Dor ostida turgan yigitning javobi qat'iy bo'ladi: “Men Sharif Qayumiyman. Boshqa gapdan xabarim yo'q!”
Uni mashinaga o'tqizadilar va uzoq yuradilar. “Meni shahardan tashqariga chiqarib otishsa kerak”, deb o'ylaganini bot-bot eslagan edi keyinchalik Sharif aka.
O'ydim-chuqur yo'llardan ketib borar ekanlar, yonida o'tirgan xitoylik ofitser unga yana sekin g'uldiraydi: “Vatan uchun jon fido!”
Bu razvedkachimizning ishonchli va mahram maslakdoshlari o'rtasida sinash uchun aytiladigan, juda sanoqli odamlargina biladigan shartli so'zlar – parol edi.
“Kimdir sotibdi!” degan gap xayolidan chaqmoqdek o'tgan Sharif Shirinboyev yana o'zini tushunmaganga oladi.
“Mashina uzoq yurdi, — deb eslaydi u keyinchalik. – Juda uzoq. Tekis ko'chalar ortda qolib, tuproq yo'l boshlandi. Dimog'imga dala-dashtning epkini, qovjiragan o't-o'lan hidi keldi.
“Demak, cho'lga chiqarib otishmoqchi. Jinoyat izini yo'qotishmoqchi!” Ona shahrim Samarqand, ota-onam ko'z oldimga kelib, ularga g'oyibona alvido aytdim. Birdan mashina to'xtab, meni qandaydir zinadan yetaklab chiqishdi. Samolyot! Uchdik va Olmaotaga qo'ndik. O'zimiznikilar ekan!”
Maxsus xizmatlar muhim davlat topshirig'ini bajarish paytida o'z xodimi xoh xorijda, xoh mamlakatning ichkarisida bo'lsin, nochor ahvolga tushib qolsa, uni, albatta, qutqaradi, — deb ta'kidlaydi polkovnik X.Sohibov. — Bu xizmatimizning oltin qoidasi.
Sharif Shirinboyev ham Xitoydagi g'oyat qattiq qo'riqlanadigan qal'a — qamoqxonadan jasur hamkasblari tomonidan ozod etilgan edi”.
E'tirof
Ikki yil davom etgan tekshir-tekshirlardan keyin, nihoyat, 1939 yil 29 noyabrda SSSR Ichki ishlar xalq komissari raisining o'rinbosari V.Merkulov imzosi bilan Toshkentga 5293/b raqamli xat jo'natiladi. Unda jumladan, shunday satrlar bor edi:
“O'zbekiston Ichki ishlar xalq komissarligi Qoradaryo tuman bo'limining sobiq boshlig'i, Davlat xavfsizlik xizmati serjanti o'rtoq Sharif Qayumovich Shirinboyev 1937 yilning oktyabrida Shinjonga maxsus topshiriq bilan jo'natilgan edi.
Muayyan sharoit taqozosi bilan Shirinboyev hibsga olinib, to'rt oy Xitoy qamoqxonasida saqlandi. Jangovar topshiriq nuqtai nazaridan biz uning qamalishiga yo'l qo'yishga majbur bo'lgan edik. Biroq, keyinchalik ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida Shirinboyev qamoqdan qutqarilib, o'zimizning hududga olib kelindi. Shirinboyev Xitoy qamoqxonasida o'tirgan paytida va o'tkazilgan tergovlar jarayonida chin inson, Davlat xavfsizlik xizmatining sadoqatli xodimiga xos sabot-matonatini namoyon qildi. Ayni paytda, uni yana Shinjonga yuborishning, muayyan sabablarga ko'ra, iloji yo'q. Shinjon politsiyasi tomonidan qamoqqa olinishi Shirinboyevning obro'-e'tiboriga soya soladigan ma'lumot sifatida talqin qilinmasligi kerak.
Ixtiyoringizga yuborilayotgan Shirinboyevning qanday lavozimga tayinlangani haqida ma'lum qiling”.
Bu – Shirinboyevning razvedkachilik faoliyatiga berilgan yuksak baho edi.
Shunday qilib, mohir razvedkachimiz faoliyatining birinchi davri xayrli yakun topadi va ikkinchi bosqichi boshlanadi.
Urush yillari Markaz davlat xavfsizlik xizmati leytenanti Sharif Shirinboyevni chet ellarda maxsus vazifalarni bajarishga tayyorlash uchun SSSR razvedkachilari zaxirasiga kiritadi. 1941 yilning oktyabrida u atoqli razvedkachi, general-leytenant Pavel Sudoplatovning qabuliga chorlanadi. Partizanlar harakatini, xorijda, dushman orasida razvedka ishlarini tashkil etishga rahbarlik qiluvchi bu odam bilan suhbatdan so'ng, 1942 yili, Sharif Shirinboyev Eronga 1948 yilgacha davom etgan maxsus safarga otlanadi. Zimmasiga fashistlar agenturasining Sovet Ittifoqiga qarshi olib borayotgan qo'poruvchilik harakatlarini aniqlash va barbod etishdan iborat jangovar vazifa yuklanadi.
Karvonboshining jasorati
“Xitoyda orttirgan tajribasi Sharif Shirinboyevning Erondagi faoliyatida juda qo'l keladi, — deydi Xudoyberdi aka Sohibov. — Fors ko'rfazida u endi “quloq qilingan samarqandlik Xudoyberdiboyning o'g'li Abduqodirboy” sifatida ish ko'radi”.
Gitlerchilarning rejasida Eron muhim o'rin tutgan. Maqsadi, avvalo, Kavkazni bosib olish va shu yo'l bilan AQSh hamda Buyuk Britaniya tomonidan SSSRga yetkazib berilayotgan qurol-yarog', xomashyo va oziq-ovqat yo'lini to'sib qo'yishdan iborat edi.
Sharif Shirinboyev 1942 yilning bahorida Eronning Xuroson viloyatida Sovet hukumatining savdo vakolatxonasi rahbarining o'rinbosari maqomida ish boshlaydi. Bu maqom soyasida u talay jangovar vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshiradi.
Tarixdan ma'lumki, “Katta uchlik” deb atalmish davlatlar – SSSR, AQSh va Buyuk Britaniya rahbarlarining 1943 yili Tehronga yig'ilayotganidan xabar topgan Gitler o'zning ishongan tog'i, sal avval Italiyaning sobiq hukmdori Benito Mussolinini qamoqdan olib qochib kelgan ustamon josus sifatida nom chiqargan, Otto Skorseni boshchiligidagi eng sara qo'poruvchilarini Eronga tashlaydi. Fashistlar uch ittifoqchi davlat rahbarlari Iosif Stalin, Franklin Ruzvelt va Uinston Cherchillni yo'q qilish uchun o'ta maxfiy harakatini boshlaydi. Vaziyat shu darajada qaltis tus oladiki, Amerika Qo'shma Shtatlari prezidenti Franklin Ruzvelt, o'z elchixonasi qolib, Stalinning qarorgohida tunashga majbur bo'ladi. Jahonning taqdiri hal qilingan bu olamshumul anjumanning tinch-osoyishta o'tishini ta'minlaganlar orasida uch mamlakat maxsus xizmatlarining “qilni qirq yorgan” xodimlari, jumladan, o'zbek razvedkachisi Sharif Shirinboyev ham hal qiluvchi rol o'ynaydi.
“Katta uchlik”ning 28 noyabrdan 1 dekabrgacha o'tgan uchrashuvida kelishib olinganidek, 1944 yilning iyun oyida Normandiya qirg'oqlari (Fransiya) orqali Buyuk Britaniya va AQSh qo'shinlari tomonidan “ikkinchi front” ochiladi va ikki o't orasida qolgan Gitler ikki frontda urush olib borishga majbur bo'ladi.
Arxiv hujjatlarida darj etilganidek, Tehronda o'tgan ana shu yirik konferensiya arafasida Sharif Shirinboyevga Jurjon viloyatidagi Moravintepa qishlog'iga borish va o'sha atrofdagi hududsiz biyobonga tunda parashyutdan tashlangan qurolli to'dalarga oid shoshilinch xabarning nechog'li to'g'riligini aniqlash vazifasi topshiriladi.
Savdogar sifatida ish ko'rayotgan Sharif Shirinboyev mahalliy tujjorlardan biri bilan mo''jaz karvon tuzib, unga qand-qurs, tuz, gazmol kabi o'ta zarur tovarlarni yuklab, tezda yo'lga tushadi. Qishloqma-qishloq yurib, molini pullar ekan, ko'z ilg'amas pistirmalarda yashayotgan harbiylashgan to'dalarni kuzatadi. Mahalliy aholi orasida ko'zga tashlanmasligi uchun asosan asir tushgan osiyolik osiylardan tanlangan zaxiradagi jangarilar bilan uzun-qisqa suhbatlar asnosida ularning 67 nafar ekanligi ma'lum bo'ladi.
Bulardan tashqari, qo'poruvchilarning qanday qurol-yarog'i bor, pistirmasi qaerda, qanday joylashgan, rahbarlari kim ekanligi ham rezvedkachimizning sinchkov nigohidan chetda qolmaydi. Hatto, ayrimlarini zimdan suratga olishga ham muvaffaq bo'ladi.
Qo'lga kiritilgan bunday qimmatli va ishonchli razvedka ma'lumotlari natijasida fashistlarning “Mislsiz sakrash” deb atalmish operatsiyasiga bosh qo'shgan qo'poruvchilar to'dasiga barham beriladi. Fyurerning “ishongan tog'i” jasur o'zbek razvedkachisining qarshisida chil-parchin bo'ladi.
“Tan olish kerakki, berilgan o'ta xavfli va mas'uliyatli jangovar topshiriqni bunday qoyilmaqom qilib bajarish hammaning ham, har bir razvedkachining ham qo'lidan kelavermaydi, — deb faxr bilan ta'kidlaydi Xudoyberdi Sohibov. — Mana shunday buyuk xizmatlari uchun ham Sharif Shirinboyevni haqli ravishda “afsonaviy rezvedkachi”, deymiz. U Vatani uchun jonini tikkan, jasur, e'tiqodli, lekin g'oyat kamtarin, kamsuqum inson edi”.
Qalqonga aylangan qalblar
Ikkinchi jahon urushi yillari front uchun eng zarur mahsulotlar ishlab chiqarilayotgan yirik sanoat korxonalari joylashgan respublikamizda davlat xavfsizlik organlari tomonidan g'oyat murakkab, qaltis hamda zahmatli ishlar amalga oshirilganini alohida ta'kidlash zarur. Xavfsizlik organlarining xodimlari davlatga oid va harbiy sirlarni mustahkam saqlash, harbiy inshootlar, temiryo'l transporti, kommunikatsiyalar va aloqa vositalarining uzluksiz ishlashini muttasil ta'minlash uchun tom ma'noda ko'ksini qalqon qilganlar. O'zbekiston hududiga suqilib kirmoqchi bo'lgan ko'plab qo'poruvchilar qo'lga olingan.
Bunday ishonchli, dadil va jipslikdagi harakatlar samarasida dushman tomonidan O'zbekistonning harbiy-sanoat salohiyatini zaiflashtirish, g'anim agentlarining hayotiy o'ta muhim markazlarimizga kirib kelishiga bo'lgan muttasil urinishlari butunlay chippakka chiqarilgan.
Yana bir jangovar vazifa
Bunga jasur razvedkachi Sharif Shirinboyev tomonidan amalga oshirilgan yana bir jangovar vazifa yaxshi misoldir. Xorij razvedkachilarining panohida qariyb yigirma yildan buyon josuslik va qo'poruvchilik ishlari uchun mos odamlarni topish, yollash hamda Sovet Ittifoqiga, jumladan, O'zbekistonga jo'natish bilan muntazam shug'ullanib kelgan pixini yorgan bir xoinni qo'lga tushirish ana shunday muhim vazifalar sirasidan edi.
Qayd etilganidek, obro'li boyvachcha sifatida tanilgan razvedkachimiz o'z ko'makdoshlarining yordami bilan xoinni imi-jimida Mashhaddagi uyiga mehmonga taklif qiladi. “Mehmon” keladi va o'sha tundayoq uning oyoq-qo'li bog'lanib, Ashxabodga jo'natiladi. Xoin bilan birga, chet ellik agentlarni azim daryodan o'tkazib qo'yish bilan muntazam shug'ullanib kelgan “hojatbarorlar” ham kontrrazvedkachilarimiz qo'liga topshiriladi.
Tarixchi olimlarning qayd etishlaricha, urushdagi muvaffaqiyatning 15 foizi armiyaga, 85 foizi esa frontorti ta'minotiga bog'liq ekan.
Shu jihatdan qaraganda, rasman Sovet hukumatining Xuroson viloyatidagi savdo vakolatxonasi rahbarining o'rinbosari sifatida faoliyat yuritgan Sharif Shirinboyevning tijorat ishlari ham tahsinga loyiqdir. Keling, yana aniq misollarga murojaat qilaylik.
Arxiv hujjatlariga tayanib aytish mumkinki, u frontga oziq-ovqat, xususan, go'sht jo'natish uchun Xurosondagi barcha bozorlar, kushxonalar va do'konlarni shaxsan o'zi kezib chiqqan. Ko'pchilik chorvadorlar va qassoblar “Abduqodirboy”ni yaxshi tanigani uchun ular bilan ishonchli shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega bo'lgan. Jumladan, yuz mingdan ortiq qo'y, o'n mingdan ziyod qoramol xarid qilinadi va go'shti frontga jo'natiladi. Ayni paytda, 1943 yili pochapo'stin tikishni yo'lga qo'yadi. Shunday qilib, o'n mingdan ortiq issiq kiyim Boku orqali Kavkaz frontiga yuboriladi. Ayni paytda, razvedkachimiz ittifoqchi davlatlar – AQSh va Angliya tomonidan Sovet Ittifoqiga jo'natilayotgan qurol-yarog', harbiy texnika, oziq-ovqat va xomashyoning Hindiston bilan chegaradosh Zohidon shahri orqali G'arbiy frontga o'z vaqtida o'tkazib yuborilishini to'la nazorat qilib borgan.
Ibrat maktabi
— “Vatan uchun jon fido!” degan shiorni o'zining bir umrlik dasturi deb bilgan Sharif Shirinboyev ana shunday jasur razvedkachi, sadoqatli va zahmatkash inson edi, — deydi Xudoyberdi aka Sohibov. — “Davlat xavfsizligi organlarining xizmat ko'rsatgan xodimi” faxriy unvoni, “Qizil yulduz” ordeni, “Jangovar xizmatlari uchun”, “Germaniya ustidan g'alaba uchun”, “Kavkaz mudofaasi uchun” kabi ko'plab orden-medallar va boshqa yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo'lgani buning yorqin dalilidir.
Sharif Shirinboyevning nomi maxfiy xizmatlarning kamdan-kam xodimigagina nasib etadigan e'tirof — eng mohir razvedkachilar ro'yxatidan joy olgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari, jumladan, milliy razvedkachilarimizning bunday jasoratlarga to'la hayoti va faoliyati barcha yurtdoshlarimizni, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik, mustaqil Vatanimizga sadoqat, mardlik ruhida tarbiyalashda ibrat maktabidir. Ular haqida har qancha yozilsa, filmlar suratga olinsa, teleko'rsatuvlar tayyorlansa, arziydi. Ikkinchi jahon urushida halok bo'lgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, og'ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda yurtini, xalqini unutmagan yoshi ulug' yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko'rsatish barchamizga faxr-iftixor bag'ishlaydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 23 oktyabrda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to'g'risida”gi qarori xalqimizning fashizmga qarshi kurashdagi metin irodasini, urush ortidagi fidokorona mehnatini, tarixiy xizmatlarini abadiylashtirish hamda yosh avlodni ota-bobolarimiz jasoratiga munosib ruhda tarbiyalash, o'g'il-qizlarimizning ongida tinchlikni asrab-avaylash, bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish tuyg'usini mustahkam qaror toptirishda muhim omil bo'layotir.
Xizmatimizning tajribali xodimlari tomonidan nashrga tayyorlangan “Filbi bilan yonma-yon” kitobi mutolaasevarlar uchun shu kunlarda yaxshi sovg'a bo'lish bilan birga, bu boradagi xayrli ishlarga munosib hissa sifatida qo'shiladi, degan umiddamiz”.
Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Xotira va qadrlash kunida xalqimizning Sharif Shirinboyev singari mard va sadoqatli farzandlarining dushman orasida, janggohlarda va front ortida ko'rsatgan beqiyos qahramonliklarini faxr bilan yodga olib, mohi Ramazonda ruhi poklariga atab duolar qilamiz.
Qulman Ochil.