Konstitutsiyamiz — baxtimiz qomusi

Toshkent shahridagi Yashnobod tumani xalq ta'limi bo'limiga qarashli 156-umumta'lim maktabida o'tgan navbatdagi huquqiy-ma'rifiy uchrashuv ana shunday – “Konstitutsiyamiz — baxtimiz qomusi” deb ataldi.

Xalq ta'limi faxriylari, pedagoglar, o'quvchi-yoshlar, ularning ota-onalari, ustoz-murabbiylar ishtirok etgan tadbirda mazkur maktab direktori Muborak Hamdamova, o'quv tarbiyaviy ishlari bo'yicha direktor o'rinbosari Baxtiyor Arslonov, “Milliy istiqlol g'oyasi va davlat va xuquq asoslari” fani o'qituvchisi Shirin Miliboyeva va boshqa ishtirokchilar mamlakatimiz Konstitutsiyasi — tarixiy hujjat, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi ekanini alohida ta'kidladi. Asosiy qonunimiz — istiqlolimiz va mustaqil O'zbekistonimiz ramzi, g'urur-iftixori, shu zaminda istiqomat qilayotgan, millati, dini, irqi, tilidan qat'i nazar, barcha uchun mustahkam himoya, fuqarolik jamiyati istiqbolini aniqlab beruvchi dasturilamaldir. Bosh qomusimizda yoshlarning ilm olish huquqi har tomonlama kafolatlangan. Mamlakatimizda zamonaviy o'quv va ishlab chiqarish uskunalari bilan jihozlangan umumta'lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, ixtisoslashgan maxsus maktab-internatlar, maktabdan tashqari va maktabgacha ta'lim muassasalarining bunyod etilgani yoshlarning yuksak salohiyatli insonlar bo'lib kamol topishiga, Vatanimiz taraqqiyotining yanada yuksalishiga xizmat qilmoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo'nalishlari bo'yicha Harakatlar strategiyasida yurtimizda ta'limni rivojlantirish, yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun barcha sharoitlarni yaratish borasida keng ko'lamli vazifalar belgilab berilgan.

Uchrashuvda Konstitutsiyamizning yaratilish tarixi, uning demokratik huquqiy davlat barpo etish va inson manfaatlarini ta'minlashdagi ahamiyati, xalqchilligi, xalqaro huquq normalariga mosligi haqida atroflicha ma'lumot berildi. “Konstitutsiya — huquq va erkinliklarimiz, farovonligimiz kafolati”, “O'zbekiston Konstitutsiyasi — barqaror hujjat” mavzularida ma'ruzalar tinglandi. O'quvchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.

— Bosh qomusimiz inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyat hayotining barcha sohalarini izchil liberallashtirish va modernizatsiya qilish, ta'lim, fan, madaniyat hamda ma'naviyat rivojida muhim huquqiy asos bo'lib xizmat qilayotir, — deydi “Milliy istiqlol g'oyasi va davlat va huquq asoslari” fani o'qituvchisi Izaura Seibullayeva

Maktabning yuqori sinf o'quvchilari Konstitutsiyamizning 27 yilligiga bag'ishlab sahnalashtirgan yorqin musiqali dastur tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Yusuf Jo'rayev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 9 =