Bayrog'imiz dunyoni zabt etaversin!

Millatimizning sha'nini, qadr-qimmatini, g'ururini o'zida mujassam etgan muqaddas bayrog'imiz dunyo minbarlaridan mustaqil vatanimiz sharafi bo'lib hilpirar ekan, beixtiyor ko'rganda qalblarda faxr-iftixor tuy­g'ulari jo'sh uradi.

Ayniqsa, fanda, madaniyat va san'atda, sportda erishilgan yuksak g'alabalar orti yangraydigan madhiyamiz ila barobar bayrog'imiz dunyo bayroqlaridan sarbaland kelganda yuraklarni cheksiz faxr-iftixor olov bo'lib yondiradi. Butun vujud shirin titroq ichra hayajonga chulg'anadi. Jisming ruhing barobar yuksaladi.

Bundan 28 yil avval 18 noyabr kuni  qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i to'g'risida”gi Qonun tariximizning oltin sahifasiga muhrlangan bo'lsa, endilikda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro hamjamiyatlarni birlashtirgan oliy idora hamda tashkilotlar boshida hilpirab turibdi. Mustaqilligimizning barhayotligini, abadiyligini butun olamga ko'z-ko'z etmoqda. Avvaldan shunday, tarix silsilasida azaldan mavjud bo'lgan, taqdir taqozosi bilan bir muddat soyada qolgan qadim Turon, buyuk Turkiston, ona O'zbekistonimizning yana kelajagi buyuk bo'lishiga davlat ramz­lari asos yaratadi.

Shu kunlarda mamlakatimiz bo'ylab zamindan yuksalib ko'kni to'ldirib hilpirayotgan bayrog'imiz sha'niga o'zida faxr tuyg'ularini mujassam etgan otashin nutqlar, jonparvar she'r va huzurbaxsh navolar yangramoqda. Keng va muhtasham sport maydonlarini, madaniyat saroylarini, istirohat bog'larining keng va yorug'ligi barobar to'ldirib, samo uzra mayin tebranayotgan bayrog'imiz davlatimiz fuqarolarining iftixori bo'lib yurt kezmoqda.

Istiqlolimiz sharafi, millatimiz mavjudligi, elimiz faxri bayrog'imiz yashillik, oqlik va moviylik bilan burkangan. Bu hayotning abadiyligi, muhimi o'sish-ulg'ayish, adolatni mahkam tutish, musaffo osmonni asrash ekanligini o'zida aks ettirganini bildiradi. Bayrog'imiz dunyo turganicha tursin, nafaqat yurtimiz, xalqaro tashkilotlar binolarida va yana har bir millatdoshimiz yuragida, qalbida bo'y ko'rsataversin.

Iqbol Mirzo,

O'zbekiston xalq shoiri

O'zbekiston  bayrog'i

Qalbimiz to'la surur,

To'tiyo yurt tuprog'i.

Hilpirab turar mag'rur

O'zbekiston bayrog'i.

Rangi – hayot misoli,

Yulduzlari, hiloli.

Mustaqillik timsoli —

O'zbekiston bayrog'i.

Gumbazlarda, yuksakda,

Peshtoqlarda, falakda,

Ko'ngillarda, yurakda

O'zbekiston bayrog'i.

Iftixor dilimizda,

U yo'ldosh yo'limizda.

Yuksalar qo'limizda,

O'zbekiston bayrog'i.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 4 =