“Forbes”: O'zbekiston dunyoning jadal rivojlanayotgan davlatlaridan biriga aylandi

“Forbes” jurnalining elektron nashrida xalqaro moliyaviy sharhlovchi Rayner Maykl Preyssning O'zbekistonga bag'ishlangan maqolasi e'lon qilindi.

R.Preyssning ta'kidlashicha, O'zbekiston investitsiya faoliyati bo'­yicha jahonda eng yaxshi namuna bo'lishi mumkin. “Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O'zbekiston dunyoning jadal rivojlanayotgan davlatlari qatoriga qo'shildi. Bor-yo'g'i ikki yil ichida mamlakat o'z qobig'iga o'ralgan tizimdan voz kechib, erkin bozor tamoyillariga asoslangan va qiymati 50 milliard dollarga teng iqtisodiyotga ega davlatga aylandi.

O'zbekiston iqtisodiyoti sarmoyadorlar diqqat e'tiborini tortmoqda. Prezident valyuta siyosatini o'zgartirdi, kapital ustidan nazoratni bekor qildi va xususiylashtirish kampaniyasini boshlab yubordi. Mamlakat iqtisodiyoti mazkur islohotlar samarasida 2018 yil 6 foizga o'sdi. Xalqaro valyuta jam­g'armasi yaqin bir necha yil davomida O'zbekistonda o'sish sur'ati 8 foizga teng bo'lishini bashorat qilmoqda. 2019 yilning birinchi yarmida to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar miqdori o'tgan yilning shu davriga nisbatan to'rt barobar oshdi, 2018 yil yakuni bo'yicha mamlakatga kelayotgan turistlar soni ikki marta ko'paydi”, deb yozadi sharhlovchi.

G'arbdagi mamlakatlarning katta qismi zayomlarga juda ham bog'lanib qolgan bir vaziyatda O'zbekistonning davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 19,8 foizni tashkil qilmoqda. Joriy yil fevral oyida mamlakat xalqaro bozorda birinchi marta 1 milliard dollarlik yevroobligatsiyalarni sotdi. Respublika xalqaro reytinglarda S&P Global Ratings va Fitch Ratings tomonidan BB-darajada baholangan.

Maqola muallifi “Mobius Capital Partners” investitsiya jamg'armasi asoschisi M.Mobiusning dunyo moliya bozorlari O'zbekistonning kredit reytingini ijobiy baholayotgani haqidagi fikrlarini keltirib o'tgan. Mamlakat investorlar uchun jozibadordir, chunki uning tabiiy boyliklari beqiyos va paxta eksporti bo'yicha dunyoda yetakchi o'rinlardan birini muqim egallab turibdi.

O'zbekiston bank sektori sarmoyadorlar tomonidan biznes yuritish uchun istiqbolli yo'nalishlardan biri sifatida ko'rilmoqda. Mamlakat aholisining katta qismi shu paytgacha bank xizmatidan faol foydalanmay kelgan. Biroq yaqinda qabul qilingan yangi qonunga binoan oylik ish maoshini to'lash jarayoni bankdagi hi­sob-raqamga bog'lanadigan bo'ldi. Bu esa sohadagi vaziyatni keskin o'zgartirishi mumkin, deb hisoblaydi maqola muallifi.

Materialda O'zbekiston taraqqiyoti uchun imkoniyatlar serobligi alohida ta'kidlangan. Bunda 33 millionlik aholining 64 foizi 35 yoshgacha bo'lgan yoshlar ekaniga e'tibor qaratilgan. Mamlakat Markaziy Osiyo mintaqasiga o'ziga xos ko'prik bo'lib ham xizmat qiladi, zero u Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston, Turkmaniston va Afg'oniston bilan chegaradoshdir.

“Mamlakat rahbariyati izchil industrializatsiya siyosati yuritmoqda. Masalan, bugungi kunda Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari bilan elektromobillar va ichki yonish dvigatelli avtomobillar ishlab chiqarish bo'yicha loyihalar ustida ish olib borilmoqda. 2018 yil dekabr oyida Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya va Rossiyadan Sho'rtan gaz-kimyo majmuasini modernizatsiya qilish uchun 2,3 milliard dollar miqdordagi investitsiya jalb qilindi”, deb yozadi singapurlik tadqiqotchi.

Maqolada O'zbekiston qadimiy Ipak yo'lining bir qismi hisoblanmish Samarqand va Toshkent shaharlari bilan mashhurligi ta'kidlangan. 344 kilometrlik yuqori tezlikdagi temir yo'l bilan bog'langan ushbu shaharlar jahon savdo-sotiq jarayonida muhim rol o'ynaydi. Bugun Toshkentda qiymati 1,7 milliard dollarga teng tadbirkorlik xabi yaratish bo'yicha yirik loyiha hayotga tadbiq etilmoqda. Unga ko'ra 70 gektarlik maydonda biznes markazlari, savdo majmualari, restoranlar, madaniyat markazi, turar-joy apartamentlari qad rostlamoqda.

R.Preyss maqola yakunida AFC Uzbekistan Fund jamg'armasi ijrochi direktori S.Oshroffning “Xorijlik sarmoyadorlar O'zbekistonda amalga oshirilayotgan o'zgarishlar ahamiyatini anglab yetadigan vaqt kelmoqda”, degan so'zlarini keltirgan.

Material muallifi Singapurdagi “Taurus Family office” kompaniyasining ijrochi direktoridir. U blokcheyn, kriptovalyuta, jamg'armalarni boshqarish, investitsiyalarni tad­qiq qilish, savdo-sotiq va sarmoyalar kiritish masalalariga ixtisoslashgan.

Sadriddin Suyarov,

“Dunyo” axborot agentligi

direktori vazifasini bajaruvchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 3 =