Yangilanayotgan O'zbekiston: Istiqbolli oydin yo'l

O'z Vatani, ona xalqini ravnaq toptirish uchun o'zini ayamasdan mehnat qilish: bujasorat va mardlik, buona yurtga muhabbat va sadoqat, buto'g'ri tarbiya va amaliy namuna demakdir.

Shavkat Mirziyoyev.

Uch yil!.. O'ta tezkor taraqqiyot sari yo'l. Ilk qadamlar yuksak yutuqlarga erishish mumkin ekanligini isbotladi. Natijada yangilanayotgan tizim vujudga keldi. O'xshashi yo'q, ammo namuna-ibrat bo'ladigan yangilanayotgan O'zbekistonning kelajagi tomon muhim qadam tashlandi.

Tarix Harakatlar strategiyasi istiqbolli ekanini, Prezidentimizning O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimida ishlagan paytidagi, ya'ni 2016 yil sentyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo'shma majlisidagi “Milliy taraqqiyot yo'limizni qat'iyat bilan davom ettirib, yangi bos­qichga ko'taramiz” deb nomlangan nutqi yangilanayotgan O'zbekiston konsepsiyasi ta'limotini asosli ravishda boshlab berganini tan oldi.

Qisqa davr ichida mamlakatda ulkan o'zgarishlar amalga oshirildi. 2019 yil 8 iyulda “O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi Prezidentimiz qarorida ham: “Mamlakatimiz tarixida o'chmas sahifa ochgan buyuk istiqlol tufayli O'zbekiston o'tgan davr mobaynida jahon hamjamiyatidan munosib o'rin egallab, milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil ilgarilab bormoqda…

Ayniqsa, oxirgi yillarda siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarning mazmun-mohiyati, jamiyatimiz qiyofasi butunlay o'zgargani, bu ijobiy o'zgarishlar yurtdoshlarimiz hayotida o'z ifodasini topayotgani, xalqimizning turmush darajasini, ongu tafakkuri, bilim va madaniyatini oshirish bo'yicha qilingan ishlarni aniq dalil va misollar, chuqur ilmiy tahlillar va ekspertlik baholari orqali mamlakatimiz va xalqaro jamoatchilikka yetkazish muhim ahamiyatga egadir”, deb qayd qilingan.

Bugun mamlakatda sanoat, ishlab chiqarish, qurilish sohalarida tub burilish, ko'zga tashlanarli o'zgarishlar bo'layotgan, xalq farovonligi yo'lida zaruriy choralar amalga oshirilayotgan bir payt­da, albatta, to'g'ri yo'naltiruvchi ilmiy-nazariy va tahliliy hamda amaliy istiqbolli rejalar, bir so'z bilan aytganda, yangi — yuksalish ta'limoti vujudga kelgani ayon bo'ldi. Zamon nuqtai nazaridan olib qaralsa, O'zbekistonda tarixiy o'zgarishlar sodir bo'layapti, eng muhimi, buni bir lahzalik deb bo'lmaydi. Balki, ta'limot dasturining dastlabki natijalari desak to'g'ri bo'ladi.

Ta'kidlash joizki, Prezidentimiz keyingi yillarda mamlakat ahlini ulkan fidoyilik, ya'ni vatan kelajagi, yurt ravnaqi uchun mehnat safarbarligi sari chorladi. Ommaviy axborot vositalari orqali bunyodkorlik sohasida erishilgan yutuqlar, hatto fermer xo'jaliklarining ham chetga eksport salohiyati ortib borayotganiga o'zimiz guvohmiz. Bu bor gap. Chunonchi, bir safar Yurtboshimiz askarlarimizning mashq maydonlarida bo'lganlarida, ularga qarab: “Har biringiz o'qilmagan bir kitobsiz”, deganlarini qancha ko'p sharhlasak, shuncha kamdek tuyilaveradi…

O'zbekiston — bepoyon mamlakat! Viloyatlarda rahbarlar bilan muloqot chog'ida muhtaram Prezidentimiz: “Tariximizni yaxshi bilmaymiz, o'rganishimiz kerak, chuqur bilishimiz kerak”, degan gapni takror-takror aytadi. Davlatimiz rahbari da'vati har birimizning ona tariximizga bo'lgan qarashimizni tubdan o'zgartirdi. Xalqaro anjumanlarda millatimiz o'tmishi, buguni va ertasi xorijlik ekspertlar ishtirokida muhokama etilishi dunyo ahlining O'zbekistonga munosabatini o'zgartirdi. Endi ular yurtimizga tarixi qudratli, buguni umidli va ishonchli, ertasi buyuk davlat sifatida qaray boshladi.

O'zbekiston barcha sohalarda taraqqiyotning yangilanish pallasiga kirdi. “Ertangi kun bugundan boshlanadi”, — purma'no g'oya! Shunday ekan, eng muhimi, g'animat kunlarni qadriga yetaylik. Harakatlar strategiyasining beshta, eng muhim ustuvor yo'nalishlari (2017-2021 y.y.)ni talab darajasida amalga oshirsak, O'zbekistonni o'ta rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishini ta'minlaymiz. “Xalq bilan muloqot, odamlarning orzu-intilishlari, dardu tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga ko'tarilayotgan bugungi kunda har bir ommaviy axborot vositasi chinakam muloqot maydoniga, erkin fikr minbariga aylangan taqdirdagina biz o'z oldimizga qo'ygan maqsadlarga erisha olamiz”, degandi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbarining “Xalqim baxtli bo'lsa, oddiy fuqaro sifatida men o'zimni baxtli his qilaman!” degan gapi xalqimizning farovon turmushi tomon qo'yilgan qadam bo'ldi. Shavkat Mirziyoyevning keng qamrovli, qat'iyatli, uzoqni ko'zlagan parametrlari, yangi O'zbekis­tonning innovatsion loyihalari, asosida xorij investitsiyasining kirib kelishi to'g'risida tahliliy maqolalar markaziy va xorijiy matbuotda yoritilayapti. To'liq va tag-zaminga asoslangan taraqqiyotning tub burilishi haqida xorijlik hamkasblarning nufuzli gazetalarida, jurnallarida va elektron matbuoti orqali o'qiyapmiz.

Misol uchun, “Xalq so'zi” gazetasining 2018 yil 28 dekabr sonida “E'tirof” rukni ostida Prezident Shavkat Mirziyoyevni “Yilning xorijiy davlat arbobi” deb topilgani haqidagi xabarini o'qib, shaxsan o'zim juda quvondim. Turkiyadagi nufuzli “Turco­money” nashrining yillik reytingida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yilning xorijiy davlat arbobi” deya e'tirof etilgani haqida Istanbul shahrida Turkiya Buyuk millat majlisi raisi Binali Yildirim, Istanbul shahri hokimi Mevlyut Uysal hamda mamlakat hukumati, parlamenti, jamoatchilik va ishbilarmon doira vakillari ishtirokida o'tkazilgan tantanali marosimda e'lon qilingani yuksak e'tirofga loyiq. Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonning Turkiya hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarini sezilarli darajada mustahkamlashdagi buyuk xizmatlari hamda muhim amaliy hissasi, shuningdek, Okeanorti, Yevropa va Osiyo mintaqasida va uning atrofida hamkorlikni sezilarli darajada jonlantirgani uchun ana shunday yuksak e'tirofga sazovor bo'ldi.

Xorijlik jurnalistlar o'zlarining tanqidiy-tahliliy maqola va xabarlarida tayanch nuqtani muhtaram Prezidentimizga qaratganidan hamda jo'yali xulosalar bergani kishida mamnunlik uyg'otadi. O'rni kelganda, biroz bo'lsa-da, ochig'ini aytaylik, biz matbuotchilar hamon materiallarimizda hadiksirab, qo'rqib-pisib, “dedilar” shaklida yozamiz. Vaholanki, Prezidentimizning mamlakat taraqqiyotidagi keskin islohotlar hamda burilish jarayonlarini boshlab berganlariga uch yil bo'ldi. Qisqa vaqtda shundoq olamshumul o'zgarishlar sodir bo'ldiki, ayrim xorijlik jurnalistlarning chiqishlarida ham qayd etilmoqda. Bu boshlanishi, deb o'ylayman.

Shu o'rinda Amerikaning “For­bes” jurnalidagi Melik Kaylanning maqolasida: “O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev — islohotchi, o'z mamlakati “iqtisodiy taqdiri”ni yaxshilash bo'yicha aniq va tushunarli strategiyaga ega shaxs. O'zbekiston rahbari qisqa muddatda mamlakat kelajagini yaxshi tomonga o'zgartirishga erishdi — mahbuslarni ozodlikka chiqardi, mamlakatda xorijiy OAV fao­liyat yuritishiga ruxsat berdi, respublikani tashqi savdo va investi­siyalar uchun ochdi. Mamlakat rahbariyati yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga katta e'tibor qaratmoqda. O'zbekiston Prezidenti xorijda ta'lim olgan yosh mutaxassislarni rahbarlik lavozimlariga tayinladi, mamlakatda korrupsiyaga qarshi faol kurash olib borilmoqda”, deb yozadi.

2017 yili yozda “Moskovskiy komsomoles” gazetasi lug'atiga Shavkat Miziyoyev haqida talabchan, degan atamani olib kirdi. Bu gapni nega biz matbuotchilar, jamiyatshunoslar, olimlar, yozmadik, aytmadik? Iqtidorli, salohiyatli, davlat va jamiyat taraqqiyotiga, muhtaram Prezidentning qat'iy qarashlari nuqtai nazaridan, biroz bo'lsa-da, sharh beruvchilar yo'qmidi?..

Umuman olganda, hozirgi paytda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev – elu yurt obro'-e'tibori, millat va xalq tarafdori hamda O'zbekiston mamlakatining aql-idroki va ko'zgusi, degan ta'kid jahon miqyosida tan olinayotibdi, e'tirof etilayapti.

Prezidentimizning o'tgan uch yil mobaynida O'zbekistonni tub burilishning hal qiluvchi pallasiga olib kirishda: “Men bilimimga, salohiyatimga, tajribamga va xalqimga ishonaman”, degan mardona gaplari zamirida xalqning farovon va tinch-osoyishta yashashiga qaratilgan “rozi qilish” bosh g'oyasi turibdi. Shu qutlug' qisqa davrda mamlakatimiz taraqqiyotini ta'minlovchi o'nlab, yuzlab innovatsion loyihalar ilgari surildi va belgilab berilgan beshta Harakatlar strategiyasiga asoslangan ustuvor yo'nalish — O'zbekistonni o'ta rivojlangan davlatlar qatoridan o'rin olishiga da'vat etadi.

Prezidentning boy va bebaho hamda boqiy g'oyalari xalqimiz ongu-shuuriga qanchalik tez yetib borsa, mazmun-mohiyatini o'zlashtirishlari oson kechadi. Bu esa ularning mehnat faoliyatiga ijobiy ta'sir ko'rsatishiga shak-shubha yo'q. Demak, tezkor nashrlarga ehtiyoj borligidan kelib chiqib, tojik, qozoq, rus, koreys, turk­man, qirg'iz, qoraqalpoq, tatar, ingliz tillarida kichik ilova sifatidagi nashr nusxalarini ko'paytirish vaqti keldi. Shuningdek, Markaziy-rasmiy nashrlar aholi tafakkuri, mentaliteti va o'zligiga ta'sir ko'rsatishda asosiy omil ekan, buning uchun omma­viy axborot vositalarini kuchaytirish hamda adadini keskin oshirish lozim bo'ladi. Ushbu mulohazani ishlab chiqarishga joriy qilinishi esa uning samaradorligi talab darajasida davom etishini ta'minlaydi.

Yigirmaga yaqin telekanalimiz va 80 dan ortiq efir to'lqinlari bor. Shuningdek, markaziy-rasmiy nashr­lar faoliyat yuritib turibdi. Ular orqali Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi xodimlari, mutaxassislar, olimlarimiz sharhlari, g'oyaviy-mafkuraviy maqolalarning yillab emas, har oyda, har haftada tayyorlanib tarqatilishi, jonli muloqotlar, va'zxonliklar, asosan ko'zlangan maqsadning izchil davom etishi pirovard maqsadimiz — oso­yishta, tinch-totuv yashashimiz, fidokorona mehnatga bo'lgan safarbarlikni yuzaga keltiradi. Bir so'z bilan aytganda, Prezidentimiz g'oyalarini mujassam etib, O'zbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzli o'rni va rolini belgilashda hal qiluvchi omilga aylanadi.

“Bugungi kunda O'zbekiston o'tmish sarqitlaridan xalos bo'lib, yangi taraqqiyot yo'lidan bormoqda”. “South China Morning Post” gazetasida (Xitoy) chop qilingan maqola shu jumla bilan boshlanadi. Gazetada e'tirof qilinishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev o'tmishda yo'l qo'yilgan xatolarni bartaraf etib, ko'plab tan­qidlarga uchragan taqiqlarni bekor qildi, inson huquqlari va erkinliklariga doir qator amaliy chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etayotir. Ayniqsa, respublikaning xalqaro maydondagi imiji tubdan o'zgarib, uning qo'shni davlatlar bilan aloqalari yaxshilandi. Natijada iqtisodiy modernizatsiya va liberalizatsiya jarayonlari izchil kechgani holda, mamlakatga xorijiy sarmoyalar oqimida “portlash effekti” yuz berdi. Respublikaning barcha hududi bugun ulkan qurilish maydoniga aylandi, hamma joyda yangidan-yangi sanoat korxonalari, savdo va ko'ngilochar markazlar hamda boshqa turli ob'yektlar bunyod etilmoqda. Aholi farovonligi va yuksalishi hamda xarid qobiliyatining ortishi mamlakatda ichki ishlab chiqarish va xizmatlar hajmining bir necha barobar o'sishiga sabab bo'ldi.

Open Democracy” elektron portalida (AQSh) O'zbekistonda ayollar huquqlarini himoya qilish borasida kechayotgan ijobiy o'zgarishlar haqida maqola chop etildi. Tahlilchi Darina Solod (Darina Solod) 2016 yili Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimiga saylangandan so'ng mamlakatda bu yo'nalishda keng ko'lamli chora-tadbirlar boshlangani, jumladan, qator qonun va qarorlar qabul qilinganini yozadi.

Xorijlik matbuot xodimlarining har bir chiqishlari Prezident tanlagan yo'l — yangi O'zbekistonning strategik istiqbolidan, uning nufuzi va obro'si, sha'ni-shavkati oshib borishidan so'z yuritadi. Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi shunday qayd qilgan: “Prezident Shavkat Mirziyoyevning dadil qadami va amalga oshirayotan islohotlari tufayli O'zbekiston eskicha qarashlardan voz kechib, zamonaviylikka qarab intilyapti. Bu mamlakat rahbarining yetakchilik va uzoqni ko'ra bilish qobiliyati natijasidir. Buni to'la olqishlayman va muvaffaqiyatlar tilayman”.

O'tgan yil dekabr oyining uchinchi dekadasida mamlakat rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi — “Biz bugun ko'pmillatli xalqimizga, barchamizning umidimiz va suyanchimiz bo'lgan yoshlarimizga ishonib, marrani katta olmoqdamiz.

Aziz farzandlarimiz, nabiralarimiz baxtini, kamolini o'ylab, el-yurtimizning, xalqimizning yorug' kelajagini ko'zlab oldimizga ulkan vazifalar qo'ymoqdamiz.

Yangi O'zbekiston taraqqiyotiga hissa qo'shish — Yaratganning o'zi bizga bergan tarixiy imkoniyat, desak to'g'ri bo'ladi.

Barchamiz buni chuqur anglashimiz, qadriga yetishimiz zarur!” — asosida: “O'zbekiston so'nggi yillarda iqtisodiyotning avvalgi rivojlanish modelidan sezilarli darajada uzoqlashib, barcha sohani, jumladan, qishloq xo'jaligi, tog'-kon sanoati va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish tarmoqlarini diversifikatsiya qilishga alohida e'tibor qaratmoqda. 2016 yili Prezidentlikka saylangan Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi o'zgarishlarning asosiy drayveriga aylandi”, degan fikrni AQShning “CNBC” telekanali berdi.

Ishonchim komil, kelajakni ko'zlab qilinayotgan mamlakat taraqqiyotining umumiy prinsiplari yig'indisi, majmui — yaxlit ulkan o'zgarishlarni vujudga keltiradi, yangilanayotgan, o'zgarayotgan O'zbekistonning maqsadli asosini yaratadi.

Karim Normatov,

O'zbekiston Respublikasi

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi professori,

tarix fanlari doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − four =