“Men o'zbek xalqiga ta'zim qilaman”

Meksikaning Kankun shahrida bo'lganimda xalqimizga xos mehr-muhabbat, bag'rikenglik, ezgulik fazilatlarining dunyo miqyosida nechog'li baland ekaniga yana bir bor ishondim.

Do'stimiz Nizomjon Rustamov bilan uzoq yillar sud-huquq sohasida ishladik, u paytlar chet davlatlarga chiqishning imkoniyati bo'lmadi. Nizomjon bilan nafaqaga chiqqanimizdan so'nggina xorijga chiqib, dunyoni ko'rishga otlandik.

Amerika Qo'shma Shtatlarining Nyu-York shahrida jiyanim Saidjon yashaydi, to'g'ri unikiga bordik. Bu shahar bizda o'zgacha taassurot qoldirdi. Umring bino bo'lib, birinchi marta Vatandan tashqariga chiqgach, olamning keng ekanligini teran anglay boshlar ekansan-da.

Saidjonning “turizm rejasi” bo'yicha shahar keza Meksikaning Kankun shahriga borib qoldik. Kankun haqiqatan ham dunyo turistlarini o'ziga jalb qiladigan, nihoyatda so'lim shahar ekan. Har kuni nonushtadan so'ng oshxona yonidagi suv bo'yida dam olish menga juda yoqib qoldi.

Bir kuni Nizomjon bilan daraxt soyasidagi o'rindiqda suhbatlashib o'tirgandik, yonimizdan yoshlari ancha ulug', ikki nafar o'ris er-xotin o'tib qoldi, bizlarning o'zbekcha gaplashayotganimizni eshitib, yaqin kelishdi. O'zini Ivan deb tanishtirgan notanish kishi qaerdan ekanimizni so'radi. O'zbekiston nomini eshitgach, ko'ziga yosh oldi, ishonqiramay qaradi bizga. Hozir buni ifodalashim qiyin, ammo u o'ta xursand kayfiyatda edi.

Ivan aka, bizdek qadrdon odamlar bilan uchrashish o'zi uchun quvonarli hol ekanini ta'kidladi. Shunda ayoli qaergadir borishlari zarurligini aytib qistay boshladi, Ivan aka biz bilan suhbatlashishi hamma narsadan ustun va ahamiyatli ekanini aytib, ayolining o'zini jo'natib yubordi.

Ivan aka gap boshladi:

— Men dunyoning ko'plab davlatlarida bo'ldim. Lekin, biror joyda o'zbek xalqidek mehridaryo, bag'rikeng, saxovatli, oliyjanob   xalqni uchratmadim. Onam yoshligimda vafot etgan. Bolaligim yetimlikda o'tsa kerak deb o'ylardim. Tengqurlarimning yetim deb ustimdan kulishlari menga alam qilardi.

Keyingi taqdirim boshqacha bo'ldi. O'zbekistonga kelib men o'zimga ona topdim. Yetimligim ham esimdan chiqib ketdi. Bilasizlarmi, bu voqea­lar urush yillarida bo'lgandi. Men o'shanda 7 yoshda edim. Men tengi ming­lab bolalar O'zbekistonga evakuatsiya qilingandik. Ularning ko'pini tanirdim, chunki eshelonda birga kelganmiz. Hech biri ko'chada qolmadi. Bizning ismimiz o'rischa, sharifimiz o'zbekcha edi. Bundan faxrlanardik.

— Siz qaysi shaharda yashagansiz? — qiziqib so'radim.

— Avval poezdda 10 kun yurdik, so'ng bizni Farg'ona shahriga kelganimizni aytishgan. Xayolimdan: endi qanday qilaman, begona yurtda, begona bolalarning ichida do'st topa olamanmi, degan o'y rosa qiynardi. Bizdan katta yoshlilar: “Endi bizni bolalar uyiga topshirishadi. Biz begonamiz, mahalliy bolalar urishadi. Chidaysizlar”, deyishdi. Qo'rqib ketdim. Ammo unday bo'lmadi.

Esimda, o'shanda Farg'ona vokzali ayollar va bolalar bilan to'lib-tosh­gan edi. Har tarafdan baqiriq-chaqiriqlar eshitilardi. Atrofga olazarak boqardik. Ichimizda xavotir bor edi.

Bir o'zbek ayoli, eri urushda, buning ustiga yettita farzandi bo'lishiga qaramay, uch-to'rtta bolaga qo'shib meni ham uyiga olib ketdi.

Kutmagandim, hammasi boshqacha bo'ldi. Men yangi oila, yangi onamni topgandim. Bu qadar mehridaryo insonlarni boshqa biror yurtda uchratmadim. Sizlarni ko'rib xuddi tug'ishganlarimni ko'rgandek bo'ldim. O'zbekis­ton, Farg'ona esimga tushdi. Axir u yurt — mening yurtim.

Bilasizlarmi, ilk bor mehr-muhabbat bilan sug'orilgan taftni o'z onam bag'riga olganda his qilgan bo'lsam, ikkinchi bor o'zbek ayoli — onam timsolida yana his qilganman.

Ba'zan meksikaliklar bilan gaplashib qolsam, qaerdansan, deb so'raydi. Darrov faxr bilan O'zbekistondan, deb qo'yaman. O'zim ham aytgan gapimdan quvonib ketaman. “U yurt qaerda?” — deb so'raganlarga bilganimcha aytib beraman, — dedi Ivan aka.

Insonni ulug' mehr-muhabbatga va yuksak ma'naviyatga   undovchi bunday xotiralarni eshitib, beixtiyor bizning ko'zimizga ham yosh keldi.

Ivan akaning aytishicha, o'zbek onasi o'z bolalarini uxlatganidan so'ng uni ham bag'riga olib, alla aytib uxlatar ekan. “Alla men uchun eng totli ashula edi”, — deydi u.

Keyinchalik xonadoniga eshikdan bir general-polkovnik kirib kelibdi, Ivan akaning aytishicha, bu uning otasi bo'lgan. O'g'lini surishtirib topib kelgan. Shunda o'g'lini xuddi o'z onasidek — o'zbek ayoli bag'riga bosib olganini ko'rgan general: “Men o'zbek xalqiga ta'zim qilaman”, deb onasi qoshida uch marta ta'zim qilgan ekan.

“Men harbiy kishiman, san'atdan xabarim yo'q, shu sababli uni qanday bo'lishini bilmayman. Lekin bu bag'rikeng o'zbek xalqiga eng chiroyli va mahobatli haykal o'rnatilishi kerak”, degan ekan o'shanda otasi…

Ivan aka: “Bilasizlarmi, men uchun dunyoda eng totli narsa nima? — so'radi va o'zi javob berdi. — Bu tandirda yopilgan o'zbek noni! O'zbek tandir nonini juda sog'indim”.

Biz Amerikaga kelishda o'zimiz bilan bir dasturxon patir non olgandik. Patir nondan Ivan akaga AQShning Boston shtatidagi doimiy yashash uyiga yetkazamiz, deb va'da berdik. Va Saidjonnikiga qaytib borganimizda va'damizni bajardik.

Karimjon Saidov,

sud tizimi faxriysi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + eighteen =