Qo'limga yopishib qoladi gullar
Muallif haqida: Muhiddin Abdusamad — 1982 yilda tug'ilgan. 2005 yili bo'lib o'tgan IX an'anaviy Zomin anjumani g'olibi. “Onajon”, “U” deb nomlangan she'riy to'plamlari nashr etilgan. “Yoshlar kitobi 2008” hamda Ozarbayjonda nashr etilgan “Sevgi fasli” to'plamlariga she'rlari kiritilgan.
Saningsiz
Saningsiz man, bilmam, kimman —
yuragimda turdi og'riq.
Kaftlarimda to'lib ummon —
tilagimda turdi og'riq.
To'rt tarafim keng nimarsa,
saroblarga teng nimarsa.
Qo'lim cho'zib yeng shimarsam —
bilagimda turdi og'riq.
Yurak tepar qobirg'amni,
o'par… o'par… o'par g'amni…
Jon degani sob bo'lganmi —
suyagimda turdi og'riq.
Bir yo'lingni dayr bilsam,
shul yo'lingda sayr qilsam.
Adashsam-u, sal qayrilsam —
kuragimda turdi og'riq.
Saningsiz man, bilmam, kimman —
yuragimda turdi og'riq.
Kaftlarimdan toshib ummon —
tilagimda turdi og'riq.
* * *
Manim ko'zim yomon. Ichim fosh etar,
Sani ko'p sog'inib jismim yosh etar.
O'zing bir ta'lim ber jismu jonima,
Visoling ruhimni xo'p yuvosh etar.
* * *
va yana tillosin yo'qotib osmon,
va yana sharroslab yig'lasa yomg'ir
va yana muhabbat bo'lib sargardon
va yana jizillab tinmasa bag'ir
va yana namiqqan jiqqa tushlarim
va yana ivigan ko'zning surati
va yana ilkingni ilkis ushladim
va yana o'pmoqqa yetmas jur'atim
va yana…
* * *
Toshlar yog'ayapti,
yoshlar oqayapti…
…yuragimga g'ilof tikib ber…
Kiprigimga qo'nib turgan qor —
qayiradi dilimni,
ayiradi dilimni…
…yuragimga g'ilof tikib ber…
Cho'ntagim yirtig'iday
so'kiladi umr,
to'kiladi umr
cho'ntagim yirtig'idan….
…yuragimga g'ilof tikib ber…
Ko'zimda o't olar o'tinchim —
sen ham,
men ham o'tkinchi…
…yuragimga g'ilof tikib ber…
Hayajon
Senga atab olgan gullarni
Uchrashganda bermayman senga —
Qo'limga yopishib qoladi gullar…
Qo'limga yopishib qoladi…
Qo'limga yopishib…
Qo'limga…
Senga atay tuzgan so'zlarni
Uchrashganda aytmayman senga —
Tilimga yopishib qoladi so'zlar…
Tilimga yopishib qoladi…
Tilimga yopishib…
Tilimga…
Xayol bilan qaytaman ortga,
Xayol bilan qaytaman asta —
Dilimga yopishib qoladi isming…
Dilimga yopishib qoladi…
Dilimga yopishib…
Dilimga…
* * *
Yo'llarimiz hijron rangida,
tog'lar paydo bo'la boshlaydi.
Ko'zim yumsam, ko'zim o'ngida
bog'lar paydo bo'la boshlaydi.
Faqat senu men biladigan,
faqat menu sen biladigan,
ikkalamiz teng biladigan
chog'lar paydo bo'la boshlaydi.
Nozik joyim bilar kipriging —
yuragimni tilar kipriging.
O, nimalar qilar kipriging —
dog'lar paydo bo'la boshlaydi.
Desam buncha gulgun lolasan,
hech ne demay jim uyolasan.
Bir jilmayib jonim olasan —
chohlar paydo bo'la boshlaydi.
Ko'z oldimda ko'zing doimo,
tushimda ham o'zing doimo.
Qoshing qoqib bir qilsang imo
mohlar paydo bo'la boshlaydi.
Sen go'zal gul, faqat men uzsam,
lablarimda gulgun may suzsam…
Xayolimda surating chizsam,
“voh”lar paydo bo'la boshlaydi.
Yana ne dey, gulyuz dildorim,
to'lib turgan bu qalb — anorim
yormoq uchun chog'lansam bormi
ohlar paydo bo'la boshlaydi.