“Mensiz yasholmaydi bu oppoq daftar”
O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Alamli dunyoda alamli gulim» kitobini o'qib…
Bolaligimdan oppoq ranglarni yaxshi ko'raman. Nega deysizmi? Rostini aytsam, bu savolingizga aniq javob bera olmayman. Faqat tusmollarim bor. Men tug'ilgan qishloq – Xo'jailmkoni yon-atrofi tog'laru qirlarga tutashib ketgan so'lim, jannatmonand go'sha. O'sha tog'larning boshidagi qorlar qishin-yozin oppoq bo'lib turadi. Oppoq bulutlarga yelka tutib turgan tog'larga hamisha havasim kelgan. Osmonni to'ldirib turgan bulutlar oqqushlarga o'xshaydi. Azim oppoq sochli mo'ysafid tog'lar bilan oqqushlar – bulutlar sassiz suhbatlar qurayotgandek tuyulaveradi. Oppoq suhbatlar… Qaydam, oq rangni yaxshi ko'rishimga shu manzaralar sababdir.
Bobom rahmatlining egnida hamisha oppoq jelak, boshida oppoq salla bo'lardi. Tegirmonchilik qilar edi. Un tortgan paytlarida qoshi, kiprigi, soqoli oppoq bo'lib ketar edi. O'sha ish joyida oq muqovali kitobi bor edi. Ozgina bo'sh qoldi deguncha qo'liga kitobini olib o'qirdi. Albatta, olti-etti yashar bolakay bobosining nima o'qiyotganini qaydan bilsin. Ammo u kitob o'qiyotgan paytda shunday bir nuroniy zotga aylanib ketar ediki, biz nabiralar hech narsa tushunmasak ham oldidan bir qadam nari ketolmay qolar edik. Xuddi ertaklarda ta'riflanadigan sehrgar bobo kelganu go'yoki bizni sehrlab qo'ygan. Ehtimol, qalbimda oq rangga bo'lgan muhabbat ana o'sha paytlarda paydo bo'lgandir.
Dadam rahmatli butun umrini xasta jonlarga shifo bag'ishlashga sarf ayladi. Barcha shifokorlar kabi oppoq xalat kiyib olar edi. Oldiga najot izlab kelgan biror bemor noumid bo'lib chiqib ketmagan. Ko'ngli ham, maqsadu muddaosi ham, so'zlari ham oq edi u kishining. Darddan qora tortgan dardmand ko'ngillar uning muolajasi bilan kunday nurafshon bo'lib ketardi.
Nafaqat dadam, Ibn Sino izdoshlarining barchasi liboslari kabi oq niyatli bo'lishadi. Ularda yagona istak bor — hech kim kasal bo'lmasin. Xullas, umri ezguliklardan iborat inson — dadamning hayoti men uchun doimo ibrat timsoli bo'lgan. Ehtimol, shuning uchunda oq rangni yaxshi ko'rarman.
Bu o'ylar shu tobda nega xayolimda charx urganini endi aytsam, yaqinda ustoz shoirimiz Sirojiddin Sayyid menga “Alamli dunyoda alamli gulim” degan kitobini hadya qildi. Undan sal avvalroq to'rtta kitobdan iborat she'riy asarlarini bergan edilar. Darvoqe, ustoz shoirimizni ilk marta “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi tahririyatida uchratganman. “Kuydim”larni kuyib-kuyib o'qib yurgan chog'larim edi o'sha pallalar. Sirojiddin aka shoir Rustam Musurmon bilan bitta xonada o'tirar ekan. Ustozning ust-boshidagi kiyimlar men sevgan rangda — oq. Rustam akaning yaxshi timsolli gapi bor, Sirojiddin aka gazetaga oq turnadek kelib ketardi. Mazkur tanishuv mening hayotimda yangi sahifa ochgan. Men shu ustoz sabab elning darg'alari — Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Anvar Obidjon, Usmon Azim, Erkin A'zam, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf kabi atoqli shoir, yozuvchilar bilan tanishdim, yaqin bo'ldim. Ulardan ham hayotiy, ham ijodiy saboqlar oldim. O'zimning kitoblarim chiqishida ham ustoz Sirojiddin akaning yo'l-yo'rig'i, ko'maklari ko'p bo'lgan. Bu odam ana shunday bag'ri keng, oq niyatli odam. Nazarimda, menga o'xshab boshqa ijodkor do'stlarim ham ustozdan ko'p yaxshiliklar ko'rgan.
Chalg'imaymiz, xullas, qo'limda “Alamli dunyoda alamli gulim” degan kitob. Oppoq kitob. Oq rangni oshig'i bo'lganim uchun kitobni olgan zamonim oydin oqshomda mutolaaga kirishib, oq tong otganini sezmay ham qolibman. Kitob degani mana shunday bo'ladi-da. U seni butkul sehrlab oladi. Hamma narsani unutib, kitobdan o'rin olgan she'rlar olamiga maftun bo'lasan. Shu fursatlarda sen yashayotgan manzil fasoxat sayyorasi bo'ladi. Muhabbat, sevgi mamlakati bo'ladi. Sadoqat o'lkasi bo'ladi. Hayratu hayajon diyori bo'ladi. Iztirobu dard go'shasi bo'ladi. Negaki, shoir ham bu she'rlarni ana o'sha olamlarda turib ijod qilgan.
Kitobdagi she'rlarning deyarli barchasi menga tanish. Men ularni matbuot sahifalarida e'lon qilingan chog'larda o'qiganman. Ammo yaxlit bir to'plam holida o'qigan chog'da o'zgacha kayfiyat bag'ishlar ekan. Shoirning butun bo'yi bastini ko'rmoqchi bo'lsang kitobini o'qi ekan. Mana kitoblar nimaga kerak. Ishoning, men she'rdan she'rga o'tar ekanman, ijodkorning yurak urishini his eta boshladim. Uning qanday yorug' orzu-maqsadli qalb sohibi ekanligini yanada teranroq his etdim. Cho'lpon bobomiz iborasi bilan aytadigan bo'lsam, “boshini zo'r ishga berib qo'yganini” yuragimdan o'tkazdim. O'zi yozganidek, so'zlar qidiraman — eng porloq so'zlar. U eng porloq so'z aytishni avval-boshdan niyat qilgan. Parvardigor esa uning niyatiga yarasha ne'mat — so'zlarni bergan va berayotir.
Men dunyoga nomimni
Bunyod etgali keldim.
Avval o'zni yo'qotib,
So'ng yod etgali keldim…
Ushmundoq niyat bilan kelgan odam kishilarga faqat ezgulik ulashadi, shunday emasmi.
Kitob kino tasmasi singari bolalik-o'smirlik chog'larimdan shu kunga qadar o'tgan umrim yo'llarini bir-bir ko'z oldimda namoyon qildi. She'r — taqdir. Uni o'qigan odam ijodkorning hayot yo'llarini ko'radi. Har kimning o'z hayot yo'li, albatta, bo'lak. Biroq tuyg'ular bir-biriga o'xshaydi-da. Hayratu hayajonlar bir-biriga o'xshaydi-da. Sinfdosh yoki kursdosh qizlarga mehri tushmagan odam bormi o'zi. Satrlar esa sizga o'zingiz bilan bog'liq oq damlarni xotiringizga soladi. Shu narsaning o'zi she'rning to'qilmaganligiga ishora. Mana shuning o'zi she'rning tug'ilganligiga dalildir. Demak, u asrlar osha yashayveradi. O'lmas misralarni oshiq bo'lmay yozib bo'lmaydi. Oshiq o'z dildorini tumanzorlargayu tumanzorlar ichra sumanzorlarga olib ketish istagida yonmoqda. U yerlarda sadoqat borligiga ishongan qalbning nolasi bu. Yurakning qonatib qog'ozga tushgan iztirob surati bu.
Seni olib ketsam tumanzorlarga,
Tumanzorlar ichra sumanzorlarga.
Endi yurakning haqiqiy umidlari tasvirlana boshlaydi. Yor yo'llariga yulduzlarni sochish, bag'rikenglik, oliyjanoblik, poklik belgisidir. Uni tunu kun suyish esa mislsiz mehribonlikdir. Mana shu o'rinda ham shoirning qanchalar yorug' orzuli dilga sohibligini anglash qiyin emas.
Yurar so'qmog'ingga yulduzlar qo'ysam,
Tunlar suysam seni,
Kunduzlar suysam.
Bir hayot yaratsam tunu tumandan,
Ovqatimiz bo'lsin ishqu sumandan…
Elning mashhur xonandalaridan biri rahmatli Muhriddin Xoliqov “Alamli dunyo” she'rini juda chiroyli kuylagan. She'r dastlabki satrlardanoq o'quvchining diqqatini tortadi.
Qo'llarim shoxlarday zor qolgan kunlar,
Dil ketib, va lekin or qolgan kunlar,
Uzun mijgonlarda qor qolgan kunlar
Sen ketding, muzladi o'ng ila so'lim,
Alamli dunyoda alamli gulim.
Daraxtlarni ko'rgansiz. Shoxlari osmonga talpinadi. Xuddiki o'z arzini Xudoga aytayotgandek. Shoirning bu qiyosi naqadar ruhga yaqin. Shunga o'xshash holat har kimning ko'nglidan kechgan bo'lishi aniq. Garchi shoir bunday demagan bo'lsa ham dilni bargga qiyoslaylik. Barglar ketadi. Ammo daraxt qoladi. Uning shoxlari qoladi. Ana shu — or. Kipriklarda qor ingan holatni ham hamma ko'rgan. Shu holatni yorning ketishiga muqoyasa qilishi naqadar jonli chiqqan. Yorning ketishi oshiq qalbning jonu jahoni muzlashi, yaxlashi emasmi. Shu emasmi alamli dunyo degani. Tabiat va so'zlar, tasvirlar va holatlar shu qadar uyg'un kelganki, hammasi tabiiy holda ko'ngilga singib ketadi. Shoirning iztirobi, g'ami o'quvchiga ham yuqadi. Bu g'am, bu iztirob endi o'quvchinikiga aylanadi.
“Oq bino oqshomlari” degan film bo'lardi. Rostini aytsam, film qahramonlari-yu syujetini hozir uncha eslay olmayman. Ammo shu filmdagi sauntrek — qo'shiqni yodlab olganman. Qo'shiq elning ardoqli hofizi Sherali Jo'rayev tomonidan maromiga yetkazib kuylangan. Siz ham uning qanday qo'shiq ekanligini esladingiz chamamda. Ushbu qo'shiq qilingan she'r muallifi ham ustoz Sirojiddin Sayyiddir.
Men ishq elining nolayu afg'onida kuydim.
Ko'ngil uyining otashi armonida kuydim.
Mehrin tilabon o'tsa agar oshiqi zorlar,
Mehrimni berib men esa tovonida kuydim.
Yonmoq faqat bir marta bo'ladi. Takror yonish yo'q. Keyingisi chaman. Bugun o'rtangan jonlar ertaga gulu giyohlarning atridan sarmast yashaydi. Unga kuyganligi uchun, kuyib-kuyib sevgani uchun, bu hayoti dunyoda kuyunchaklik bilan yashagani uchun shu ne'mat beriladi. Ishq elining nolayu afg'oni, ko'ngil uyining otashi armoni uning borar manzillarini oq aylaydi.
Shoirning “Gunglar to'yida” sarlavhali she'ri bor. Uni qachon o'qisam yig'lagim kelaveradi. Yoshlarimni hech kimga ko'rsatmay o'qiyman bu she'rni. Uni yozgan ijodkorning holi ne kechgan degan o'y ko'nglimga g'alayon soladi.
Hech kim chaqirmadi meni.
Men o'zim keldim,
Guvoh bo'lmoq uchun tilsiz taqdirga.
O'sha to'yda, “mening oq atirgulim, chiqib kelgil uyingdan”, deya qo'shiqlar yangraydi. Tilaklar aytiladi. Ammo kelin-kuyov ulardan bahra ololmaydi. Hamma xursand. Biroq kelinchagu kuyov yigitning shu tobda ko'nglidan nimalar kechayotgan ekan. Ko'nglimga bostirib kirayotgan tumonat o'y-yu kechinmalardan dod deb yuborging keladi. Axir, bu to'y odatdagi to'ylarga o'xshamaydi. Ey, dunyo, qani seni adolating? Hammani bir ko'zda ko'rishni qachon o'rganasan, dunyo? Ey yolg'onchi dunyo, qachon rost bo'lasan?
Sen bu oq xayolning tilsiz dardini
Anglab yetarmiding, so'zfurush dunyo!
Bu she'r chin ma'noda saboq. Shukrona bilan yashashimiz uchun ham bu she'rni o'qishimiz kerak. Allohning bu tilsiz taqdirlariga qarab, tafakkur qilishimiz, Yaratganning mislsiz ne'matlariga shukr qilib yashamog'imiz darkor. Kibrlardan kechib, tuproq singari xokisor bo'lib yashamoq lozim. Shoir aytganidek, hayotning eng toza shiori mana:
Havolanmoq nechun, axir
Insonmiz-ku hammamiz,
Har kimga ham insof bergil,
O'zingdan qo'rqmoqlik ber.
Yassaviy bobo aytgan, “Tuproq bo'lgin olam seni bosib o'tsin”. Shayton manmanlikka berilgani uchun, tug'yonga ketgani sabab, kibrga berilgani bois Haqning muborak va muqaddas dargohidan quvilgan. Shu bois ko'nglini qora qilguvchi kibru havo kimga kerak, nimaga kerak. Undan ko'ra bir-birimizga mehr ulashaylik, muhabbat ulashaylik. Sadoqat qilaylik. Muruvvat ko'rsataylik. G'iybatu bo'hton qilishdan yiroq bo'laylik. Yo'llarini to'smaylik, yo'l ko'rsataylik. Oyog'idan tortmaylik, qo'limizni tutaylik. O'tkinchi dunyoda mehrni qizg'anib yashashlik odamgarchilikdan emas.
Bugun sizga oq dasturxon to'shar hayot,
Taronani tog'oraga qo'shar hayot.
Ham singil, ham yoringizga o'xshar hayot,
Mehringizni qizg'anmang
bir-biringizdan.
Bizga oq dasturxon to'shagan hayot, kuy-qo'shiqlar bilan ko'nglimizni, hayotimizni ham to'ldirishga ham qodir. Axir, bu hayot singillarimizga, yorimizga o'xshaydi. Modomiki, shunday ekan, mehr qizg'onmang. Ogahiy bobo iborasi bilan aytadigan bo'lsak, mehr — quyosh nuri olamga teng tushadi. Siz ham quyosh yanglig' yashang. Nuringiz ham bo'lsin, taftingiz ham bo'lsin.
Shavkat Rahmon: “G'am so'zin elimdan avvalroq aytdim, baxt so'zin aytaman eldan keyinroq”, deb yozgan. Olam shoirlarining tanlagan qismatlari shu. Ular avval boshqalarni baxtiyor ko'rishlari kerak. Yo'q-sa, ularga olamning shodliklari tatimaydi. Ustoz Sirojiddin Sayyid ham xuddi shunday oq niyatli shoir. Axir, bu so'zlarni hamma ham ayta olmaydi.
Bu hayotning g'ala-g'ovur do'konida
Baxtga navbat turganlarning oxiriman.
Shoir qalbining musaffo osmonidan tushgan bu satrlar bulutlardan ham harir. Oppoq bulutlardan-da oppoq. Yurak siyohdoniga muhabbat qalamini botirib oppoq orzu, oppoq iztirob, oppoq qayg'u, oppoq quvonchni oppoq daftarga to'kib soladi.
Mensiz yasholmaydi mana bu qalam,
Mensiz yasholmaydi bu oppoq daftar…
Ustoz Abdulla Orifning Alloh bergan taqdir xususidagi orifona hikmati bu: “Men shoirman, istasangiz shu, o'zimniki erur shu sozim”. Daftar — bu qismat. Xudo bergan qismat. Bu taqdirot Vatan bilan, millat bilan, xalq bilan pirovardida Inson bilan, Dunyo bilan bog'liq. Men esa bularning barchasini oq rangda ko'raman. Qaydam, oq rang nega buncha menga yoqadi? Bular mening tusmollarim. Sizga ham oq rang yoqadimi? Yoqsa nega yoqadi? Shu haqda o'yladingizmi? Ana o'ylaringiz ham aniq bilaman oq rangda. Umringiz, yo'lingiz, qalbingiz oq bo'lsin.
Oppoq umidlar bilan ustoz S.Sayyidga ushbu she'rni bag'ishlagan edim:
Kimningdir orzusi yurakda armon,
Kim esa murodu maqsadga yetgan.
Ko'p shukr, nolisam bo'lmas, Xudojon,
Ko'nglimga shoirlik onamdan o'tgan.
Mehri ham, qahri ham qattiq bolaman,
U intiq dil bilan sog'ingan, kutgan.
Sochlariga tushgan oppoq tolaman,
Ko'nglimga shoirlik onamdan o'tgan.
Neki topgan bo'lsam misqollab topdim,
Umrim pushaymonlik shahrida yitgan.
Jannat xabari deb poyini o'pdim,
Ko'nglimga shoirlik onamdan o'tgan.
Gohi zulmat ichra qolsam adashib,
Yo'ling oq bo'lsin, deb chiroqlar tutgan.
Qalbidan qalbimga tamanno tashib,
Ko'nglimga shoirlik onamdan o'tgan.
Doim toqat bilan bir qumloq kabi,
Dunyo g'amlarini ichiga yutgan.
So'nmagan hayotdan aslo matlabi,
Ko'nglimga shoirlik onamdan o'tgan.
Degan, bulbul bo'lgin, bulbulday yasha,
Qarg'alar holini ko'rgin, go'ng titgan.
Yuksak bo'l,
Yuksak bo'l, yuksalib yasha,
Ko'nglimga shoirlik onamdan o'tgan.
Yashamoq kerakdir talpinib nurga,
Ko'rdim, g'o'ralardan halvolar bitgan.
Shukrona, Haq bergan hayot, taqdirga,
Ko'nglimga shoirlik onamdan o'tgan.
G'ayrat Majid.