Boychechak bargining soyalarida

Muallif haqida: Bahodir Qobul (Bahodir Qobulov) 1966 yilda Baxmal tumanidagi O'smat qishlog'ida tug'ilgan. Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetining o'zbek filologiyasi (1984-1989) hamda huquqshunoslik (1992-1996) fakultetlarida tahsil olgan. “Yomg'ir yoqqan tunda”, “Nafaqa”, “Qaldirg'och”, “Yaxshi odamlar” nomli ilk hikoyalari 1987 yil “ Yoshlar almanahi”da, shuningdek, “O'spirinlik”, “Ena shamol” kabi qissa va hikoyalar to'p­lamlari chop etilgan. O'zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi a'zosi. Quyida Siz mushtariylarimiz e'tiboriga ijodkorning turkum she'rlarini havola qilmoqdamiz.

Bahodir Qobul

Salom, turkiston

1

Zar kokil dalalar, alvon dalalar,

Xayol suradilar, ohista va jim.

Qaysi bir tog'ingday dardingni aytay,

Toshlar tars yorilar, soy yig'lar sim-sim.

Shohsupa huvillar, archalar sobit,

Bir yonda Turkiston, bir yon Nurota.

Oltin Su ko'ksidan nur emgan yurt,

Assalom Onajon, assalom Ota!

2

Ko'zga yaqin qirmiz, asov tulporga,

Nazar tashlayverar mard ham, nomard ham.

Senga ega chiqmoq bo'lmadi, ne kas,

Ne jirkanch qo'llarni ko'rmadi yoqang.

Har tong azon aytar Ko'hi Orifon,

“O'zni qutqarmoqqa shoshilgin”, bolam,

Necha bir olamni aylanib kelib,

Oy makon axtarar, ko'zlari jalang.

3

Ming to'qqiz yuz o'n oltinchi yil,

Qili bo'yi, saratonning sariq kunida.

Egasiz, faromush, hardamxayol el,

Mustarib dirdirar giryon — navoda.

Qamishdan sizg'igan kuyingni uqdim,

Uqdimu, tiklandim, azaldan, qaytdan.

Tangri Turkistonin   tengsiz beklarin,

Ruhi shodmon kezar, sezdingmi Vatan?

4

Bosqinchilar seni ming bor taladi,

Uchtepada dorlar tikildi bot-bot.

Jizzax O'rdasini qirq yil izladim,

O'rniga hasratlar bo'y berdi, qat-qat.

Qilday bir joningga ming bir azob-la,

Bag'ringda bolangni qanday asrading?

Men seni qaylardan izlayin endi?

Diydoring nelardan endi istayin?

5

Kuyaboshda uchgan shahid boshlarning,

Ohlarin eshitdim, dodin eshitdim.

Bir ko'ksida go'dak, bittasida tig',

Tutib alla aytgan rozin eshitdim.

Qonga to'lgan Qili, sho'r bosgan mijja,

Tiriklay ko'milgan o'spirinzorlar.

Qo'rquvdan duduqqa aylangan malak,

Qirqkokil qizlarni sirin eshitdim.

6

Yurtni yov talaydi, xomtalash qilar,

Xoinlar qur olar, to'rdadir g'anim.

Shuncha tahqirlarni, shuncha zulmni,

Qaysi ko'kayingga sig'dirding tanim!

Bosqinchi — qo'rqoqdir, go'dakdan qo'rqar,

Tig'dan o'tkazadi yosh-u qarini.

Bolamga hammasin aytaman deya,

Mullatosh kuzatib turar barini.

7

Parpi Ota senda, Girkushod senda,

Avliyoi Serob, sendadir Huttot.

Ilk “Quyosh taqvimi” obidasiga,

Qaysi bir obida teng kelar hayhot.

“Sukunat qo'rg'oni”n saboqlarini,

O'tmish ham kelajak birdek eshitar.

Uchi qiyrig'i yo'q lahmlaringdan,

Bir kuni Arshga ham yo'lak topilar.

8

Zomin sharsharasin hayqirig'iga,

Ummon ortida ham quloq tutarlar.

Boychechak bargining soyalarida,

Momolar mehrdan beshik tuzarlar.

Oyqor yelkasini qo'yar osmonga,

Sangzor jo'shib kelar, yuragi to'lib,

Taypoqsoy dalasi taltayib yotar,

Arnasoy poyingni yuvadi, o'pib.

9

Bir yonda Majrumim, Avliyo Ota,

Bir yonda Vaqqoslar turar duoda.

Boburni kuzatib Hind sori bunda,

O'smat   yig'lab qoldi, abgor uvoda.

Moskovni uch kunda olgan To'xtamish,

Bitta qishlog'ingga   ega chiqolmas.

Sohibqiron ruhi qiron solganda,

Achchi alamidan boshi chiqolmas.

10

Kesh-u   Shoshdan   chiqqan har bitta karvon,

Senga qo'nib o'tmay, ketolmaydi hech.

Chehrangga mahliyo bo'lgancha qotib,

Forish oyna tutar, shom-u sahar-kech.

Samarqandning al-xos beklaridansan,

Yor Yayloq lashkarlar dupirin qo'msar.

Baxmal olmasining asl bo'yini,

Behisht-hurlarida bir tuymoq istar.

11

Alvon dalalarda alvon lolalar,

Shahid otalarning o'chmas chirog'i.

Bibixonim bosgan izdan gul unar,

Bozorxonimga bor, ko'rgin chirog'im.

Saroymulk xonimning qizlari bunda,

Kokillari zardan, so'zlari bolli.

Jahonni qaytadan olmoqqa tayyor,

Ilm tulporida Temurbek eli.

12

Marjonbuloq toshin bo'yniga osib,

Tavof qiladilar, Chin-u — Mochinda.

Otalar suv ichgan Oydin buloqning,

Kulgisiga teng soz yo'qdir ochunda.

Xirmonjoy ko'mochin   bir tishlamini,

Egan qaytib kelar, Makkatillodan.

Paykaldan bo'ylagan Bo'rikallaning,

Hidi qimmat turar ming bir tillodan.

13

Turkiston archasi — u archa emas,

U temuriy askar, temuriy bekdir.

Mudom ogoh turar muzofotidan,

Tilaklari toza, niyati nekdir!

Mir Said Baraka avlodlarining,

Ruhi senda kezar, davang va sokin.

Bunda tiyra ko'zin ochgandan buyon,

Sendek go'zallikni ko'rmagan ochun.

14

Temur dedi: “Bu yurt mening bog'imdir…”

Ulug'bek yorlig'in senga ilindi.

Usmatiy fiqxlar sharafga burkar,

Qaysi shuhratingdan so'ylayin endi?

Turkiy el erkindir, bayroq tikildi,

Yetimtog' yetimmas, bag'ri butundir.

O'n ikki beklarning orasida teng,

Jizzax tandirining o'rni tayindir!

15

Temurbek topingan Uzunotaning,

To abad izzati, qo'li uzundir.

Suvi shirin elim, shakar til elim,

Archang umridayin qadring uzundir!

Sen ota mozorim, ona o'chog'im,

Bilki, sahrolaring to'tiyo menga,

Bir jangal soyasin, qumsadi ko'ngil,

Xasingga bosh qo'yib, jon fido senga!

16

Temur darvozasi — yurt darvozasi,

Jangu jadallarning jarror guvohi.

Bahodir turklarning so'nmas avlodi,

Muzaffar naslning eshit ur-hosin.

Erganagi doim qo'liday ochiq,

Qo'rasi qulf ko'rmas asli bu elning,

Ko'ksida ming bitta dog'i bo'lsa-da,

Qalbida soyasi yo'qdir bu elning!

17

Sen g'oziylar yurti, qo'rg'onim, mani,

Gunohim yuvg'uchi sho'x soyim mani.

Tog'lar azon aytar, mozorim mani.

Ilhaqim, mustarim, ayvonim mani.

Dorlarni qo'rqitgan Bobom sen meni,

To'plarga tupurgan   Otam sen meni.

Yovlardan tug'magan Onam sen meni,

Man saning ushog'ing, garding men seni!

18

“Bir siqim tuprog'im elga qo'shilsin”

Bu buyuk otamning tayini gapi,

Bu ulug' onamning omonat so'zi,

Bu suyuk bolamga o'tinchli degim.

Baxmal dalalarga qo'shilib quvnar —

Beqasam minsakli onamsan Vatan!

Ko'k yaktak egnida muazzam tog'lar —

Oq salla yarashiq otamsan Vatan!

19

Zarkokil dalalar, alvon dalalar,

Bitiklar bitadi, ohista va jim.

Toshoxur shamoli xayolni toblar,

Tomirlar titroqda, qaroqlar lim-lim.

Shohsupa gurillar, archalar yovqur,

Bir yelka Oyqorim, biri Shunqorim

Zomin Su yoqasi qo'rli, qo'rli qur,

Assalom Turkiston, assalom orim.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four − 2 =