“Jurnalistika — yugurib borayotgan adabiyot”

Mana, 15   yildirki, “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi ijod ahli orasida o'z iqtidori, davr silsilasiga hozirjavobligi, o'z kasbiga mas'uliyat bilan yondashadigan, o'ziga talabchan jurnalistlarga yuksak rag'bat — mukofotlarni taqdim etib kelyapti. Xo'sh, o'tgan davr mobaynida mukofot sohiblari faoliyatida qanday o'zgarishlar bo'ldi? Rag'bat sabab yanada yuqori yutuqlarga erishdilarmi? Quyida o'tgan yillar davomida “Oltin qalam” mukofotini qo'lga kiritgan ayrim yurtdoshlarimizga yuzlandik.

 

Gulnaz NURBEKOVA, 2011 yilda “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g'olibi, Qoraqalpo­g'iston Respublikasi Teleradiokompaniyasi rejalashtirish va efirga uzatish bo'limi bosh­lig'i:

— “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi bizning sohadagi eng katta e'tirof. Shubhasiz, g'oliblikni qo'lga kiritgan har bir jurnalist yanada ilhomlanib ijod qiladi. O'zimdan qiyos, tanlovda birinchi o'rin sohibi bo'lishim keyingi faoliyatim davomida katta yutuqlarga erishishimga asos bo'ldi.

Masalan, keyingi faoliyatimga mas'uliyat bilan kirishganim bois 2011 yil MTRK sovrindori, 2016 yil “Shuhrat” medali sohibi, 2017 yil O'zbekiston Res­publikasi Prezidenti Akademiyasi qoshidagi istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tinglovchisi bo'ldim.

Bundan tashqari, O'zbekiston Milliy teleradiokanalida qoraqalpoq tilida tayyorlanadigan “Maurit” eshittirishining muallifi bo'lishim ham aynan “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovida g'olib bo'lganimdan so'ng menga ishonib topshirilgan.

Har yili mehnati, iste'dodi va fidoyiligi evaziga shu mukofotga sazovor bo'lgan hamkasblarimizni ko'rib yana bir bor ijod ahliga berilgan katta ishonch va ehtiromdan xursand bo'laman.

Murodbek ATAJANOV, 2018 yilda “Oltin qalam” XIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovining televidenie yo'nalishi sovrindori (Xorazm):

— “Oltin qalam” men kabi yosh jurnalist uchun eng katta rag'bat va eng yuksak e'tibor edi. Bu mukofot izlanishga, yanada faol bo'lishga, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, obodlik va bunyodkorlik, ayniqsa, xalqimiz ongidagi o'zgarishlar haqida turkum ko'rsatuvlar tayyorlashga undagan.

Radio va televidenie yuzlab, balki ming­lab jurnalist va suxandonlarni, muharrirlarni kashf etdi. Millionlab tayyorlangan materiallar dunyo yuzini ko'rdi va bu kasb egalari xalqimiz qalbidan munosib o'rin egalladi. Oxirgi yillarda O'zbekistonda OAV vakillari uchun ochilgan eshik har bir jurnalistni yangicha imij bilan ishlashga undamoqda. Ana shunday davrda chin dildan mehnat qilgan har bir qalam ahli “Oltin qalam”ga loyiq, deb o'ylayman.

Mastura HAMROYEVA, 2016 yilgi “Oltin qalam” XI Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi sovrindori:

— Kechadagidek esimda, ko'p ikkilanishlar bilan “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanloviga hujjat jo'natdim. Bu juda katta tanlovligi bois g'oliblikni umuman kutmagandim. Ammo aprel oxirlarida ishga kelganimda ustozim Norquvvat aka xushxabar bilan meni qarshi oldi. Tanlovda Birlashgan Millatlar Tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan e'lon qilingan “Eng yaxshi yoshlar internet sayti” nominatsiyasida g'olib bo'libman. O'sha kezlari tuygan hayojonni hozir so'z bilan ifodalay olmayman. Zero, butun respublika miqyosida muallifligimdagi MASTURA.UZ blog saytim hakamlar tomonidan yuqori baholandi.

Bu yutuqlar meni doim yanada oldinga qadam tashlashga undaydi. Kelgusidagi niyatim ushbu mukofotning asosiy   internet jurnalistikasi yo'nalishi bo'yicha ham g'olib bo'lib, ustozlarim ishonchini oqlash.

Nilufar UTAGANOVA, 2018 yilgi “Oltin qalam” XIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovining maxsus nominatsiyasi g'olibi:

— Avvalo, jamiyatimizda jurnalistning so'zi salohiyati hamda faoliyat salmog'ining ortib borayotganidan mamnunman. Qalam ahlining tezkor jarayonda hayotga hamnafas, hamqadam bo'lib, o'z aytar so'zi, xolis yondashuvi va adolatli munosabati namoyon bo'lmokda. Demak, bu yil ham “Oltin qalam” o'z egalarini adashmay topadi. Bunga ishonchim komil!

Buyuk nemis adibi Gyotening: “Jurnalistika bu — yugurib borayotgan adabiyotdir”, degan so'zlari aynan jurnalistlar uchun topib aytilgan deb o'ylayman.

Negaki jurnalist — bugunning nafasi bilan yashab, jamiyatning eng ilg'or vakiliga aylanishi, erishilgan yutuqlardan ko'z yummay, kamchiliklarni ham baralla ayta olishi kerak. Bu mas'uliyatni zimmasiga olgan jurnalist o'z vazifasini bajargan bo'ladi.

Zero, davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, “Odamlar islohotlar samarasini, davr o'zgarishlarini ertaga emas, bugun ko'rishi kerak”. Shunday ekan, bunda qalam ahli asosiy vositachi bo'lishi darkor.

Nosir ERKABOYEV yozib oldi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 + seven =