Matbuot asli shunday ishlashi kerak
1989 yil 9 noyabr. Bryussel.
Belgiyada O'zbekiston madaniyati kunlari o'tmoqda edi. Delegatsiya safida adabiyot gazetasining bosh muharriri sifatida men ham borman.
Shaharga oqshom qo'nishi bilan osoyishta Bryussel birdan junbushga keldi: ko'chalar odamlarga liq to'lib, shod-xurramlik boshlanib ketdi. Bir-birini quchoqlagan, qo'shiq aytgan, shodlikdan yig'lagan, tinimsiz raqsga tushayotgan odamlarni ko'rib, nima bo'layotganini bilolmay turib qoldik. Keyin bilsak, o'sha soatlarda bir mamlakat, bir millatni uzoq yillar davomida ikkiga bo'lib turgan Berlin devori qulayotgan ekan…
Meni hayratga solgan narsa – hali tun poyoniga yetmay, gazeta sotuvchi yigitchalar bu voqea tafsilotlari batafsil yozilgan gazetalarni qichqirib-qichqirib tarqata boshlashdi. Ertasiga ertalab matbuot do'konlari devorning qulashiga bag'ishlangan rangli jurnallarga to'lib ketdi. Muharrir sifatida “e, qanday ulgurishdi ekan-a?” deb yoqamni ushlab qolganman o'shanda.
Matbuot, asli shunday ishlashi kerak. Bugungi gapni bugunning o'zida yozishi, o'quvchiga yetkazishi lozim.
Ne baxtki, bugungi yangi O'zbekistonda biz ham shunday tezkorlikka yetib kelibmiz. Kecha ertalab poytaxt Toshkentda, mamlakatimiz viloyat va tumanlarida Alisher Navoiy hazratlarining tavallud kunlari munosabati bilan bu ulug' vatandoshimiz haykallari poyiga anvoyi gulchambarlar qo'yildi, oliy o'quv yurtlarida she'rxonlik, navoiyxonlik tadbirlari bo'lib o'tdi.
Kunning birinchi yarmidayoq – joylarda bayram tadbirlari tugab-tugamay, Farg'onadan ajoyib xushxabar keldi: “Farg'ona haqiqati” gazetasi ijodiy jamoasi ushbu qutlug' sanaga bag'ishlangan maxsus sonni tayyorlab, bosmaxonadan chiqarishibdi. Birinchi sahifada bundan atigi bir, bir yarim soat oldin viloyat markazida o'tkazilgan tadbirlardan olingan suratlar va maqola, ichki sahifalarda davlatimiz rahbarining kuni kecha Farg'onaga qilgan tashrifi chog'ida qo'ygan vazifalarini bajarishga doir tahliliy maqolalar, yangi tayinlovlarga doir rasmiy axborot.
O'qishga tutinaman: tadbirkor Mo'minjon Yo'ldoshev qishloqda 10 mingta ish o'rnini yarataman, debdi. Farg'onada toshdan qog'oz ishlab chiqarish jadallashadigan bo'libdi. Rishtonni turizm markaziga aylantirish tadorigi boshlanibdi. Yana ancha yangiliklar.
Ayniqsa, Farg'ona shahrida g'azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag'ishlangan tadbirlar davom etayotgan bir paytda ana shu anjuman aks etgan suratlar va maqola yoritilgan “Farg'ona haqiqati”ning 9 fevral soni tandirdan uzilgan non kabi tadbir ishtirokchilari qo'liga borib yetgan. Farg'onaliklar gazetxon xalq emasmi, “e, bo'lar ekan-ku!”, deya xursand bo'lishgan.
Kasbdoshlarimizning bu shijoatidan biz ham g'oyat xursand bo'ldik. Ishlaydigan, yozadigan, dilda borini yuzaga chiqaradigan payt keldi. Imkoniyat, sharoit, tajriba va mahoratimiz bor. Xalqimizda “Goh pirdan, goh muriddan” degan naql bor. Otni qamchilab ishlashga, jurnalistikada ba'zan viloyat va shahar gazetalaridan ham o'rnak olishga o'rgansak arziydi.
Bugun ommaviy kommunikatsiyaning faol yo'nalishlari: ijtimoiy tarmoqlar, saytlar axborot tarqatishda chindan ham tezkorlik qilishmoqda. Ba'zi mutasaddilar esa hamon bosma nashrlarning umri tugadi, gazeta o'qishga hojat qolmadi, degan fikrda yurishibdi. Farg'onalik hamkasblarmizning bugungi yutug'i bunday fikr mutlaqo asossizligini isbotlash bilan birga, tezkorlik aslida qanday bo'lishi kerakligini ham ko'rsatib turibdi.
Ahmadjon MELIBOYEV,
“Jahon adabiyoti” jurnali
bosh muharriri