Umr yo'llarida qalam bilan

Bir qaraganda ko'z ochib yumguncha o'tib ketadigan, ne tadbir qo'llangan-da ham, lahzalar hukmiga bo'ysinadigan, shoirona aytganda, yerdan quyoshga yetgulik masofa uzra sochilgan yo'l — hayot yo'lidir.

Inson tafakkuri rivojlanishdan to'xtamaydi, uning tamal toshini, ya'ni inson ongi rivojining nimaga xizmat qilishini bolalik belgilaydi. Kechagi kunni xotirlash esa kelajakka nazar solish kabi savobli ishdir. Har topishmoqning javobi, boshlangan ishning intihosi bor deganlaridek, keling, biz ham asosiy maqsadga qaytsak.

O'tgan asrning yetmishinchi yillari, bir o'spirin yigit qalamga oshno tutingan damlar… ijodiy izlanishlar sari intildi. Undagi iqtidor kurtaklari yuz ochdi. U o'zi yashayotgan mahallaga sig'may qoldi. Ichki bir istak uni shaharga yaqinlashtirdi. Shunday qilib, bo'lajak jurnalist Ahmadali Shernazarov “Sirdaryo haqiqati” gazetasi qoshida tashkil etilgan “ishchi-dehqon muxbirlari” maktabiga yo'l oladi. Bu yerda asosan yoshi kattaroq ijod shaydolari jurnalistik bilim va ko'nikma olishar edi. Chekkaroq hududdan kelgan izlanuvchan maktab o'quvchisi istisno tariqasida ushbu maktabga qabul qilinadi.

O'sha davrda avtobus, yengil mashinalar qatnovi hozirgidek emasdi, navbatdagi mashg'ulotni tugatgan o'spirin uyiga qaytish uchun poezdga chiqadi, yo'lda bekat yo'qligi sabab, to'xtamagan poezd Bekobod tomonga o'tib ketadi. Ahmadali tunni stansiyadagi yog'och stulda o'tirib o'tkazib, tongda uyiga kirib keladi. Ammo u qiyinchiliklarga qaramay, o'z yo'lidan qaytmadi.

Ayniqsa, uning 1981 yilda “Sirdaryo haqiqati” gazetasiga xat tashuvchi vazifasiga ishga qabul qilinishi, haqiqiy ijod maydoniga kirib kelishiga zamin yaratdi. Sirdaryo jurnalistikasining darg'alari o'gitlariga quloq tutgan Ahmadali Shernazarov keyinchalik musahhih, muxbir, bo'lim mudiri vazifalarida faoliyat yuritdi. Ishdan ajralmagan holda, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU) ning jurnalistika fakultetini tamomladi.

A. Shernazarov jurnalistikaning deyarli barcha yo'nalishlarida qalam tebratdi, uning qishloq xo'jaligi, huquqiy organlarga oid, fan, ta'lim, madaniyat sohasini targ'ib etuvchi qator maqolalari o'quvchilar tomonidan iliq kutib olindi.

Shuningdek, respublikamiz bo'ylab qilingan safarlari to'g'risidagi publitsistik maqolalari zalvorli, tosh bosadigan, so'zning yukini ko'taradigan asarlar jumlasiga kiradi. Bundan tashqari, ijodkorning badialarini o'qigan muxlislar botiniy bir mo''jizani his etadi, tabiat bilan inson o'rtasidagi bog'liqlik yaqqol ko'zga tashlanadi. Qisqa qilib aytganda, bu badialar daraxtlarni, tog'u toshni, daryolarni so'zlatadi, hech mubolag'asiz ijodkor go'zal tabiatga so'z bilan yanada chiroy baxsh etadi. Ayniqsa, Ahmadali akaning “Sirdaryo simfoniyasi” nomli ocherki shu zaminda ulg'aygan farzandning yurtiga bo'lgan cheksiz ehtiromi namunasidir.

O'z iqtidorini namoyon etgan ijodkor ulug'larning nazariga tushib, unga “Xalq so'zi” gazetasining Sirdaryo viloyatidagi maxsus muxbiri vazifasi ishonib topshiriladi. Mana, bir necha yildirki, Ahmadali aka bu vazifani munosib ravishda uddalab kelmoqda.

Yaqinda “Yangi Sirdaryo” gazetasida A.Shernazarovning bir sahifani egallagan she'rlari chop etildi. Ijtimoiy tarmoqlarda “Tarozi” nomli she'ri e'lon qilindi. Bu she'rlar o'zining pishiq-puxtaligi bilan ko'pchilikning e'tiborini tortdi. Ularni qayta-qayta o'qib, shunday xulosaga kelish mumkin, agar Ahmadali Shernazarov bor iqtidorini shoirlikka qaratganida taniqli shoirlarning munosib izdoshi bo'lar ekan!

Qadrdonimizning yana bir ajoyib xislati bor, u o'zidan ke­yingi yetishib kelayotgan yoshlarga jurna­listika sir-asrorlarini o'rgatishdan charchamaydi. Shu bois, yoshlar, uyasiga talpingan polaponlardek, uning atrofida to'planishni odat qilishgan.

Yillar to'zoni yugurik, sochlariga oq oralagan Ahmadali Shernazarov bugungi kunda qutlug' oltmish yoshni qoralayotir. Biz umr yo'llarida mazmun kasb etib, oldinga odimlayotgan ijodkorga hamisha omon bo'ling, deymiz.

Alisher NUR,

G'ulom PRIMOV.

Sirdaryo viloyati

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + ten =