“HURRIYAT»imiz “Oltin qalam” XV milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi 1-O'RIN sohibi!

3 may — Jahon matbuot erkinligi kuni mamlakatimizda o'zgacha bir sevinch bilan nishonlanadi. Negaki, insoniyat fitratida erkinlikka, hurriyatga, ozodlikka bo'lgan ishtiyoq, sog'inch va undan bahramand bo'lish ta'masi har doim hushyor turadi. Bu kalomlar esa o'z-o'zidan jurnalist so'ziga, uning badaliga borib taqaladi. Zotan adl so'zni aytish hamma zamonda ham qarsak bilan kutib olinmagan, shunday davr­lar ham bo'lganki, bu uchun kerak bo'lsa, qon bilan, jon bilan tovon to'langan.
Bugun har birimiz “Oltin qalam” XV milliy mukofotini olishga lozim topilgan nomzodlarga qarab beixtiyor ularning yil davomidagi chiqishlarini Haqiqat, Adolat, Jasorat degan tamoyillarda tekshiruvdan o'tkazamiz. Chunonchi, har birimizning botinimizda odil bir tarozibon bor.
“Oltin qalam” mukofoti mamlakatimizda 15 yildan buyon jurnalist va matbuotchilarga taqdim etib kelinadi. Unda millatning va millatdoshlarining dardini ayta olgan, bugungi kunning bezovta ruhini o'z xabar va reportajlarida jonlantirib bergan, hayotning orqa fonidagi dardu tashvishlarni ham old planga olib chiqqan, bir so'z bilan aytganda, millat yuragiga oyna tutgan jurnalist va tahririyatlar ishiga alohida e'tibor qaratildi. Jurnalist yilning 365 kunida qalam qitirlatadi, uning bir kunida mukofotini oladi yoki yo'q. Mamlakatning uzog'u yaqini demay ovoz yozish va tasvirga olish uskunalarini ko'tarib tinch “urush” ga otlanadi. 365 kun davomida jurnalist qalamining uchi tegmagan mavzu qolmaydi hisob. Jurnalist qavmi borki, sovuqni sovuq demay, issiqni issiq demay, ofatni ofat demay, virusni virus demay xalq ichiga nega shoshadi? Holbuki uni bunga hech kim majburlamaydi. Ushbu kasb egalari tabiatan shunday yaralgan – bezovta va millatparvardirlar.
O'tgan yili pandemiya sabab hamma uyidan chiqmay o'tirgan bir paytda jurnalistlar virus o'choqlaridan turib reportajlar tayyorlashdi, shifokorlar bilan salkam yelkama-elka turib ishlashdi, desak mubolag'a bo'lmas. Yoki tarixda misollar juda ko'p bunga: Xeminguey, Oruellar urush oralab yurib, avvaliga o'zlarining jonli maqola va reportajlarini, keyinroq shoh asarlarini yaratishgan.
Abdulla Qodiriy bobomiz esa “Yig'indi gaplar”ini yozmaganida ehtimol 38-yilgi qonbo'ronidan omon qolgan bo'larmidi… Ehtimol… Biz bularni bekorga eslamadik, “Hurriyat” yurtimizning ilk bor dunyo yuzini ko'rishi jadidlarga borib taqaladi. U 1917 yil aprelidan 1918 yil apreligacha – roppa-rosa bir yil faoliyat ko'rsatgan va Chor hukumati tomonidan yopilgan.
Ko'ryapsizki, jurnalistning vijdonini qolipga solib bo'lmaydi, u hamisha uyg'oq va bong urishga tayyordir! Shu bois, bu millatning “Oyna”si, “Sadoyi Turkiston”i chiqqan, mustaqil “Hurriyat”i xalq bilan birga yashayapti.
Bayram oqshomida o'tirib negadir Abdulla Qodiriyning “So'nggi nutq”i, Fitratning “Tilimiz”, Abdulhamid Cho'lponning “Ruhimiz o'lmasun”, Mahmudxo'ja Behbudiyning “Bizni kemirguvchi illatlar” maqolalari esga tushdi. Bir paytlar jadid bobolarimiz haq so'zi uchun tahqirlangan, surgun qilingan, otilgan edi. Bugun esa haqso'z taqdirlanmoqda. So'z uchun xizmat qilganlar mukofotlanmoqda. Bularning oldingi safida esa “Hurriyat”imiz ham halol peshona teri bilan qo'r to'kib turibdi.
Albatta, bugungi “Hurriyat”imiz — Istiqlolimiz mevasi, u mamlakatimiz bosma OAV orasida yagona mus­taqil nashr bo'lib, bu yil tashkil etilganiga 25 yil bo'ladi!
Bu — bir yigitning yoshi! Juda ko'rkam yosh!
“Yilning 365 kunida ham matbuotingiz erkin bo'lsin” dedi xalqaro miqyosda tashrif buyurgan mehmonlardan biri. Darhaqiqat, yilning 365 kunini o'zining yurak zarblarida yozilgan maqolalar bilan bezagan “Hurriyat” nashri “Oltin qalam” XV milliy mukofotida bosma OAV yo'nalishida birinchi o'ringa munosib ko'rildi. To'g'ri, ayrim nashrlarda faoliyat yuritayotganlar bu mukofotni qayta-qayta yoki bir jamoadan bir nechtasi turli nominatsiyalarda olayotgan bo'lishi mumkin. Biroq bu “Hurriyat”ning birinchi “Oltin qalam”idir. Kimdir aytganidek, “Qalam oltinmi yoki oddiymi, yozib tursa, bas!” emas, bizningcha u oltin bo'lsa, sehri ham, kuchi ham bosh­qacharoqdek. Chunonchi, “Hurriyat”ning aytayotgan so'zi, yetib borayotgan fikri yuraklarga oltindek o'rnashsa, deymiz.
Bugungi so'z, kechagi hissiyotlar uyumi, bugungi dard o'tmishdan qolgan yig'indi gaplar emasdir.
Negaki, bugungi gazeta avvalgi “qog'oz qo'g'irchoq” o'rnida xonadonlar eshigini qoqmaydi. Zero, uning har bir harfida, tinish belgisida va rangida jurnalist vijdonining hayqirig'i bor!
Ayni “Hurriyat”imiz ham o'tgan asrdan qolgan “Hurriyat” emas! U tamoman yangicha tafakkur ozuqasiga to'yingan, uyg'oq vijdonning aksi tushgan, hurlik va ozodlikning shohsupasi desak xato bo'lmas! Zero, endi millatimiz o'z hurriyatini “Oltin qalam” bilan yozajak!
“Oltin qalam”ing olg'a yurishdan tolmasin, “Hurriyat”! G'oliblar safi va shohsupadagi birinchi o'rin muborak bo'lsin!
? Gazetalar tarixning lahzalarni yaratguvchi qo'llaridir.
Artur Shopengauer,
nemis faylasufi
? Yaxshi gazeta — bu o'z-O'zi bilan gaplashadigan millatdir.
Artur Miller,
amerika yozuvchisi
? Odamlar o'zlarida mavjud bo'lgan fikr erkinligidan foydalanmaydilar va buning o'rniga ular so'z erkinligini talab qiladilar.
Syoren Kirkegor,
daniyalik faylasuf
Go'zal Begim.
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 − eight =