Orzular yo'lidagi shamchiroq

Kitob mutolaasi ruhni, tafakkurni oziqlantiradi. Shu bois, uni nonga mengzashadi. Zotan farzandlarimizning bir qo'liga non, bir qo'liga kitob berib tarbiya qilish sharqliklarga xosdir.

Mutaxassislarning fikricha, bolani 3-4 yoshidanoq kitob o'qishga o'rgatish kerak ekan. Aytishlaricha, dunyoda 95 foiz odamlar daqiqasiga 210 so'z yoki 2 daqiqada bir yarim sahifa kitob o'qishadi. Lekin mashhur fransuz yozuvchisi Onore de Balzak yarim soatda 200 bet, imperator Napoleon esa daqiqasiga 2000 ta so'zni o'qigan.

Bular mutolaaning zohiriy belgilari albatta. Uning botinimizga singiydigan fazilatlari esa behisobdir. Bugungi kunda mamlakatimizda an'anaga aylangan kitobxonlik tanlovlari kelajakka uzatilgan aqliy estafeta tayoqchasidir. Zero, bugun kitobxonligi bois, “Spark” mingan va boshqa moddiy-ma'naviy rag'bat olayotgan, kitobga mehrini berayotgan ming-minglab yoshlar ertaga yurtimiz, xalqimiz uchun ma'naviyat mayog'ini baland tutib, Vatanimiz orzu qilayotgan yetuk insonlar bo'lib yetishadilar. Bu yorug' mujda, ezgu umidlar shubhasiz besamar ketmas.

Prezidentimizning 2018 yil   12 maydagi   “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy   merosini keng o'rganish va targ'ib qilish   maqsadida yoshlar o'rtasida   kitobxonlik tanlovlarini tashkil   etish to'g'risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabrdagi “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash milliy das­turini   tasdiqlash to'g'risida”gi hamda 2020 yil 26 dekabrdagi “Yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan “Yosh kitobxon” tanlovini tashkil etish va o'tkazish to'g'risida”gi majlis bayoni ijrosini ta'minlash yuzasidan o'tkazilgan “Yosh kitobxon” tanlovining   respublika bosqichi haqiqiy ma'rifat bayramiga aylanib ketdi.

2020 yilda 300 mingdan ortiq yoshlarimiz birinchi marta onlayn tarzda ariza topshirganlari, tanlov shartlari faqat badiiy asarlar bilan cheklanib qolmay, ilmiy-ommabop kitoblardan olingan savollar kiritilgani, shuningdek,   “Tezkor savol-javob”, “Erkin mavzu” shartlari   qo'shilgani, ushbu nufuzli tanlovning final bosqichi birinchi marta   “Kitobxonlik haftaligi” doirasida “Yoshlar ijod saroyi”da o'tkazilgani barchamiz uchun kutilmagan voqea bo'ldi.

Donishmandlar bu dunyoda inson   uchun ikki narsani   mukarram va   aziz tutishgan, ularning biri non bo'lsa,   ikkinchisi kitobdir. Non   inson tanasiga kuch-quvvat   bersa,   kitob ma'naviy   qudrat timsoli. Ayniqsa, “Yosh kitobxon” ko'rik-tanlovida ishtirok etgan o'quvchi-yoshlarning samimiy va beg'ubor tashbehlarning dilidan tiliga oqib kelayotganiga havasingiz keladi.

“Yosh kitobxon” tanlovida o'tgan to'rt yil mobaynida 2 million   470 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi. To'g'ri, ehtimol bu hozircha katta ko'rsatkich emasdir. Lekin eng chekka hududlarda ham minglab mutolaa ixlosmandlarining kitobga, adabiyotga bo'lgan muhabbati kelajakda yoshlarimizning kitobxonlikka qiziqishlari bundan ham baland bo'lishini ko'rsatadi. Mutafakkirlarimiz kitobning bizga   o'rgatadigan eng ezgu   va ulkan sabog'i   to'g'riso'zlik, yaxshi   kitoblarni o'qish esa dunyo­ning eng dono kishilari   suhbatida bo'lishdir, deganlar.

Eng muhim xushxabar esa hammani to'lqinlantirdi. Ya'ni, bu yilgi tanlovning birinchi o'rin sohiblari va bundan keyingi g'oliblari Prezident sovg'asi “Spark” avtomashinasi egasi bo'lsa, ikkinchi o'rin egalari 30 milliondan (avvalgi yillarda 2-o'ringa kompyuter jamlanmasi berilgan), 3- o'rin egalari 15 million (o'tgan yillarda 3-o'rin egalariga 200 dona kitob jamlanmasi berilgan)dan pul mukofotlari, har bir ishtirokchiga “Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida chop etilgan kitoblar jamlanmasi va qator homiy tashkilotlarning maxsus mukofotlari bilan taqdirlanadi va bunday e'tibor zukko kitobxonlarga berilgan munosib baho bo'ladi.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, shu paytgacha aziz O'zbekistonimizning eng chekka hududlaridan g'oliblikni qo'lga kiritgan Qoraqalpog'iston Res­publikasining To'rtko'l tumanidan Shahzoda Karimboyeva va Samarqand viloyatining Narpay tumanidan Mohiniso Shomurodovaning yanada nufuzli mukofot — Zulfiya   nomidagi davlat mukofoti bilan   taqdirlangani kitob o'qigan bilimli yoshlarimizning yangi zafarlarining amaldagi isboti bo'ldi.

Qizg'in bellashuvlar mamlakatimizning har bir viloyati, tumanining sharafini himoya qilayotgan 10-14 yosh toifasidagi 14 nafar qorako'zni bir-biri bilan do'stlashtirdi, yaqinlashtirdi.

Yana bir xushxabar.Sirdaryoda   “Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovida g'olib chiqqan oilaga Prezident sovg'asi “Spark” avtomashinasi topshirilgani adabiyotga, she'riyatga oshno bo'lgan kitobsevar oilalar uchun yanada ruhiy ko'tarinkilik baxsh etadi.

Ibroyim Yusupov nomidagi   qoraqalpoq tili va adabiyoti fanini chuqur o'rgatishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat o'quvchisi 14 yoshli Aynuraning qoraqalpoq adabiyoti haqidagi o'ziga xos beg'ubor mushohadasi, badiiy gimnastikaga oid teran mulohazalari, qoraqalpoq xalqining qadimgi qadriyatlaridan jo'shib hikoya qilishini, Ogahiy nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o'qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati o'quvchisi Javohir Karimovning     daniyalik yozuvchi Xans Xristian Andersen hayoti va ijodiy faoliyatini   xuddi yozuvchining yonida yurib, barcha tafsilotni ko'rib turgandek   o'zgacha maroq bilan ta'riflashini tinglasangiz, Buxoro shahar 30-o'rta maktab o'quvchisi Muxlisa Nasimovaning qizlarining kitob mutolaa qilishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berayotgan otalarga atalgan “Otaga ta'rif”ini, shaxsiy munosabatini eshitsangiz, beixtiyor kitob insonni ulg'aytirib qo'yishiga, dono va mulohazali qilib qo'yishiga yana bir bor amin bo'lasiz.

G'alvir suvdan ko'tariladigan kun 10-14 yosh toifasidagi yosh kitobxonlar bellashuvining   taqdirlash marosimida 1-o'rinni egallagan Farg'ona viloyatining O'zbekiston tumanidagi 50-umumta'lim maktabning   8-sinf o'quvchisi Muhammadfozil Ismoilovning hayajonli so'zlari   butun zalni qalqitib yubordi:

— Aziz ustozlarim, kitobxon do'stlarim, — dedi Muhammadfozil, — men buyuk Sohibqiron Amir Temurning “Kurashib erishilmagan g'alaba —g'alaba emas”, degan hikmatli so'zlariga amal qilganim, meni va akam Komronbekni o'zbek, xorij adabiyotiga muhabbat ruhida tarbiyalagan, otam vafotlaridan keyin bizga ham otalik, ham onalik qilib voyaga yetkazgan, kerak bo'lsa hamma o'qigan ki­toblarimizni biz bilan birma-bir o'qib chiqqan onamga bo'lgan hurmatu ehtiromim menga kuch bag'ishladi va onamning menga bildirgan ishonchi meni marraga yetakladi. Mendan bugun Vatan haqida so'rashdi, menimcha Vatan bu mening otamakonim — O'zbekistonim, menga ishonch bildirgan onajonim, men unga loyiq farzand bo'lishga harakat qilaman.

* * *

Bizga yaxshi onalarni bering, shundagina biz ham yaxshi onalar bo'lib yetishamiz, deyilgan purhikmat so'zlar bekorga aytilmagan ekan-da, deb o'ylay boshlaysiz. Ona qo'rg'on deymiz. Ona oilaga faqat yaxshi niyatni olib kira olgani uchun, otaning bor diqqatu e'tiborini bolaning bilimiga qaratgani uchun hali voyaga yetmagan 15 yoshga ham to'lmagan bolalar katta-katta zakovat, tafakkur maydonlarida kuch sinashishga jasorat topayaptilar.

“Yosh kitobxon” ko'rik-tanlovining 15-19 yosh toifasidagi bellashuvlari yana ham qizg'in, yana ham murosasiz   o'tgani Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi 48-umumta'lim maktabi o'quvchisi Gulsanam Abdulhakimovaning mutolaa borasidagi o'ziga xos qarashlari, o'zbek va jahon adabiyoti durdonalariga berilgan shoirona ta'riflari, ijodiy yondashuvlari, ruhiy kechinmalarining yorug' ta'riflarida, Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi 2-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati o'quvchisi Shohsanam Hazratqulovaning onaga, Vatanga, elu yurtga ehtirom tuyg'ulari yo'g'rilgan   she'riy satrlarida, Xiva shahridagi 121-son ko'zi ojizlar maktab-internati o'quvchisi Umidjon Qutlimurodovning benihoya kuchli xotira va zehn bilan adabiyotga va ki­tobga bergan ta'riflarida aks etdi.

Hazrat Jaloliddin Rumiyning

“Hotami mulki Sulaymondir   ilm,

Jumla olam joniga   jondir ilm”

degan   hikmatlarini, ilmli kishilarning birinchi do'stlari kitob ekani, tanlovning har bir bosqichida yana bir karra o'z tasdig'ini topdi.

Albatta, 15-19 yosh toifasidagi ishtirokchilar uchun ko'rik-tanlovning   final qismi hayajonlar va ko'z yoshlarsiz o'tmadi va adolat qaror topdi. Alisher Navoiy nomidagi   Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi Maftuna Umarovaga Prezident sovg'asi “Spark” avtomobilining kaliti topshirildi, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi 38-o'rta maktab o'quvchisi Munisa Norqobilova esa faxrli 2-o'rinni (30 million pul mukofoti), Andijon viloyati, Qo'rg'ontepa tumani   11-umumta'lim maktabi o'quvchisi   Dilnavoz Ha­yitahmatova 3-o'rinni (15 million pul mukofoti)ni qo'lga kiritishdi. Tinimsiz mehnat, uyqusiz tunlar, bilimga tashnalik mana shu kitobsevar yoshlarni   xalqning e'tirofiga, do'stlarning olqishiga, ota-onalarning shuk­rona duolariga oshno qildi.

Vatan ravnaqi ilmdadur. Ilm yuksalgan yurtda fan yutuqlari barcha sohalarga kirib boradi. Ilmiy izla­nishlar, kashfiyotlar, tadqiqotlar mamlakatni, millatni dunyoga tanitadi. Ilm mo''jizasi xalqni buyuk maqsadlar sari boshlaydi. Xalqimiz barcha kitobxon yoshlarning kelgusida O'zbekis­ton ilmu ma'rifatini yuksaltirish uchun zukko olim, taniqli yozuvchi, xassos shoir bo'lishni niyat qilgan orzulari ruyobida ko'rsa ne baxt!

“Yosh kitobxon” tanlovining   20-30 yoshlilar o'rtasidagi qizg'in musobaqalari Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy   singari ulug' mutafakkirlar, Jek London, Aleksandr Pushkin, Lev Tolstoy, Chingiz Aytmatov singari xorij va qardosh adabiyot vakillari, Erkin Vohidov, O'tkir Hoshimov, Eshqobil Shukur, Nazar Eshonqul, Abduqayum Yo'ldoshev kabi adabiyot darg'alari asarlarining mohirona tahlili va kitobga bo'lgan do'stona munosabatning sururli ko'rinishlari bilan davom etdi.

Ishtirokchilarning “Uchinchi Renessans maktab ostonasidan boshlanadi”, “Besh tashabbusda mening hissam” — shu kabi mulohazalar tanlov shartlari orasida g'urur bilan aytildi va shartning mazmun-mohiyati mana shu hikmatli g'oyalarga bog'lanib ta'riflandi.   300 ming nafar kitobxon yoshlar ortidan millionlab yoshlar ergashayotgani adabiyotga, kitobga mehr buyuk Cho'lponning   “Adabiyot yashasa millat yashaydi”, degan   purhikmat so'zlarining amaldagi isbotini ko'rsatib berdi.

Tanlov shartlariga javob berayotgan Farg'ona davlat universiteti talabasi Nodiraxon Toshaliyevaning ingliz yozuvchisi Jek Londonning “Ayol kishining mardligi” hikoyasi   mazmun-mohiyatida inson hurmati, g'ururi tilga olingani, Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi 6-umumta'lim maktab o'qituvchisi Nafisa Nazarovaning buyuk mutafakkir Yusuf Xos Hojibning “Qutadg'u bilig” asarini o'quvchilarining fikrlari orqali bayon etishida, Samarqand viloyatining Narpay tumanidagi 52-umumta'lim maktabi o'qituvchisi Gulhayo Eshmanovaning tashab­buskorligi, bilimi va tashabbuskor yoshlar mamlakatida faxrga aylanishi haqidagi   fikrlari barcha qatnashchilarda iliq taassurot qoldirdi.

20-30 yosh toifasidagi   Andijon viloyatining Oltinko'l   tumanidagi 35-umumta'lim maktabi   o'qituvchisi Fotima Mamataliyeva 1-o'rinni egallab, Prezident sovg'asi “Spark” avtomashinasini qo'lga kiritdi. Buxoro davlat universitetining 2-kurs magistri Shamshoda Hamdamova   faxrli 2-o'rinni (30 million pul mukofoti), Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filiali talabasi Sanjar Shotemirov faxrli 3- o'rin (15 million pul mukofoti)ni egalladi.

Bir so'z bilan aytganda, yurtimizdagi bu qaynoq jarayon, benazir aprelning dastlabki kunlari butun mamlakatga, elga yangi O'zbekistonning yangi qahramonlarini tanitdi. O'z mehnatining samarasidan, vaqtlarini foylali ishga sarflashga harakat qilgan 42 nafar yoshlar homiylarning qimmatbaho sovg'alari bilan taqdirlandilar.

Sayyora  TO'YChIYEVA,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + 1 =